Nogironlarni kasbga tayyorlash va ularning malakasini oshirish
Nogironlarni kasbga tayyorlash va ularning malakasini oshirish ta’lim muassasalarida, shu jumladan ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida, shuningdek nogironlar jamoat birlashmalarining korxonalarida ijtimoiy ta’minot muassasalari bilan birgalikda nogironni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturiga muvofiq ta’minlanadi.
Kasbga tayyorlash va malakasini oshirish davrida nogironlarni moddiy jihatdan ta’minlash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Nogironlarning mehnat sharoitlari
Tashkilotlarda band bo‘lgan nogironlarga nogironni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturiga muvofiq zarur mehnat sharoitlari yaratiladi.
Jamoa yoki yakka tartibdagi mehnat shartnomasida belgilanadigan mehnat sharoitlari, shu jumladan mehnatga haq to‘lash, ish vaqti va dam olish vaqti rejimi, yillik hamda qo‘shimcha ta’tillarning muddati normativ-huquqiy hujjatlarda nazarda tutilganidan kam bo‘lmasligi va boshqa xodimlarga nisbatan nogironlarning ahvolini yomonlashtirmasligi yoki huquqlarini cheklamasligi kerak.
Mehnat qilish huquqini nogironlar tomonidan ro‘yobga chiqarish
Nogiron mehnat sharoitlari odatdagicha bo‘lgan tashkilotlarda, nogironlar mehnatidan foydalaniladigan ixtisoslashtirilgan korxonalarda, sexlar va uchastkalarda ishlashga, shuningdek qonun bilan taqiqlanmagan yakka tartibdagi mehnat faoliyatini yoki boshqa faoliyatni amalga oshirishga haqlidir.
Nogironligi tufayli nogiron bilan mehnat shartnomasi tuzishni yoki ish yuzasidan uni yuqori lavozimga ko‘tarishni rad etishga, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga, nogironni uning roziligisiz boshqa ishga o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi, tibbiy-ijtimoiy ekspertizaning xulosasiga ko‘ra nogironning sog‘lig‘i kasb vazifalarini bajarishga monelik qilgan yoki nogironning yoxud boshqa shaxslarning sog‘lig‘i va mehnat xavfsizligiga tahdid qilgan hollar bundan mustasno. Nogiron o‘z mehnat qobiliyatini tiklaganidan keyin ilgarigi ishiga yoki shunga teng ishga joylashish huquqiga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |