5-§. Bunkyerlarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
272. Unni qopsiz saqlash uskunalari (bunkyerlar, filtrlar va quvuro‘tkazgichlar) yonmaydigan yoki qiyin yonadigan materiallardan tayyorlanishi lozim. Bunkyerlarni tayyorlashda ularning konstruksiyasi va materialidan qat’i nazar, ichki yuzasi tekis, o‘tkir qirralarsiz, yoriqlarsiz va teshiklarsiz bo‘lishi kerak.
273. Bunkerdagi xomashyodan namuna olish uchun elektr toki o‘tkazmaydigan materialdan tayyorlangan maxsus moslamani o‘rnatish nazarda tutilishi kerak. Bunkerni xomashyoni to‘ldirishda yoki uni chiqarib olish vaqtida namuna olishga ruxsat etilmaydi.
274. Bunkyerlarni belgilangan hajmdan ortiq to‘ldirib yuborishga ruxsat etilmaydi.
275. Vertikal texnologik sig‘imlar kamida ikkita lyukka ega bo‘lishi, ulardan biri yon devorining quyi qismida, ikkinchisi esa qarama-qarshi yon tomonning yuqori tubida joylashishi kerak.
276. Dumaloq shakldagi quyi lyukning diametri kamida 450 mm bo‘lishi kerak.
277. Qabul qiluvchi bunker va ta’minlovchi shnekning tuzilmasi unni bunkerdan to‘liq chiqarib tashlanishini ta’minlashi lozim.
278. Qopsiz saqlash qurilmalarini masofadan avtomatik rejimda boshqarishda quyidagilar ta’minlanishi kerak:
uskunalar va texnologik parametrlarning normal va avariya holatlari bo‘yicha yorug‘lik signalizatsiyasi;
avariya vaziyatlari to‘g‘risida tovushli signalizatsiya;
avtomatik ravishda yo‘nalishni ishga tushirishdan oldin ogohlantirish signalizatsiya ulangan bo‘lishi;
yo‘nalish bo‘yicha keyingi biror-bir uskuna nosoz holatda bo‘lganda, oldingi uskunaning “To‘xtatish” tugmasi mavjud bo‘lishi.
Do'stlaringiz bilan baham: |