Ogahiyning tarixchilikdagi faoliyati


Download 88 Kb.
Sana19.01.2023
Hajmi88 Kb.
#1101561
Bog'liq
f3


Ogahiyning tarixchilikdagi faoliyati
Yorqin iste’dodlarga boy mumtoz adabiyotimiz, madaniyatimiz tarixida Ogahiyning o‘rni o‘ta salmoqlidir. U talantli lirik shoir, iste’dodli tarjimon, zabardast tarixchi sifatida boy meros qoldirgan. Shu o‘rinda A.Hojiahmedov “ ... Muhammad Rizo Ogahiy she’r ilmini mukammal egallagan va uni asarlariga tatbq etib, g‘oyaviy va badiiiy jihatdan betakror va bezavol obidalar yaratgan daho ijodkor edi” – deb yozadi. Ogahiy 1) orginal (lirik va epik), 2) tarjima (asosan sharq adabiyoti asarlari), 3) tarixnavislik yo‘nalishlarida ijod qilgan va o‘ziga xos maktab yaratgan.
Alisher Navoiydan keyin o‘zbek adabiyoti tarixida ijodining ko‘lamdorligi jihatdan birorta adib Ogahiy bilan bellasha olmaydi. U yigirma ming misradan ortiq she’rlar, olti tarixiy asar, o‘n to‘qqiz tarjima asar qoldirgan. Shoirning ismi Muhammad Rizo bo‘lib, “Ogahiy” uning adabiy taxallusidir. “Ogahiy” “ogoh” so‘zidan olingan bo‘lib, ziyrak, har bir narsadan xabardor ma’nolarini anglatadi.
Muhammad Rizo 1809-yil 17-dekabrda Xiva yaqiniidagi Qiyot qishlog‘ida tug‘ildi. Otasi Erniyozbek dehqonchilik, bog‘dorchilik bilan shug‘ullangan. Erniyozbekning akasi esa mashhur shoir va davlat arrbobi Shermuhammad Munis edi. Mutaxassislar fikricha, Erniyozbekning jiyanlari Muhammad Qilichbek “Rojih”, Muhammad Ya’qubbek “Nozim” taxallusi bilan ijod qiladigan iste’dodli shoirlar edilar. Bo‘lajak shoir mana shunday ziyoli, she’rparast kishilar davrasida o‘sdi. Qiyotda savodni chiqargach, Xiva madrasalarida o‘qidi. Ilm va hunar o‘rgandi. Biroq ko‘p o‘tmay, otasi vafot etadi. Yosh Muhammad Rizo uch yoshida otadan yetim qolib, zamonasining eng nodir kishilaridan amakisi Shermuhammad Munis qo‘lida tarbiyalanadi, undan adabiy ta’lim oladi. Tinmay o‘qiydi, mehnat qiladi, tevarak-atrofda, oilada, jamoat o‘rtasida, ibtidoiy maktabda nimaiki ibratli ko‘rinsa, ularni o‘zlashtirishga harakat qiladi. Yaxshilarga yaqinlashib ulardek bo‘lishga intiladi:
Qadam aylabon ilm yo‘lida bosh,
Hunar kasbida aylar edim talosh.
Ne tunlar menga xobi rohat edi,
Ne kunlar zamoni farog‘at edi.
Eturdim har jamoatqa o‘zimni,
Ochib ibrat bila hayron ko‘zimni.
Borining holidan bo‘ldim xabardor
Ayon ko‘nglimda bo‘lg‘ay barcha asror.
1829-yilda shoir va tarixchi, xonlikning bosh mirobi Shermuhammad Munis Xiva xoni Olloqulixon yonida Xuroson harbiy safarida edi. Safar davomida vabo kasaliga uchraydi va to‘satdan vafot etadi. Xon yigirma yashar Muhammad Rizoni amakisi o‘rniga mirob qilib tayinlaydi. Miroblik katta va ma’suliyatli vazifa edi. Xonlikdagi barcha suv ishlarini boshqarish uning zimmasida edi. Faqat miroblik emas, asta-sekin Munisning muarrix-tarixchilik vazifasi ham Ogahiy zimmasiga tushdi. U saroy muarrixi bo‘lib qoldi. 1839-yilda Munis boshlab qo’ygan “Firdavs ul-iqbol” (Baxt bog‘i) asarini davom ettiradi. Xiva xonligining 1825-yilgacha bo‘lgan tarixini yozib tugatadi. 1844-yilda “Riyoz uda-davla” (“Baxt-saodat bog‘lari” ) kitobini yozib, xonlik voqealari tarixini o‘z davri – 1843-yilgacha olib keladi.
1845-yildan Ogahiy boshiga ketma-ket tashvish tushadi. Bir tasodif bilan otdan yiqilib, oyog‘i sinadi. Singan oyoq ishdan chiqib, shoir to‘shakka bog‘lanib qoladi. Uning ustiga xotini vafot etadi. 1857-yilda esa miroblikdan iste’fo berishga majbur bo‘ladi. Baxtsizliklar bilan yakkama-yakka qoladi. Shoir hayotidagi bu musibatlar uning she’rida aks etgan.
Qo‘yung, yig‘layki ushbu kun sevar yorimdan ayrildim,
Muruvvatlig‘, muhabbatlig‘ vafodorimdan ayrildim.
deb boshlanadi shoir g‘azallaridan biri. Boshqa bir she’rida esa, u “baxt yovar” (hamroh) bo‘lgan, “jononi hamdam” lik qilgan “xush kunlar” ni qo‘msaydi. Yana bir o‘rinda: “Qorig‘on chog‘da g‘amdin bo‘lmayin ozod, man qoldim”, deb yozadi. Shunda ham u ijoddan to‘xtagan emas. 1846-yilda “Zubdat ut-tavorix” (Tarixlar qaymog‘i), 1847-1855-yillarda “Jome ul voqeoti sultoniy” (“Sulton voqealarining yig‘indisi”) tarixiy asarlarini yozdi, tarjimachilik bilan shug‘ullandi. XIX asrning yigirmanchi yillarida “Gulshani davlat” va “Shohidi iqbol” (“Baxt shohidi”) tarixiy asarlarini yozdi.
Ogahiy 1847-yilda vafot etdi.
Tarixnavislikda tajriba orttirgan Muhammad Rizo Ogahiy Xorazm xonligi tarixiga oid 5 ta tarixiy asarlar yaratgan. Mazkur tarixiy asarlarda o‘lka hududida yashagan o‘zbek, qoraqalpoq, turkman, qozoq xalqlarining hayoti, Xiva xonligining Qo‘qon xonligi va Buxoro amirligi, shuningdek, Afg‘oniston, Eron, Hindiston, Rossiya bilan bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy aloqalari, Chor Rossiyasining Xiva xonligiga oid siyosiy maqsadlari aniq dalillar ochib berilgan.Ularda Xiva xonligi hududidagi xalqlarning madaniyati, urf-odatlari va turmush tarzlari haqida ham qimmatli ma’lumotlar mavjuddir. Shuning uchun ularni Xorazm tarixining yarim asrdan ziyod davridagi voqea-hodisalarni xolisona yorituvchi yilnomalardir, deyish mumkin. Bizningcha, tarixnavisning yana bir muvaffaqiyati shundaki, tarixiy voqealar badiiy uslubda obrazli bayon qilingan, ba’zi voqea-hodisalar she’riy parchalar bilan tasvirlangan. Bu esa asarlarning ta’sirchanligini oshirgan, tasvirlanayotgan voqea-hodisalarning mohiyatini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.
Xiva xonligining Qo‘ng‘irotlar sulolasi davri tarixini o‘rganishda yozma ma’lumotlar muhim ahamiyatga ega. Xonlik davri tarixini o‘rganishda yozma ma’lumotlar asosan Muhamad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy (“Riyoz ud-davla”, “Zubdat ut-tavoix”, “Jome’ ul-“voqeoti sultoniy”, “Gulshani davlat”, “Shohid ul-iqbol va Muhammad Yusuf Bayoniy Shajarai Xorazmshohiy, Xorazm tarixi) Sayyid Hokim To‘ra Kamyob (“Tavorix ul-xavonin”) singari xivalik tarixchilar asarlarida qayd qilingan bo‘lib, ular XVII asrda Abulg‘oziy Bahodirxon boshlab bergan tarixnavislik ilmini davom ettirganlar, hamda rivojlantirganlar. Ushbu mualliflar o‘zlaridan oldin o‘tgan va zamondoshlari asarlaridan ham foydalangan xolda, voqea-hodisalarga o‘zlarining fikr-mulohazalari, tanqidiy yondashuvlarini bildirganlar. Ogahiy, Bayoniy va Kamyobning tarixiy asarlari fakik ma’lumotlarining ko‘pligi va aniqligi jihatdan katta ahamiyat kasb etgan. Rus olimi akademik V.V Bartold Munis va Ogahiy asarlarini adabiy-tarixiy asarlar deya ta’kidlagan.14 Olimlarning ushbu fikriga qo‘shilgan xolda shuni aytish mumkinki, Ogahiy, Bayoniy va Kamyob asarlarida tarixiy voqealar bayon ususli adabiy ekanligi ko‘rinadi. Ma’lumki, Xiva xoni Eltuzarxon tashabbusi bilan Munisga Xorazm tarixini yozish ishini topshirgan. Ogahiy tomonidan yakunlangan ushbu “Firdavs ul-iqbol” asarining ahamiyati shundaki asarda Xiva xonligining qariyb 300 yillik (1511-1825) tarixi, shu davr mobaynida istiqomat qilgan turli etnik guruhlarning ijtimoiy-siyosiy hayotda tutgan o‘rni, yer egaligi, soliq va majburiyatlar, ichki va tashqi savdo, diplomatik aloqalariga oid ma’lumotlar o‘rin olgan. Ayniqsa, Qo‘ng‘irot urug‘larining Xorazm hududiga kelib joylashishi, bu urug‘ vakillarining Xorazmdagi siyosiy voqealarda muhim ro‘’l oy‘nay oshlaganlari tarixi hamda xonlik taxtiga erishishs yo‘lida qlgan tadbirlari bayon etilgan. Ogahiy yashagan davrda Xivada 7 marta xon almashgan, muallif ularning faoliyati davrida bo‘lgan tarixiy voqealarni bayon etuvchi, beshta tarixiy asarlarini yozishga muvaffaq bo‘lgan. Jumladan, Olloqulioxn hukmronligi davrini (1825-1843) yorituvchi “Riyoz ud-davla” (Saltaatlar bog‘lari) asari shular jumlasidandir. Ushbu manbaning qimmati shundaki, unda olloqulixon davrida yuz bergan voqealar, ichki va tashqi savdo, diplomatik aloqalar, xalqlarning turmush tarzi, madaniyati, mamlakatda hukm surgan diniy ahvol keng yoritilgan.
Ogahiyning tarixlar sarasi yoki tarixlar qaymog‘i nomini olgan “Zubdat ut-tavorix” asari Xiva xoni Rahimqulixon saltanati voqealarini (1843-1846) tasvirlaydi. Ushbu asar ikki qismdan oborat bo‘lib, birinchi qism Rahmonqulixonning tug‘ilishidan boshlanib, diniy, dunyoviy va harbiy ilmlarni egallashi, Hazorasp hokimi sifatidagi faoliyati, hamda xonlik taxtiga chiqquniga qadar bo‘lgan voqealar, ikkinchi qismda xonning taxtga chiqqandan vafotigacha bo‘lgan voqealarni o‘z ichiga oladi. Ushbu asar 2009-yilda Rashid Zohid muharrirligida nashr qilindi. Tadqiqotchi Nurboy Jabbor uni nashrga tayyorlab, asarni so‘z boshi, lug‘at, izoh va ko‘rsatkichlar bilan ta’minlagan. Bu esa, tabdilning ilmiy ahamyatini oshiradi.
Ogahiyning “Jamoe’ ul-voqeoti sultoniy” (“Sulton voqealarining majmuasi”) asarida 1846-1854-yillarda hukmronlik qilgan Muhammad Aminxon davri voqealari o‘z aksini topgan. Bundan tashqari, asarning oxirida Xiva xonlari Abdullaxon (1854) va Qutlug‘murodxon (1855) davridagi voqealarni bayon etuvchi qismi ham bor.
Xiva xoni Sayyid Muhammadxon zamoniga doir Ogahiyning “Gulshani Davlat’ (“Davlat gulshani”) asari esa, xonlikning 1856-65 yillari voqealarini o‘z ichiga oladi. Hozirda ushbu manba O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanmoqda. Biroq, Ogahiyning “Shohid ul-iqbol” asarining muallif dasxati hisoblangan yagona nusxasi hoozirda Rossiya fanlar akademiyasi Sank-Peterburg Sharq qo‘lyozmalari institutida saqlanmoqda.
Manbaning O‘zbekistonda emasligi esa, uning kam o‘rganilganligiga sabab bo‘la oladi. Ushbu manbaning O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida fotanusxasi saqlanib, shu asosda 2009-yil N.Shodmonov tomonidan to‘liq shaklda nashr qilindi. “Shohid ul-iqbol” asari 1865-72 yillarda Xiva xonligida sodir bo‘lgan voqealarni bayon etadi va Muhammad Rahimxon II hukmronlik yillarini yoritadi. Biroq, Xiva xonligi tarixini yorituvchi va fanda “Xiva solnomalari” nomini olgan ushbu asar manzmuni hanuzgacha kompleks ravishda tadqiq qilinmasganligi tarixnavislik va adabiyotshunoslik fani oldida turgan dolzarb muammolardan biridir. Tadqiq qilinmaganligi sabab, esa sovet davrida ishbu asarlarning mazmun-mohiyati o‘sha davrdagi hukmron mafkura siyosatiga zid edi, chunki ularda Qo‘ng‘irotlar sulolasiga mansub Xiva xonlari johil emas, balki yuksak fazilatlarga boy, ma’rifatparvar, xalqparvar, odil hukmdor sifatida baholangan (ba’zi hollarda bu kabi ta’riflar ularning xatti-harakatlariga to‘g‘ri kelmasada, mahalliy mualliflarning, ayniqsa Ogahiyning odil shoh haqidagi orzularini ifodalagan).
Ogahiydan so‘ng, Xorazm tarixini yozish ishini Muhammad Yusuf Bayoniy davom ettirdi. Bayoniy “Shajarayi Xorazmshohiy” va “Xorazm tarixi” asarlarini yaratib, tarixnavislik va adabiyotshunoslik fani rivojiga o‘zining munosib xissasini qo‘shdi. Bayoniyning Xivva xoni Asfandiyorxon topshirig‘iga binoan yozilgan “Shajarayi Xorazmshohiy” asari qadim zamonlardan boshlab, 1913-1914 yillargacha Xorazmda sodir bo‘lgan tarixiy voqealarni qamrab olgan. O‘zining xarakteri bilan bu asar Munis va Ogahiy tomonidan yozilgan tarixiy asarlarning xulosasi va davomi hisoblanadi.
Ulug‘ mutafakkirning adabiy-tarixiy asarlarini tarixiy manba sifatida tadqiq etgan rus olimi akademik Bartold bunday yozgan edi: “Munis va Ogahiy tomonidan yaratilgan adabiy-tarixiy asarlar qanchalik kamchilikka ega bo‘lmasinlar, tarixiy voqealarni ayon etish va ularda keltirilgan faktik materiallarning ko‘pligi jihatdan bizgacha yetib kelgan Qo‘qon va Buxoro xonliklari tarixi bo‘yicha yozilgan hamma asarlarni o‘zidan ancha orqada qoldiradi”.
O‘zbek va umaman sharq badiiy-tarixiy nasri Ogahiygacha ham ko‘p asrlik taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tganligi ayon. Rabg‘uziy, Mirxon, Xondamir, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Shermuhamad Munis kabi buyuk adiblar nasriy merosi buning dalilidir. Bu ijodkor qalamiga mansub asarlar Ogahiyning badiiy-tarixiy nasri uchun o‘ziga xos tajriba maktabi bo‘lganligini ta’kidlash kerak.
O O‘zbek badiiy-tarixiy nasri taraqqiyot bosqichlarini Ogahiyning “Shohidu-l-iqbol” asari misolida o‘rgangan manbashunos Nafas Shodmonov jahon adabiyotida tarixiy nasr mualliflari badiiy adabiyot rivojida sezilarli ijobiy ro‘l o‘ynagani, Yevropa adabiyotshunosligida antik tarixnavislik zamonaviy nasr uchun katta salmoqqa ega syujetlar, badiiy ishlangan obrazlar taqdim etish bilan birga uslubiy maktab ro‘lini o‘ynaganligi haqida yozib, grek tarixnavisi Plutarx, ingliz xronistlari R.Xolinshed, G.Xoll kabilarning merosi Shekspir, Russo va boshqa ko‘plab adiblar ijodiga ta’sir o‘tgazganini bunga misol tariqasida keltiradi. Xitoy adibi Sim Tyanning “Tarixiy bitiklar”i “Umr daftari” kabi asarlar tarixnavislikninggina emas, balki kelajak adabiy nasrining taraqqiyoti tamoyillarini belgilashga ham xizmat qilganini, At-Tabariy va ibn Xaldun merosi arab va ajam tarixnavislari uchun namuna bo‘lganini ta’kidlaydi.
Shu paytga qadar asosan tarixiy asarlar sifatida baholanib kelgan Ogahiy badiiy-tarixiy nasrini maxsus o‘rgangan akademik Vohid Abdullayev bu asarlarni “tarixiy-badiiy proza” namunalari deb atasa, ustoz manbashunoslar - G‘ulom Karimov va Subutoy Dolimov ularning “badiiy-tarixiy asar tarzida qimmatli” ekaniga urg‘u beradilar. Professor Najmuddin Komilov esa Ogahiyning tarjima asarlari tahlili misolida milliy adabiyotimiz tarixida yaratilgan “qissa hikoyalar (povest)” larga e’tibor qaratadi. Binobarin, Ogahiyning tarixiy mavzudagi barcha nasriy asarlari, jumladan, tadqiqotimiz manbai bo‘lgan “Zubdat ut-tavorix” (“Tarixlar sarasi”) ham birinchi navbatda badiiy, undan keyingina tarixiy asar hisoblanadi.
Muhim tarixiy ma’lumotlar berilganligiga qaramay, uslubi, janr xususiyatlari, ifoda tarzi va boshqa belgilariga ko‘ra “Zubdat ut-tavorix” ni ham, ogahiy badiiy-tarixiy nasrining boshqa namunalarini ham tarixiy ilmiy asarlar sifatida baholab bo‘lmaydi. Bu asarlarni adabiy manba sifatida o‘rganish esa adabiyotshunoslik hamda uning ajralmas tarkibiy qismi bo‘lgan manbashunoslik va matnshunoslik uchun muhim ilmiy-nazariy xulosalar berish aniq.
Ma’lumki, Ogahiy badiiy-tarixiy asarlari haqida amerikalik olim E.Ovorsning “O‘zbek adabiy siyosati” kitobida tahliliy fikrlar uchraydi. E.Ovors tadqiqotidan keyin oradan ko‘p yillar o‘tib, yana bir amerikalik olim Yuriy Bregel mumtoz shoir va muarrix Shermuhammad Munis va Muhammadrizo Ogahiy qalamiga mansub “Firdavs ul iqbol” ning dastlabki ilmiy-tanqidiy matnini yaratdi, keyin esa asarni ingliz tiliga tarjima qilib, ikki jild holida nashr ettirdi.
Bundan tashqari Ogahiy badiiy-tarixiy nasri yuzasidan rossiyalik mutaxassislar, shuningdek o‘zbek olimlarining tadqiqotlari e’lon qilingan. Shu jumladan, 1997-2002 yillar davomida ushbu satrlar maullifining asar gapidagikuzatishlari maqola tarzida chop etilgan. Biroq asar yuzasidan maxsus ilmiy tadqiqotlar yaratish – kelajakning ishi.
Ma’limki, o‘tgan asrning 70-yillari oxirida ustoz olimlar G‘ulom Karimov va Subutoy Dolimov sa’y-harakatlari bilan Ogahiy asarlarining olti jildligi nashr etildi. Badiiy-tarixiy asarlari jamlangan beshinchi jildda “Zubdatut -tavorix” sarlavhasi ostida asardan kichik bir parcha e’lon qilindi. Biroq Abulg‘ozi Bahodirxon saltanati davridan ilmohlangan bu memuar-qissaning ilmiy izohlar bilan ta’minlangan to‘liq matnini chop etish imkoni bo‘lgan emas. Tabiiyki, o‘sha kezlari asarning mukammal nashrini amalga oshirish to‘g‘risida orzu ham qilib bo‘lmas edi. Chunki tabiiy-tarixiy nasrning bu yuksak namunasi mohiyatan o‘sha davrdagi hukmron mafkura siyosatiga, uning tutumiga tamomila zid edi. Unda tarxiy voqelik betakror badiiyat bilan tasvirlangan, hukmdor ajdodlarimiz johilligi emas, fazilatlari xususida baxs yuritilgan edi. Ta’kidlash joizki, uzoq muddat davomida “Zubdat–ut tavorix tadqiqotchilar nazaridan chetda qolib ketdi. O‘tmish adabiy-tarixiy merosini o‘rganishga bo‘lgan ehtiyoj har qachongidan ham kuchaygan bugungi kunda, zamondoshlarimizni, ayniqsa, yosh avlodni mazkur asarning asl mohiyatidan xabardor qilish, buning uchun esa asarning ilmiy izohlar bilan ta’minlangan mukammal nashrini amalga oshirish hayotiy zaruratdir. Binobarin, asardan e’lon qilingan parcha, ta’kidlanganidek, o‘quvchiga uning mazmun-mohiyati haqida to‘laqonli tasavvur berolmaydi. “Zubdat ut-tavorix” ning ilmiy izohlar, lug‘at va ko‘rsatkichlar bilan ta’minlangan asl qo‘lyozma manba asosida to‘liq tabdili ehtiyoj samarasi ekanini ta’kidlash kerak.
Bizgacha “ Zubdat ut-tavorix” ning besh qo‘lyozma nusxasi yetib kelgan bo‘lib, ulardan biri Rossiya Fanlar akademiyasi Sankt-Peterburg Sharq qo‘lyozmalar institutida E 6 – V (590 ob) ashyo raqami ostida, yana biri Sankt-Peterburgdagi Rossiya Milliy kutubxonasida T.n.s – 22 ashyo raqami bilan, uchtasi O‘zbekiston FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanadi.
Mazkur qo‘lyozmalar bilan shug‘ullangan matnshunos Fathulla G‘anixo‘jayev ma’lumotlariga ko‘ra, ulardan Ogahiy hayot paytida ko‘chirilgani Sank-Peterburga Sharq qo‘lyozmalar institutida E 6 - V (590 ob ) raqami bilan saqlanayotgan manbadir. Darhaqiqat, qo‘lyozma qora siyohda nastaliq xati bilan O‘rta Osiyo qog‘oziga ko‘chirilgan, matn jadval ichiga olingan.
“Zubdat ut-tavorix” nainki adabiy manba, asardan geografiya, toponomiya haqida qimmatli ma’lumotlarni olish mumkin. Ilmiy nashr talabiga ko‘ra, “Zubdat ut tavorix” uchun geografik nomlar, shaxs nomlari va etnik atamalar ko‘rsatgichi tuzilgan.
Ogahiy tarixiy hodisalarni, xalq boshidagi og‘ir musibatlarni haqqoniy tasvirlaydi. Ogahiy xalq qo‘zg‘alonlarining mohiyatini ulug‘ muarrix sifatida kitobxon ko‘z oldida yaqqol gavdalantirib beradi:
Agar jam o‘lsa uchqun bir makong‘a
Bo‘lur albatta otashgoh paydo.
Va gar har soridan yig‘nolsa qatra,
Bo‘lur tadrij ila to‘fon huvaydo.
Ogahiy o‘zining tarixiy asarlarida o‘zaro urushlarning xalq boshiga olib kelgan musibat va fojialarini ochiq-ravshan bayon qilib, bu rushlar natijasida shaharlar (qal‘alar) ning vayron bo‘lishini, xalqning, bolalarning qirilishini zo‘r qayg‘u bilan tasvirlaydi.
Muhim tarixiy ma’lumotlar berilgan bo‘lishiga qaramay, uslubi janr xususiyatlari, ifoda tarzi va boshqa belgilariga ko‘ra “Zubdat ut-tavorix”ni Ogahiy badiiy-tarixiy nasrining boshqa namunalarini ham tarixiy ilmiy asarlar sifatida baholab bo‘lmaydi. Bu asarlarni adabiy manba sifatida o‘rganish va adabiyotshunoslik hamda uning ajralmas tarkibiy qismi bo‘lgan manbashunoslik va matnshunoslik uchun muhim ilmiy-nazariy xulosalar berishi aniq.
Tarixiy qimmati. Asar sajli nasrda ijod etilgan. Unda Xiva Hukmdori Rahimqulixon ezgu fazilatlar sohibi sifatida ulug‘lanadi, uning ko‘plab ilmlarni egallagani, fuqaro va raoyaga shafqat va marhamat, karam va saxovat vasf etiladi. Xiva xonlari aksar ma’rifatparvar bo‘lganini, adabiyot va san’at ilm-u hunar rivojiga alohida e’tibor berganini e’tirof etgan holda, ta’kidlash kerakki, bu singari tavsiflar tarixiy haqiqatga to‘liq mutanosib bo‘lmasligi ham mumkin. Biroq bir narsa aniqki, bu ta’rif-u tavsiflar zamirida Muhammad Rizo Ogahiyning odil shoh haqidagi orzu-ideallari ohorli poetik tashbihlar bilan ifodalangan.
Sir emas, turli tarixiy asarlarda bir-biriga zid fakt va ma’lumotlar, ixtilofli fikrlar uchraydi. Birobarin, ulug‘ ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiyning: “ ... hanuz Turkiston tarixi haqinda yangi tadqiqot ila yozilg‘on, tartibli va istifodali mukammal bir asar vujudga kelgani yo‘q”, degan fikri bugungi kunda ham, zarracha bo‘lsin, ahamiyatni yo‘qotgan emas. Birgina misol. Mulla Olim Mahdum Hojining “Tarixi Turkiston” asarida Rahimqulixon haqida “ ... uch yil hukmronlik qilib, 1261 sanai hijriy (milodiy 1845) da vafot qildi. Otasining asrida Bobojon to‘ra demak ila nomzad bo‘lub, xalq orasida javr-u zulm qilmaq ila mashhur edi”, - deb ma’lumot beriladi.
Ta’kidlash joizki, “Tarixi Turkiston” mualifi tomonidan Rahimqulixon haqida keltirilgan fakt va dalillarning deyarli barchasi tarixiy haqiqatga zid. Vaholangki, Ogahiy Rahimqulixonning vafot yilini “tarixi, hijriy mimg ikki yuz oltmish ikkida, yilon yili, muxarramul-harom oyining o‘n birida, juma kuni”, - deb aniq ko‘rsatadi. U mazkur voqealarning jonli guvohi bo‘lgani e’tiborga olinsa, Ogahiy keltirgan fakt bu borada har qanday boshqa mulohazani rad etadi. Bundan tashqari, Rahimqulixon emas, balki uning ukasi Muhammadaminxon Bobojon to‘ra nomi bilan mashhur boo‘lgani “Zubdat ut-tavorix” da ifodalangan.
Tarixni o‘rganmoqdan murod – saboq. Hazrat navoiy ta’biri bilan aytganda, “Ne ishdin mamlakat obod, qayu ishdin ulus barbod bo‘lgan” ini tafakkur ko‘zgusida ko‘rib, ibrat olingandangina bu murod hosil bo‘ladi. Badiiy-tarixiy asar sifatida “Zubdat ut-tavorix” ning ahamiyati bu jihatdan ham katta. Asarda Xiva va Buxoro xonliklari o‘rtasidagi o‘zaro nizolar, qonli urushlar, ularning oqibatlari haqidagi haqqoniy ma’lumotlar ta’sirchan ifodalangan. Aksar fikrlar Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambar alayxissalom hadislari bilan dalillanadi. Iymmonsizlik, fosiqlik, e’tiqodsizlikning oqibati xorlik ekani tarixiy voqelikning badiiy talqini orqali aks ettirilgan.
Asarda ko‘plab nazm namunalari ham keltirilgan. “Zubdat ut-tavorix” matnidagi she’rlarni janr jihatdan quyidagicha tasnif etish mumkin: qasidalar (6 ta), masnaviylar (79 ta), g‘azallar (4 ta ), ruboiylar (7ta), qit’alar (10 ta), ta’rixlar (4 ta), fardlar (6 ta). Matnda fardlar “Bayt” sarlavhasi bilan kitobat etilgan.Asardagi she’riy matnlar hajmi jami 1176 bayt (2352 misra)ni tashkil etadi.
Shayx Ahmad Taroziyning “Fubu ul-balog‘a” sida she’r o‘n qismga bo‘linishi zikr etilgan. “Bilgilkim, - deb yozadi olim, - majmui shuaro istilohinda she’ning aqsomi, ulkim mo‘tabardur, o‘n nav’ kelibtur: qasida, g‘azal, qit’a, ruboiy, masnaviy, tarji’, musammat, mustazod, mutavval, fard”. Mazkur she’r aqsomining o‘ntasidan oltitasi mavjudligiyoq “Zubdat ut-tavorix” ning manba sifatidagi ahamiyati nechog‘lik katta ekanini, filologik tadqiqotlar uchun boy material bera olishini tasdiqlaydi.
Ogahiyning adabiy-estetik qarashlarini o‘rganish uning she’riyatiga o‘ziga xos talablar bilan yondashganini ko‘rsatadi. Bu talablar “Zubdat ut-tavorix” ga kirgan nazm namunalariga ham to‘liq taalluqlidir. Jumladan, ijodkor “Ta’viz ul-oshiqin” debochasida she’rning ne’mati uzamo ekanini, Tangri taolo uni har kimga ham ato qilmagani-yu uni aytmoq hunari har kimning ham qo‘lidan kelmasligini ta’kidlab, “she’r shoirning izzat va davlat ne’matin hosil qilmog‘i sabab, balki ikki dunyo manzilati saodatig‘a vosil bo‘lmog‘iga bois” ekaniga urg‘u beradi. Ulug‘ mutafakkir fikricha, Odam farzandlariga ato etilgan ne’matlar ikki turli: birinchisi – aql-u farosat, nutq va ta’lim-tarbiya bo‘lib, ommaga berilgan, ikkinchisi esa, xos ne’mat – “alar orasida ba’zilariga” gina nasib qilgan. “Tillari farosat va balog‘at bobida nodir va so‘z rishtasig‘a maoniy javohirini nazm etarga qodir” shoirlar bu ulug‘ ne’mat shukronasini ado etmoqlari uchun “humoyun tab’lari maxzanidin gunogun mazmunlar javohirin nazm rishtasi termoqlari va fazl-u fatonat chorsusi do‘konlarini bezamoqlari” lozim. Bu so‘zlari orqali muallif shoirning vazifasi, ijodkor mas’uliyati masalalariga e’tibor qaratadi. “Zubdat ut-tavorix” dagi she’rlar, qaysi janrda ijod etilgan bo‘lmasin, ana shu adabiy-estetik talablarga har jihatdan muvofiq keladi.
“Zubdat ut-tavorix”, ta’kidlanganidek, yuksak badiiy mahorat bilan yozilgan. Asardagi voqea-hodisalar tasviri xoh nasrda, xoh nazmda bo‘lsin, muallifning nuktadonligi, yuksak fasoxat sohibi ekani yaqqol seiladi. Asarda sifatlash, istiora, tashbih, mubolag‘a, perifraza, takror singari badiiy tasvir vositalaridan mahorat bilan foydalanilgani, saj’ning deyarli barcha mashhur turlaridan (saj’i mutarraf, saj’i mutavozin, saj’i mutavoziy) istifoda etilgani ham buning isbotidir.
Ogahiyning nasrda saj’ qo‘llash mahorati quyidagi birgina misol tahlilida ham yaqqol ko‘rinadi: “Ziyofat lavozimining intihosi va aql-u shurb marosimining inqizosidin so‘ng hazrat xoni mag‘fur va xazrat zillullohiy savlati tamom va umaroyi sohib ehtirom bila otlanib va sarsarnihod otlarni yorishturub, rustamquvvat va filhaybat pahlavonlarni kurash tutdurub, oti utgan sayislarni va harifi yiqitg‘on pahlavonlarni bayroq va jaldu uchun xazinai ehsondin nuqudi farovon in’om qilib, dunyodin mustag‘niy etdilar”. Ushbu iqtibodda yetti saj’lanuvchi qism mavjud: lavozim – marosim, intiho – inqizo, tamom – sohibehtirom, devnajod – sarsarnihod, rustamquvvat – filhaybat, ejson – farovon, chiqdilar- etdilar. Ularning birinchi va ikkinchi saj’lanuvchilari mutavoziy (ham vazn, ham qofiyada moslashuvchi); uchinchi, to‘rtinchi, beshinchi va oltinchisi mutarraf (vaznda moslashmagan), yettinchisi esa mutavozindir (vaznda mos, qofiyada moslashmagan).
Saj’ hosil qiluvchi so‘zlar “fosila” deb atalishi ayon. Har bir fosila o‘zidan oldingi so‘zlar birikmasi bilan saj’ning bir bo‘lagini tashkil qiladi va “qarina” deb yuritiladi (she’riyatdagi , aruzdagi fosilaning bunga aloqasi yo‘q). Ogahiy nasrida saj’ning yuqorida bayon etilgan barcha shakliy sifatlarini ko‘rish bilan birga, saj’lanuvchilarning o‘ziga xos joylashuv o‘rnini ham kuzatish mumkin. Yuqoridagi jumlada lavozimi fosilasidan oldingi qarina bir so‘zdan ibirat bo‘lsa, unga saj’lanuvchi marosimi fosilasidan oldingi to‘rt so‘z qo‘llangan. Ba’zi saj’doshlar orasida esa qarina mavjud emas. Umuman, Ogahiy nasrida qo‘llangan saj’ ko‘p jihati bilan mumtoz she’riyatdagi tarse’ san’atini eslatadi.
“Zubdat ut-tavorix” da tabiat tasviri bilan jamiyatdagi voqelik o‘zaro uyg‘un va mutanosib tasvirlanadi. Jumaldan, Ogahiy birgina quyosh chiqish holatini asarning turli o‘rinlarida turlicha, bir-biridan farqli, har bir qo‘llanganda bayon etilayotgan hodisaga muvofiq tarzda ifoda etadi. Masalan, bir joyda quyosh chiqishi holatini “... oftobi jahontobning shaxsuvori quyosh chiqish holatini “oftobi jahontobning shaxsuvori tezraftori mashriq marhalasidan chiqib, falak maydonining qat’ig‘a javlon ko‘rguzdi” tarzida tasvirlansa, boshqa bir o‘rinda “quyosh xoqoni mashriq shabistonidin chiqib, falak maydonig‘a nur yakronin surdi” shalida, yana bir holatda esa, “xurshidi jahontob jamshidi mashriq ishratxonasidin chiqib, falak saydgohi sori ravona bo‘ldi” deya, har bir o‘rinda “quyosh” so‘ziga hikoya qilinmoqchi bo‘lgan voqeaga mos, tamoman yangicha”, ohorli ma’no yuklaydi. Binobarin, birinchi tasvirda Rahimqulixonning harbiy yurishga otlangani to‘g‘risida, quyoshning chiqish holati ham “falak maydonining qat’iga javlon ko‘rguzdi” tarzida shunga uyg‘unlik kasb etadi. Ikkinchi ta’sir “quyosh xoqoni mashriq shabistonidin chiqib, falak maydonig‘a nur yakronin surdi” shaklida xon lashkarining fasod ahli ustiga yurish qilishi holatiga mutanosib bo‘lsa, uchinchi tasvir xonning o‘z a’yonlari bilan ovga jo‘nayotgan holatiga mos (“ xurshidi jahontob jamshidi mashriq ishratxonasidin chiqib, falak saydgohi sori ravona bo‘ldi”).
Shu birgina misolning o‘ziyoq ko‘rsatib turibdiki, asarda tabiat tasviri bilan voqealar mohiyati ajib bir uyg‘unlik kasb etgan va bu mutanosiblik ifodaning jozibadorligini, ta’sirchanligini oshirgan.
Asarning yana muhim bir jihati shundaki, undan Ogahiyning ayrim she’rlari yozilishi tarixi ham bayon etilgan. Jumladan,
Iloxo, to jahon-u anda to ahli jahon o‘lg‘ay,
Jahon farmondehi shaxzodai oliymakon o‘lg‘ay,
Matla’li g‘azalning yozilish tarixi shaxzoda Rahimqulixonning harbiy yurishi bilan bog‘liq. Bu haqda muallif bunday yozadi: “Va hamul kun faqir duo tariqasi bila bir g‘azal va hamul safar uchun bir ta’rix nazm silkig‘a chekib, hazrati zillullohiyning suhbati kimyoxosiyatig‘a dohil bo‘lub, arzg‘a yetkurdim va inoyati podshohona maxsus va in’omoti bekaronadin mahzuz bo‘ldum. Va ul g‘azal budurkim, mastur bo‘lur”. (394b).
“Zubdat ut-tavorix” Xiva xonlarining ilm-ma’rifat ahliga bo‘lgan munosabatlarini o‘rganish yuzasidan ham qimmatli manba. Masalan, asarda yana boshqa g‘azalning yaratilish tarixi bilan bog‘liq e’tiborga molik mulohazalar bayon etilgan. Ogahiyning yozishicha, Rahimqulixon “aksar avqot ulamo va fuzalo va shuaro va zurafo bila hamsuhbat bo‘lub, ul jamoani bag‘oyat aziz va arjumand tutar erdi va xoni ehsonidin mahzuz va bahramand etar erdi. Va agar shuaroi zamondin har kim bir qasida va yo bir g‘azal va g‘azal va yo bir ruboiy o‘z qudratig‘a loyiq nazm silkig‘a chekib, aning nazari anvori peshgohig‘a etkursa erdi, iltifot yuzidin tahsin va ofarin bila bashoshati tamom va masarrati molokalom marosimin zuhurg‘a etkurur erdi. Va aning silsilasig‘a xazonai ehsonidin nuqudi farovon in’om qilib, har nekim komi ersa, berur erdi”(389b).
Tabiiyki, so‘z ahlig‘a bo‘lgan bunday ehtirom XIX asr Xorazm adabiy muhitining yuksalishida alohida o‘rin tutadi. Qolaversa, Ogahiy asarlari yozilishida ham ushbu muhitning o‘ziga xos ta’siri bor. Bu haqda “Zubdat ut-tavorix” da yana quyidagilarni o‘qish mumkin: “Ul jamoadin faqirkim, aksar avqot ul hazratning majlisi sharifi mulozamatig‘a etib, ta’bim natoyijidin har turluk qasida va g‘azal va ruboiy... jilvagar bo‘lsa erdi, raqam zevari bila orasta qilib, nazari saodatasar mutolaasig‘a etkurur erdikim, o‘zgalardin ortuqroq iltifot va in’omot bila sarafroz bo‘lub, fuzalo va shuaro orasida mumtozlig‘ topar erdim. Xususan, ul avoni saodatnishonda ul hazrat midahatida bir g‘azal va bir ruboiyning rango-rang gullarin xayol sarpanjasi bila maoniy gulshanidin terib, majlisi humoyuni bexishtnamunig‘a tuhfa chekib, avotifi maxsusadin bahramand bo‘lub, taxta-taxta choy, sharba-sharba qandolat in’om bila shirinkomlig‘ topar erdim. Ul g‘azal budurkim, bu mavridda tahrir topar ”( 390a).
Shu tariqa
Ul sarvari zamonki, buyukdur maqom ango,
Gardun qadi ham o‘ldi qilib ehtiyot ango, -
Matla’li g‘azalning yaratilish tarixi haqida mufassal ma’lumot berilgan.
“Zubdat ut-tavorix” nainki adabiy manba, asaardan geografiya, asronomiya haqida ham qimmatli ma’lumotlar olish mumkin. Masalan, Kesik deb nomlangan joy haqida muarrix bunday yozadi: “ Kesik bir sho‘ba edurur, daryoi Jayhun sho‘badinkim, Ko‘hna Katning sharqiy jonibidan daryodin ayrilib, g‘arbiga o‘tgandin so‘ng yana daryog‘a quyar va andin ko‘b mazralar suv ichardur” (407b).
Hazrat Vays Qaraniy va Shayx jalil ota kibi avliyoulolohlarning qadamgohlari bo‘lgan Bodoy beshasi haqida Ogahiy quyidagi ma’lumotlarni beradi: “Bodoy bir beshaedururki, bag‘oyat qalin va ziyoda vase’durur. Hazrati qutb ul-aqtob, afzal ul- ashob, zubdal ul-komolin, umdat ul-vosilin Vays Qaraniy roziyallohu anhu va hazrati haqiqarpanoh, hidoyatdastgoh Shayx Jalil ota qaddasa sirraxuning qadamgohlari Uyg‘ur yeri va Andaroy Cho‘nko‘lig‘a yovuqdurur va kun botari haddi Qisnoqdurur ”(408 b).
Umuman, “Zubdat ut-tavorix” – betakror badiiyati, qasida masnaviy, g‘azal, ruboiy, qit’a, ta’rix, fard singari mumtoz she’riy janrlari oid qariyb 1200 baytli nazmiy merosni jamlagan, saj’li nasrning mukammal namunasi ekani, Markaziy Osiyo tarixi, geografiyasi, etnografiyasi va toponomiyasiga doir muhim fakt va dalillarga boyligi bilan alohida ajralib turuvchi manba. Uni nainki adabiyotshunoslik yohud adabiy manbashunoslik va matnshunoslik aspektida, tarixshunoslik, siyosatshunoslik yo‘nalishlarida ham o‘rganish muhim ilmiy xulosalarga olib kelishi aniq. “Zubdat ut-tavorix” bu sohalarga oid tadqiqotlar uchun ham boy ilmiy istifodaga olib kirilishi, turli fanlar kesimida tadqiq qilinishi ogahiyshunoslik yutug‘uni ta’minlashga xizmat qiladi.

Xulosa
Mumtoz adabiyotimizning nodir namunasi bo‘lgan asarlar hamisha qimmatlidir. Ilmiy va badiiy asarlar bugun insoniyat hayoti uchun to‘la-to‘kis xizmat qilmoqda. Asarlarda yozilgan tarixiy haqiqatlar bugun insoniyat uchun bir ko‘zgudir. Inson o‘z tarixini bilsagina hayoti faravon bo‘ladi. Tarixda o‘tgan ajdodlarimiz hayotidan o‘rnak olib yashash har birimizning vazifamizdir. Tarixni insonlar ongida muhrlanishida adabiyotning vazifasi beqiyosdir. Adabiyot tarixiy haqiqatlarni to‘la-to‘kis yetkazishda, o‘rganishga sabab bo‘lishida asos sifatida xizmat qiladi. Tarixiy haqiqatlarni bayon qilgan asarlar adabiyotimizda o‘zining o‘rniga ega. Tarixiy asarlarda faqat tarix va adabiotning yetakchiligini emas, turli ilmlarning ham jamlanganini ko‘ramiz. Xususan, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarida ilm-fanning turli sohalariga oid ma’lumotlat keltirilgani kabi bugun o‘rganayotgan “Zubdat ut-tavorix” asarida ham turli ilm-fan sohalari haqida fikrlar berilganligini ko‘ramiz. “Zubdat ut-tavorix” asari hali to‘liq holda nashr etilmagan bo‘lsa, kichik hajmdagi nashrlaridan adabiyotshunoslik uchun muhim ma’lumotlarga ega bo‘lamiz. Bu asarda faqat nasr bilan cheklanmay ayrim nazmdan ham foydalanilganligi adabiy asarlarda har ikki turning birdek kerakli ekanligini ko‘rsatadi.
Asarda ko‘proq saj’lardan foydalanilganligi mumtoz adabiyotimzda ko‘p qo‘llaniladigan she’riy san’atlarning ham asarlar tarkibida, asar qimmatini oshirishda, bo‘yoqdorlik, majoziylik unsurlarini kuchaytirishda muhim ekanligini ko‘ramiz.
Ogahiy asarlarini tadqiq qiladigan bo‘lsak, avvalo bosh g‘oya sifatida insonparvarlikning tarannumini ko‘ramiz. Tarixiy asarlarda ham biror shaxs hayoti, faoliyati bayon qilinar ekan, unda shaxsni ulug‘lash, uning qaysidir yaxshi va yomon jihatlarini ko‘rsatib belgilandi. Ogahiy “Zubdat ut-tavorix” asarida o‘zining odil shoh haqidagi qarashlarini keltirib o‘tgan.Tarixiy shaxslarning hayotini aks ettirishda faqat aniq ma’lumotlar emas, shu shaxsning fe’l atvoridan kelib chiqib mubolag‘ali vositalarni qo‘llash, o‘xshatishlarni saj’ orqali ifodalash, har bir xislatiga alohida baho berish bu ham tarixiylik, ham adabiyotning o‘zaro jipslashgan ekanligini ko‘rsatishga xizmat qiladi. Adabiyot kishining ongiga yetishida albatta ta’sirchanlikning o‘rni beqiyosdir. Bu jihatni Ogahiy asarlaridan ham topishimiz mumkin. Ogahiy asarlari o‘rganilar ekan adabiyotimizda hali ochilmagan tadqiqotlar paydo bo‘lib, ilm ahlining izlanishlarini samarasi va mevasini ko‘rsatib boraveradi.
Ogahiy nasri va nazmini birdek o‘rganish bugungi kunning dolzarb vazifasidir.
Download 88 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling