Наргис косимова


OAV va kinoda nogiron shaxslar timsolini


Download 0.72 Mb.
bet43/49
Sana05.05.2023
Hajmi0.72 Mb.
#1427513
1   ...   39   40   41   42   43   44   45   46   ...   49
Bog'liq
BMI 23

OAV va kinoda nogiron shaxslar timsolini
yoritish bo’yicha tavsiyalar
Imkoniyati cheklangan kishilarning jamiyat hayotining barcha sohalariga ijtimoiy integratsiyalashuvi so’nggi yillarda dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda, chunki O’zbekiston 2009 yil 27 fevralda Birlashgan Millatlar Tashkilotining «Nogironlarning huquqlari to’g’risida» Konvensiyasini imzoladi. Konvensiya inson huquqlari borasidagi aynan nogironlar uchun maxsus qabul qilingan ilk bitim bo’lib, unda imkoniyati cheklangan shaxslar homiylik ob’ekti emas, balki huquq hamda rivojlanish uchun o’zgartirishlar ob’ekti ekanligi huquqiy jihatdan tan olindi. Konvensiyada nogironlikka ijtimoiy-huquqiy yondoshuv mustahkamlab qo’yilgan bo’lib unga ko’ra, inson sog’lig’i yomonlashgani tufayli emas, balki o’zi duch keladigan to’siqlar bois nogiron hisoblanadi. Bizda esa odatda nogironlik tibbiy jihatlar bilan bog’liq deb hisoblanadi va kasallik hamda mehnatga layoqatlilik qobiliyatini yo’qotish sifatida qaraladi. Konvensiyada esa aksincha, nogironlik jamiyat tomonidan yaratilgan cheklovlar va to’siqlar sharoitida insonning faoliyat olib borishi muammosi sifatida talqin etilgan. Bu o’rinda «to’siqlar» deganda faqat bino va inshootlar, muassasalar, transport, axborot xizmatlarining texnologik jihatdan nogironlar uchun moslanmaganligi emas, shuningdek nogironlarga nisbatan salbiy qarash va noto’g’ri fikrlarga asoslangan munosabat ham tushuniladi.
«Nogironlarning huquqlari to’g’risida» Konvensiyaning asosiy maqsadi inklyuziv jamiyat barpo etish. Boshqacha aytganda, barcha fuqarolar, shu jumladan nogironligi bor fuqarolarga ham o’z huquqlarini ro’yobga chiqarishlari uchun teng imkoniyatlar yaratilgan jamiyat qurishdan iborat. Faqat inklyuziv jamiyatgina kuchli jamiyat bo’la oladi, jamiyatning inklyuzivligi esa jamiyatning nogironligi bor shaxslarga ham vertikal, ham gorizontal yo’nalishdagi munosabatidan boshlanadi, jamiyatning nogironligi bor shaxslarga munosabatini esa ommaviy axborot vositalari shakllantiradi.
Aksariyat hollarda OAV o’z vazifasini o’quvchilarida nogironlarga nisbatan achinish va hamdardlik hissini uyg’otishda, ular moddiy yordam olishlariga ko’maklashishda deb biladi. Nogironligi bor shaxslarning mehnatga layoqatsizligi oqibatida kelib chiqayotgan muammolar, ish joyidagi qiyinchiliklar keng va bo’rttirib tasvirlangani holda, nogironlarning mehnatda, shaxsiy hayotda erishgan yutuqlarini yoritishga kam e’tibor qaratiladi. Nogironligi bor shaxs o’z kasalligini yengib o’tishda qanchalar mardonavor ekanligi, yoki oilada nogiron bolaning dunyoga kelishi qanchalik og’ir musibat ekanligiga urg’u beriladi. Turli xil jismoniy nuqsonlari bor kishi o’quvchi ko’z oldida baxtsiz, bechora mavjudot sifatida gavdalanadi. Kamdan kam hollardagina nogironligi bor shaxslar jamiyat uchun ahamiyatli voqealarda, qarorlarni qabul qilishda faol ishtirok etayotgan malakali mutaxassislar va jamiyat a’zolari sifatida tasvirlanadi. Adabiyot, kino va ommabop OAV har doim nogironligi bor shaxslarni g’alati, noraso, notavon yoki mardonavor majruxlar qilib tasvirlagan, bu esa patalogiya bilan bog’liq stereotiplarni kuchaytiradi xolos. Bugungi kunda nogironligi bor shaxslar jamiyatning faol sub’ektlariga aylanib borishmoqda.
Aksariyat fuqarolarning ongida nogironlarga nisbatan stereotiplar ustunlik qiladi. Jamiyatimizning bir qismi va mahsuli bo’lgan jurnalistlar ham ana shunday qarashlardan holi deb bo’lmaydi. Shu bilan birga, matbuot har qanday stereotiplarni yo’qqa chiqara oladigan kuchli vosita hisoblanadi. Shu boisdan ham jurnalistlar nogironlikka nisbatan ijtimoiy yondoshuvni qabul qilishlariga erishish juda ham muhimdir (ijtimoiy yondoshuv kasallik emas, balki atrofidagi jismoniy muhit va jamiyatning munosabati nogironni ojiz qilib qo’yadi, deb hisoblaydi). Agar jurnalistlar insonni kasallik emas, balki sharoit (atrofidagi jismoniy muhit va odamlarning munosabati) nogiron qilib qo’yadi, deb hisoblay boshlasalar, bunga o’z o’quvchilarini ham ishontira oladilar. Jurnalistlarning o’ziga keladigan bo’lsak, ularning insoniy nuqtai nazari jamiyatdagi qarashlardan u qadar farq qilmaydi. Aksaritya hollarda jurnalistlar nogironlik mavzusi bilan yuzaki tanish bo’lishadi hamda bu boradagi bilimlarini, ma’lumotlarini oshirishga ba’zida vaqtlari, gohida esa xohishlari bo’lmaydi. Nogironlar uchun jismoniy muhitdan foydalanish imkoniyati cheklanganligi haqida yozganda panduslarning mavjud emasligi ularning do’kon, teatr va boshqa binolarga kirib-chiqish imkoniyatini yo’qqa chiqarayotganiga urg’u qaratiladi xolos. Lekin bu bilan nogironlarning barcha fuqarolar singari teng imkoniyatlardan foydalanish huquqi ta’minlanmayotgani, ularning jamiyat hayotida faol ishtirok etishlariga to’siq bo’layotganiga e’tibor qaratilmaydi.
Masalan, jurnalistlar nogironligi bor kishilar kundalik hayotda muntazam duch keladigan ijtimoiy himoya, ta’lim, axborot olish, tibbiy xizmatdan, sud-huquq tizimidan foydalanish, saylov huquqlarini amalga oshirish, atrof-muhitning foydalanishga moslashmaganligi, yordamchi vositalarning mavjud emasligi bilan bog’liq muammolarni chuqur o’rganib, tahliliy materiallar tayyorlashlari mumkin. Ayollar nogironligi alohida mavzu, aksariyat hollarda oila a’zolari ularni uydan chiqarishmaydi, ulardan uyalishadi.
OAVda nogironlik mavzu kam yoritiladi, hamda asosan ma’lum bir sanalarga, ko’proq 3 dekabr Xalqaro nogironlar kuniga bag’ishlangan bo’ladi. Nogironlar haqidagi maqolalarni o’qiganda ikki xil tasavvur uyg’onadi: yoki nogironligi bor shaxs taqdir zarbasiga uchragan ojiz kimsa, yoxud kun kechirish uchun kurashayotgan qahramon. Birinchi guruh nogironi bo’lgan bir qiz o’zining farzand ko’rish istagi maqolalardan birida qahramonlik qilib tasvirlanganligini taassuf bilan gapirib bergan edi. Vaholanki, farzand ko’rish tabiat qonuni, bunda hayron qoladigan hech narsa yo’qku, deydi u.
Elektron OAV, badiiy filmlar va kinoda ham shu holatni kuzatishimiz mumkin. Yaqinda poytaxtimizdagi teatrlardan birida bo’lib o’tgan spektakl namoyishiga tushdim. Unda oila a’zolari notanish bo’lgan va o’zi sevmaydigan erkakka turmushga bermoqchi bo’lishayotgan qizning hayoti aks etgan. Qiz erkakda o’ziga nisbatan jirkanish hissini uyg’otish uchun uchrashuvga chiqqanida o’zini nogiron (bolalaikdan serebral shol) qilib ko’rsatadi. Tomoshabinlar mazza qilib kulishdi, spektakl muvaffaqiyat qozondi. Ammo tomoshabin ko’ngilini olish uchun intilgan na asar muallifi, na uni sahnalashtirgan rejissyor, na rollarni ijro etgan aktyorlar o’zlari tasvirlagandek nogironligi bor ayollar haqida umuman o’ylab ko’rishmagan chog’i. Ular bir haqiqatni unutib qo’yishibdi: bu dunyoda hech kim nogiron bo’lib qolishdan himoyalanmagan, bir kun kelib har kim ham turli sabablarga ko’ra nogiron bo’lib qolishi mumkin.
Nogironlarga bag’ishlangan aksariyat telereportajlarda ularning ijodiy qobiliyatlari, sport sohasida qo’lga kiritgan yutuqlari (yoki biror bir noodatiy qobiliyatlari) haqida so’z boradi. Televidenieda galdagi lavhaga navbat berar ekan, diktor hozir xatto ayrim to’rt muchasi sog’ kishilar ham eplolmaydigan ishlarni qilayotgan ajoyib, mard kishi haqida so’z borishini aytib, auditoriyani haqiqiy qahramon haqidagi hikoyaga tayyorlaydi. Ammo lavhalarda inson o’zini nogiron his etmasligi, hamma qatori o’qishi, ishlashi, yashashi uchun zarur bo’lgan sharoitlar va kundalik turmushi kamdan kam hollarda ko’rsatiladi. Ko’pgina sog’lom kishilar nogironlikdagi hayot ham quvonchu tashvishlarga to’la bo’lishi, nogironlik bilan ham to’laqonli hayot kechirish mumkinligini bilishmaydi.
OAVda nogironlarning jamoat tashkilotlari faoliyati kam yoritiladi, aksariyat hollarda materiallar ular o’tkazgan turli tadbirlar, bayramlar haqidagi xabarlar bilan cheklanib qoladi. Lekin nogironlarning u yoki bu jamoat tashkilotining (bugungi kunda ular soni 80 dan ziyod) maqsadlari, missiyasi, muammo va yutuqlari aks etgan, nogironlar tashkilotlarining yetakchilari va faollari haqidagi maqola va reportajlar deyarli uchramaydi. Vaholanki, bu insonlarning har biri o’z muvaffaqiyatining sirini boshqalar bilan baham ko’rishi, u ko’pchilikka ibrat va namuna bo’lishi mumkin. Chunki nogironligi bor shaxslarning ko’pchiligiga, ayniqsa nogiron bolalarga nogiron bo’lsada, hayotda ko’p narsaga erishgan, mehnat faoliyatida yoki shaxsiy hayotda muvaffaqiyatlar qozongan kishilardan o’rnak olish juda muhim. Agar ular ana shunday tenglashish mumkin bo’lgan kishilarni va voqealarni ko’rishmasa, bilishmasa, kelajakka intilish va umidlari so’nib qoladi. Nogironligi bor shaxslar muammolariga yechim topish yo’lidagi muhim qadamlardan biri jamiyatning qarashlarini o’zgartirishdan iboratdir. Toki jamiyat nogironligi bor shaxslarga ortiqcha yuk sifatida emas, balki jamiyat va davlatga foydasi tegishini istaydigan manbalar sifatida munosabatda bo’lsin.
Jurnalistlar nogironda birinchi galda insonni, undan keyin esa bemorni ko’rishni odatga aylantirishlari lozim. Amerikaning people-first atamalari shunga xizmat qiladi va nogironlik bilan bog’liq bo’lgan so’z va jumlalarni shaxslashtirishni nazarda tutadi. Masalan, «nogironligi bor kishi», «muloqotga kirishishi qiyin bo’lgan kishi» va boshqalar. Shu o’rinda yana bir bor nogironlik jismoniy, aqliy, sensor va ruhiy nuqsonlari bor kishining faoliyatidagi jamiyatda mavjud sharoitlardan kelib chiqadigan hamda uni faol hayotdan chetga chiqarib qo’yadigan to’siq yoki cheklovlar ekanini qayd etib o’tishimiz kerak. Boshqacha aytganda, nogironlik ijtimoiy tengsizlikning shakllaridan biridir.
U tibbiy emas, balki ijtimoiy tushunchadir. Shu bois nogironlikning ijtimoiy modelida tegishli atamalardan foydalanish maqsadga muvofiq bo’ladi. Shu bilan birga, jurnalistlarning nogironligi bor shaxslar bilan muloqoti alohida e’tibor va odobni talab etadi. Amerikalik psixologlar jurnalistlar uchun nogironlar bilan muloqot bo’yicha maxsus tavsiyalar ham ishlab chiqishgan:
1. Xatto tarjimon bo’lsa ham nogironlar bilan to’g’ridan to’g’ri muloqot qilish.
2. Nogironlar bilan ovozni balandlatmasdan gaplashing; agar sizni tushunishmasa, yoki eshitmay qolishsa, buni o’zlari bildirishadi.
3. Aqliy jihatdan kamchimligi bor kishilar bilan sekin, past ovozda, oddiy va tushunarli so’zlarni ishlatib gaplashish kerak. Lekin bunda ataylab bolalarcha tilda gaplashish ham yaramaydi.
4. Nogironlar aravachasida kishi bilan ko’z ko’zga tushib turishi uchun stulda o’tirib yoki cho’kka tushgan holda suhbatlashgan ma’qul; tizzalab o’tirish tavsiya etilmaydi, bu suhbatdoshingizga kamsitilgandek ta’sir ko’rsatishi mumkin.
5. Xabarni yetkazishda stereotiplardan, suhbatdoshni ortiqcha qahramonlashtirib yuborishdan qochish kerak; uning qiyinchiliklarini bo’rttirib ko’rsatmaslik, yoki xatto nogiron kishilar ham bemalol bajara oladigan yumushlar, masalan avtomashina boshqarish haqida gap ketganda, buni qandaydir qahramonlik tarzida tasvirlamaslik lozim.
6. So’zlardan extiyot bo’lib, tanlab foydalanish, imkon qadar tibbiy atamalarni izohlab ketish maqsadga muvofiqdir.
Jurnalistlar o’z amaliyotlarida nogironligi bor kishilar o’z nomidan so’z yuritadigan usuldan foydalanishlari kerak. Chunki birinchi shaxs («men», «biz») tilidan gapirish har doim qiziqarliroq bo’lib, uchinchi shaxs nomidan so’zlab bergandagidan ko’ra ko’proq ta’sir ko’rsatadi va hissiyotlarni uyg’otadi. Jurnalistlar rolli modellarni belgilab olishlari zarur. OAVda bu vazifani nogironlarning o’zlari bajarishlari kerak. Nogironlarga, ularning oila a’zolariga, jamiyatga nogironligi bor shaxslar faqat passiv kuzatuvchi bo’lmay, faoliyatning turli sohalarida ko’p narsalarga erishishlari mumkinligini ko’rsatib berish lozim. Shu yo’l bilan har bir inson nogironligi bor shaxslar ham, nogiron bo’lmagan kishilar singari aqliy qobiliyati, shaxsiy sifat va qiziqishlariga ko’ra farq qilishlarini yaxshiroq bilib olishi mumkin.
OAV vositasida bolalarga nogironligi bor shaxslar haqida gapirib berish kerak. Sog’lom bolalar nogironligi bor kishilar hayotidagi ijobiy, tabiiy misollar bilan tanishib borishlari lozim. Ular savol berishdan qo’rqmasliklari, qiziquvchanlik tabiiy hol ekanligini anglashlari kerak. Nogironligi bor shaxslarning aksariyati savollarga bajonidil javob berishadi va rostgo’ylikni qadrlashadi. Biror bir xabarni yetkazishda, ayniqsa u nogironlar hayoti haqida jamiyatda mavjud tasavvurlarga bog’liq bo’lsa, yumordan ham foydalanish mumkin. Uzoq va jiddiy tarzda gapirib beriladigan xabar zerikarli va tushunarsiz bo’lib qolmasligi uchun bu o’rinda yumor qo’l keladi. Yumor bilan yo’g’rilgan bunday xabar uzoqroq vaqt mobaynida xotirada saqlanib qoladi.
Agar OAV materialida nogiron (yoki sog’lom) kishi nogironligi bor ayol, erkak yoxud bola bilan keyingi safar uchrashganida foydasi tegadigan ma’lumot mavjud bo’lsa, uning amaliy ta’siri kuchli bo’ladi. Nogironlarni ularning imkoniyatlari va jamiyatga keltirishlari mumkin bo’lgan foydalari nuqtai nazaridan tasvirlash kerak. Nogironlar boqimanda va jamiyatga foyda keltira olmaydi, degan qotib qolgan fikrlardan voz kechish zarur. Nogiron kishi biror narsaga erishgani qancha ko’p o’z aksini topsa, uning nogironligiga yoki boshqalardan farqli jihatlariga shunchalik kam e’tibor qaratiladi. Nogironlarni passiv va mustaqil bo’lmagan kishilar sifatida emas, balki jamiyatning faol a’zolari tarzida tasvirlash lozim. Maqsad ta’lim olish, kasb o’rganish borasida teng imkoniyatlar yaratilsa hamda texnik vositalar va maxsus xizmatlar mavjud bo’lsa, nogironlar o’z oilalariga ham, jamiyatga ham ko’p narsa bera olishlarini ko’rsatib berishdan iborat.
Nogironligi bor kishilar timsolining OAV va kinoda yoritilishini yaxshilash maqsadida nogironlarning jamoat tashkilotlari quyidagi tavsiyalarni ishlab chiqishgan va faoliyatda qo’llashni taklif etishadi:
1. Nogironligi bor inson jamiyatning boshqalar singari a’zosi qilib va real hayotiy vaziyatlarda ko’rsatilgan seriallar, filmlar, teleko’rsatuvlar, reklama roliklari yaratish kerak. Nogironligi bor kishi film, serial yoki ko’rsatuvning bosh qahramoni bo’lishi, yoki epizodlarda (do’konda xaridor, bank mijozi, film/serial qahramonining oila a’zosi sifatida) ko’rsatilishi mumkin. Muhimi nogiron inson timsolini aks ettirishda qotib qolgan stereotiplardan qochish zarur. 
2. Aqliy va ruhiy nogironligi bor kishilarni ham e’tibordan chetda qoldirmaslik lozim. Ko’zi ojiz, aravachada harakatlanadigan va boshqa ko’z bilan ko’rish mumkin bo’lgan jismoniy o’ziga xosliklari mavjud insonlar bilan bir qatorda teleko’rsatuvlarga Daun sindromi bor, autizm va mental nogironlikning boshqa shakllari mavjud kishilarni ham taklif etish kerak.
3. Nogironlik masalasi bo’yicha ishchi guruh tuzish va uning tarkibiga OAV bilan hamkorlikni yo’lga qo’ya oladigan nogironligi bor kishilarni yoki nogiron bolalarning ota-onalarni kiritish zarur. Bunday guruhning vazifasi jurnalistlarga, kino va televideniening boshqa xodimlariga nogironligi bor kishi timsolini ko’rsatishda stereotiplardan qochish va ularni jamiyatning boshqa a’zolari singari oddiy kishilar sifatida tasvirlash yuzasidan maslahatlar berishdan iborat bo’ladi. Bunda ana shunday guruhlar uzoq yillardan beri faoliyat olib borayotgan xorijiy davlatlar tajribasiga tayanish. 
4. Televidenieda ijtimoiy reklama sonini oshirish. Nogironligi bor kishilar haqida ijtimoiy roliklar tayyorlashda u nogironlarga nisbatan achinishni yoki salbiy munosabatni shakllantirib qo’ymasligi uchun ekspertlarga murojaat etish maqsadga muvofiqdir. Shu vaqtgacha yaratilgan ijtimoiy roliklarni namoyish uchun qabul qilish.
5. Nogironligi bor kishilarni filmlar, seriallar va ko’rsatuvlarga kiritishda televidenie uchun maxsus axloq qoidalarini ishlab chiqish kerak. Bunda boshqa davlatlar tajribasiga va BMT tomonidan ishlab chiqilgan qoidalarga tayanish taviya etiladi.
6. Jurnalistlar, televidenie va kino sohasining boshqa xodimlari uchun nogironlikni tushuntiruvchi treninglar tashkil etish va o’tkazish kerak. Ularga nogironlarning jamoat tashkilotlari vakillarini ham taklif etish zarur. 
7. Nogironligi bor kishilarni aktyorlik kasbiga o’qitish amaliyotini joriy etish: mazkur yo’nalishda mutaxassislar tayyorlaydigan oliy o’quv yurtlarida aktyorlik va teleko’rsatuvlar boshlovchiligiga qobiliyati bor nogiron yoshlar o’qishi uchun imkoniyat va sharoit yaratish kerak.
8. Nogironlar rolini ijro etishga jalb etilgan aktyorlar albatta mazkur yo’nalishda mutaxassislardan maslahat olishlari kerak. Afsuski, aksariyat hollarda ko’rsatuv va filmlarda nogironlar yordamga muxtoj, kasalmand qilib, yoki aksincha, nogironlik xuddi qahramonlikdek tasvirlanadi. 
9. Televidenieda nogironligi bor insonlar haqida hikoya qiluvchi xorijiy film va seriallarni namoyish etish.
10. Nogironligi bor kishilar ishtirokida va ular haqida filmlar, seriallar, ko’rsatuvlar tayyorlovchi va namoyish etuvchi telekanallar va prodyusserlik markazlarini davlat tomonidan qo’llab-quvvatlash, ularga imtiyozlar berish kerak.
11. Ko’rsatuv va filmlarni moliyalashtirishda ularda nogironlarning ishtiroki bo’yicha kvota (masalan, taxminan 10 %) kiritish lozim.
Jurnalistlar nogironlar o’zlari haqida gap ketganda ma’qul ko’radigan leksikaga alohida e’tibor qaratishlari kerak. Gap faqat tanlab, extiyotkorlik bilan ishlatilgan so’z nogironligi bor kishining ijobiy timsolini shakllantirishga yordam berishidagina emas, ayrim boshqalar uchun oddiy va odatiy bo’lib tuyuladigan so’z va jumlalar mohiyatan yorliq va haqoratomuz stereotiplar ekanligida hamdir. Bizning boshqalar haqidagi fikrlarimiz va munosabatimiz aslida so’zlarimizda o’z aksini topadi.
Masalan, noqis, yoki noraso so’zlarini qo’llash maqsadga muvofiq emas. Shu bilan birga, ularning efemizmi va xuddi shunga o’xshash boshqa so’z ham to’g’ri kelmaydi. Eng ma’quli yaqinda handicapped (nogiron, yordamga muxtoj kishi) atamasini muomaladan siqib chiqargan disabled (nogiron, imkonityai cheklangan kishi) atamasidir. Bu so’z bugungi kunda nogironlarnig o’ziga ham ma’qul. Boshqa bir tushuncha nogironligi bor kishi atamasi esa e’tiborni birinchi galda nogironlikka emas, balki shaxsga qaratishni nazarda tutadi.
Nogironlik bilan bog’liq yangi so’zlar nogironlar o’z his-tuyg’ularini yorqinroq ifodalashlari uchungina emas, keng jamoatchilik orasida mavjud bo’lgan ular haqidagi noto’g’ri qarash va stereotiplarni yo’qotish uchun ham zarurdir. Nogironligi bor kishilarga nisbatan shakllangan kamsitish va stereotiplarni yo’qotishda tilning ahamiyati beqiyos.

Download 0.72 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   39   40   41   42   43   44   45   46   ...   49




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling