Nomema va semema haqida. Sememaning tarkibi


Download 81.5 Kb.
bet1/5
Sana18.02.2023
Hajmi81.5 Kb.
#1211657
  1   2   3   4   5
Bog'liq
Semema


Semema va uning tarkibi


Reja:


1. Nomema va semema haqida.
2. Sememaning tarkibi.
3. Ifoda semalari.
4. Vazifa semalari.
5. Semema semalarining munosabati.
6. Semalarning darajasiga ko’ra turlari.

Leksema ikki tomonga ega til birligidir. Aniqrog’i, u shakl va mazmun tomonlaridan iborat ramzdir. Shuni alohida qayd qilamizki, til ramzlarining (leksemalarning) shakl va mazmun tomoni xususiy atamalar bilan ataladi. Sistem tilshunoslikda leksemaning shakl tomoni nomema deyiladi. Nomema faqat leksemaning shakliga (moddiy qobig’i, tashqi tomoniga) nisbatan ishlatiladi. Leksemaning mazmun tomoni (ma’nosi, ichki tomoni, signifikati va h. k.) esa semema nomi bilan yuritiladi. Demak, leksema = nomema + sememadir.
Nomema tilga xos tomondir. U ongimizda muayyan fonemalar tizmasi sifatida mavjud. Nomemaning fonemalar tizmasidan iboratligi ichki nutq jarayonida (kishi fikr yuritganda, she’r yoki matnni ichda, tovush chiqarmay o’qiganda) aniq ma’lum bo’ladi. Chunki odam ichki nutq jarayonida so’zlarni, qo’shimchalarni ketma-ket tizib, xuddi gapirayotganday ularni bir-biriga biriktiradi, grammatik jihatdan shakllantiradi. Shu asosda fikr yuritadi. Demak, inson faqat ovoz chiqargandagina emas, balki ovoz chiqarmaganida ham fonemalarga moddiy shakl beradi. Odamning ichki nutqi o’zidan boshqa hech kimga ayon bo’lmaydi. Tashqi nutqda esa nomema tovushlar (yoki harflar) tizmasi, imo-ishoralar, turli xil signallar ko’rinishida muayyan tus oladi, voqelashadi. Avvalgi boblarda ko’rib o’tganimizdek, tashqi nutqning aniq moddiy shakli nutq vaziyati bilan, so’zlovchi (nutq muallifi) ning maqsad va imkoniyatlari bilan belgilanadi. Sistem tilshunoslik leksemalarning moddiy tomoniga — nomemalarga ko’p ahamiyat bermaydi. Chunki ko’rib o’tganimizdek, nomemaning aniq shakli nutq sharoiti bilan bel­gilanadi va u leksemaning mohiyatiga ta’sir etmaydi. Leksemaning mohiyati uning ichki tomoni — semema orqali va shunga ko’ra leksemaning boshqa til birliklari bilan munosabatga, aloqaga kirishuvi orqali belgilanadi. Ammo nutqda, ayniqsa, nazmiy, nutqda nomema katta ahamiyatga ega bo’ladi. Nazarimizda behad katta ahamiyatga ega: qofiya, radif, tajnisning o’nlab turlari, qalb, saj’, tasrit’, tasmit, taattuf, harfiy va lafziy san’atlar nomemaning xususiyatlariga tayanadi. Shu sababli naz­miy nutqda nomema va uning voqelanishiga katta e’tibor beriladi. Lekin til leksemalarining ilmiy tadqiqidagi asosiy tayanch nuqta bo’lib, leksemalarning ichki tomoni semema hisoblanadi.
Semema leksemaning ichki tomoni uning mazmuni; ma’nosi nmani ifodalab kelishidir. Semema ko’pincha ongimizda ma’lum bir tushuncha va tushunchalar bilan borliq bo’ladi. Tushuncha — ong, mantiq birligi, Semema esa tilga, leksemaga xos birlikdir. Juda ko’p hollarda bir semema bir necha tushunchani o’z ichiga oladi. Jumladan, [o’rik] leksemasining sememasi quyidagi tushunchalarda namoyon bo’ladi:
1) toza, tar mevaning bir turi (toj. zardolu);
2) shu mevaning quritilgani (toj. G’ulung);
3) shu mevani beradigan daraxt.
Bir sememaning bir necha tushunchani o’z ichiga olishini juda ko’p meva nomlarida ko’rish mumkin, qiyoslang [olma; anor; shaftoli; olcha; bodom; pista va h. k.) Ammo [uzum], [mayiz], [tok] leksemalarida tar meva, uning quritilgani, daraxti boshqa-boshqa leksemalar orqali ifodalanadi. Demak, [o’rik] leksemasi uch tushunchaga, voqealikdagi uch xil narsa — predmetga (atalmishga) aloqador bo’lsa, [uzum], asosan, bir tushunchaga — tar mevaning ma’lum turiga, bitta atalmishga aloqadordir. Shunga ko’ra tushuncha va se­mema o’zaro hamma vaqt ham mos kelmaydi. Bu hodisani, ayniqsa, sinonimlarda (ma’nodosh leksemalar­da) yaqqol ko’rish mumkin. [yuz], [bet], [aft], [bashara], [turq], [chehra], [jamol] leksemalarining sememalari, asosan, bitta tushuncha bilan - odam boshi old tomonining atalmishi bilan bog’lanadi. Ammo ayni vaqtda har bir leksema ushbu ma’noni o’ziga xos xususiyati, qo’shimcha ma’no munosabati bilan anglatib, ifoda­lab keladi.
Leksema o’zining eng muhim vazifasi bo’lgan voqea­likdagi, inson ongidagi narsa-buyum, belgi, xususiyat va mohiyatlarni atashni semema orqali bajaradi. Sememaning ongimizdagi tushunchalar bilan bog’liqligi leksemaning atash, nomlash vazifasini bajarishga imkon beradi. Semema ongimizda mavjud bo’lgan turlicha tushunchalar bilan bog’lanadi. Mantiq fanidan ma’lumki, ongi(mizdagi tushunchalarning hammasi ham voqelikdagi narsa-buyum, belgi-xususiyat, munosabat asosida hosil bo’lmagan. Aniqrog’i, faqat ongimiz mahsuli bo’lgan tushunchalar ham mavjuddir. Chunonchi «dev», «pari», «jin», «ajina», «arvoh» kabi xayoliy tushunchalar, «qizillik», «go’zallik», «adolat» kabi mavhum tushunchalar shular jumlasidandir. Binobarin, sememalar shunday tushunchalar bilan ham bog’lana oladi. Leksema sememalar nafaqat tushunchalar bilan, balki tasavvur va obrazlar (tasvirlar) bilan ham bog’lanadi. Undov va taqlidiy leksemalarda shun­day xususiyatni ko’rish mumkin. Aniqrog’i, bu leksemalar atash vazifasini emas, balki tasvirlash vazifa­sini o’taydi. Masalan, [yilt-yilt], [milt-milt], [taq-tuq] kabi taqlidiy, [oh], uh], [vah-vah] kabi undov so’zlar shunday tasviriy ifoda vositalaridir. Shuni ham aytish kerakki, yordamchi leksema sememalarida ham tushuncha bilan bog’lanish yo’q. Chunki yordamchi leksemalar, aytilganidek, qo’shimchalar va leksemalar -ziddiyatida oraliq uchinchi vazifasini o’taydi. Ular shaklan (nomemasiga ko’ra) leksema, mazmuni (vazifasi), sememasiga ko’ra esa qo’shimchadir (qiyos.: kitobni akamga/akam uchun oldim). Sememaning, tushunchalar bilan bog’liqligi faqat mustaqil leksemalardagina yuz beradi. Undov, taq­lidiy so’zlarda, yordamchi leksemalarda, olmoshlarda esa bunday bog’lanishni ko’rmaymiz.
Aytilganlardan shunday xulosa qilish -mumkin, se­mema — nomema bilan bog’langan ma’no, mazmun va vazifa. U leksemaning ichki tomonidir.
Semema juda murakkab tarkibga egaligi sababli, bu haqda alohida fikr yuritamiz.

Download 81.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling