Нуриддинова М. И. Табиатшуносликни ўқитиш методикаси ЎҚув қЎлланма kirish


Download 0.89 Mb.
bet88/107
Sana14.10.2023
Hajmi0.89 Mb.
#1701630
1   ...   84   85   86   87   88   89   90   91   ...   107
Tayanch iboralar: tabiatshunoslik, uslubiy, kuzatuvchanlik, ekskursiya, kuzatish metodi, og’zaki metodlar, estetik tarbiya, ekologik tarbiya, darslik, matnlar, dasturlar, savol va topshiriqlar, tushunchalar


1-sinfda tabiatshunoslik materialini o’rganish metodikasi. Birinchi sinf o’quvchilari tabiatshunoslikni alohida predmet sifatida o’rganmasdilar, balki kuzatish va ekskursiyalar vaqtida, shuningdek o’qish kitobi bo’yicha tabiatshunoslik materiali bilan tanish edilar. 1986 yildan boshlab, birinchi sinf o’quvchilari yangi o’quv predmeti «Atrofimizdagi olam» predmetini o’rganadilar. Birinchi sinf o’quvchilari bilan birinchi mashg’ulotdan boshlab, savodga o’rgatishning alifbe davridayoq o’qituvchi asosiy e’tiborni o’z joyidagi tabiat obyektlarini o’lkashunoslik yo’nalishida kuzatishlariga qaratadi. Ikkinchi yarim yilda o’qish va nutqni rivojlantirish bilan parallel holda olib boriladi. To’g’ri tashkil qilingan kuzatishlar birinchi sinf o’quvchilarida tabiat to’g’risida tasavvurlar shakllantirishga, unga muhabbatni va ehtiyotlik bilan munosabatda bo’lishni tarbiyalashga yordam beradi. Yana shu holatni hisobga olish kerakki, birinchi sinfga kelgan bolalar muayyan ko’nikmalarga ega bo’ladilar, kuzatishlar jarayonida ularni rivojlantirish zarur.
Bolalarning individual kuzatishlar va shuningdek ekskursiya, predmetli darslar davomida olgan atrof tabiat jismlar va hodisalari to’g’risidagi tasavvurlarini o’qish va nutqni rivojlantirish darslarida umumlashtirish va rivojlantirish kerak, bu tabiatshunoslik bilimlarini kengaytirishga va ilmiy dunyoqarashni shakllantirishga yordam beradi. O’qish uchun berilgan matndan foydalanib, tabiatshunoslik bilimlarini to’plash maqsadida o’qituvchi bolalarning kuzatishlarini izohli o’qish bilan almashtirmasligi kerak. Faqat kuzatishlar vaqtida olingan tasavvurlarni umumlashtirishda ularga ko’maklashish, ular e’tiborini kuzatishlar jarayonida payqamagan hodisalarga qaratmoq lozim.
Birinchi sinfda shakllantirilishi kerak bo’lgan asosiy tushunchalar – «tabiat», «jonli va jonsiz tabiat», «erta gullaydigan o’simliklar», «darrandalar», «qushlar», «baliqlar», «hasharotlar» tushunchalaridir. Bu tushunchalar mazmun jihatidan murakkabdir, shunga ko’ra birinchi sinf o’quvchisida tabiatdagi kuzatishlar asosida ular to’g’risida faqat oddiy tasavvurlarni shakllantirish kifoyadir. Masalan, hasharotlar to’g’risida bolalar tanasi, bosh, ko’krak va qorin qismlariga bo’lingan hayvonlar guruhi to’g’risida, ularning uch juftdan oyoqlari borligi to’g’risida tasavvurlar olishlari kerak. Materialni oson o’zlashtirib olishlari uchun o’quvchilarni uncha katta bo’lmagan guruhlarga bo’lib, ular bilan dastur bo’yicha muntazam kuzatishlar o’tkazilishi zarur.
Kuzatishlar bilan bog’liq bo’lgan birinchi mashg’ulotni maktab o’quv-tajriba uchastkasida o’tkazish mumkin. Mashg’ulot maqsadi – tabiat ustidan tashkiliy kuzatishlarni boshlash, atrof tabiat obyektlari to’g’risida oddiy tushunchalar berishdir. Birinchi mashg’ulotni qiziqarli hikoya bilan boshlash lozim, undan bolalar tabiat nima ekanligi to’g’risida dastlabki tasavvur olishlari, odamning tabiatda yashashligi, undan hayot uchun zarur bo’lgan barcha sharoitlar olishi, ko’p ming yillar davomida odam tabiat hisobiga yashab qolganligi va faqat yaqindagina tabiatda bo’lmagan narsalarni (paravoz, paraxod, kosmik yo’ldosh, raketa va h.k.) ishlab chiqara boshlaganliklarini bilib oladilar.
Inson tabiatni qanday o’rgangan? Safarlar vaqtida hamda kundalik hayotda ko’p kuzatgan, o’ziga kerakli narsani yasashga, foydali o’simlikni o’stirishga uringan, tajribalar qilgan. O’qituvchi o’quvchilarga odam tabiatni qanday o’rganganligi, uning to’g’risidagi bilimlardan o’z foydasi uchun qanday foydalanganligiga misollar keltirishni taklif qiladi. Keyin o’qituvchi bolalarga tabiatda boradigan o’zgarishlar, xususan ob-havoning o’zgarishi to’g’risida hikoya qilishi, ular e’tiborini osmonning holatiga, quyoshning qanday yoritishiga, bulutlarning bor-yo’qligiga, shamol esishiga qaratmog’i, shundan keyin ob-havo holatini umumlashtirmog’i lozim. So’ngra hayvonot dunyosiga o’tish kerak. Bolalarni chumoli iniga olib kelib qanaqa jonivorlarni ular ko’rayotganliklarini, ular nima bilan oziqlanishlarini, foydali ekanliklarini aytib berishni taklif qilish mumkin.
Shu mashg’ulotda bolalarga ularning sinfi uchun ajratilgan paykalni ko’rsatish, unda bolalar qanday mehnat qilishlarini: o’simlik qoldiqlarini, to’kilgan barg va shoxchalarni chiqarib tashlash, erta bahorda xushbo’y no’xat, tirnoqgul, nastrusiya urug’larini ekish va urug’dan yangi o’simliklarni o’sishini kuzatish kabi ishlarni bajarishlarini tushuntirish kerak.
O’qituvchi bolalarga maktab oldida o’sayotgan ko’katlarni qarab chiqish va ular bahorda qanday bo’lganliklarini eslashni taklif qiladi. Ko’katlar nima uchun sarg’ayganligini, qishda ular bilan nima bo’lishini so’raydi. O’qituvchi O’zbekistonda yong’in kamligini, butun yoz bo’yi yomg’ir bo’lmasligini, ko’katning yashil bo’lishi uchun suv kerakligini aytadi.
Maktab oldi maydonchasi bo’ylab sayrni davom ettirib, o’qituvchi birinchi sinf o’quvchilari e’tiborini chinorga qaratadi. Daraxtning shoxlari, barglari va boshqa qismlarini qarab chiqishni taklif qiladi va barglarning tomirlanishiga alohida e’tibor qaratadi. Keyin bolalar tut, tol, terak daraxtlarini ko’rib chiqadilar, bu daraxtlarning shox va barglari nima bilan farqlanishini aniqlaydilar. Shu mashg’ulotning o’zida bolalar butalar (na’matak, ligustrum) va o’t (ariq bo’yida o’sadigan yalpiz, pechak, shuvoq) o’simliklari bilan tanishadilar.
Bu mashg’ulot o’qitishning birinchi haftasida o’tkazilayotganligini hisobga olinganda, u qisqa bo’lishi kerak. Uning vazifasi tabiat alifbosini o’rgana boshlash, bolalarni qiziqtirish, tabiat to’g’risida dastlabki tushunchani shakllantirishdir.
Bola narsa va hodisalarni qabul qilish orqali bilim doirasini kengaytiradi. Qabul qilish jarayonini tashkil qilishga qanchalik ko’proq urinish bo’lsa, atrof olamni idrok qilish jarayoni shunchalik muvaffaqiyatliroq boradi. Shunga ko’ra o’qituvchining asosiy vazifasi – bolalarning tabiatga qiziqishini pedagogik oqimga yo’naltirish, u yoki bu kuzatishlarning baholi-qudratligi hamda zararliginit aniqlash, ularni tabiatshunoslik tasavvuri va tushunchalariga aylantirish omillariga aylantirishdir. Bu vazifani o’qituvchi o’qitish jarayonining tarkibiy qismi bo’lgan kuzatishlarsiz bajara olmaydi.
Birinchi sinf o’quvchilari maktabga kelgan paytlarida, odatda terak, chinor, tol, shumtol, tut kabi daraxtlarning nomlari bilan tanish bo’ladilar, lekin daraxtlar to’g’risida ko’pincha tasavvurga ega bo’lmaydilar, ular daraxtlarning bir navini boshqasidan farqlay olmaydilar. Bu bolalarning daraxtlarni taqqoslamaganliklari, har bir daraxtning tanish shoxlari, po’stloq rangi, barglarining shakli va katta-kichikligini qarab chiqmaganliklari, ya’ni ularda kuzatuvchanlik rivojlanmaganligi bilan tushuntiriladi.
Kuzatuvchanlikni rivojlantirishda ekskursiyalar katta ahamiyatga egadir.
Bahor vaqtlarida o’quvchilar chinor, siren, shumtol, qayrag’och, tut, terak shoxlarida kurtaklarning yozilishini kuzatadilar. O’quvchilarning kuzatishlariga rahbarlik qilib, o’qituvchi ularni barcha daraxtlarda kurtaklar katta-kichikligi (siren, terak va chinorda kurtaklar yirik, qayrag’ochda – ancha mayda, akasiyada – po’stloqdan zo’rg’a ko’rinib turadi) va shakli jihatidan (terakda ular cho’ziq, qayrag’ochda sharsimon, sirenda tuxumsimon) farq qiladilar. Kuzatishlar natijasida o’quvchilar daraxtlarning barglari bo’lmasa ham kurtaklari bo’yicha farq qilish mumkinligiga ishonch hosil qiladilar.
Kurtaklarning rivojlanishi, ularda barglarning paydo bo’lishini kuzatish uchun fevral oxirlarida novdalar kesib olinadi va ularning bir qismini iliq suvli idishga, bir qismini – sovuq suvli idishga joylashtiriladi. 1-2 hafta davomida o’quvchilar qaysi idishdagi novdalarda ertaroq barglar chiqishini kuzatadilar. Sinf kalendariga novdalar sovuq va iliq suvga solingan vaqti yoziladi va har ikkala novdaning rasmi chiziladi. Barglarning paydo bo’lishidan kuzatishlar jarayonida o’qituvchi o’quvchilarni kurtaklar iliq suvli idishda tez yozilganligi, chunki barglarning rivojlanishi uchun issiqlik kerakligi to’g’risidagi xulosaga olib keladi. Ikki haftadan keyin yangi novdalar rasmi chiziladi. Bunda rasmlarda kuzatishlarning boshlanishi va oxirida novdalar o’rtasida farqlar ko’rinib turishi kerak.
Yilning ikkinchi yarmida o’quvchilar bilan gulidovid, no’xatgul, tirnoqgullarni o’stirish bo’yicha ishlar olib boriladi, bu o’simliklar xona sharoitida yaxshi o’sadilar va rivojlanadilar, ikki oydan keyin gullaydilar va meva beradilar. Birinchi sinf o’quvchilari o’qituvchi bilan birgalikda urug’lar sepadilar va maysaning paydo bo’lishini va o’sishini kuzatadilar, kuzatishlarini gerbariy tarzida qayd qilib boradilar.
Gerbariy quyidagi tarzda tayyorlanadi: muqovada kuzatilayotgan o’simlikning nomi yozilib, rasmi chiziladi, birinchi varag’iga uning urug’lari yopishtiriladi, ikkinchisiga maysalar, qolganlariga izchillik bilan dastlabki ikki bargli, ildizli o’simlik bilan, to’rt bargli kichkina g’unchali o’simlik, g’unchasi ochilayotgan o’simlik, gullari va boshqa organlari hamda yetilgan mevalari bo’lgan o’simliklar berkitiladi. Har bir varaq ostida o’simlikning rivojlanish davri, kuni ko’rsatiladi.
Birinchi sinf o’quvchilarini birinchi darsdan boshlab, hayvonot dunyosi bilan ham tanishtirib boriladi. Kuzda hasharotlar, masalan, kapalaklar (qahrabo kapalagi, karam kapalagi, qichitqi o’t kapalagi) kuzatiladi. Bolalar e’tibori kapalaklarning tashqi ko’rinishiga, qaysi o’simliklar ustida uchib yurishiga qaratiladi. Kuzatishlar quyidagi topshiriqlar bo’yicha oilb boriladi:

  1. Sachoq bilan kapalak tuting.

  2. Uning ta’na a’zolari: bosh, ko’krak, qorin qismlarini ko’ring.

  3. Qanotlar sonini sanang. Ular tananing qaysi qismiga birikkanligini aniqlang.

  4. Kapalakning oyoqlarini ko’rib chiqing. Ular qanday joylashganligiga e’tibor bering va sanang, oyoqlari necha juft?

Kech kuzda hasharotlar yo’qoladi, bu paytda o’qituvchi bolalarga ularni devorlarning oraliqlaridan, to’kilgan barglar uyumidan yoki daraxt po’stloqlari ostidan izlashni taklif qiladi, keyin esa ko’p hasharotlar o’lmaydi, qishga tayyorlanib yashirinadi, degan xulosaga olib keladi. U po’stloqlar ostida vaqtincha qotib qoluvchi katta yoshli hasharotlar yashirinishini tushuntiradi. Ularda qon sovuydi, nafas olish to’xtaydi, lekin bu o’lim emas, balki qishning og’ir sharoitlariga moslanishdir.
Ochiq sentyabr kunlarida o’qituvchi bolalar e’tiborini o’rgimchak uyasining iplariga qaratadi, o’rgimchak uya iplarini ushlab olishni (u oson ushlanadi va o’zi kiyimlarga yopishadi) va kichkina o’rgimchakning qanday harakatlanayotganini kuzatishni taklif qiladi: uni qo’lda tez yurib ketayotganini va ipida osilib qolishini payqash mumkin.
Kuz davrida o’quvchilar e’tiborini qushlar ham tortadi. O’qituvchi maktab oldi uchastkasida va yaqindagi tabiatda qushlarni kuzatish, ularning nomlarini aniqlashga urinish, qushlarning uchishlarini aytib berish, qushlar uchun nima – sovuqmi yoki ochlikmi qo’rqinchli ekanligini tushuntirish to’g’risida topshiriq beradi. O’qituvchi bolalarga qushlar uchib ketishiga tayyorlanib, g’allaga to’planishini ko’rsatadi, nima uchun ko’pincha O’zbekistonda pushti rangli maynalarning katta galalari va uchib ketayotgan turnalarni ko’rish mumkinligini tushuntiradi. Kuzatishlarda e’tiborni chittakni topishga, uning tez harakatiga qaratishni taklif qiladi. Kuzatishlar o’tkazish uchun qushlarni tanlashda o’qituvchi bu kuzatishlarning oson-qiyinligini esda tutishi lozim, ya’ni kuzatiladigan qushlar odamlarning turar joylari atrofida yashashlari kerak.
Oktyabrgacha kuzatishlar jarayonida o’quvchilar qushlarning qayerlarga uya qurishi va nimalar bilan oziqlanishini aniqlashlari kerak. Keyin konkret kuzatishlar o’tkaziladi.
Kuzgi-qishki davrda chumchuqlarni kuzatish:
1. Chumchuqlar qaysi qushlardan qo’rqadilar? Qaysi qushlar bilan galada oziqlanadilar?
2. Chumchuqlarning yomg’irdan ko’lmak suvlarda cho’milishi.
3. Chumchuqlar yilning qaysi vaqtida baland ovoz bilan tolmasdan chiriqlaydilar va qachon tinch qoladilar?
4. Chumchuqlar qayerlarda yashaydilar?
5. Chumchuqlarning har kuni muayyan soatda va muayyan joyda boqing. Ular shu vaqtda ovqatlangani keladilarmi? Kuzating.
Kuzgi-qishki davrda zag’chalarni kuzatish:

  1. Bizning joylarda zag’chalar qachon paydo bo’ladilar?

  2. Zag’chalar qayerlarga va qanaqa materiallardan uya quradilar? Uya qurish uchun materiallarni qayerlardan oladilar?

  3. Bir daraxtning o’zida nechta zag’cha uyasi borligini sanab chiqing.

  4. Yosh zag’chani qarisidan farq qilishi mumkinmi?

Mustaqil kuzatishlar o’tkazish oldidan o’quvchilarni maqsadga yo’nalgan kuzatish va taqqoslash yo’li bilan qushlarni bir-biridan farq qilishga o’rgatish kerak. Keyin predmetli dars o’tish, unga «O’lkamiz qushlari» tablisalarini, shuningdek zag’cha va chumchuq tulumini tayyorlash kerak. O’qituvchi qushlarni diqqat bilan qarab chiqishni, ularning katta-kichikligiga e’tibor berishni, tumshuqlari, patlari, oyoqlarini taqqoslashni taklif qiladi. Shundan keyin o’qituvchi har xil tipdagi qush uyalarini (so’pito’rg’ay, zag’cha, hakka, qaldirg’och, chittak) ko’rsatadi, darsda o’rganilayotgan qushlar uyasini alohida namoyish qiladi va bu uyalarning boshqa qushlar uyalariga o’xshashligi va farqlarini ta’kidlaydi.
Chumchuq va zag’chani diqqat bilan qarab chiqish va ularning tashqi ko’rinishlarini taqqoslashdan keyin o’quvchilarga quyidagi savollarga javob berish taklif qilinadi.
1. Zag’chani chumchuqdan qanday ajratish mumkin?
2. Zag’chaning tumshug’i qanaqa? Chumchuqniki-chi?
3. Zag’cha patlarining rangi qanaqa? Chumchuqniki-chi?
4. Zag’cha va chumchuqlarning tana o’lchami (katta-kichikligi) qanaqa? Ular nima bilan farqlanadilar?
Dastlabki puxta tayyorgarlikdan keyin o’qituvchi qushlar ustida kuzatish o’tkazish metodlarini tushuntiradi va o’quvchilarning oldindan tuzilgan rejaga muvofiq kuzatishlar olib borayotganliklarini har kuni nazorat qilib boradi.
Kuzatishlar jarayonida o’quvchilar to’plangan bilimlar atrof-olam bilan tanishish, nutqni rivojlantirish bo’yicha darslarda va maqolalar o’qishda foydalaniladi. Darsda o’qituvchi mavjud bilimlarni kengaytiradi va rivojlantiradi. U O’zbekistonga zag’chalarning kuzda uchib kelishlarini, ularni ko’pincha maktab oldi uchastkasida ko’rish mumkinligini, bu yerda ular hasharot va ularning lichinkalari bilan oziqlanishlarini, har xil ko’kat urug’larini to’plashlarini belgilaydi. Jumhuriyatimizda zag’chalar qishlaydilar. Yozda bizga jiblajibonlar uchib keladilar. Ularni suv havzalari, ariq va soylar (daryochalar) yaqinida ko’rish mumkin.
O’quvchilar o’zlarining zag’cha va chumchuqlar ustida olib borgan kuzatishlari (ular qanaqa uyalarni ko’rganliklari, ular nimadan qurilganligi, qayerda joylashganligi, qushlarning qanday oziqlanishlari, qish vaqtlarida qayerda yashashlari) to’g’risida hikoya qiladilar.
Bahorda birinchi sinf o’quvchilari tabiat va jonli tabiat burchagida qush va hasharotlarni kuzatishni davom ettiradilar. Kunning ilishi, yosh barg va g’unchalarning paydo bo’lishi bilan bolalar qishlagan g’umbakdan chiqqan hasharotlarning uchishlarini kuzata boshlaydilar. O’qituvchi bir xil hasharotning o’simliklarga zarar, boshqalarining foyda keltirishlarini tushuntiradi, zararli qo’ng’izlar hamda g’umbaklarni yo’qotishda qushlarning rolini ta’kidlaydi. O’quvchilar g’umbak va qo’ng’izlar o’simliklarga qanday zarar keltirishini kuzatish, tasdiq uchun hasharotlar kemirgan o’simliklar bargi va o’simliklarini yig’ish topshirig’ini oladilar.
Bu davrda bolalarning kelib-ketuvchi qushlar to’g’risidagi tasavvurlari kengayadi va aniqlashadi: bahorda issiq mamlakatlardan pushti maynalar, uzunqanotlar, jiblajibonlar uchib keladilar. O’quvchilar o’qituvchi rahbarligida janubdan uchib keladigan turna, g’oz, o’rdaklarni kuzatadilar. Tashqi ko’rinishi va xulq-atvoriga qarab kelib-ketadigan qushlarning farqiga borishga, qushlar shovqini orasida pushti mayna, chumchuq, musicha va boshqa qushlarning ovozlarini tanib olishga o’rganadilar.
O’simlik va hayvonlar ustida kuzatishlarni sistematik ravishda tabiatshunoslik mazmunidagi maqolalar o’qish bilan mustahkamlab borish lozim. O’quv yili oxirida birinchi sinfda «Men daraxt rivojlanishini qanday kuzatdim» mavzusi bo’yicha umumlashtiruvchi ish o’tkazish zarur. Bunda butun yil davomida to’plangan materialdan foydalanish kerak.
Bilimlarni baholashda o’quvchilarga ilgarigi kuzatishlardan tanish bo’lgan ma’lumotlarni hisobga olish zarur. Gerbariylarni baholashda materialni o’simlikning rivojolanish davrlari bo’yicha joylanishining izchilligi hisobga olinadi. Masalan, daraxt gerbariysining birinchi varag’ida bo’rtgan kurtaklari bo’lgan shoxcha, ikkinchisida – mayda barglari bo’lgan shoxcha, qolganlarida – izchillik bilan yirik bargli, gulli, mevali, iloji bo’lsa, sarg’aygan bargli shoxlar bo’ladi.
Agar o’quvchilar o’simlikda avval gul, keyin barg rivojlanganligini kuzatgan bo’lsalar, gerbariyda materialni shu o’simlik rivojlanishining izchilligi tartibida joylashtirish kerak. Ish baholanganidan keyin to’plangan materiallardan jonli tabiat burchagida foydalaniladi. Bunday ish bolalarni oddiy umumlashtirishga olib keladi, kuzatiladigan tabiat obyekti to’g’risida elementar tushunchalarni shakllantiradi.

Download 0.89 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   84   85   86   87   88   89   90   91   ...   107




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling