Tadqiqotning dissertatsiya bajarilgan oliy ta’lim muassasasi ilmiy-tadqiqot ishlari bilan bog‘liqligi. Dissertatsiya Nukus davlat pedagogika instituti ilmiy-tadqiqotlar rejasining “Mustaqillik davri o‘zbek adabiyotini o‘rganish va adabiyotshunoslikning dolzarb masalalari”, “Qoraqalpoq mumtoz va zamonaviy adabiyoti va mustaqillik mafkurasi”, “Hozirgi filologiya fanining muhim masalalari” mavzusidagi ilmiy dasturlari, shuningdek, O‘zR FA QQB Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining FA-F-1-005 “Qoraqalpoq folklorshunosligi va adabiyotshunosligi tarixini tadqiq etish” (2017-2020) mavzusidagi fundamental tadqiqotlari doirasida bajarildi.
Tadqiqotning maqsadi. Adabiy aloqa, o‘zaro ta’sir, qardoshlik mavzusida badiiy asar yaratish an’anasi, ikki tilda ijod qilish tajribasi, badiiy tarjima kabi adabiy aloqa shakllari tadqiqi asosida o‘zbek va qoraqalpoq adabiy aloqalarining ikki adabiyot rivojidagi o‘rni va ahamiyatini asoslab berishdan iborat.
Tadqiqotning vazifalari:
adabiy aloqalarning milliy adabiyotlar, xususan, qardosh xalqlar adabiyotlari taraqqiyotidagi o‘rnini ilmiy asoslash;
adabiy aloqalarda alohida ijodkorlarning vositachilik rolini ko‘rsatish;
qardosh xalqlar hayoti to‘g‘risida badiiy asar yaratishning adabiy aloqalardagi ahamiyatini dalillash;
o‘zbek va qoraqalpoq tillarida ijod qilish – ikki xalq o‘rtasidagi adabiy aloqalarni rivojlantirishning omillaridan biri ekanligiga e’tibor qaratish;
adabiy aloqalarda ikki tomonlama badiiy tarjimalarning muhim o‘rin tutishini isbotlash.
Tadqiqot ob’ekti sifatida o‘zbek va qoraqalpoq adabiyotida turli yillarda yozilgan nasriy va nazmiy asarlar tanlandi. Mirtemirning “Qoraqalpoq daftari”, A.Muxtorning “Qoraqalpoq qissasi”, G‘.G‘ulom, J.Aymurzayev, I.Yusupovlarning mavzuga oid she’rlari, S.Akbariyning “Suluv suluv emas, suygan suluv” she’riy turkumi, G.Matyoqubova, N.Matyoqubova, Ya.Qo‘chqorov, M.Qurbonboyevalarning ijod namunalari, o‘zbek adabiyotshunoslarining Berdaq va T.Qaypbergenovlar ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan tadqiqotlari, ikki xalq adabiyotidan amalga oshirilgan tarjimalar (Ajiniyoz, Berdaq, K.Karimov, R.Musurmon, B.Genjemuratov, Sh.Ayapov va h.k.) tadqiqot ob’ekti vazifasini o‘tadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |