Normamatova ijtimoiy ish nazariyasi


Download 1.31 Mb.
bet22/94
Sana23.04.2023
Hajmi1.31 Mb.
#1391917
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   94
Dars metodi: Blits so‘rov, an’anaviy ma’ruza, suhbat, qisqa muddatli test.
Dars mazmuni:


Ijtimoiy siyosat va ijtimoiy ish.
Platon, Aristotel, Bekon, Gobbs, Makiavelli, XVIII asr fransuz materialistlari, Feyerbax, Kant, Gegel va boshqa falsafiy maktablarning ko‘plab vakillari asarlaridayoq siyosatga davlatni boshqarish san’ati, davlat ishlarini yuritish, davlatni mamlakat ichkarisida va tashqarisida taqdim qilish deb qaralgan edi.
Siyosat va siyosiy hayotga axloqiy me’yorlar, fan, din, madaniy va boshqa an’analar, urf-odatlar ta’sir o‘tkazadi. Siyosat – davlat hokimiyatini qo‘lga kiritish, saqlab qolish va undan foydalanish sohasidagi ijtimoiy munosabatlar bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyat sohasi.
Siyosatning markaziy subyekti davlatdir. Har qanday jamiyat umumiy funksiyalarga ehtiyoj sezadi, ularsiz yashay olmaydi. Odamlar shu maqsadda jamiyatning ichkarisida mehnat taqsimotining yangi sohasini, hokimiyat va boshqaruv organlarini tashkil qiladilar va ular o‘ziga xos manfaatlar orttirib o‘zlariga vakolat berganlarga nisbatan mustaqil bo‘lib oladilar. Davlat instituti shu yo‘l bilan paydo bo‘ladi. Davlatning uzviy atributi tashkiliy kuch bo‘lib, unga o‘zining irodasini ro‘yobga chiqarish, jamiyatda yashayotgan odamlarning xulq-atvoriga biror vosita: obro‘, huquq, zo‘ravonlik yordamida hal qiluvchi ta’sir o‘tkazish imkonini beradi.
Hokimiyat – kishilik jamiyatining zaruriy elementi bo‘lib, unga butunlik, boshqariluvchanlik, tashkiliylik va tartib baxsh etadi.
Siyosat o‘zining tuzilmasiga ko‘ra, ichki va tashqi siyosatga bo‘linadi. Davlat ichki siyosatining asosiy mazmunini mazkur jamiyatdagi ijtimoiy qatlam va guruhlarning mavjud davlat hokimiyatiga munosabati; jamiyatdagi ijtimoiy guruhlarning uzoq muddatli, barqaror manfaatlari, ularning o‘zaro munosabatlari va boshqalar tashkil etadi.
Davlatning tashqi siyosatiga nisbiy mustaqillik xos bo‘lib, u xalqaro maydonda ijtimoiy, milliy va davlat manfaatlarining namoyon bo‘lishidagi o‘ziga xoslik bilan bog‘liq. Tashqi siyosat muvaffaqiyatining zaruriy sharti davlatning xalqaro obro‘si, uning xalqaro hayotdagi yetakchi tamoyillar va jarayonlarga ta’sir o‘tkazish darajasi hisoblanadi. O‘z navbatida ichki siyosat sohasidagi muvaffaqiyatlar davlatning tashqi siyosatida ham o‘z ifodasini topadi. Uning xalqaro maydondagi kuchi, obro‘si va ommaviyligini o‘stiradi.
Ijtimoiy siyosat davlat ichki siyosatining tarkibiy qismi bo‘lib, uning ijtimoiy dasturlari va amaliyotida o‘z ifodasini topadi va jamiyatdagi munosabatlarni aholi asosiy ijtimoiy guruhlari manfaatlari yo‘lida va shu manfaatlar orqali tartibga soladi. Ijtimoiy siyosat kelib chiqishiga ko‘ra, barcha ijtimoiy vazifalarni hal qilishning belgilovchi moddiy asosi bo‘lgan va bo‘lib kelayotgan iqtisodiyotga nisbatan ikkilamchidir. Har qanday ijtimoiy dasturlar agar ular iqtisodiy jihatdan ta’minlangan bo‘lmasa, ular hech narsaga arzimaydi. Biroq, iqtisodiyot va siyosatning munosabatlarini davlatning iqtisodiy va ijtimoiy siyosati orasidagi munosabatlarga tenglashtirib bo‘lmaydi. Bu o‘rinda siyosatning har ikki turi o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir alohida ahamiyatga ega bo‘ladi. Unda goh biri, goh ikkinchisi yetakchilik qiladi.
Kishilarning ehtiyojlariga har qanday e’tiborsizlik, mehnat, maishiy turmush, hordiqning ijtimoiy jihatlariga e’tiborning pasayishi, odamlarning qonuniy manfaatlarini har qanday cheklashlar oxir-oqibat ijtimoiy adolat tamoyiliga zid bo‘lib, ishlab chiqarishning pasayishi va jamiyat yoki mintaqada ijtimoiy taranglikning keskinlashuviga olib keladi.
Hozirgi bosqichda ijtimoiy siyosatning bosh vazifalaridan biri – aholini iqtisodiyotdagi bozor munosabatlarining salbiy oqibatlari ta’siridan ijtimoiy himoyalash. Bu aholi pul daromadlari va tovar zahiralari o‘rtasidagi muvozanatni saqlab turishni; fuqarolarning yashash sharoitlarini yaxshilash uchun qulay imkoniyatlar yaratishni; aholi uchun xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, uning tovarlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatiga bo‘lgan talabini qondirishni; aholi salomatligini mustahkamlashning moddiy bazasini kengaytirish, uning ma’lumot va madaniy darajasi o‘sishini nazarda tutadi.
Davlat siyosatida jamiyatdagi iqtisodiy, siyosiy, huquqiy hodisa va faktlarning, shaxs va jamiyat o‘zaro munosabatlarining, shuningdek, shaxslararo munosabatlarning bahosi hisoblanadigan va shaxsning, guruhning jamiyatdagi roli va ijtimoiy mavqei orasidagi, faoliyat va uning mukofoti, mehnat va haq, jinoyat va jazo, odamlarning xizmati va ularning ijtimoiy e’tirof etilishi o‘rtasidagi mutanosiblikni ifodalaydigan ijtimoiy adolatni ta’minlash muhim o‘rin tutadi. Ular o‘rtasidagi har qanday nomutanosiblik adolatsizlik sifatida baholanadi.
Ijtimoiy adolat joylardagi ijtimoiy ish tizimi yordamida aniqlashtirilishi va to‘ldirilishi lozim. Shunday qilib, siyosat va ijtimoiy ish o‘zaro bog‘liqdir. Ijtimoiy ish ijtimoiy siyosatning namoyon bo‘lish usuli, shaklidir. Boshqa tomondan esa ijtimoiy siyosat ijtimoiy ishda ro‘yobga chiqadi. Biroq, ijtimoiy siyosat va ijtimoiy ishning birligi ularning aynanligini anglatmaydi. Ijtimoiy ish o‘z mazmuniga ko‘ra, ijtimoiy siyosatga nisbatan boyroq, tadrijiyroq, harakatchanroqdir, ayni paytda, ijtimoiy siyosat ijtimoiy ishga nisbatan hal qiluvchi asos bo‘lish bilan birga ko‘proq barqarorlikka ega.
Ijtimoiy siyosat – davlat, tijoriy tuzilmalar va nohukumat jamoat birlashmalarining aholi zaruriy ehtiyojlarini qondirish bo‘yicha amalga oshirayotgan tadbirlarining maqsadga yo‘naltirilgan tizimi.
Davlat sektori ijtimoiy siyosatining eng muhim vazifasi quyidagilar orqali ijtimoiy hayotdagi muvozanatning muayyan darajasiga erishadi: a) tabiiy ofatlar, ocharchilik, kasalliklar, global jarayonlarning maksimal salbiy oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha davlat kafolatlarini berish; b) moddiy boyliklarni qayta taqsimlash, mamlakatda erishilgan turmush darajasini soliqlar, homiylik ishlarini rivojlantirish, tadbirkorlikni repressiv vositalar bilan birgalikda qo‘shib ta’minlashga yo‘naltirilgan tashkiliy harakatlarni muvofiqlashtirish.
Ijtimoiy siyosat jamiyatning joriy va istiqboldagi manfaatlari, turli qatlamlar, ijtimoiy institutlar manfaatlari o‘rtasidagi ziddiyatlarni hal qilish, jamiyatning ijtimoiy taraqqiyot uchun zaruriy “to‘laydigan haqi”ni pasaytirish va korreksiya qilishga yo‘naltirilgan. Shu munosabat bilan ijtimoiy siyosat farovonlikni rivojlantirish, aholi turli qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash miqyoslaridagi ustuvorliklarni belgilashga bevosita aloqador.
Odatda, ijtimoiy siyosat ijtimoiy ishning turli shakllari, davlatning bir martalik yirik qarorlari va tadbirlari, shuningdek, ijtimoiy (maxsus va kompleks) dasturlari orqali amalga oshiriladi.
Oqilona ijtimoiy siyosat insonning, demokratik jamiyat fuqarosining erkin rivojlanishi va sha’niga mos turmush darajasini ta’minlaydigan sharoitlarni tug‘dirishga qaratilgan bo‘ladi. Inson, uning huquqlari va erkinliklari oliy qadriyat hisoblanadi. Inson va fuqaroning huquq va erkinliklarini saqlash, e’tirof etish va himoya qilish davlatning eng muhim majburiyati hisoblanadi.
Ijtimoiy siyosat amalga oshirilishida maxsus murvatlar mavjud bo‘lib, ular jumlasiga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, ijtimoiy xizmatlar, ijtimoiy reabilitatsiya, ijtimoiy muhofaza, ijtimoiy yordam va o‘ziga-o‘zi yordam ko‘rsatishlar kiradi.
Xalqning hayotini yaxshi qilish davlatga, uni siyosatiga bog‘liq. Har bir davlat umumiy yo‘nalishdagi siyosatidan tashqari alohida sohalar bo‘yicha konkret siyosat olib boradi. Masalan, ichki va tashqi siyosat, iqtisodiy, sotsial, madaniy, ekologik, mudofaa siyosati bundan tashqari yana agrar, texnika, demografiya, kadrlar va boshqa sohalar bo‘yicha siyosat olib boriladi. Ijtimoiy hayotni hamma sohalari bir-biri bilan bog‘liq bo‘lganligi uchun bu siyosiy yo‘nalishlar o‘zaro bir-biriga ta’sir qiladi. Shuning uchun bu siyosiy yo‘nalishlar o‘rtasidagi bo‘linish yoki farq shartli bo‘lib hisoblanadi. Ammo shu siyosiy yo‘nalishlar ichida inson hayotining tashvishlari, qiziqishlariga, uning ehtiyojlariga yaqin bo‘lgan siyosat bor, bu ijtimoiy siyosat bo‘lib hisoblanadi.
Ijtimoiy siyosat jamiyatda ma’lum bir vazifalarni bajaradi. Ijtimoiy siyosatning vazifasi milliy daromadning o‘sishidan foydalanib yirik ijtimoiy maqsadlarga erishishdan iborat. Ijtimoiy siyosat orqali xalq farovonligini ko‘tarish uchun amaliy ishlar qilinadi. Ijtimoiy siyosatning vazifalari doimo o‘zgarib kengayib boradi. Masalan, oziq-ovqat mahsulotlarining kaloriyasini ko‘tarishgina emas, balki oziq-ovqat strukturasini kengaytirish kerak bo‘ladi. Sanoat iste’mol mahsulotlarini faqat ko‘paytirish emas, balki uni sifatini va assortimentini ko‘patirish kerak. Ish haqini ko‘paytirish bilan cheklanmasdan mehnat sharoitini yaxshilash kerak. Bemorlarni faqat davolash bilan cheklanmasdan barcha aholini meditsina profilaktikasidan o‘tkazishni va boshqa vazifalarni hal qilish kerak. Aholini turmush ehtiyojlarini qondirish uchun sarf qilinadigan vaqtni qisqartirib oila bilan shug‘ullanishga, dam olishga, madaniy o‘sishga, sayr-tomosha qilishga vaqt yetkazib berish kerak. Bu esa, aholiga xizmat qilish sohasining vazifasini ko‘paytiradi, natijada odamlarning vaqti va energiyasi tejaladi.
Ijtimoiy siyosatning vazifasi bu bilan cheklanmaydi. Ijtimoiy siyosat jamiyatdagi ma’naviy sharoitga katta ta’sir ko‘rsatadi. Ma’naviy hayotda insonparvarlikni, o‘zaro tushunishni, o‘zaro hamkorlikni mustahkamlaydi. Umuman aytganda, ijtimoiy siyosatning vazifalari to‘la hal qilinishi mumkin emas, chunki ayni kundagi ijtimoiy-siyosat vazifalari hal qilingandan so‘ng yangi sotsial vazifalar, muammolar kelib chiqadi. Har bir davrni o‘ziga xos sotsial muammolari bo‘ladi va bu vazifalarni bajarish usullari ham takomillashib boradi. Ijtimoiy siyosatni samarali olib borish uchun uni ilmiy jihatdan asoslash kerak, ya’ni bu masalaga tarixiy nuqtai nazardan yondashish lozim. Sotsial muammolarni muvaffaqiyatli hal qilishda infrastrukturaning roli kattadir. Ya’ni sog‘liqni saqlash, maorif, madaniyat, dam olish, savdo, maishiy xizmat, suv va elektr energiya bilan ta’minlash tizimi ahamiyati benihoya kattadir. Bundan tashqari sotsial muammolarni hal qilinishi va kutilgan natijalarni berishi uchun resurslar bilan yetarli darajada ta’minlanishi kerak.
Ijtimoiy siyosatni, qolaversa, umuman davlat siyosatini barcha sohalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish kadrlar bilan ta’minlanishi va umuman fuqarolarni siyosiy yetukligi bilan bog‘liqdir.
Sotsial sohani o‘sish darajasi ishlab chiqarishni o‘sish darajasiga mos kelishi kerak. Aks holda faqat sotsial effekt olishga qaratilgan yondashuv qator yangi sotsial muammolarni keltirib chiqaradi. Shuning uchun ham u yoki bu davlatni rivojlanish darajasiga baho uning sotsial sohasini rivojlanish darajasiga qarab beriladi.
Iqtisodiy masalalarni hal qilishda sotsial metodlardan oqilona foydalanish kerak. Yaqin o‘tmishimizda ijtimoiy muammolarni hal qilishda sotsial usullardan foydalanishda jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yilgan. Masalan, XX asrning 70-yillarida markazlashgan qarorlar asosida moddiy ishlab chiqarishdagi ishchilarning ish haqini ommaviy ravishda ko‘tarish amalga oshirildi. Bu ish haqini amalga oshirishda ishlab chiqarish dinamikasi hisobga olinmadi. Ish haqini ko‘tarishni bu metodi ishchilarning yuqori unumdorli mehnatga rag‘batlantirishdan ajralgan edi. Bu metodga qarshi o‘laroq ish haqining ishlab chiqarishni o‘sishi asosida va mahsulotni kam ishchilar soni bilan o‘sishi asosida amalga oshirish metodi uzoq vaqt davomida hayotga joriy qilinmay qoldi.
Mehnat unumdorligiga bog‘liq bo‘lmagan holda ish haqini ko‘tarish usuli oxir-oqibatda qator negativ omillarni keltirib chiqardi. Chunki daromadni o‘sib borishi xalq iste’mol tovarlarini ishlab chiqarishdan ancha o‘sib ketdi. Faqat sotsial samara olishga qaratilgan bunday metod og‘ir oqibatlarga olib keldi. Xalq iste’mol mollarini difisitligi mehnatkashlarni rag‘batlantirish imkoniyatini qisqartiradi. Mehnatkashlarni ish haqini oshirishga bo‘lgan qiziqishi kamayib boradi. Natijada yangi negativ ijtimoiy muammolar paydo bo‘la boshlaydi. Bu muammolarga e’tibor qilinmay yaxshi kurash olib borilmadi. Oqibatda turg‘unlik kelib chiqdi. Keskin qarama-qarshiliklar yetishib chiqdi. Bu esa har qanday jamiyat uchun halokatlidir.
Bunday xatolarga olib keluvchi metodlardan foydalanmaslik uchun ijtimoiy siyosat ma’lum bir tamoyillarga asoslanishi kerak. Xalq manfaatini o‘ylaydigan demokratik, huquqiy davlat ijtimoiy adolat, tenglik, kafolat, insonparvarlik, faollik, jipslik, kabi tamoyillarga asoslanadi.
Ushbu tamoyillarning ba’zilari xususida to‘xtalsak. Insonparvarlik tamoyili odamlarni va ijtimoiy guruhlarning ehtiyojlarini qondirish yo‘li bilan butun jamiyat ehtiyojini qondirishini anglatadi. Boshqacha qilib aytganda jamiyat ehtiyojlarini qondirilishi shaxslarni, kollektivlarni manfaatiga zid kelmasligi kerak.
Ijtimoiy kafolat tamoyili odamlarni moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirishda davlat tomonidan beriladigan kafolatni anglatadi. Boshqacha qilib aytganda, odamlarni u yoki bu sotsial muammolari qondirilmay, hal bo‘lmay qolganda buning uchun javobgarlikni, mas’uliyatni davlat o‘z zimmasiga olishni tushunish lozim.
Ijtimoiy siyosatdagi yana bir muhim tamoyillardan biri bu jamiyatning hamma a’zolarini moddiy va ma’naviy darajasini ko‘tarish, mehnat va turmush, atrof-muhitni himoya qilish sharoitini yaxshilash tamoyilidir. Ya’ni jamiyatning barcha a’zolarini hayot sharoitlarini takomillashtirishga, yaxshilashga alohida e’tibor qilishdan iborat.
Jamiyatning barcha a’zolarini ijtimoiy faolligini oshirish tamoyili ham muhim ahamiyatga ega. Bu tamoyil jamiyatga xizmat qilish yo‘lida kishilarni hamma qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish va undan foydalanishni anglatadi. Odamlarni moddiy va ma’naviy boyliklardan bir xil bahramand bo‘lishini va bu jihatlardan bir xil boyib borishini ta’minlashga qaratilgan.
Aholining spetsifikasini hisobga olish, ya’ni aholining har bir guruhini o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olish tamoyili ham o‘zining muhim o‘rniga ega. Bu tamoyil yoshlarni, ayollarni, keksa kishilarni muhtojligini va ehtiyojlarini imkoni qadar to‘la qondirishga yo‘naltirilgan. Bundan tashqari ularni ijtimoiy hayotga jalb qilishni kuchaytirishga qaratilgan. Aholining bu kategoriyasi yordamga muhtoj kategoriya ekanligini hisobga olsak, ushbu tamoyilni ijtimoiy siyosat mohiyatini namoyon bo‘lishi deb hisoblash mumkin.
Jamiyatda hamma sinf va guruhlarni jipsligini ta’minlashga qaratilgan tamoyil ham ijtimoiy siyosatning asosiy tamoyillaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Aholining jipsligi tamoyili odamlarni har tomonlama yaqinlashuvi, milliy munosabatlarni takomillashuvi va millatlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Ushbu tamoyil aholini millatidan, irqidan, dinidan qat’iy nazar barcha odamlarning jipsligini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, u odamlarni farq-lariga emas, balki ularning o‘xshashliklariga umumiy tomonlariga asoslanadi. Hozirgi kunda bu muammo nafaqat bir mamlakat doirasida, balki dunyo miqyosidagi global muammoga aylangan.



Download 1.31 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   94




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling