Nogironligi bor shaxslar bilan ijtimoiy ish amaliyoti


Tarixiy model va uning xususiyatlari


Download 1.03 Mb.
bet8/74
Sana14.12.2022
Hajmi1.03 Mb.
#1005116
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   74
Bog'liq
portal.guldu.uz-Nogironligi bor shaxslar bilan ijtimoiy ish amaliyoti

Tarixiy model va uning xususiyatlari

Tarixiy tadqiqotlarda jarayonlarni modellashtirish usulidan foydalanish masalasi bahsli mavzu hisoblanib, tarixchilarning asosiy qismi o‘tmish bilan bog‘liq faktlarni aniqlash va o‘rganishni asosiy maqsad qilib qo‘yadilar. Tarixiy manbalar spetsifikasi inson faoliyatining alohida tomonlari bilan bog‘liq faktlarni aniqlashga imkon beradi(arxeologik topilmalar madaniyat darajasi haqida, yilnomalar harbiy-siyosiy voqealar to‘g‘risida), shuning uchun bunday bir tomonlama ma’lumotlar bazasida o‘tmish voqealarini tasvirlash mumkin emas.
Nogironlarga kamsitish nazari bilan qarash muammosi insoniyatning butun tarixi davomida mavjud bo‘lgan va bugun ham barham topmagan. Inson huquqlari tizimida nogironlarni himoya qilish mexanizmlarini rivojlantirish ularning mustaqil shaxslardan xayriya yordami oluvchi sifatidagi maqomini tubdan o‘zgartirish imkonini beradi. Bunday yondoshuv nogironlarning jamiyat hayotida faol ishtirok etishlarini ta’minlash orqali ularning huquqlari hurmat qilinishi uchun imkoniyatlar izlashga qaratilgandir. Nogironlarning huquqlarini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish faqat maxsus xizmatlarni taqdim etishdangina iborat bo‘lib qolmasdan, balki ularga kamsitish nazari bilan qarashga barham beruvchi chora-tadbirlar amalga oshirilishini, nogironlarning fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlari ta’minlanishini kafolatlovchi hamda bu boradagi to‘siqlarni olib tashlovchi qonunlar, dasturlar qabul qilinishini ham nazarda tutadi.
Yaxlitlikda inson huquqlari to‘g‘risida Xalqaro qonunlar to‘plamini tashkil etuvchi asosiy xalqaro-huquqiy hujjatlar(Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi(1948 yil), iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risida Xalqaro pakt(1966 yil) hamda fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida xalqaro pakt(1966 yil)da fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar kafolatlangan, ammo ularda nogironlarning huquqlari to‘g‘ridan to‘g‘ri tilga olinmagan11.
Nogironlar masalasi bir necha marta Birlashgan Millatlar Tashkilotida ko‘rib chiqilgan, mazkur sohadagi xalqaro hamkorlikni takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar ishlab chiqilgan. 1975 yil 9 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi nogironlar huquqlari to‘g‘risida Deklaratsiyani qabul qildi hamda uning asosida o‘n yillik davomida nogironlar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash Dasturi (1983 – 1992 yillar) ishlab chiqildi. Nogironlarga nisbatan Butunjahon harakat dasturining maqsadi nogironlikning oldini olishga, ularning mehnatga layoqatliligini tiklashga, nogironlarning ijtimoiy hayot va jamiyat taraqqiyotida «teng» va «to‘laqonli ishtirok etishlari»ni ta’minlashga qaratilgan maqsadlarni amalga oshirishning samarali chora-tadbirlari ishlab chiqilishi va hayotga tadbiq etilishiga ko‘maklashishdan iboratdir12.
1982 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan nogironlarga nisbatan munosabat bo‘yicha Butunjahon harakat dasturi qabul qilinadi13. Mazkur dastur iqtisodiy rivojlanish darajasidan qat’iy nazar barcha mamlakatlarda nogironlarning ijtimoiy hayot va rivojlanish jarayonlarida bir xilda faol ishtirok etishlarini ta’minlashni maqsad qilib qo‘ygan edi.
Bosh Assambleya 1982 – 1992 yillarni «Birlashgan Mildlatlar Tashkilotining nogironlar o‘n yilligi» deb e’lon qildi va barcha davlatlarni ushbu davrdan nogironlarga nisbatan munosabat bo‘yicha Butunjahon harakat dasturini amalga oshirish uchun vositalardan biri sifatida foydalanishga chaqirdi14. 1987 yil Stokgolm shahrida bo‘lib o‘tgan nogironlarga nisbatan munosabat bo‘yicha Butunjahon harakat dasturi ijrosiga bag‘ishlangan birinchi Xalqaro konferentsiyada nogironlar huquqlari to‘g‘risida Konventsiyani ishlab chiqish tavsiya etildi. Italiya va Shvetsiya hukumatlari hamda ijtimoiy rivojlanish Komissiyasining nogironlar ahvoli to‘g‘risida maxsus ma’ruzachisi tomonidan ilgari surilgan ushbu taklif amalga oshmay qoldi.
1993 yilda Bosh Assambleya tavsiya xarakteriga ega bo‘lgan «Nogironlar uchun bir xil imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha standart qoidalar» nomli hujjatni qabul qildi15. Mazkur qoidalarda nogironlarning jamiyat hayotida teng sharoitlarda ishtirok etishlariga xalaqit beradigan to‘siqlarni bartaraf etish yuzasidan davlatlarning majburiyatlari aks etgan bo‘lib, ular keyinchalik aksariyat davlatlarning milliy qonunchiligiga kiritildi. Garchi iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha Xalqaro paktda nogironlik bilan bog‘liq qoidalar aks etmagan bo‘lsada, 1994 yilda iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha Qo‘mita tomonidan «Nogironlikning biror bir shaklida ega shaxslar» nomli 5-raqamli umumiy tartibdagi mulohazalar qabul qilindi16
Qo‘mita nogironlik muammosini Paktning qoidalaridan kelib chiqib tahlil qilgan. Jumladan, Qo‘mitaning fikricha, Paktning etarlicha turmush darajasiga ega bo‘lish huquqi to‘g‘risidagi 10-moddasiga asosan nogironlikning biror bir shakliga ega shaxslarda oila qurish va o‘z oilasiga ega bo‘lish huquqi mavjud. Nogironlar o‘z oilalari bilan yashashlariga imkoniyat yaratib berish uchun barcha tadbirlarni amalga oshirish zarurligi qayd etilgan. Qo‘mitaning fikriga ko‘ra, ijtimoiy ta’minot va daromadlarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari nogironlikning biror bir shakliga ega shaxslar uchun muhim ahamiyatga ega (9-modda). Qo‘mitaning qayd etishicha, jismoniy va ruhiy sog‘liq huquqi (12-modda) nogironlikning biror bir shakliga ega shaxslarga mustaqil bo‘lish imkonini beradigan, kasallikning yanada zo‘rayib ketishining oldini oladigan tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan, jumladan ortopedik xizmatlardan foydalana olish huquqini, ularning ijtimoiy integratsiyasini, xususan bunday xizmatlardan foydalanish huquqini qo‘llab-quvatlashni nazarda tutadi.
Nogironlikning biror bir shakliga ega shaxslarni oziq-ovqat, uy-joy va boshqa kundalik hayotiy extiyojlardan foydalana olishini ta’minlash zaruratiga qo‘shimcha ravishda, ularga kundalik turmushda mustaqil bo‘lishlari darajasini oshirishda hamda huquqlariga rioya etilishini ta’minlashda yordam beradigan qo‘shimcha yordamchi vositalar bilan ham ta’minlash kerak17. Qayd etish kerakki, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha Qo‘mita tomonidan 1990 yil qabul qilingan 3-raqamli umumiy tartibdagi mulohazada mavjud manbalar keskin qisqarib borayotgan bir sharoitda ishtirokchi-davlatlarning jamiyatning extiyojmand qatlamlarini himoya qilish borasidagi majburiyati muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.  
2001 yil dekabr oyida Meksika hukumati Bosh Assambleyada nogironlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish va ularga ko‘maklashish bo‘yicha keng qamrovli va yagona konventsiyani ishlab chiqish yuzasidan takliflarni ko‘rib chiqadigan Maxsus qo‘mita tuzish taklifini ilgari surdi. Nogironlar huquqlari to‘g‘risida Konventsiya matni va unga Fakultativ protokol tayyorlanib, 2006 yil 13 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan nogironlar huquqlari to‘g‘risida Konventsiya sifatida qabul qilindi. Mazkur hujjat nogironlarning huquqlarini amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish hamda xalqaro va milliy monitoringni tashkil qilish uchun ishtirokchi davlatlar tomonidan qabul qilinishi kerak bo‘lgan maqsadlar, umumiy printsiplar, majburiyatlar, aniq huquq va chora-tadbirlarga bag‘ishlangan 50 ta moddadan iborat.
Konventsiya nogironlar huquqlari bo‘yicha Qo‘mitani ta’sis etadi. Ushbu Qo‘mita Konventsiyaga qo‘shilgan davlatlardan davriy ravishda ma’ruzalar olish va ularni ko‘rib chiqish vakolatiga ega. Konventsiyaning Fakultativ protokoliga ko‘ra, alohida shaxslar va ularning guruhlari Qo‘mitaga Konventsiyaning istalgan qoidasi bajarilmayotgani yoki buzilayotgani to‘g‘risida xabar berishi mumkin. Fakultativ protokol shuningdek, Qo‘mitaga nogironlarning huquqlari tizimli va qo‘pol ravishda buzilayotgani haqida asosli va ishonchli ma’lumotlar bo‘lganda ushbu davlatlarda tekshirish o‘tkazish huquqini ham beradi18.
Konventsiyada «nogironlik» atamasining keng qamrovli ta’rifi mavjud emas, Konventsiyaning preambulasida «nogironlik» vaqt hamda turli ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlardan kelib chiqib o‘zgarib turishi mumkin bo‘lgan, dinamik yondoshuvga asoslanadigan, rivojlanib boruvchi tushuncha sifatida qayd etilgan (e band). Konventsiyaga ko‘ra, barqaror jismoniy, ruhiy, aqliy yoki sensor nuqsonlarga ega bo‘lgan va ular jamiyat hayotida to‘liq va samarali ishtirok etishiga xalaqit beradigan shaxslar nogiron hisoblanadi (1-modda).
Konventsiyaning asosiy printsiplari 3-moddada bayon etilgan: insonga xos bo‘lgan qadr-qimmatning, shaxsiy mustaqillik va erkinlikning hurmat qilinishi; kamsitmaslik, imkoniyatlar tengligi, erkaklar va ayollar tengligi; jamiyat hayotiga jalb etilish va kirishib ketish; insonlar orasida mavjud bo‘lgan farqni hurmat qilish hamda insonlar xilma xilligi faktini qabul qilish; imkoniyatlarni ta’minlash; nogiron bolalarning rivojlanib boruvchi qobiliyatlarini hurmat qilish hamda ularning o‘z individualligini saqlash huquqini hurmat qilish. Konventsiyani ratifikatsiya qilgan davlatlarning ayrimlari uning ba’zi qoidalarini sharhlar asosida o‘zgartirishga harakat ham qilishgan. Vaholanki, nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konventsiyaning 46-moddasiga ko‘ra, qatnashchilar sharhlar asosida o‘zgartirish kiritishlariga yo‘l qo‘yiladi, faqat ushbu sharhlar «mazkur Konventsiyaning ob’ekti va maqsadlariga zid kelmasligi kerak»19.




  1. Download 1.03 Mb.

    Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   74




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling