Nurul-yaqin
Download 5.09 Kb. Pdf ko'rish
|
- Bu sahifa navigatsiya:
- O’LJALARNING TAQSIMLANISHI
- HOVOZIN QABILASINING ELCHILARI
QO’SHIN YUBORISH Payg‘ambar alayhis-salom Avtosga qochganlarning orqasidan Abu Omir Ash’oriy boshchiligida qo‘shin yubordilar. Musulmonlar dushmanni butunlay tor-mor etib juda ko‘p g‘animatlar olib qaytishdi. Bu g‘azotda sarkarda Abu Omir shahid bo‘lib, qo‘shinga uning qarindoshi Abu Muso qo‘mondonlik qildi. TOIF G’AZOTI Saqif va Hovozin qabilalaridan qochganlar Toif shahriga borib olishgan edi. Payg‘ambar alayhis-salom ularga qarshi otlangan qo‘shinga Xolid ibn Validni sarkarda etib tayinladilar-da, o‘zlari ham sahobalar bilan birga yo‘lga chiqdilar. Yo‘lda keta turib Avf ibn Molik Nasriyning qal’asidan o‘tayotganlarida sahobalarga uni buzib tashlashni buyurdilar. Saqiflik bir kishining bog‘i yonidan o‘tishayotganda bog‘bon musulmonlarga itoat etishdan bosh tortib yashirinib oldi. Rasululloh unga odam yuborib, agar yaxshilikcha chiqmasa bog’iga o‘t qo‘yib yuborilishini ayttirdi. Bog‘ egasi bosh tortgach, boqqa o‘t qo‘yib yuborildi. Nurul yaqin. Muhammad Xuzariy www.ziyouz.com kutubxonasi 126 Musulmonlar ko‘zlangan manzilga yetib kelgach, g‘animlarning bir yilga yetadigan oziq-ovqatni g‘amlab shahar qo‘rg‘oniga yashirinib olishganini bilishdi. Musulmonlar o‘zlari; uchun qulay joyni topib qo‘r tashlashdi, lekin hali nafas rostlab ulgurishmay shahar devoriga chiqib olgan g‘animlar qattiq o‘qqa tutishdi. Musulmonlardan juda ko‘p odam yaralandi. Abdulloh ibn Abu Bakrning jarohati og‘ir bo‘lib eng omilkor tabiblarning muolijalari ham naf bermadi, oxiri otasi xalifalik taxtiga o‘tirganda shu jarohat azobidan vafot etdi. Abu Sufyon ibn Harbning bir ko‘zi oqib tushdi, ikki kishi shahid bo‘ldi. Payg‘ambar alayhis-salom dushman yomg‘irdek o‘q yog‘dirayotganini, ajal xavfi kamayish o‘rniga battar zo‘rayotganini ko‘rgach, Toifdagi hozirgi masjid o‘rniga rafiqalari Ummu Salama bilan Zaynab uchun ikkita chodir tiktirdilar. Muhosara o‘n sakkiz kun davom etdi. Xolid ibn Valid dushmanni muborazaga (yakkama-yakka olishishga) chaqirdi. Lekin uning taklifiga hech kim javob bermadi, aksincha o‘q yomg‘iri battar kuchaydi. Saqif qabilasining oqsoqoli Abduyolil esa sarkardani mazax qilib: "Ey Xolid, xomtama bo‘lmay qo‘ya qol, sening oldingga hech kim chiqmaydi, biz qal’ada tinchgina o‘tiraveramiz. Bir necha yilga yetadigan oziq-ovqatimizni g‘amlab olganmiz. To yeguligimiz tugaguncha muhosara qilsang ixtiyoring. Hech vaqomiz qolmagandan keyin chiqib so‘nggi nafasimizgacha olishib o‘lamiz", dedi. Muhosara cho‘zilib ketgach, payg‘ambar alayhis-salom manjaniqni ishga solishni buyurdilar: istehkomni portlatish uchun bir nechta sahoba dabbobalar ichiga kirdi, lekin dushman musulmonlarning urinishini chippakka chiqardi: tepadan qizdirilgan temirlarni tashlab, hujum qilayotganlarni orqaga chekintirdi. Payg‘ambar alayhis-salom dushmanning tok va xurmo daraxtlarini kesib tashlashni buyurdilar. Musulmonlar shu zahoti ishga tushib ketishdi. Qal’adagilar rasulullohga murojaat etib: "Ollohning va qarindosh-urug‘chilikning haqqi-hurmati dov-daraxtlarni kestirma", deya yolborishdi. Payg‘ambar alayhis-salom: "Mayli, Olloh bilan qarindosh-urug‘chilikning haqqi-hurmati daraxtlarni kestirmayman", dedilar va kim qal’adan chiqsa omonlik berilishini, uning joniga ham, mol-mulkiga ham dahl qilinmasligini aytdilar. Qo‘rg‘on devoridan o‘ntacha odam osilib tushdi. Yaxshi qurollangan dushmanning qattiq qarshilik ko‘rsatishi sababli muhosara uzoqqa cho‘zilib ketishi mumkinligidan tashvishlangan payg'amoar alayhis-salom Navfal ibn Muoviya Daylini chaqirib, qamalni davom ettirish kerakmi yoki orqaga qaytgan ma’tsulmi deya maslahatlashdilar. Navfal: "Ey rasululloh, iniga bekinib olgan tulkini poylab turaversang, oxiri tutib olasan, bordiyu tashlab ketsang, u senga biron ziyon-zahmat yetkazmaydi", dedi. Uning gapi ma’qul tushib rasululloh qo‘shinni chekintirishga buyruq berdilar. Ajablangan ba’zi sahobalar saqifliklarni duoibad qilishni so‘rashdi. Lekin sarvari olam parvardigorga yolborib: "Ey Olloh, saqif xalqini hidoyat qilgin, ular ham musulmon bo‘lib, huzurimga kelishsin", deya yaxshi tilak tiladilar. O’LJALARNING TAQSIMLANISHI Payg‘ambar alayhis-salom Ji’ronaga qaytib, g‘animalarning hisobini olgach, teng beshga bo‘ldilar. Islom dini hali diliga butunlay em bo‘lib ulgurmagan kishilarning ko‘nglini ovlash uchun ularga ko‘proq ulush berdilar. Hali imon keltirmagan odamlarni musulmonchilikka moyil qilish uchun bir talay narsa ulashdilar. Oldingi safda turgan Abu Sufyonga qirq uqiyya oltin bilan yuzta tuya berildi. Abu Sufyonning o‘g‘illari Muoviya bilan Yazidga ham shuncha narsa ulashildi. Abu Sufyon: "Ey rasululloh, ota-onam sadag‘ang ketsin, sen tinch-totuv paytida ham, urushda ham bir xilda madad ekansan", dedi. Payg‘ambar alayhis-salom Hakim ibn Hizomga ham Abu Sufyonga berganchalik Nurul yaqin. Muhammad Xuzariy www.ziyouz.com kutubxonasi 127 narsa ajratdilar. Hakim yana shuncha narsa berishni so‘ragan edi, payg‘ambar alayhis- salom o‘ylab o‘tirmay rozi bo‘ldilar. Hakim bunga ham qanoat qilmay yana shuncha so‘radi, rasululloh hech ikkilanmay uning talabini qondirganlaridan keyingina: "Ey Hakim, mol-mulk degan ko‘zga chiroyli ko‘rinadigan, shirin narsa. Ko‘zi to‘qlik bilan olsa barakasi bo‘ladi, ochko‘zlik bilan olsa, barakasi bo‘lmaydi. Mol-mulkka o‘ch odam yeb to‘ymas ochopatga o‘xshaydi. Beruvchi qo‘l oluvchi qo‘ldan yaxshiroq", dedilar. Hakim dastlab berilgan yuz tuyani olib, qolganini qaytardi. "Seni haq payg‘ambar qilib yuborgan Ollohning nomi bilan qasam ichamanki, sendan keyin to dunyodan o‘tganimcha birovdan sariq chaqalik narsa olmayman" dedi. Chindan ham Hakim so‘zining ustidan chiqdi. Rasulullohdan keyin o‘tgan halifalar Hakimga xazinadan keragicha mol-dunyo olishni taklif etishganda u qat’iyan bosh tortgan. Ibn Hisnga, Aqra ibn Hobisga, Abbos ibn Mirdosga ham yuztadan tuya berildi. Safvon ibn Umayyaga bir darani to‘ldirib turgan chorva hadya etildi. U mollarga ilgariroq qiziqsinib qaraganini sezgan payg‘ambar alayhis-salom: "Bu mollar ko‘zingga yaxshi ko‘rinyaptimi?", deb so‘radilar. Safvon bosh irg‘ab iqror bo‘lib qo‘ya qoldi. — Unday bo‘lsa olaqol, hammasini senga berdim." "O’sha paytda hech kim menchalik sevingan emas" deya eslaydi Safvon. Uning Islom diniga kirishining sababi ham shu edi. Payg‘ambar alayhis-salomning bu tarzda saxovat bilan qo‘li ochiqlik qilishlaridan ko‘zlangan maqsad odamlarning qalbini yumshatib Islom diniga kiritish sovg‘a-salomga qiziqtirish yo‘li bilan bo‘lsa ham Ollohning haqiqatini anglatish edi. Zakotning bir qismi ham odamlarning Islom diniga rag‘batlantirish uchun sarflanardi. Payg‘ambar alayhis- salom ulashgan sovg‘a-salomlar keyinchalik juda katta foyda keltirdi. Dastavval musulmonchilikda to‘la barqaror bo‘lib ulgurmagan Safvon ibn Umayya Muoviya ibn abu Sufyon, Horis ibn Hishom singari zotlar o‘sha paytda berilgan hadya tufaylimi yoki boshqa sababdanmi, keyinchalik Islom dini uchun juda katta naf yetkazadigan mashhur shaxslarga aylanishdi. Payg‘ambar alayhis-salom qolgan g‘aiimatlarning hisobini olib, g‘oziylarga bo‘lib berishni Zayd ibn Sobitga topshirdilar. Biroq arobiylar ungacha sabr qilmay ulushimizni ber, deb rasulullohni o‘rtaga olib, bir daraxt tagiga surib kelishdi. Sarvari olamning ridosi (yaktagi) daraxtning butog‘iga ilinib, orqaga tislanishlariga imkon bermadi. Shunda u kishi: "Ey jamoat, ridoimni qo‘yib yuboringlar. Xudo haqqi agar qo‘limda Tuhomaning daraxtlaridek behisob mol-mulk bo‘lsa o‘zimga hech narsa qoldirmay sizlarga bo‘lib berardim. Men qo‘rqoq, baxil, ko‘zi och odam emasman, — dedilar va borib tuyalarining bitta tukini yulib, oldilar-da, — ey, odamlar, menga g‘animatning beshdan biridan tashqari mana shunchalik ham narsa tegmaydi. Menga berilgan ulush ham sizlarga qaytariladi, sizlarning ehtiyojingiz uchun ishlatiladi. G’animatda ninachalik narsa olib qolmay o‘rtaga tashlanglar. G’animatga xiyonat qilganlar bu dunyoda uyatga qoladi, qiyomat kuni esa rasvo bo‘lib, azobga uchraydi", dedilar. Qo‘li egrilik qilib g‘animatni o‘g‘irlab olganlar hamma narsani qaytarib berishdi. Payg‘ambar alayhis-salom shundan keyingina g‘animatlarni taqsimlab, piyodalarga to‘rttadan tuya, qirqtadan qo‘y, otliqlarga esa uch hissa ortiq narsa berdilar. Lekin munofiqlardan biri norozi bo‘lib: "Olloh rozi bo‘ladigan taqsimot qilinmadi", dedi. Payg‘ambar alayhis-salomning jahllari chiqib, qizarib ketdilar. — Seni qara-yu, agar men odil bo‘lmasam bu dunyoda kim odil bo‘ladi", dedilar. Har qancha achchiqlaigan bo‘lsalar-da, munofiqdan o‘ch olishdan o‘zlarini tiydilar. U kishi bunday qusurdan xoli edilar. O’zlarini bosib, yotig‘i bilan pand-nasihat qildilar. Payg‘ambarga tuhmat qilishning oqibati nimaga olib kelishini aytib ogohlantirdilar. Umar bilan Xolid ibn Valid: "Ey rasululloh bu yaramasning kallasini olaylik", deyishdi. Payg‘ambar alayhis-salom: "Yo‘q u namoz o‘qishi mumkin" deya ularni qaytardilar. Xolid: "Dili boshqa, tili boshqa namoz o‘qiydiganlar ko‘p-ku", dedi. Nurul yaqin. Muhammad Xuzariy www.ziyouz.com kutubxonasi 128 Rasululloh unga tanbeh berib: "Men odamlarning ichini yorib ko‘rishga buyurilmaganman", dedilar. G’animatdan quraysh va boshqa hamma qabilalarga ulush berildi, faqatgina ansorlarga hech narsa tegmadi. Bundan norozi bo‘lgan ayrim ansorlar: "Tavba, galati- ku! Kechagina safimizga qo‘shilgan qurayshlarga g‘animat beriladi-yu, qilichimizni qonga bo‘yagan biz quruq qolaveramizmi?" deyishdi. Bu gapdan xabar topgan payg‘ambar alayhis-salom ansorlarni bir joyga to‘plab va’z aytdilar: "Ey ansorlar jamoasi, eshitishimcha mendan norozi bo‘libsizlar. Ilgari gumroh edinglar, Olloh men tufayli sizlarni hidoyat qilmadimi? Kambag‘al edinglar, Olloh men orqali sizlarni boylikka erishtirmadimi? Bir-biringlarga dushman edinglar, Olloh mening vositamda sizlarni do‘stlashtirmadimi? Qurayshlar endigina kufurdan xolos bo‘layotgan, boshiga musibat tushgan xalq. Men ularga mol-dunyo berib ko‘ngillarini ovlashga intildim. Ey ansorlar jamoasi, ularning ko‘nglini ko‘tarib musulmon qilish uchun berilgan arzimas narsaga mendan ranjidinglarmi? Men sizlarni imoni mustahkam, har qanday vaziyatda og‘ishmaydigan deb bilganim uchun hech narsa berganim yo‘q. Odamlar uyiga tuya, qo‘y haydab borishsa, sizlar Ollohning elchisini olib qaytasizlar. Nahotki bu sharafdan norozi bo‘lsanglar? Xudo haqqi, agar hijrat qilinmasa men ansor bo‘lardim, agar hamma odamlar bir yo‘lga yurib ansorlar boshqa tomonga ketishsa, men shubhasiz ularga ergashardim. Ey robbim, ansorlarga rahmat qil! Ularshshg bola-chaqalaridan rahmatingni darig‘ tutma!" Payg‘ambar alayhis-salomning chin yurakdan kuyunib aytgan gaplarini eshitgan ansordarving diydasi yumshab, ko‘z yoshlaridan soqollari ho‘l bo‘ldi va bir ovozdan nasibamiz rasululloh bo‘lishiga mingdan ming rozimiz, deyishdi. HOVOZIN QABILASINING ELCHILARI Oradan o‘n kun o‘tgach, payg‘ambar alayhis-salomning huzurlariga Hovozin qabilasining elchilari tashrif buyurishdi. Ular asir olingan ayollarini ozod etishni, aks holda nomusdan bosh ko‘tarib yurolmasliklarini aytib, tavallo qilishdi. Zuhayr rasulullohga: "Ularning orasida sut onalaring, ammalaring, oq yuvib, oq taragan tarbiyachilaring bor", dedi va u zoti muborakning ko‘ngillarini eritish uchun quyidagi. she’rni o‘qidi: Kechirgin ey rasululloh, qilib sen marhamat bizga, Kutarmiz iltifotingni umidvorlik bilan har dam. Oq sutini ko‘kka sog‘magan onalarga qil shafqat, Ularning mehri-la bo‘lding Ollohga suyumli, hamdam. Aytajakmiz tashakkurlar sening bu iltifotinga, Muhr bo‘lib bosilgusi bir umrga unutilmay noming ham. Umidvormiz erishgaymiz sening shafqat, iltifotingga, Qancha ko‘p avf etsang senga shuncha nusrat bo‘lur hamdam. Seni oq sut berib boqqan ayollarni kechirgaysan, Rasulnnig bag‘ri keng albat, saxovati beadad har dam. Payg‘ambar alayhis-salom: "Men rost gapni yaxshi ko‘raman, ikki-narsadan birini tanlanglar: yo bola-chaqangazni, yo mol-holingizni olib ketasizlar. Yo‘lingizga ko‘z tikib charchadim, endi kelmasanglar kerak deb o‘ylagan edim", dedilar. Elchilar bu gapdan quvonib ketishdi. Biz uchun zurriyotlarimiz hamma narsadan a’lo. Xotinlarimiz bilan bolalarimizni qaytarib bersang bo‘lgani, mol-mulkimiz haqida gaplashnb ham o‘tirmaymiz. Bola-chaqadan ham ortiq davlat bormi", deyishdi ular. Nurul yaqin. Muhammad Xuzariy www.ziyouz.com kutubxonasi 129 Payg‘ambar alayhis-salom: "O’zim bilan Abdulmuttalib jamoasi qo‘lidagi asirlarni qaytarib beraman. Peshin namozidan keyin xalqqa musulmon bo‘lganinglarni aytasizlar. Rasululloh orqali musulmonlardan, musulmonlar orqali rasulullohdan shafoat tilaymiz, deb diniy qarindosh ekaninglarni el-yurtga bildirasizlar", dedilar. Elchilar u kishining aytganlarini bajo keltirishdi. Payg‘ambar alayhis-salom o‘z sahobalariga yuzlanib: "Diniy qarindoshlaringiz tavba qilib kelishibdi, men ularning bola-chaqalarini qaytarib bermoqchiman. Istagan odam menga o‘xshab ish tutsin, istamagan odam esa asirniig badaliga narsa olib ozod qilsin", dedilar. Muhojirlar bilan ansorlar barobariga: "Qo‘limizdagi hamma asirlarning ixtiyori rasulullohda", deyishdi. Faqat Aqra’ ibn Hobis, Uyayna ibn Hisn, Abbos ibn Mardos kabi bir guruh odam asirlarni qaytarib berishdan bosh tortdi. Payg‘ambar alayhis-salom ulardan asirlarni qarzga olib, egalariga qaytardilar. Payg‘ambar alayhis-salom bu urushda Hovozin qabilasi bilan boshqa mushriklar qo‘shiniga sarkardalik qilgan Molik ibn Avf Nasriyning oila a’zolarini Makkadagi ammalari Ummu Abdulloh ibn Abu Umayya bilan bir joyga qamab qo‘yishni buyurdilar. Elchilar: "Ular bizning kattamiz-ku", deyishgan edi, rasululloh: "Mening ularga yomonlik qilish niyatim yo‘q", dedilar va Molikning qayerdaligini so‘radilar. Uning Saqif bilan birga qochib ketganini aytishdi. Payg‘ambar alayhis-salom: "Molikka aytinglar, agar u mening huzurimga musulmon bo‘lib kelsa, xotin bola-chaqasidan tashqari yuzta tuya ham beraman", dedilar. Bu gapdan xabar topgan Molik qal’adan yashirincha chiqdi-da, Ji’ronaga kelib rasulullohning huzurlarida islom diniga kirdi. Payg‘ambar alayhis-salom uni Hovozin qabilasidagi imon keltirgan musulmonlarga bosh qilib tayinladilar. JI’RONA UMRASI Payg‘ambar alayhis-salom umra qilish niyatida Ji’ronadan ehrom bog‘lab, kechasi Makkaga bordilar. Baytullohni tavof etgach, hojarul asvadni o‘pib, izlariga qaytdilar va Ji’ronada o‘n uch kun turganlaridan keyin qo‘shinni yo‘lga otlanishga buyurdilar. Musulmonlar Zulqa’da oyining 27-kuni Madinaga eson-omon yetib keldilar. Hunayn g‘azotida Olloh taoloning irodasi bilan mushriklar parokandalikka uchradi, shon-shavkatidan ayrildi, aholining ko‘pchiligi xonavayron bo‘ldi. Hovozin qabilasi urushga yaroqli odamlarning hammasini, tuyalarini, chorva mollarini jangga haydab chiqqan edi. Olloh taolo mushriklarni mag‘lub qilib, ularning mol-mulkini musulmonlarga berdi va shu yo‘l bilan mushriklarning tahdidini daf etib, islom dinini kuchaytirdi. Bu g‘azotdan keyin mushriklar orasida payg‘ambar alayhis-salomga qarshi chiqadigani qolmadi. Havozin qabilasi tor-mor keltirilgan Hunayn g‘azotini mushrik arablar bilan musulmonlar o‘rtasidagi so‘nggi to‘qnashuv deyish mumkin. To‘g‘ri, keyin ham payg‘ambar alayhis-salomga qarshi chiqadiganlar, qurol ko‘tarib islom dinini mahv etishni ko‘zlaganlar bo‘ldi, biroq ularning hammasi Olloh taoloning asl haqiqatini anglab yetgach, o‘z-o‘zidan qurollarini tashlashdi. QO’SHIN YUBORISH Payg‘ambar alayhis-salom Madinaga qaytib kelganlaridan keyin Yamanda yashovchi Sudo’ qabilasini islom diniga da’vat etish uchun Qays ibn Sa’d boshchiligida to‘rt yuz kishilik qo‘shin yubordilar. Sudo’ qabilasidan bir kishi kelib: "Ey rasululloh, qo‘shining Nurul yaqin. Muhammad Xuzariy www.ziyouz.com kutubxonasi 130 qaytsin, men o‘z qavmimni huzuringa boshlab kelaman", dedi. payg'ambar alayhis- salom islom lashkarini qaytishga buyurdilar. SUDO’ ELCHILARI Elchi o‘z qabilasiga qaytib borgach oqsoqollar bilan kengashib, o‘n besh kishi rasululloh huzurlariga borishga qaror qilishdi. Ular Madinaga kelib, Sa’d ibn Ubodaning uyiga tushishdi. Shundan keyin islom diniga kirganlarini bildirib, payg‘ambar alayhis- salomga bay’at qilishdi. "Biz bu yerga kelmagan odamlar uchun qam bay’at qilamiz", deyishdi ular. Elchilar o‘z yurtiga qaytib borgach, butun qabilasi imon keltirib, musulmon bo‘ldi. Hajjatul vadoh (xayrlashish haji) da ulardan yuz kishi kelib, payg‘ambar alayhis- salom bilan Ka’bani tavof qilishdi. QO’SHIN YUBORISH Payg‘ambar alayhis-salom Bashr ibn Sufyo Adviyni Huzo qabilasiga mansub banu Ka’b arablaridan zakot olish uchun yubordilar. Banu Ka’b arablarining qo‘shnilari banu Tamim qabilasi ularni zakot, berishdan qaytardi. Bu xabarni eshitgan rasululloh ularga qarshi Uyayna ibn Hisn boshchiligida ellik kishilik qo‘shin yubordilar. Musulmonlar qo‘shini banu Tamim qabilasi bilan urushib, o‘n bir erkak, yigirma bir ayol, o‘ttiz nafar bolani asir olib qaytdi. Payg‘ambar alayhis-salom asirlarni Horisning qizi Ramlaning hovlisiga qamab qo‘yishni buyurdilar. TAMIM ELCHILARI Oradan bir necha kun o‘tgach, asirlarni ozod etish uchun banu Tamim qabilasining oqsoqollaridan iborat elchilar hay’ati payg‘ambar alayhis-salomning huzurlariga yukunib keldi. Ularning orasida Utorid ib Hojid, Zabirqon ibn Badr va Amr ibn Ahtamlar bo{ edi. Payg‘ambar alayhis-salom hadeganda chiqavermaganlaridan keyin elchilar u kishining uylariga borib baland ovozda: "Ey Muhammad, bu yoqqa chiq! Biz sen bilan basma-bas maqtanishgani keldik. Biz maqtagan kishimizni osmonga opchiqib qo‘yamiz, hajv qilgan odamni yerga kirgizib yuboramiz"', deya baqirishdi. Payg‘ambar alayhis-salom ularning baqiriq-chaqiriqlaridan og‘rinib istar-istamas chiqdilar. Qur’oni Karimdagi Hujurot surasining 4-5 oyatlari mana shu befarosat, baqiroq odamlar haqida nozil bo‘lgandir: "Uyingning orqasidan seni chaqirganlarning ko‘pchiligi aqlsiz odamlardir. Agar ular sen chiqquncha sabr qilishsa, o‘zlari uchun yaxshi bo‘lardi albatta. Olloh mag‘firat qilguvchi nihoyatda mehribondir". Ayni shu paytda peshin namozining vaqti yetib, hazrati Bilol azon aytdi. Payg‘ambar alayhis-salom masjidga yo‘l oldilar, biroq elchilar u kishining yo‘llarin to‘sib: "Biz banu Tamim qabilasidanmiz. Shoiru notiqlarimizni olib keldik. Sen bilan she’r aytishmoqchimiz, basma-basiga maqtanishmoqchimiz", deyishdi. Payg‘ambar alayhis- salom: "Men Olloh tomonidan she’r aytishga yuborilmaganman, maqtanishga buyurilmaganman" deya namozlarini o‘qiyverdylar. Elchilar u kishining atrofini o‘rab olib, o‘zlarining hamda ota-bobolarining shon-shavkati bilan maqtana boshlashdi. Amr ibn Ahtam Zabirqon ibn Badrni maqtab: "Davralarda uning gapi o‘tadi, u o‘z qabilasining xo‘jasi" dedi. O’z navbatida Zabirqon o‘rnidan turib: "Ey rasululloh, Amr mening shon- Nurul yaqin. Muhammad Xuzariy www.ziyouz.com kutubxonasi 131 shavkatimni ko‘rolmay yuqorida aytilganlardan ustun turadigan boshqa fazilatlarimni bila turib, tilga olmadi", dedi. Amr shu zahoti: "Zabirqon odamgarchiligi yo‘q, toshdan ham qattiq, zoti past odam", dedi. Amrning birpasning o‘zida ikki xil gapirganidan payg‘abar alayhis-salom g‘azablandilar. Rasulullohning g‘azablanganlarini ko‘rgan Amr: "Ey rasululloh, avvalgi gaplarim rost, lekin keyingi aytganlarim ham yolg‘on emas. Men oldiniga undan rozi bo‘lib bilganlarimning eng yaxshisini aytdim, keyin undan ranjib, bilganlarimning eng yomonini aytdim", dedi. Payg‘ambar alayhis-salom: "Bayon qilishda bir sehr bor", dedilar. Shundan keyin elchilar imon keltirishdi. Payg‘ambar alayhis-salom ularga asirlarni qaytarib berdilar hamda talay sovg‘a-salom ulashdilar. Tamimliklar Madinada ancha vaqt turib Qur’on va diniy ahkomlarni o‘rganishdi. QO’SHIN YUBORISH Payg‘ambar alayhis-salom bani Mustaliq arablaridan zakot olish uchun Valid ibn Uqba ibn Abi Muaytni yubordilar. Mustaliq arablari Valid kelayotganini eshitib, uning istiqboliga qurolli odamlarni chiqarishdi va birvarakayiga zakotga beriladigan tuyalarni ham olib borishdi. Johiliyat davrida Valid bilan bu qabila o‘rtasida adovat bor edi. Shu bois Valid qurolli odamlarni ko‘rgach, mustaliq arablari urushgani yasov tortib kelishayotgan ekan, degan o‘ida darrov iziga qaytdi-da, payg‘ambar alayhis-salomga: "Ular murtad bo‘lib ketishibdi, zakot berishdan bosh tortishdi", dedi. Rasululloh vaziyatni bilib kelish uchun Xolid ibn Valid boshchiligida qo‘shin jo‘natdilar. Xolid qo‘shindan ilgarilab, yashirincha Mustaliqqa keldi va bomdod namoziga azon aytilayotganini eshitib, astagina iziga qaytdi. Payg‘ambar alayhis-salomga bani Mustaliq arablarining murtad bo‘lib ketmaganini ma’lum qildi. Rasululloh zakot olishga Validdan boshqa odamni jo‘natdilar. Valid haqida Qur’oni Karimdagi Hujurot surasining 6-oyati nozil bo‘ldi: "Ey mo‘minlar, agar bir fosiq kimsa biron xabar yetkazsa, sizlar bilmasdan biror xalqni ranjitib qo‘ymaslik uchun surishtirib ko‘ringlar. Aks holda qilmishinglar uchun pushaymon bo‘lib qolasizlar". QO’SHIN YUBORISH Payg‘ambar alayhis-salomga Habashistonlik bir guruh odam Jidda aholisiga hujum qilishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi xabar yetib keldi. Rasululloh ularga qarshi Alqama ibn Mujazziz boshchiligida uch yuz kishilik qo‘shin jo‘natdilar. Islom lashkarlari Jiddaga borgach, dushmanning yo‘lini to‘sish uchun kemalarga tushdilar. Habashlar bir orolga to‘planib turishgan edi, yasov tortib kelayotgan jangovar musulmonlarni ko‘rib, tumtaraqay qochishdi. Kutilgan to‘qnashuv yuz bermadi. Alqama qo‘shinni orqaga qaytardi va qadami ildamlarni oldinga o‘tkazib, tezroq ketaverishni buyurdi. Qadami ildamlarga Abdulloh ibn Huzofa Sahmiyni bosh qildi. Abdulloh tabiatan hazilkash odam edi. U yo‘lda keta turib bir joyda gulxan yoqdi va lashkarga: "Sizlar menga itoat etishga buyurilganmisizlar?" deb so‘radi. Jangchilar "ha", deb uning gapini tasdiqlashdi. Abdulloh: "Unday bo‘lsa, mana shu yonib turgan gulxanga sakranglar", dedi. Ba’zilar: "Axir biz o‘tdan qo‘rqib musulmon bo‘lganmiz-ku", deya e’tiroz bildirishdi, ba’zilar boshliqning amriga bo‘ysinib olovga o‘zini urmoqchi bo‘ldi. Abdulloh ularni qytarib; "hazillashdim" dedi. Bu voqeani eshitgan payg‘ambar alayhie-salom: "Olloh taolo oldida gunoh bo‘ladigan ishlarda maxluqqa itoat etilmaydi", dedilar. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling