APOKALIPSIS (Vahiynoma) – “Yangi Ahd”ning tarkibiy qismi bo‘lib, uni “Injil” mualliflaridan biri Ioann ilohiy ilhom orqali yozgan, deb e’tiqod qilinadi. Ushbu kitobda qiyomat va Isoning ikkinchi qaytishi bilan bog‘liq hodisalar bayon qilingan.
APOSTOL (yunoncha — “elchi”) – xristian ta’limotiga binoan Isoning eng yaqin yordamchilarining unvoni. Ularning asosiylari 12 ta: Pyotr (Simon Ionin), Andrey, Ioann, Iakov Zevedeyev, Filipp, Varfolomey, Matfey, Foma, Iakov Alfeyev, Faddey, Simon Kananit, Iuda Iskariot (Isoni sotgan havoriy), Matfiy (Iudadan so‘ng uning o‘rnini egallagan). Bulardan tashqari yana 70 nafar havoriylar mavjud bo‘lgani xristian adabiyotlarida qayd etiladi.
ARAFOT – (arab. «tanimoq, bilmoq» fe’lidan) Makka shahrining sharq tomonidagi tepalik. Rivoyatlarga ko‘ra, jannatdan tushirilgan Odam Ato va Momo Havo yerda ilk bor mana shu tepalikda uchrashganlar. Shuning uchun ham uni «Arafot» – «Tanishuv» deb ataganlar. Haj mavsumida barcha hojilar qurbon hayitidan oldingi kun tongdan kun qaytgunga qadar shu tepalik atrofidagi maydonda turishlari farz. SHu sababli hayitdan oldingi kun «arafa kuni» deb ataladi.
ATARXURRA (Ozarxurra) – zardushtiylikning muqaddas olovi.
AQIQA – “Aqiqa” lug‘atda “qorin sochi” degan ma’noni anglatadi. Atama sifatida esa, tug‘ilgan chaqoloqning sochini olish va tavalludi munosabati bilan so‘yiladigan qo‘yga aytiladi.
BIBLIYA (yunoncha, «kitoblar») – yahudiylik va xristianlik dinlaridagi asosiy muqaddas manbaning nomlanishi. Yahudiylar «Bibliya»si «Kitve kadesh» va «Tanax» ham deb nomlanadi. Xristianlar tomonidan tan olinadigan «Bibliya» «Qadimgi Ahd» va «Yangi Ahd»dan iborat bo‘lib, umumiy hisobda 66 kitobdan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |