Nutq texnikasi va madaniyati Reja: Nutq texnikasi va madaniyati
Download 86 Kb.
|
Nutq texnikasi
Nutqning ifodaliligi. Nutqning bu sifati ba'zan ta'sirchanlik tarzida ham talqin etiladi. Ammo ta'sirchanlik keng qamrovli tushuncha bo'lib, u yaxlit yaxshi nutqqa xosdir.
Tabiiyki, har qanday nutqning asosiy maqsadlaridan biri tinglovchi yoki o'quvchi ongiga ta'sir etishdan iborat. Bu maqsadni amalga oshirishda esa nutqning muayyon bir sifati emas, balki barcha kommunikativ sifatlari u yoki bu darajada ishtirok etadi. Zotan, to'g'ri yoki aniq bo'lmagan, boy yoki mantiqiy bo'lmagan, sof yoki jo'yali bo'lmagan nutqning ta'sirchanligi haqida gapirib bo'lmaydi. Nutq tinglovchi yoki o'quvchining quruq qulog'ini emas, balki qalb qo'rg'onini, aql qal'asini zabt etmog'i uchun, eng avvalo, uning tarkibi va qurilishi diqqatni tortadigan, qizg'in qiziqish uyg'otadigan bo'lishi lozim. Bu esa ayni ifodalilik sifatining mohiyatini talqin etadigan xususiyatdir. Demak, ifodalilik nutqning tarkibiy tuzilishi va boshqa lisoniy xususiyatlariga ko'ra tinglovchi yoki o'quvchi diqqatini o'ziga jalb qila olishdan iborat kommunikativ sifatdir. Tabiiyki, tashviqot xarakteridagi ma'ruza yoki dars jaorayonidagi bayon nutqida ham ifodalilik alohida zaruriyatga aylanadi. O'qituvchi dars mavzusini tushuntirar ekan, o'z nutqining ifodaliligiga e'tibor bermasa, ifodalilikni ta'minlaydigan vositalardan foydalanmasa, nutqi quruq, shirasiz, jozibasiz bo'ladi va natijada bunday nutq o'quvchi diqqatini torta olmaydi. Mavzu aslida qanchalik qiziqarli bo'lmasin, mazkur ifodalilik sifatidan mahrum nutq sababli o'quvchida tayinli qiziqish uyg'onmaydi, dars tinglovchi uchun zerikarli bir yumushga aylanadi. O'z-o'zidan bunday darsning tezroq tugashini kutadi. Tilda ifodalilikni yuzaga keltirishga xizmat qiladigan imkoniyatlar juda ko'p va xilma-xil. Bunday imkoniyat hech bir istisnosiz tilning barcha sathlarida mavjud. Tilning ovush qurilishi, so'z xazinasi, morfologik shakllari, sintaktik birliklari, intonasiya, uslub kabilarning har biri nutq ifodaliligining bitmas-tuganmas manbalaridir. Nutq tuzuvchi bu manbalarning mohiyati, tabiati va ularni unumli ishga solish usullaridan xabardor bo'lsa, nutqning ifodalilik sifatini ta'minlashga qiynalmaydi. Nutqning ifodalilik sifatini yuzaga keltiradigan ko'chimlar, tasviriy vositalar juda ham xilma-xil, rang-barangdir. Tabiiy, nutqning ifodaliligini o'ylanar ekan, albatta, qator tasviriy vositalarning me'yorini ham unutmaslik kerak. Muayyan bir matnda bu tasviriy vositalarning barchasidan foydalanishga urinish nutqning ifodaliligiga, ta'sirchanligiga salbiy ta'sir etishi tayin. Keragidan ortiq qo'llangan vositalar nutqning chuchmallashuviga olib keladi. Tilning faqat leksik sathigina emas, balki sintaktik sathi ham nutq ifodaliligini ta'minlashda benihoya keng imkoniyatlarga ega. Sintaktik qurilmalarning rang-barangligi, sinonimikasi ifodalilikni kuchaytirishga qanchalik xizmat qilsa, muayyan bir sintaktik birlikning atayin qilinadigan takrori ham bu jihatdan shunchalik diqqatga sazovor. Ifodalilikni yuzaga keltirishda sintaktik figuralar, gapdagi so'z tarkibi, intonatsion vositalarning rolini ham esdan chiqarmaslik lozim. Ifodali nutq tuzish malakasini shakllantirishda tildagi barcha vositalar – leksik-semantik, leksik-sintaktik, sintaktik, intonasion vositalarning imkoniyatlarini to'g'ri va to'la tasavvur etish muhimdir. Xulosa qilib aytganda, har bir o'qituvchida nutq madaniyati bo'lishi zarur, chunki har bir pedagog o'z nutqi, chiroyli va ravon o'qishi, muomala madaniyati bilan o'quvchilarga namuna bo'ladi. O'qituvchi doimo o'zining nutq madaniyati ustida ishlashi va takomillashtirib borishi zarur. Download 86 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling