Normamatova ijtimoiy ish nazariyasi
Download 1.31 Mb.
|
Dars metodi: Blits so‘rov, an’anaviy ma’ruza, suhbat, qisqa muddatli test.
Dars mazmuni: Ijtimoiy ish tamoyillari – bosh g‘oyalari, ijtimoiy ish organlari faoliyatining qoida va me’yorlari. Ijtimoiy ish – bu odamlarga insonlar orasidagi munosabatlarni hal qilish va jamiyatdagi ijtimoiy o‘zgarishlarda ko‘maklashishga yo‘naltirilgan, ularning hayotiy farovonligini oshirish maqsadida yordam ko‘rsatish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kasbiy faoliyatdir. Ijtimoiy ishning bosh g‘oyasi inson huquqi va professionalizm konsepsiyasi bo‘lib, uning atrofida ijtimoiy ish kasb sifatida shakllanayapti, hayotning mushkul vaziyatiga tushib qolgan kishilarni ijtimoiy himoya qilish tajribasi to‘planayapti. Insonning jamiyatdagi mavqeini belgilovchi va uning asosiy ijtimoiy ehtiyojlariga mos keluvchi huquqlarni himoyalash ijtimoiy ishning ham asosi, ham jamiyatning har qanday sohasidagi rag‘bati bo‘ladi. Insonning eng muhim hayotiy huquqlari nazarda tutilayapti – yashashga, mehnat qilishga, qarilikda ijtimoiy ta’minotga, oilani muhofaza qilishga, yetarli hayotiy darajaga etishi huquqlari. Ijitimoiy ishda ilmiy tadqiqot usullari va uslubiyatlari majmuidan foydalaniladi. Bunda quyidagi kichik guruhlarni ko‘rsatish mumkin: - umummantiqiy usullar: analiz, sintez, umumlashtirish, qiyoslash, modellashtirish, loyihalash. - umumilmiy usullar: adabiy manbalarni tahlil qilish; nazariy tahlil va ijtimoiy-pedagogik tadqiqotlar sintezi; kuzatish (tabiiy sharoitlarda kuzatish, murakkab vaziyatlarni modellashtirishda kuzatish, testdan o‘tkazish jarayonida kuzatish, qo‘shma tadbirlar jarayonida kuzatish va h.k.); tajribani o‘rganish va umumlashtirish; eksperiment; ekspert baholari usuli. - tarixiy usullar: qiyosiy-tarixiy usul (tarixiy jarayonlar qonuniyatlarini, takrorlanib turishini aniqlash uchun qo‘llanadigan), genetik usul (o‘rganilayotgan hodisaning kelib chiqishi, sabablari va bosqichlarini o‘rganish uchun qo‘llaniladi), tuzilmaviy usul (tizimning alohida tarkibiy qismlar bilan bog‘lanishini aniqlash uchun qo‘llaniladi) va boshqalar. - sotsiologik usullar: anketa so‘rovi va intervyu; sotsiometriya; monitoring (o‘zgarishlar nuqtai nazaridan vujudga keladigan ijtimoiy vaziyatlarni muttasil kuzatish, bu o‘zgarishlar istiqbolini prognozlash). - psixologik usullar (blank va apparatura testlari), (individual va guruh) testlari. - matematik statistika usullari. Shunday qilib, tadqiqot manbai bu hujjatlar, kitoblar, jurnallar, gazetalar; mijozlar, ijtimoiy, ilmiy xizmatchilar, o‘qituvchilar, oilalar va h.k.; texnik-axborot tizimlari, radio, televidenie, kompyuter tarmoqlari; muassasa an’analari, ijtimoiy xizmatchi ish tajribasi va boshqalar bo‘lishi mumkin. Agar o‘zgartirish metodlarini tasnif qilishga asos qilib shaxs yoki ijtimoiy birlik xulq-atvoriga ta’sir o‘tkazish ko‘rsatkichlarini oladigan bo‘lsak, ularning uch guruhini ajratish mumkin: ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy-buyruq va psixologik-pedagogik usullar. Ijtimoiy-iqtisodiy usullar o‘z tarkibida ijtimoiy soha mutaxassislari mijozlarning moddiy va ma’naviy, milliy, oilaviy va boshqa manfaat va ehtiyojlariga ta’sir o‘tkazadigan barcha usullarni birlashtiradi. Ijtimoiy va iqtisodiy ehtiyojlar va manfaatlarga ta’sir o‘tkazish metodlari natura yoki pul bilan yordam berish shaklida; imtiyozlar berish, bir marta beriladigan yordamlar va kompensatsiyalar shaklida; patronaj va maishiy xizmatlar ko‘rsatish shaklida; ma’naviy rag‘batlantirish, sanksiyalar va boshqalar shaklida qo‘llaniladi. Tashkiliy-buyruq metodlari anglangan ijtimoiy va mehnat intizomi, burch va mas’uliyat singari motivlarga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Ularning o‘ziga xos xususiyati to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir o‘tkazishdir, chunki ular avvalo chegaralovchi, me’yoriy-huquqiy hujjatlarga asoslanadi. Usullarning bu guruhida tashkiliy va buyruq metodlari orasidagi ba’zi farqlarni ko‘rsatib o‘tish mumkin. Tashkiliy metodlar ijtimoiy xizmat organlarining turli bo‘g‘inlarida huquqlar, vakolatlar, majburiyatlarni mustahkamlab qo‘yar ekan, ijtimoiy xizmat vazifalarini bajarishga “oldindan” boshqaruv ta’siri o‘tkazadi. Buyruq usullari vazifalarni tezkor bajarish, kuch va vositalarni qayta taqsimlash, yo‘l-yo‘lakay vujudga keladigan vazifalarni hal qilish va aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish imkonini beradi. Tashkiliy usullar bilan uzviy bog‘liq bo‘lar ekan, ular ijtimoiy ishning boshqarish organlari tizimiga tezkorlik va g‘ayrat bag‘ishlaydi. Asosiy tashkiliy-buyruq usullari quyidagilar: reglamentlash, me’yorlash va yo‘riq berish, kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, talab qilish, tanqid va o‘z-o‘zini tanqid, nazorat qilish, ijroni tekshirish va boshqa metodlar. Reglamentlash ijro uchun majburiy bo‘lgan tashkiliy qoidalar (buyruqlar, namunaviy nizomlar, lavozim yo‘riqnomalari, shtat jadvali va boshqalar)ni ishlab chiqish va amalga kiritishdan iborat. Me’yorlashtirish esa ijtimoiy xizmatchi faoliyatida mo‘ljal vazifasini bajaradigan me’yorlar (xizmat ko‘rsatiladigan mijozlar miqdorining me’yori, xizmat ko‘rsatish vaqtining me’yori va boshqalar)ni belgilashdan iborat. Yo‘riqnomalar berish vaziyatni, vazifalarni, paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklarni mijozning noto‘g‘ri xatti-harakatlari oqibatlarini tushuntirishda, ehtimoliy xatoliklardan ogohlantirish, xatti-harakatlar to‘g‘risida maslahatlar berish va boshqalardan iborat. Ijtimoiy ishda yo‘riqnomalar berish, odatda, mijozga uning fuqarolik huquqlari va erkinliklarini muhofaza qilishga qaratilgan maslahatlar, axborot va uslubiy ko‘mak shaklida bo‘ladi. Ijtimoiy ishning ilmiy mavqeini aniqlash muammosiga nisbatan ko‘plab yondashuvlar mavjud. Ulardan biri bu fanni ijtimoiy fanning alohida sohasi muammosi – ijtimoiy rivojlanishni o‘rganishga yo‘naltirilgan amaliy fan sifatida tan olishni taklif qiladi. Boshqasi esa mutaxassislarni ijtimoiy ishning fan sifatidagi mavqeini o‘z ichiga fundamental va amaliy muammolarni ham qamrab oladigan murakkabroq tuzilmalarga ega ekaniga yo‘naltiradi. Uchinchisi esa ijtimoiy ish sohasidagi ilmiy bilimlarni insonning hayotiy kuchlarini qo‘llab-quvvatlashga aloqador bo‘lgan eng muhim muammolar va sohalarga: tibbiy xizmat, ta’lim, ish bilan ta’minlash, jamoa tartibini saqlash, nafaqa xizmati, kam ta’minlangan oilalarga yordam ko‘rsatish va boshqalarga bo‘lish uchun ijozat beradi. Ijtimoiy ishning ilmiy emasligi, uning nazariyalari rivojlanmaganligi haqida so‘zlovchi yondashuvlar ham mavjud. Bu mavzudagi munozaralarni vaqt va ijtimoiy ish, umuman ijtimoiy taraqqiyot sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning rivojlanishi hal etishi lozim. Ijtimoiy ish ijtimoiy jarayonlarning qonuniyatlari va amal qilish tamoyillarini, ularning jamiyatdagi shaxs fuqarolik huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda psixologik-pedagogik va boshqaruv omillari ta’siridagi tadrijini o‘raganadi. Ijtimoiy hodisalar va munosabatlar faqat ijtimoiy ishninggina emas, balki falsafa, tarix, sotsiologiya, siyosatshunoslik va h.k. singari ko‘plab fanlarning ham obyektidir. Har bir muayyan fan obyektni butunicha emas, balki uning faqat mazkur fan predmetini tashkil qiladigan xususiyatlar, munosabatlar, qonuniyatlarning muayyan qismini, o‘ziga xos “kesimi”ni o‘rganadi. Aynan predmetning mavjudligi bilimning mustaqil sohasi bo‘lgan har qanday fanning mazmunini belgilab beradi. Mustaqil fan sifatida faqatgina o‘zining tadqiqot va voqelikni o‘zgartirish predmetiga, shuningdek, qo‘llaydigan ilmiy tahlil usullarining o‘ziga xosligiga ega bo‘lgan ilmiy bilim sohasigina tan olinishi mumkin. Predmetni tushunishning chuqurlashuvi, undagi yangi va yangi qirralarning ochilishi jarayonida mazkur fanning fandagi eng muhim bo‘limlar mazmuni to‘g‘risidagi tasavvurlarning o‘zgarishi ham yuz beradi. Ijtimoiy ish ilmiy asoslarining shakllanishi butun dunyoda uzluksiz munozaralar jarayonida yuz bermoqda. Eng faol muhokama qilinayotgan muammolardan biri fan sifatidagi ijtimoiy ishning predmeti, amaliy faoliyat sohasi va o‘quv predmeti, asosiy bilim va ko‘nikmalar hajmi sifatidagi ijtimoiy ish mavqei haqidagi masaladir. Hozirgi davrda fan sifatidagi ijtimoiy ishni qurish va bayon qilishning umume’tirof etgan me’yorlari yo‘q, bu esa uning “yoshligi”, ilmiy apparatining shakllanish va oyoqqa turish bosqichida ekani to‘g‘risida guvohlik beradi. Ijtimoiy ish fanining predmeti, o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risida uni boshqa fanlar predmetlari, avvalo sotsiologiya, psixologiya, konfliktologiya, ijtimoiy tarix predmetlari bilan qiyoslab so‘z yuritish mumkin. Ijtimoiy ish xodimi, ijtimoiy xizmatchi, mijozga yordam bera turib, quyidagi funksiyalarni bajaradi (V.G.Bocharova bo‘yicha): tashxis qo‘yish – mutaxassis “ijtimoiy tashxis” qo‘yadi, psixologik va yoshga oid xossalarni, insonning qobiliyatlarini o‘rganadi, uning manfaatlari olamiga, muloqot doirasiga, uning hayoti sharoitlariga kirib ketadi, nisbiy va salbiy ta’sirlarni, muammolarni aniqlaydi; tashkiliy – mutaxassis u yoki bu faoliyatni amalga oshiradi, dam olishning mazmuniga ta’sir ko‘rsatadi, ishga joylashishga, kasbiy yo‘nalishga va moslashishga yordam beradi, o‘smirlar va yoshlar tashkilotlari faoliyatini markazlashtiradi, mijozni tibbiy, ta’lim, madaniy, sport, huquqiy muassasalar va xayriya tashkilotlari bilan o‘zaro ta’siriga ta’sir o‘tkazadi; prognostik – mutaxassis mikrorayon va ma’lum bir mikrosotsiumning ijtimoiy rivojlanish jarayonini dasturlashtirish va oldindan aytib berish bo‘yicha ijtimoiy ishda qatnashadigan turli institutlarning faoliyatida ishtirok etadi; ogohlantirish – profilaktik va ijtimoiy-terapevtik – mutaxassis salbiy ta’sirlar oldini olish va bartaraf etishning ijtimoiy-huquqiy, yuridik va psixologik mexanizmlarini harakatlantiradi va ularda o‘zi ham qatnashadi, muhtojlarga sotsioterapevtik yordamni tashkil etadi, jamiyatda huquqlarning himoyasini ta’minlaydi, o‘smirlarga va yoshlarga ijtimoiy va kasbiy o‘zini-o‘zini aniqlash davrida yordam ko‘rsatadi; tashkiliy-kommunikativ – mutaxassis ko‘ngilli yordamchilarning, aholining ijtimoiy ishga, birgalikda mehnat qilish va dam olishga, xizmat bo‘yicha va shaxsiy muloqotlarga kirishishiga ko‘maklashadi, axborot to‘playdi va turli ijtimoiy institutlar o‘rtasida, ularning mijoz bilan ishlashida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi; qo‘riqlash-himoya qilish – mutaxassis mijozlarning manfaatlarini himoya qilish uchun huquqiy me’yorlarning barcha majmuini ishga soladi, mijozlar huquqiga nisbatan bevosita yoki bavosita g‘ayri qonuniy harakatlarga yo‘l qo‘yayotgan shaxslarga nisbatan davlat tomonidan majburlash va yuridik javobgarlik choralari qo‘llanilishiga yordam ko‘rsatadi. Ijtimoiy ishni tashkil etish va boshqarish sohasida band bo‘lgan xizmatchi ijtimoiy yordamning turli xil muassasalari bilan ishlashi, turli ko‘rinishdagi ijtimoiy ishlar olib borishiga to‘g‘ri keladi. Turli muassasalarda ijtimoiy yordam tashkilotchilarining ishida o‘ziga xosliklar ham mavjud bo‘lib, ular avvalo ijtimoiy ishning quyidagi yo‘nalishlarida namoyon bo‘ladi: a) oilaga yordam berish; b) ekstremal vaziyatlar va “xatar guruhlar” bilan ishlash; v) sog‘liqni saqlash tizimida ishlash; g) ta’lim sohasida ishlash; d) bandlik xizmatlarida ishlash. Tegishli xizmatlarning xodimlari sifatida, ijtimoiy xizmatchilar va ijtimoiy pedagoglar o‘zlarini birinchi navbatda aholining ijtimoiy zaif guruhlarining himoyachilari deb his qilishlari kerak. O‘zining vazifasini professional darajada amalga oshirish uchun ular odamlarning qanday rivojlanayotganlari, o‘zaro ta’sir qilayotganlari, o‘zgarishlari, o‘qishlari, qiyinchilik va muammolarga munosabatlari, alohida odamlarga ijtimoiy shart-sharoitning ta’sir o‘tkazishini bilishlari, shuningdek, ishontirish va majburlash usullarini ularning o‘z faolliklarini rag‘barlantirish yo‘lida nozik biriktirishni bilishlari lozim. Ijtimoiy ishdagi muhim jihat – biz ko‘pincha boshqa odamlar uchun nima kerakligini hal qilish huquqiga ega emasligimizni anglashga, ularning o‘zlari mavjud variantlardan eng maqbulini tanlashga izn berishimizga bo‘lgan ishonch. Odatda, ularning mavjud muqobilliklarni anglab etishida, xulq-atvorning mavjud variantlaridan har birining qiyosiy ustunliklari va kamchiliklarini baholashda, qarorlarni ongli va oqilona qabul qilishda yordam kerak bo‘ladi. Bunday yondashuv davlat vakillari odamlarning o‘zini qanday tutishlari lozimligini zo‘rlik bilan tushuntirish, ularga yordam ko‘rsatish xarakterini belgilashda o‘zlarining tavsiyalarini tiqishtirish an’anasi bilan bog‘liq avtoritar yondashuvdan keskin farq qiladi. Mushkul ahvolga tushib qolgan odamlarga o‘zlarining his-tuyg‘ularini ifodalash, tanglik holatidan chiqish yo‘llarini topish, tegishli qaror qabul qilish va uni hayotga tadbiq etishda yordam berish uchun avtoritar ish usullaridan voz kechishdan tashqari har bir odam o‘z hayotini o‘zi muvaffaqiyatli tarzda tashkil etish huquqiga egaligi va layoqatliligiga chindan ishonish ham zarur. Download 1.31 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling