Okeanlar tabiiy geografiyasi 1-mavzu: dunyo okeani tabiatining asosiy xususiyatlari. Reja


Download 88.7 Kb.
bet1/6
Sana26.09.2020
Hajmi88.7 Kb.
#131404
  1   2   3   4   5   6
Bog'liq
Okeanlar tabiiy geografiyasi SamDU


OKEANLAR TABIIY GEOGRAFIYASI
1-MAVZU: DUNYO OKEANI TABIATINING ASOSIY XUSUSIYATLARI.

Reja:

  1. Okeanlar tabiiy geogafiyasining maqsadi va vazifalari.

  2. Dunyo okeani tagining geologik tuzilishi va relefi.

  3. Okean suvining xususiyatlari (sho‘rligi, suv balansi, harorati, massasi, sirkulyatsiyasi va to’lqin harakatlari).

  4. Dunyo okeanidagi hayot.


Okeanlar tabiiy geogafiyasining maqsadi va vazifalari. Tabiiy geograflar uzoq vaqtlardan beri materiklarni kompleks tadqiq etish bilan shug‘ullanib kelgan bo‘lsalarda Dunyo okeani tabiatini okeanshunoslar olishmlar shug‘ullanishi kerak degan fikrda bo‘lishgan. Shuning uchun okeanlar tabiatini kompleks tadqiq etish va ularni kompleks tavsif etish va ularni zonal-regional tavsiflash va tabiiy geografik raYonlashtirishga nisbatan ancha orqada qolgan.

Dunyo okeanini kompleks tadqiq etish vazifasini okeanologik fanlar emas, balki tabiiy geografiya fani hal etish lozim. Yer kurrasini materiklar va okeanlardan tarkib topganligiga hamda ularning doimiy ravishdagi o‘zaro aloqadorligiga asoslanib geografik fanlar tizimida materiklar tabiiy geografiyasi qanday rivojlangan bo‘lsa, okeanlar tabiiy geografiyasi ham shu darajada rivojlangan bo‘lishi kerak.

Okeanlar tabiiy geografiyasining asosiy maqsadi geografik qobiqning katta qismini tashkil etgan okeanosferada vududga keladigan umumiy geografik, global qonuniyatlarni, komponentlarning tabiiy geografik farqlanishlarini, akvatoriyaning va okean tubining zonal, vertikal hamda provinsial differensiatsiyalanish qouniyatlarini namoyon bo‘lishini kompleks tadqiq etishdir. K.K.Markov iborasi bilan aytganda okeanlar tabiiy geografiyasining asosiy ilmiy vazifasi okean to‘g‘risidagi bilimlarni sintez qilishdan iboratdir.

Okeanlar tabiiy geografiyasida tabiiy akvatorial komplekslarni har tomonlama mukammal o‘rganish,ularning geografik muhitini himoya qilish, okeanlarda ekologik muvozanatni saqlash, Dunyo okeani resurslaridan maqsadga muvofiq foydalanish, biomassalarning hosildorligini oshirish, okean havo massalarining materiklarga ko‘rsatadigan ta’sirini tahlil vash ular asosida tabiiy geografik bashoratlar berish kabi vazifalar ko‘zda tutilgan.



O.K.Leontevning fikriga ko‘ra okeanlar tabiiy geografiyasi fan sifatida endigina shakllanib va rivojlanib kelayotgan yosh Fan hisoblanadi. Dunyo okeanini kompleks tadqiq etish geograflarning asosiy vazifasiga kiradi. Okeanlar tabiiy geografiyasisiz geografiya fani o‘zining sayyoraviy, global miqyosdagi harakteriga ega bo‘la olmaydi. Binobarin, okeanlar tabiiy geografiyasining asosiy maqsadi okeanshunoslar erishgan yutuqlardan keng foydalanib, okean va dengizlarni kompleks tadqiq etishning geografik asoslarini ishlab chiqish, akvatorial landshaftlar tizimini turli miqyosda haritalashtirish, har xil maqsadlar uchun tabiiy geografik raYonlashtirish, ekologik o‘zgarishlar to‘g‘risida bashoratlar berish kabilardan iborat.

Dunyo okeani tushunchasi. Dunyo okeani deb Yerning materik va orollarini o‘rab turgan payonsiz suv qobig‘iga aytiladi. Okean tushunchasi yunonchadan tarjima qilinganda Yerni aylanib oqadigan azim daryo degan ma’noni bildiradi. Dune okeani Yerni suv qobig‘i bo‘lib, o‘zining fizik va kimyoviy xususiyatlari, suvining kimyoviy tarkibi, sayyora bo‘yicha akvatoriyasining tutashganligi jihatidan geografik qobiq va landshaft sferasining bir butun tabiiy geografik tizimini tashkil etadi. Dunyo okeani geografik qobiqda takrorlanmas tabiiy geografik hosila bo‘lib, u o‘ziga xos moda va energiya almashinish, fizik va kimyoviy, vertikal va gorizontal differensiatsiyalanish xususiyatlari bilan materiklardan farq qiladi.

Maydonining kattaligi. Sayyoramizning 361 mln. km3 maydoni yoki 70,8% qismi okean suvi bilan qoplangan. Dune okeanining umumiy suv hajmi 1370 mln. km3, o‘rtacha chuqurligi 3795 m. okean suvi Yer yuzid natekis taqsimlangan. Uning katta qismi ekvatordan janubda, kamroq qismi esa shimolda joylashgan. Okean akvatoriyasi Shimoliy yarim sharning 61% ini, Janubiy yarim sharning 81% ini egallab olgan. Lekin ochiq va ichki dengizlar qo‘ltiqlar Janubiy yarim sharda ko‘p tarqalgan. 810 sh.k. dan shimolda va 560 bilan 650 j.k.lar o‘rtasida okean suvi Yer kurrasini uzluksiz halqa shaklida o‘rab olgan. Suv va quruqlik maydonining ko‘pligiga qarab Yer yuzasi Okean yarim shari va Materik yarim shariga bo‘linadi. Gidrosferaning nihoyatda katta qismi bo‘lgan okeanosfera atmosfera va yer po‘sti bilan o‘zaro uzluksiz aloqada. Shuning uchun Denyo okeanining ko‘pgina xususiyatlari atmosfera va yer po‘stiga bog‘liq.
Dunyo okeani tagining geologik tuzilishi va relefi.
Okean tagi yer po‘stining tuzilishi. Dunyo okeani tagi suv sathidan turli xil chuqurlikda joylashgan. Uning yuzasi relefining va yer po‘stining tuzilishiga ko‘ra bir-biridan keskin farq qiladigan global morfostrukturalardan – suvosti materik chekkasi, o‘tkinchi zona, okean lojesi va o‘rtalik okean tizmalaridan tarkib topgan. Ularning har biri okean tagidagi yer po‘stining alohida-alohida tiplariga to‘g‘ri keladi. Jumladan, materikning suvosti chekkasi yer po‘stining materik tipiga, okean lojesi okeanik tipga, o‘rtalik okean tizmalari riftogenal tipga va o‘tkinchi zona geosinklinal tipga mansub. Okean tagi yirik relef shakllarining vujudga kelishida yer po‘stining vertikal va gorintal harakatlari asosiy rol o‘ynagan.

Dunyo okeani tagi global morfostrukturalar o‘znavbatida ikkinchi darajali megamorfostrukturalarga bo‘linadi. Materikning suvosti chekkasi materik sayozligi yoki shelf, materik yon bag‘ri va materik etagidan iborat. O‘tkinchi zona cheka dengiz botiqlari, orollar yoy iva chuqur suv tagi cho‘kmalariga bo‘linadi. Okean lojesi okean botiqlaridan va okean ko‘tarilmalaridan tashkil topgan. O‘rtalik okean tizmalari riftli va tomonli zonalarga bo‘linadi.

Okean tagi yer po‘stining materik tipi okean tipiga nisbatan keng tarqalgan va o‘rtacha qalinligi 35 km ni tashkil etadi. Uning yuqori qatlami cho‘kindi jinslardan, quyi qismi granitli va bazaltli qatlamlardan iborat. Okean lojesi tagidagi yer po‘sti okeanik po‘st deb atalib, uning qalinligi taxminan 7 km ga teng. Okeanik yer po‘stining yuqori 1 km qalinlikdagi qismi cho‘kindi qatlamdan, undan pastda qalinligi 1 km atrofida bo‘lgan zichroq jinsli ikkinchi qatlamdan va eng pastda qalinligi 5 km ga teng bo‘lgan bazalt qatlamidan tuzilgan.

Materiklarning suvosti chekkalari. Shelf. Okean va dengizlar tagining nisbatan sayoz, tekislangan va qirg‘oqqa tutash bo‘lgan qismi shelf yoki materik sayozligi deb ataladi. Uning chuqurligi asosan 0 dan 200 m gacha bo‘lib, maydoni 31 mln. km2 dan ko‘proq yoki Dunyo okeani tagining 7 % maydonini egallaydi. Materik sayozligi deyarli gorizontal qiyalik bo‘lib, relefida do‘nglar, botiqlar, suvosti vodiylari, qadimgi materik muzliklarining izlari, silliqlangan qoyali toshlar, chekka morenalar ko‘p uchraydi. Shelfda qadimgi kontinental yotqiziqlar ham keng tarqalgan. Bu shundan dalolat beradiki, shelf yaqin vaqtlarga qadar quruqlik bo‘lgan. Materik muzliklarining erishi natijasida Dunyo okeanining sathining ko‘tarilishi dengiz sohilidagi quruqliklarni suv bosishiga sabab bo‘lgan.

Materik sayozligida relef hosil qiluvchi zamonaviy omillardan biri dengiz suvining ko‘tarilishi va qaytishidir. Ekvatorial va tropik dengizlari shelfida bundan tashqari turli xil relef shakllarini vujudga kelishida marjon poliplari va ohakli suvo‘tlari faol ishtirok etadi.



Materik yon bag‘ri. Shelfdan farqli ravishda materik yon bag‘rida okean tagining qiyaligi keskin orta boradi. Uning o‘rtacha qiyaligi 4º-6º atrofida, ba’zi joylarda 15º, 30º dan ham oshadi. Materik yon bag‘ri 200 m dan 3000-3500 m chuqurlikkacha bo‘lgan okean tagini o‘z ichiga oladi. Dunyo okeanida uning maydoni 24,5mln km2 ni tashkil etadi. Materik yon bag‘rining relef xususiyatlaridan biri vodiysimon suv osti kanonlari bilan parchalanganligidir. Bu yerda gravitatsion jarayonlar ancha faol bo‘lib, cho‘kindi materiallar shelfdan yon bag‘irlab yoppasiga asta-sekin sirg‘anib tushish jarayoni doimiy ravishda yuz berib turadi.

Materik yon bag‘rining vujudga kelishi ko‘pincha bu zonada yorqin sodir bo‘ladigan uzilma tektonika bilan uzviy bog‘liq. Vaholanki, materiklar uchun yer po‘stining ko‘tarilma vertikal harakatlari, okean lojesi uchun esa aksincha, yer po‘stining bukilish harakatlari harakterli. Yon bag‘irning ba’zi uchastkalarida pog‘onali uzilmalar taraqqiy etgan. Yuzasi katta kenglikka ega bo‘lgan pog‘onalar chekka polatolar deb ataladi. Materik yon bag‘rining pog‘onali uzilma relef shakllari Atlantika okeanining Patagoniya shelfi uchun harakterli. Materik yon bag‘rida monoklinal strukturalar yaxshi rivoj topgan.



Materik etagi. Materik etagi materik yon bag‘ri bilan okean lojesi, ayrim joylarda o‘tkinchi zona oralig‘ida joylashgan. Geomorfologik strukturasi asosan to‘lqinsimon qiya tekislik va past-baland tekisliklardan iborat. Maydoni 25,9 mln. km2. Geologik tuzilishiga ko‘ra yer po‘stining okean tagidagi qismi bilan materik qismi qo‘shilgan joydagi chuqur bukilmadan iborat bo‘lib, qalin cho‘kindi jinslar bilan qoplangan. Cho‘kindi jinslar asosan okean va dengizlarga kelib quyiladigan daryolarning loyqa oqiziqlaridan hosil bo‘ladi. Bunga Hind, Gang, Kongo, Missisipi daryolarining dengiz tagidagi keng suvosti vodiylari va mayda zarrachalardan tashkil topgan yoyilmalari misol bo‘la oladi. Buntan tashqari cho‘kindi jinslarning katta qismi suv qatlamidan ham cho‘kadi. Materik etagida suvosti abissal oqimlari harakat qilib, okean tagiga yaqin qatlamda suv massalarini vujudga keltiradi, chukindi jinslarni harakatga keltiradi, materik etagi va okean tagidagi cho‘kindilarni aralashtirib akkumulyativ relef shakllarini hosil qiladi. Bular cho‘kindi tizmalar deb ataladi.

O‘tkinchi zona. O‘tkinchi yoki oraliq zona Dunyo okeanining alp geosinklinal mintaqasi uchun harakterli. Atlantika va Hind okeanlarining ko‘pchilik cheka qismlarida, Shimoliy Muz okeanining hamma joyida materiklarning suv osti qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkinchi zonasiz okean lojesi bilan tutashgan. Tinch okeanning cheka qismlarida, Hind okeanining shimoli-sharqiy chekkasida, Atlantika okeanining Karib dengizida materiklarning suv osti chekkasi bilan okean lojesi oralig‘ida g‘oyat murakkab geosinklinal tizim vujudga kelgan. Bu tizim polosasi o‘tkinchi yoki oraliq zonadir. Uning maydoni 30,6 ml. km2 ga teng. Oraliq zona chuqurligi 4000-5000 m gacha bo‘lgan botiqlar, yoysimon tizilgan orollar va chuqur suv osti cho‘kmalari kabi relef shakllaridan iborat.

Orollar yoyi suv osti tog‘ tizmalari bo‘lib, ularning aksariyati kelib chiqishiga ko‘ra vulkanik tog‘ orollaridir. Harakatdagi vulkanlarning 70 % orollar yoyida joylashgan. Kuril orollar yoyi bunga yaqqol misoldir. Buntan tashqari Dunyo okeanida Aleut, Yapon, Filippin, Antil va boshqa orollar yoyi ham mavjud. Oraliq zonaning chuqur suv osti cho‘kmalari juda tor, lekin minglab kilometr masofaga cho‘zilgan. Bular Aleut, Kuril-Kamchatka, Marianna, Kermadek, Peru, Chili kabi cho‘kmalardir. Dunyo okeanining eng chuqur nuqtalari ana shu cho‘kmalarda joylashgan. Masalan, Marianna cho‘kmasining chuqurligi 11022 m, Tonganiki 10882 m, Filippinniki 10265 m, Karmadekniki 10047 m. Bu zona yer po‘stining alohida geosinklinal tipini tashkil etadi.



Okean lojesi. Dunyo okeani tagi relefi va geologik strukturasining asosiy qismini 3000 m chuqurlik bilan 6000 m chuqurlik orasida joylashgan okean lojesi tashkil etadi. Maydoni 195 mln. km2 yoki Dunyo okeani tagining 50 % dan ko‘proq maydonini egallaydi. Okean lojesi relefi va tektonik strukturasi okean botiqlari va ularni ajratib turgan okean ko‘tarilmalaridan iborat. Uning katta qismi o‘rtacha chuo‘urligi 5000 m atrofida bo‘lgan botiqlar bilan band. Bular Tinch okeandagi Shimoli-Sharqiy, G‘arbiy va Janubiy botiqlar, Atlantika okeanidagi Shimoliy Amerika, Braziliya va Kongo botiqlari, Hind okeanidagi Markaziy va G‘arbiy Avstraliya botiqlari, Shimoliy Muz okeanidagi Amundsen, Nansen va Kanada botiqlaridir. Botiqlar yuzasi past-baland abissal tipdagi relef shakllaridan, yassi va qiya abissal tekisliklardan tashkil topgan.

Okean lojesidagi ko‘tarilmalar morfologik jihatdan tizmalarga (okean o‘rtasidagi suv osti tog‘ tizmalari bundan mustasno), balandliklarga va platolarga bo‘linadi. Bunday morfoloik strukturalarga Tinch Okeandagi Gavay tizma tog‘i, Shatskiy balandligi, Manikixi platosi, Atlantika okeanidagi Bermud platosi misol bo‘la oladi.



O‘rtalik okean tog‘ tizmalari. Okean o‘rtasidagi suv osti tog‘ tizmalari Dunyo okeani tagidagi global morfostrukturaning to‘rtinchi yirik relef shakli bo‘lib, maydoni 55 mln km2 ni tashkil etadi. O‘rtalik okean tog‘ tizmalari barcha okeanlarni boshidan oxirigacha kesib o‘tgan. Umumiy uzunligi 60000 km dan va eng keng joylari 1000 km dan ziyod.

Ulkan sayyoraviy tizim Shimoliy Muz okeanida Lomonosov suv osti tog‘ tizmasidan boshlanib, Atlantika okeanida Shimoliy Atlantika va Janubiy Atlantika tizma tog‘lari nomi bilan davom etadi. Undan janubda joylashgan Afrika-Antarktika tizmasi Afrikaning janubiy suv osti qismini aylanib o‘tib Hind okeanida G‘arbiy Hind suv osti tizmasi bilan davom etadi. Hind okeanining markaziy qsmida o‘rtalik okean tog‘ tizmasi uch tarmoqqa bo‘linadi: birinchisi, yuqorida aytilgan G‘arbiy Hind tizmasi, ikkinchisi undan shimolga qarab cho‘zilgan Arabiston-Hind tizmasi va uchinchisi janubi-sharqqa yo‘nalgan Markaziy Hind tizmasidir. Oxirgi tizma Amsterdam platosigacha davom etib, platoda o‘tgandan keyin yo‘nalishini o‘zgartiradi va Tinch okeangacha Avstraliya-Antarktika ko‘tarilmasi nomi bilan cho‘zilib boradi. Tinch okeanda bu ko‘tarilma Janubiy Tinch okean va Sharqiy Tinch okean ko‘tarilmalari bilan almashinadi. O‘rtalik tizmalar asosan manityaga yaqin qattiq jinslardan tarkib topgan.

O‘rtalik okean tog‘ tizmalari Yer yuzidagi eng yirik tizim bo‘lib, unga teng keladigani materiklarda uchramaydi. Tizmalarning o‘q qismi uchun riftli struktura harakterli. Rift tizmalari ko‘plab tektonik yoriqlar bilan parchalangan. Bu yoriqlarda uzun cho‘kmalar, yoki rift vodiylari vujudga kelgan. Ular tizmalarni ko‘ndalang kesib o‘tib ko‘ndalang yoriq zonalarini hosil qiladi. O‘rtalik okean tizmalari uchun intensiv vulkanizm va kuchli seysmik harakatlar ham harakterli. Shuning uchun riftlarda yirik vulkan massivlari ko‘p uchraydi. Vulkanizm rivojlangan joylarda lavali platolar, vulkanik orollar keng tarqalgan. Atlantika okeanidagi Islandiya, Azor platosi, Tristan-da-Kunya va Gof orollari ana shunday raYonlardan hisoblanadi.

Okean tagi yotqiziqlari. Okean tagi yotqiziqlari mayda qattiq ma’danli zarrachalarning suv ostiga cho‘kishidan hosil bo‘lgan turli qalinlikdagi g‘ovak qatlamdir. Ular kelib chiqishiga ko‘ra terrigen, biogen, vulkanogen, poligen va xemogen yotqiziqlarga bo‘linadi.

Terrigen yotqiziqlar materiklarning suv ostidagi chekkalarida, okean lojesining materik etagi bilan tutashgan qismida, chuqur suv osti cho‘kmalarida keng tarqalgan. Ularning asosiy qismi materiklardan Dunyo okeaniga mayda zarrachalar shaklida daryo oqimi, shamol, qirg‘oq muzlari, aysberglar va qirg‘oq abraziyasi yordamida kelib tushadi. Terrigen yotqiziqlarning qalinligi materik yon bag‘rida bir necha metrdan materik etagiga yaqin bo‘lgan zonalarda 2000-3000 m gacha boradi.

Biogen yotqiziqlar ohakli va kremniyli cho‘kindilardan tashkil topgan. Ular Dunyo okeanining ekvatorial, subekvatorial, tropik, subtropik va mo‘’tadil kenglik mintaqalarida ko‘poq tarqalgan. Ohakli yotqiziqlar okean lojesida foraminifera va kokkolit –foraminifera cho‘kindilaridan, sayoz joylarda chig‘anoq va marjon cho‘kindilaridan iborat. Kremniyli yotqiziqlar radiolyariya va diatom cho‘kindilaridan tashkil topgan.

Suv osti vulkanizmi rivojlangan zonalarda va vulkan massivlariga yaqin bo‘lgan joylarda vulkanogen yotqiziqlar shakllangan. Vulkanik yotqiziqlar tarkibida okean yer po‘stining katta chuqurliklariga xos bo‘lgan ma’danlar va vulkanik shishalar ko‘pchilikni tashkil etadi. Vulkanogen yotqiziqlar orasida palagonik cho‘kindilar alohida o‘rin tutadi.

Poligen yotqiziqlar Dunyo okeanining 4500-5000 m va undan ham chuqur botiqlarida uchraydi. Bu yotqiziqlar chuqur suv qizil gillaridan tashkil topgan. Qizil gillar tarkibida doimiy ravishda kremniyli biogen qoldiqlar ishtirok etadi. Dengiz suvlarida va okean tagida kimyoviy jarayonlar natijasida kimyoviy cho‘kindilar hosil bo‘ladi. Ular xemogen yotqiziqlar deb ataladi. Bulardan tashqari okean tagi yotqiziqlarining hosil bo‘lishida kosmik changlar ham ishtirok etadi. Dunyo okeani tagining 150 mln. km2 maydoni karbonatli yotqiziqlar, 110 mln. km2 maydoni chuqur suv qizil gillari va 60 mln. km2 maydoni kremniyli gillar bilan band
Okean suvining xususiyatlari (sho‘rligi, suv balansi, harorati, massasi, sirkulyatsiyasi va to’lqin harakatlari).

Sho’rligi. Dunyo okeani suvlari nihoyat darajada murakkab kimyoviy eritma hisoblanadi. Ularning tarkibi 60 dan ortiq xilma-xil kimyoviy komponentlardan iborat. Shu boisdan okean suvlari sayyoramizdagi boshqa suvlardan o‘zining o‘ta sho‘rlik xususiyati bilan farq qiladi. Sho‘rlik deb 1 kg dengiz suvi tarkibida mavjud bo‘lgan erigan barcha qattiq moddalarning promilleda (‰) ifodalanishiga aytiladi. Okean suvining o‘rtacha sho‘rligi okean yuzasida 32 ‰ dan 37 ‰ gacha, okean tagiga yachqin qatlamda 34‰ dan 35‰ gacha o‘zgaradi. Lekin ichki dengizlarda suvning sho‘rligi turli xil omillarning ta’siriga ko‘ra o‘rtacha sho‘rlikdan ancha farq qiladi. Masalan, suvning sho‘rligi Qora dengizda 17-18 ‰, Qizil dengizda 40 ‰, Baltika dengizida 7-8 ‰ ni tashkil etadi.



Dunyo okeani suv balansi. Dunyo okeanatmosferaga va materiklar yuzasiga nam tarqatuvchi asosiy manbadir. Okean yuzasidan bug‘lanadigan namlik, yog‘in suvlari va materiklardan oqib tushadigan suvlar Dunyo okeanining suv balansini tashkil etadi. Ana shu suvlarning miqdoriy nisbati turli kengliklarda turlicha bo‘lib, okean suvining sho‘rlik darajasini ham belgilaydi.

Dunyo okeani yuzasidan har yili o‘rtacha 505 ming km3 suv bug‘lanadi. Bu suv qatlamining 1395 mm qalinligiga to‘g‘ri keladi. Eng ko‘p bug‘lanish tropik kengliklarda sodir bo‘lib 2000 mm dan oshadi. Ekvatorial zonada 1000-1500 mm atrofida, qutbyoni zonalarida 600-500 mm gacha kamayadi. Okean yuzasiga yiliga o‘rtacha 458 ming km3 yog‘in tushadi. Bu suv qatlamining 1267 mm qalinligiga teng. Maksimal yog‘in miqdori ekvatorial zonada 3000 mm, ba’zi joylarda 4000 mm dan ham oshadi, tropik mintaqalarda, ayniqsa Tinch va Atlantika okeanlarining sharqiy qismlarida 100-50 mm dacha kamayadi. Materiklardan Dunyo okeaniga yiliga 47000 km3 daryo suvi yoki 128 mm qalinlikdagi suv kelib qo‘shiladi. Shunday qilib Dunyo okeani suv sathi suvning katta aylanma harakati tufayli o‘z muvozanatini saqlab kelmoqda. O.K. Leontevning ma’lumotiga ko‘ra Dunyo okeani suv sathi so‘nggi 60 yil ichida har yili o‘rtacha 1,5 mm ga ko‘tarilmoqda. Bu okean suvining chiqimiga nisbatan kirimining ko‘pligiga bog‘liq.



Okean suvining harorati. Dunyo okeani issiqlikning juda katta akkumulyatori hisoblanadi. Uning yuza qatlami Quyoshdan keladigan energiyaning 99,6 % ini yutish qobiliyatiga ega, materiklarda esa bu ko‘rsatkich 55-65 % ni tashkil etadi. Okean yuzasidagi suvlarning o‘rtacha yillik harorati 17,5 ºS ga, okean ustidagi havo harorati esa 14,4ºS ga teng. Okeanlar ichida eng ilig‘i Tinch okean (o‘rtacha harorat 19,4 ºS), eng sovug‘i Shimoliy Muz okeani (o‘rtacha harorat -0,75 ºS).

Shimoliy yarim sharda materiklarning ta’siri tufayli suvning harorati janubiy yarim shardagiga nisbatan balandroq. Shuning uchun termik ekvator ham ekvatordan shimolda joylashgan. Bu yerda o‘rtacha yillik harorat 28 ºS ga, ichki tropik dengizlarda esa 32 ºS ga teng. Ekvatordan qutblarga borgan sari suvning harorati asta-sekin pasayib boradi. Qutbiy o‘lkalarda harorat 0 ºS dan ham pastga tushadi. Xudi shunday okean yuzasidan chuqurlashgan sari ham harorati pasayib boradi. Okean tagiga yaqin suv qatlamida harorat 1,4 ºS, 1,8 ºS ni tashkil etadi. Arktikayoni va antarktikayoni suvlari tagida -0,2 ºS, -1,3 ºS ni tashkil etadi.



Dunyo okeani suvlari sirkulyatsiyasi. Okeanning 150-200 m chuqurlikkacha bo‘lgan yuza qismida okean suvlari doimiy esadigan shamollar ta’sirida sirkulyatsiya qiladi. Bunday jarayon Dunyo okeanida suv harakatlarining eng muhim shakllaridan biri bo‘lgan doimiy yuza oqimlarini vujudga keltiradi. Ular hosil bo‘lishiga ko‘ra friksiya, quyilma, haydama, kompensatsiya va zichlik oqimlariga bo‘linadi. Friksiya oqimlaridan eng asosiysi doimiy esadigan shamollar ta’sirida hosil bo‘lgan dreyf oqimlaridir.

Dunyo okeanidagi barcha oqimlar muayyan qonuniyatlarga bo‘ysungan holda harakat qiladi. Jumladan, okeanlarda ekvatorning har ikala tomonida doimiy esib turadigan passat shamollar ta’sirida paydo bo‘lgan Passat oqimlari sharqdan g‘arbga tomon harakat qiladi. Ular Koriolis qonuniga binoan Shimoliy yarim sharda o‘ngga, Janubiy yarim sharda chapga buriladi.

Atlantika va Tinch okeanlarida Shimoliy va Janubiy Passat oqimlari o‘rtasida g‘arbdan sharqqa qarab harakat qiladigan Ekvatorial qarshi oqim vujudga kelgan. Janubiy yarim sharning o‘rtacha geografik kengliklarida doimiy shamollar yordamida hosil bo‘lgan G‘arbiy shamollar oqimi g‘arbdan sharqqa qarab oqadi. Mussonli o‘lkalarda yuza oqimlar mavsumga qarab o‘zgarib turadi.

Okeanlarda dengiz oqimlari halqalar hosil qiladi. Eng katta halqalar ekvator bilan 40-parallellar orasida vujudga keladi. Shimoliy yarim shardagi halqalarda suv soat strelkasi yo‘nalishiga teskari, janubiy yarim shardagi halqalarda esa soat strelkasi yo‘nalishi bo‘yicha harakat qiladi. Shunday qilib yuza oqimlar okean frontlari yoki gidrologik frontlar bilan bir-biridan ajralib turgan siklonal va antitsiklonal harakterga ega bo‘lgan halqalar tizimini hosil qiladi. Halqalar tizimi shimoldan janubga qarab bir-biri bilan almashinadi.

Dengiz oqimlari suvining haroratiga ko‘ra iliq va sovuq oqimlarga bo‘linadi. Iliq oqimlar guruhiga Golfstrim, Shimoliy Atlantika, Braziliya, Shimoliy Tinch okean, Kuro Sivo, Sharqiy Avstraliya va Passat oqimlari kiradi. Sovuq oqimlar guruhiga G‘arbiy Shamollar, Peru, Kaliforniya, Kuril, Bengal, Kanar oqimlari kiradi. Ular iqlimning shakllanishiga nihoyatda kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Dengiz oqimlarining ayrim joylarida tutashish zonalari, ayrim joylarida tarmoqlanish zonalari vujudga keladi. Oqimlarning tutashishi konvergensiya, tarmoqlanishi divergensiya deb ataladi.

Okean suvining to‘lqin harakatlari va ko‘tarilishlari. Dunyo okeanida suv massalarining gorizontal va vertikal harakatlaridan tashqari shamol, zilzila, suv ko‘tarilishi va qaytishi natijasida yuzaga keladigan to‘lqin harakatlari ham bo‘ladi. Shamol to‘lqinlari suvning 50-60 m chuqurlikkacha bo‘lgan yuza qatlamida ro‘y beradi. To‘lqinlarning balandligi shamol tezligiga bog‘liq. Ularning balandligi mo‘’tadil mintaqa shamollarida 1-3 m ga, kuchliroq shamollarda 6-10 m ga, eng kuchli shamollarda 20-30 m gacha yetadi. Eng kuchli to‘lqinlar xzilzila paytida ham vujudga keladi. Bular sunami deb ataladigan seysmik to‘lqinlar bo‘lib, ularning uzunligi yuzlab kilometrni, tarqalish tezligi soatiga 700-800 km ni, balandligi 20-30 km ni tashkil etadi.

Dunyo okeanining gidrodinamikasi va gidrologik rejimida suv sathining davriy ravishda ko‘tarilib va pasayib turishi muhim rol o‘ynaydi. Oy va Quyoshning tortishish kuchi oqibatida okean yuzasida suvning yarim sutkalik va sutkalik ko‘tarilishlari sodir bo‘ladi. Ayniqsa yarim sutkalik suv ko‘tarilishlari ko‘p takrorlanadi. Ularning balandligi hamma akvatoriyada bir xil emas. Ochiq okean yuzasida suv ko‘tarilishlarining balandligi 1 m dan oshmaydi, qirg‘oqlarda 3-6 m ga yetadi. Eng katta suv ko‘tarilishlari okean qo‘ltiqlarida va chekka dengizlarda kuzatiladi. Suvning ko‘tarilishi Kanadaning Atlantika sohilidagi Fandi qo‘ltig‘ida 18 m, Shimoli-Sharqiy Osiyoning Oxota dengizidagi Penjina ko‘rfazida 12,9 m, Oq dengizning Mezen ko‘rfazida 10 m bo‘lgani aniqlangan.



Suv massalari. Okean suvlari qalinligida dinamik jarayonlar natijasida ko‘proq yoki kamroq harakat qiladigan suv qatlamlari hosil bo‘ladi. Bular suv massalaridir. Suv massalari deb o‘ziga xos maydon va chuqurlik bilan o‘lchanadigan, muayyan tabiiy geografik sharoitda dinamik jarayonlar natijasida shakllangan, fizik-kimyoviy va biologik xususiyatlari nisbatan bir xil bo‘lgan suv hajmiga aytiladi. Suv massalari va ularning turlarini hosil qiladigan asosiy omillar okean akvatorial o‘lkasining issiqlik, chuqurlik va suv balansi kabilardir. Shuning uchun harorat, sho‘rlik, harakat va chuqurlik ko‘rsatkichlari suv massalarini sifat va miqdor jihatdan ta’riflashda asos bo‘lib xizmat qiladi.

Dunyo okeanining vertikal strukturasida yuza (200-250 m chuqurlikkacha), oraliq (2000 m chuqurlikkacha), chuqur (4000 m chuqurlikkacha) va okean tagi (4000 m dan chuqur) suv massalari ajratiladi. Ular o‘znavbatida turlarga bo‘linadi. Masadan, yuza suv massalari tabiiy sharoitning zonal o‘zgarishlariga ko‘ra ekvatorial, tropik, subarktika, antarktika va arktika kabi turlarga bo‘linadi.


Download 88.7 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling