Normamatova ijtimoiy ish nazariyasi
Ijtimoiy ishning asosiy metodlari
Download 1.31 Mb.
|
Ijtimoiy ishning asosiy metodlari.
Metodlar – maqsadga erishish yo‘lida qo‘llaniladigan amallar va operatsiyalar yig‘indisidir. Ijtimoiy ishda esa ular biror-bir maqsadga erishish muayyan (ilmiy-tadqiqot yoki amaliy) masalani hal qilish usulidir. Ilmiy tadqiqot usullari olimlar aniq ma’lumotlar olish uchun qo‘llaydigan amallar va vositalar yig‘indisi bo‘lib, ulardan ilmiy nazariyalar va amaliy tavsiyalarni ishlab chiqish uchun foydalanadilar. O‘zgartirish usullari, aniqrog‘i ijtimoiy voqelikni o‘zgartirish usullari, bu – ijtimoiy xizmatchining mijozga yoki ijtimoiy muhitga muayyan vazifalarni hal qilish maqsadida ta’sir o‘tkazish usulidir. Fanning kuchi ko‘p jihatdan voqelikni tadqiq qilish va o‘zgartirish usullarining mukammalligi, ishonchliligi, ilmning mazkur sohasi boshqa fanlar usullarida paydo bo‘layotgan eng yangi, ilg‘or metodlardan qanchalik tez va samarali foydalana olishiga bog‘liq. Ilmiy tadqiqot usullarini tasnif qilishning turli asoslari bor. Masalan, axborot to‘plash va uni qayta ishlash usullari; empirik tadqiqot usullari va nazariy modellashtirish usullari; umumilmiy usullar va aniq fanlarning o‘ziga xos usullari to‘g‘risida gap yuritish mumkin. Ba’zi usullar ko‘pincha muayyan fanlarga tegishli bo‘ladi. Masalan, sotsiometriya, guruh bahsi, ichkaridan kuzatish asosan ijtimoiy-psixologik tadqiqot usuli hisoblanadi. Psixologik-pedagogik metodlar mijozga uning o‘zini-o‘zi his qilishi va xulq-atvorini boshqarish murvatlariga ta’sir o‘tkazish orqali bavosita ta’sir qilishi bilan xarakterlanadi. Shaxsiy xulq-atvori ko‘p jihatdan ijtimoiy-psixologik hodisalar: jamoatchilik, guruh fikri, kayfiyatlari, didi, istaklari, mayllari, mo‘da va boshqalar bilan belgilanadi. Muloqot mahsuli sifatida vujudga kelgan ijtimoiy-psixologik hodisalar nisbiy mustaqillikka ega bo‘ladi va odamlarning xulq-atvori, xatti-harakatlariga tartiblashtiruvchi ta’sir o‘tkazadi. Shaxs (guruhlar) ma’naviy-axloqiy holatiga va xulq-atvoriga pedagogik ta’sir o‘tkazish murvati odam ongiga muayyan ijtimoiy vaziyat va shart-sharoitlardagi xulq-atvor tamoyillari va me’yorlarini, barqaror qarashlarini shakllantirish manfaatlari yo‘lida maqsadga yo‘naltirilgan ta’sir o‘tkazishni nazarda tutadi. Psixologik-pedagogik metodlar jumlasiga ishontirish (ijtimoiy ish amaliyotida turli shakllarda, avvalo, tushuntirish, maslahat, dalillangan tavsif, mijozga ijobiy namuna va faol hayotiy faoliyatda ibrat shaklida namoyon bo‘ladi) kiradi. Sotsiologik tadqiqotlar, kuzatish, ijtimoiy-psixologik tashxis, uqtirish, ma’lumot berish, mehnat va turmush sharoitini insoniylashtirish, mehnatga jalb etish va ijodiy imkoniyatlarini namoyon qilishi uchun imkoniyatlar yaratish, urf-odatlar, an’analar va boshqalardan foydalanishni qamrab oladi. Bu guruhdan mijozlar faoliyati natijasini o‘rganish, ijtimoiy terapiya (individual terapiya, guruh terapiyasi, mehnat terapiyasi, o‘zini-o‘zi tarbiyalash terapiyasi, munozara terapiyasi, psixoterapiya, oilaviy terapiya, o‘yin terapiyasi, sotsiodrama, psixodrama va boshqalar) tazarru usulini ko‘rib chiqamiz. Mijozlar faoliyati natijalarini o‘rganish (“tarjimai hol usuli”) keng ma’noda harakatlar natijasini, kiritilgan o‘zgarishlarni hayot mavqeidagi, qadriyatlar tizimidagi real siljishlarni o‘rganishdan iboratdir. Tor ma’noda esa, mijozlar faoliyati natijasini o‘rganish muassasa rahbarlari rejalari va hisobotlarini, kundaliklarni, jurnallar va boshqa hujjatlarni; faoliyat mahsulotlarini (natijalarini): insholar, texnik ishlanmalar, qo‘lbola o‘yinchoqlar, ko‘rgazmali qurollar, kino va videofilmlar, mikro- foto- kserokopiyalar (bosma, grafik, qo‘lyozma materiallar); masalaning tarixi va nazariyasi bo‘yicha ma’lumot kataloglari; mavzuli kartotekalar; magnit tasmasiga yozib olingan suhbatlar, ma’ruzalar, munozaralar (ular qayta tinglab tahlil qilish uchun qulay); mashinka matniga ko‘chirilgan qog‘oz yozuvlari; fotosuratlardan iborat. Bularning bari belgilangan vazifalarni bajarish, erishilgan natijalar to‘g‘risida fikr yuritish imkonini beradi. Ijtimoiy terapiya (terapiya (yunoncha) - g‘amxo‘rlik, qarov, davolash) – shaxsga yoki shaxslar guruhiga hissiyotlar, impulslar, fikrlar, munosabatlarni tartibga solish masalasida muntazam, maqsadga yo‘naltirilgan yordam berish uchun bajariladigan tadbirlar (I. G. Zaynishev). Terapiya quyidagi funksiyalarni bajaradi: davolash (mijozga uning muammolarini yechishda tibbiyot xizmatchilari bilan birgalikda yordam ko‘rsatish); ijtimoiy taraqqiyot (mijozni faol guruh faoliyatiga qo‘shish, mijozning ijtimoiy salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi “birgalikdagi rivojlanish” jarayonini tashkil qilish); manfaatlarini himoya qilish (huquqlari cheklanayotganlar yoki jamiyatdagi ijtimoiy zaif mavqeli odamlar ehtiyojlarini tushuntirish). Shunday qilib, ijtimoiy terapiya “ijtimoiy muolaja” metodi sifatida; ta’lim va kasbiy yo‘naltirish bilan bog‘liq ta’sir o‘tkazish metodi sifatida; ijtimoiy nazorat quroli sifatida; muloqot vositasi funksiyalari sifatida ko‘rilishi mumkin. Ijtimoiy terapiyaning vazifalari: xulq-atvorni tuzatish, korreksiya qilish; disfunksiyalarning oldini olish; me’yordagi taraqqqiyotni ta’minlash; shaxsning o‘zini namoyon qilishiga ko‘maklashish. Individual terapiya muammolari konfidensial tarzda hal qilinishi lozim bo‘lgan (zo‘rlashlar, oilaviy kelishmovchiliklar va h.k.) mijozlarga, ya’ni guruh terapiyasida ishtirok etishni istamaydiganlarga nisbatan qo‘llanadi. Odatda, bir necha individual mashg‘ulotdan keyin mijoz jamoa terapiyasiga o‘tkaziladi, chunki bu usul ancha samaraliroqdir. Guruh terapiyasi – odamlarning emotsional buzilishlar yoki ijtimoiy noqulayliklarni bartaraf etishida ko‘maklashish uchun (ijtimoiy xizmatchi yoki professional terapevt boshchiligida) guruhdan foydalanishni anglatadi. Odatda, har bir guruh 6-8 kishidan iborat bo‘ladi, mashg‘ulotlar davomiyligi esa haftasiga 90 minut. Uning asosida quyidagi guruhlar tashkil etiladi: o‘quv (bilim olish, o‘z fikrini ifodalash, shaxsiy muammolarini muhokama qilish); hamkorlikdagi faoliyat (umumiy bir ish: sport bilan, teatrga borib muhokamalar o‘tkazish va boshqalar) bilan shug‘ullanish; ota-onalar; erkaklar va ayollar. Psixoterapevtik muolajaga quyidagilar kiradi: relaksatsiya, pantomimik sahnalar, “konstruktiv munozara”, rolli vaziyatlarni o‘ynash, biografiyani so‘zlab berish, anonim kasallik tarixini muhokama qilish, ko‘rgan tushlari, xayollari va tasavvurlarini bayon qilish va boshqalar. Oilaviy terapiya ijtimoiy xizmatchining bir butunlik hisoblanadigan oila a’zolari guruhi bilan olib boradigan faoliyatdir. Mutaxassis oila a’zolarining rollari, o‘zaro majburiyatlarini yoritishga, ularni yumshoqroq xulq-atvorga rag‘batlantirishga harakat qiladi. Bunda oila tarixi emas, balki guruh a’zolarining verbal va noverbal xatti-harakatlaridan foydalaniladi. Mehnat terapiyasi insonning psixofiziologik sohasiga – mehnatning tetiklashtiruvchi va faollashtiruvchi ta’siriga asoslanadi. U odamlar orasidagi munosabatlarni yengillashtirib, o‘rtadagi xavotir va taranglikni, og‘riqli tuyg‘ularni yengillatib, birgalikdagi mehnatni tashkil qilish imkonini beradi. O‘zini-o‘zi tarbiyalash terapiyasi – o‘zini o‘rganishni, o‘ziga baho berishni; o‘z shaxsiyatini qayta baholashni; o‘zini tahlil qilish, o‘tmishni qayta baholash, individual “psixologik to‘siqlar”ni aniqlashni; “MEN”ning yoqimli timsolini yaratish; o‘zini ishontirish, o‘zini rag‘batlantirish va o‘ziga uqtirish usullaridan foydalanish; faoliyat va muloqot vaziyatlari; kundalik hayot va faoliyatda erishilgan natijalardan foydalanishni qamrab oladi. Munozarali terapiya – guruh a’zolarining bir-birlari bilan tanishishi; mijozlar kutayotgan narsalar va ularning xavotirlarini muhokama qilish; guruhdagi mijozlar kutayotgan narsalar va guruhdagi voqelik o‘rtasida mavjud nomutanosiblik tufayli vujudga kelgan taranglikni muhokama qilish; guruh rahbariga nisbatan qarshilikning kuchayib borishi; bu qarshilikning o‘tmishdagi hayot tajribasi bilan bog‘liqligi, guruh rahbariga munosabat bilan bog‘liqligi, mustaqillik, mas’uliyat va faollik bilan bog‘liq bo‘lgan muammolarni ochish; yechish lozim bo‘lgan muammoga mos munosabatni shakllantirish, guruh faoliyatida faol ishtirok etish motivatsiyasini, guruh an’analari va me’yorlariga moslikni shakllantirish; guruh ichidagi munosabatlar tadrijini tahlil qilish, uni har bir qatnashchi muammolarini yechish bilan bog‘lash; munosabatlarni korreksiyalash, nutqlarni mustahkamlash; terapiya natijalarini muhokama qilish, yakun yasash; refleksiya. Sotsiodrama – jamoa, guruh terapiyasi usuli. Uning mohiyati shundaki, ijtimoiy guruhlar muammolari va guruhlar o‘rtasidagi turlicha nizoli munosabatlar stixiyali tarzda tashkil etilgan sahnalarda muhokama taqdim etiladi. Buning natijasida, bir-birlarining muammolarini ochiq muhokama qilish, surishtirish va mavjud ijtimoiy-madaniy tafovutlarni dramatik yo‘l bilan tasvirlash natijasida bir-birlarini tushunishga erishiladi. Psixodrama – guruh terapiyasida qo‘llanadigan texnika bo‘lib, unda odam turli rollarni, masalan, o‘zining turli stress vaziyatlardagi holatini tasvirlashi yoki o‘ziga muqobil rollarni ijro etishi mumkin. Bu esa unga o‘z his-tuyg‘ulariga ta’sir etish, xavotirlik holatini bartaraf qilish, turli vaziyatlarda o‘zini to‘laroq qo‘lga olish, muammoga boshqa kishi nuqtai nazaridan qarashga imkon beradi. O‘yin terapiyasi muloqotni yengillatish uchun qo‘llanadigan psixoterapiya shaklidir. Ishtirokchilar verballashtirish qiyin yoki mumkin bo‘lmagan turli vaziyatlar va nizolarni tasvirlash uchun o‘yinchoqlardan foydalanadilar. O‘yin terapiyasi ko‘pincha bolalarga nisbatan qo‘llanadi, biroq ba’zi sharoitlarda kattalar bilan ishlaganda ham u yaxshi natijalar beradi. Tazarru metodi psixoterapiya shakli bo‘lib, u ijtimoiy muhit bilan o‘zaro aloqalardagi qiyinchiliklarni, ruhiy stresslarni bartaraf qilish maqsadida qo‘llanadi. Bu usul ijtimoiy xizmatchining mijoz bilan “yakkama-yakka” muloqot qilishini taqozo etadi. Ko‘pchilik dinlarda qadimdan buyon qo‘llanib kelayotgan ijtimoiy ishning bu usuli o‘zining samaradorligini, jumladan, maxsus ilmiy tadqiqotlar natijasi bilan ham tasdiqlaydi. Ijtimoiy ish usullari tasnifi uchun ta’sir o‘tkazilayotgan odamlar miqdorini asos qilib oladigan bo‘lsak, unda ijtimoiy ishning individual va guruh shakllarini ajratish mumkin. Download 1.31 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling