Omonulla madayev ozbek xalq og'zaki ijodi


ERGASH JUMANBULBUL O‘G‘LI


Download 442.51 Kb.
bet35/43
Sana16.01.2023
Hajmi442.51 Kb.
#1094614
1   ...   31   32   33   34   35   36   37   38   ...   43
Bog'liq
O\'zbek xalq og\'zaki ijodi. Madayev O

ERGASH JUMANBULBUL O‘G‘LI
Ergash Jumanbulbul o‘g‘li deganda “Ravshan”, “Kuntug‘mish” dostonlari ko‘z oldimizga keladi. Baxshilar “Ravshan”ni Ergashning otasi Jumanbulbul uch marta haydagan dostoni deb atashgan ekan. Ergash mana shunday mashhur oilada 1868 yilda dunyoga keldi. Shu hududda yashagan Sulton kampir, buvisi Tilla kampirdan toitib, bobosi Mulla Xolmurod, otasi Jumanbulbulgacha doston aytishgan, o‘ziga xos termalar ijod qilishgan. Bu oila Nurota tumanidagi Qo‘rg‘on qishlog‘ida istiqomat qilgan. Folklorshunoslikda Qo‘rg‘on dostonchilik maktabi deb nomlanishda qishloq nomidan ko‘ra Jumanbulbul oilasi xizmati ko‘proq edi. Ustoz Hodi Zarifov Ergash Jumanbulbul haqidagi mashhur “Ulkan xalq san’atkori” maqolasida Qulsamat baxshining onasi Sulton kampiming hayotidagi ibratli voqeani eslaydi: Qozoq oqini yig‘indagi shoirlami yengganida bir o'zbek baxshisi “Sen bizning Sulton kampir bilan teng ekansan”, - deydi. Oqin Sulton kampimi chelak ko‘tarib kelayotganida izlab topadi va unga savol beradi:
Sendan savol so‘rayman, turgan zayip, O‘si turgan tovlaring necha jasar?
Shunda Sulton kampir:
Xudoyimning ishin ko‘r, Falakning gardishin ko‘r, Men bilmayman yoshini, Og'zin ochib tishin ko‘r,
degan ekan. Ustoz bu voqeaning hayotda ro‘y bergan-bermaganidan qat’i nazar unda Qo‘rg‘on dostonchiligi vakilidagi ijodiy salohiyat qanchalar kuchli ekani namoyon bo‘lishini ta’kidlaydi.
Ergash Jumanbulbul o‘g‘li yoshligidan ijodkor muhitda tarbiyalandi, baxshilardan doston aytish sirlarini o‘rgandi. Bizga noma’lum sabablarga ko‘ra shoiming otasi ko‘rgan farzandlar Jumanbulbul ellik yoshdan o'tgandan keyin tug'ilishgan. Abduxalil, Abdujalil, Mahkamoy ismli ukalari uzoq yashamaganlar.
Jumanbulbul katta o‘g‘li Ergashdagi aqliy kamolotni his qilib, uni yetti yoshida qishloq maktabiga beradi. 17 yoshida esa Buxorodagi madrasalardan birida o‘qitadi. Natijada, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li o‘nlab xalq baxshilari orasida o‘qishni va yozishni mukammal biladigan, Navoiy, Fuzuliy ijodidan boxabar yagona ijodkor sifatida yetiladi.
Ergash Jumanbulbul o‘g‘li folklorshunos olimlarga o‘tgan asming 20-yillaridan ma’lum bo‘ldi. Undan Hodi Zarif, G‘ozi Olim Yunusov, Muhammad Iso Emazar o‘g‘li kabi olim va ziyolilar 33 nomdagi asar- lami yozib olishgan. Baxshi haqidagi maqolalar soni esa 200 ga yaqin. 0‘zbek bahshilaridan birontasi Ergash shoirdek 5 jildlik asarlar to‘p- lamini nashr qilishga musharraf bo‘lgan emas. O‘zbek xalqi tarixidagi yorqin sahifalar aks etgan “Oysuluv” dostoni ham Ergash Jumanbulbul og‘zidan ertak holida yozib olingan.
Ergash shoiming mashaqqatli hayoti Qo‘rg‘on qishlog‘ida yashagan hamqishloqlarinikidan o‘zgacha emas edi. “Kunlarim” termasidagi uyla- nish va otasi o'lganidan keyin qarz evaziga butun bor-yo‘g‘idan ajralishi tarixini eslang. Uning ustiga ukalari va singlisining vafot etishi baxshiga ruhiy ta’sir qildi. Ergash Jumanbulbul o‘g‘li ukasi Abduxalil o‘limi bilan bog‘liq yig'isida shunday deydi:
Emrandi tanimda jonim,
Xazonda bo‘ldi gulistonim, Yig‘lashib yor-yoronim, Bemahal qurib bo‘stonim, Qo‘ldan uchdi bo‘z tarlonim, Eshitinglar qadrdonim, Yolg'iz inim, suyanganim, Shunqorimdan judo bo'ldim.
To‘g‘ri, 20 yoshga kirgan Abduxalil vafot etganida baxshi 30 yoshda edi. Hayot tajribasiga ega bo‘lganiga qaramay navqiron inidan ajralish shoirga o‘z kasrini o'tkazmasligi mumkin emas edi.
Turmush tashvishlari baxshidan tinimsiz mehnat qilishni talab qilar edi. Samarqand, Zarafshon atrofida qishin-yozin tirikchilik dardida doston, termalar aytish bilan band bo‘ldi. Ammo iymonini yo‘qotmadi, davlat- mandlarga qulluq qilib yashamadi. Otasi Jumanbulbulga munosib farzand bo‘ldi. Ustoz Hodi Zarif xotirasiga ko‘ra (Hodi Zarif baxshi Ergash Jumanbulbul bilan juda yaqin aloqada bo‘lgan. Haftalar davomida birga yashashgan. Ehtimol, shu sababdan baxshi otasi hayotidagi nozik voqea tafsilotlarini Hodi Zarifovga aytib bergan) Miltiqboy ismli bir zolim amal- dor Jumanbulbulga duch kelib o‘zini ta’riflashni so‘rabdi. Maqtov evaziga qorabayir otini mukofotga berishini ham aytibdi. Shunda Jumanbulbul:
Agar tuya bolganda jo‘n bo'laring, Otdan keyin eshakman teng bo‘laring. Qantar og‘may xarish bo‘p ag‘nab yotib, Qarg‘a bilan quzg‘unga yem bo'laring
Agar yilqi bo'lganda o‘tmas eding,
Bahong qirq besh-ellikka yetmas eding, Har kim olsa, o‘zingni, aynib berib, Chir aylanib ovuldan ketmas eding86 - degan ekan.
Ergash shoir otasidagi haqgo‘ylikdan g'ururlangan, faxrlangan. Shu- ning uchun el orasidagi hurmatini yuqori darajada saqlash baxti hayoti­dagi aziz tushuncha hisoblangan.
Ergash shoir Buxoro madrasalarida Alisher Navoiy, Fuzuliy, Mashrab ijodi bilan yaqindan tanishdi. Bu fazilat, shubhasiz, baxshiga ijro etilajak dostonlar kompozitsiyasi, syujetining badiiy mukammal ish- lanilishida foyda berdi. “Ravshan”, “Kuntug‘mish” dostonlari “uch marta haydalgan”ligi bilan ajralsa, “Alpomish”, “Qunduz bilan Yulduz”, “Dalli”, “Xush keldi”, “Avazxon”, “Hasanxon”lar zaminini o‘z mahorati bilan haydashga urindi. Folklorshunoslar Ergash shoir ijrosidagi asarlar- ning puxta ekanligini alohida ta’kidlaydilar. Shoir dostonlaridan biron lavhani olish ham, unga qo‘shish ham mumkin emas. Ma’lum bo'ladiki, har bir ishga ijodiy yondashishga o'rgangan shoir madrasada olgan bilim- larini xalq dostonlari ijrosiga tatbiq etdi va bu janr namunalarining badiiy saviyasini ko'tarishga munosib hissa qo'shdi. Ustoz olim Hodi Zarif bu fikrni tasvir vositalaridan omonim so‘zlami qo'llashdagi shoir mahoratini dalillab quyidagicha ko‘rsatadi: “Shu jihatdan qaraganda biz bilgan o‘z- bek xalq shoirlari orasida so‘zga boy Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining tajnislari diqqatni jalb etadi. Biz uning tajnisli to'rtliklaridan bir nechasini qayd etmoqchimiz:
Tog'ning adiri o'radi, O‘raga qo'ylar o'radi. Uch tol qilib sanamlar, Chochini mayda 0‘radi87.
Ustoz birinchi misradagi “o‘radi” - tog'ning adiri asta ko‘tariladi ma’nosini, ikkinchi misradagi “0‘radi” - oralab yurishni, to‘rtinchi misrada - qizlaming soch o‘rishini anglatishini ta’kidlaydi. Badiiy san’atning bu turi adabiyotshunoslikda “tajnis” deyiladi, ya’ni jinsdosh - bir xil shakldagi omonim so'zlar asosida san’at yaratiladi. Muhimi shundaki, Ergash shoir tajnisli qofiyadan faqat terma yaratishda emas, qulay imkoniyat kelgani zahoti dostonlarda ham foydalangan. Masalan “Ravshan” dostonida Hasanxon Zulxumomi olib kelish safariga otlangan o‘g‘liga nasihat qilishda shunday deydi:
Qo‘lingdan kelgancha chiqar yaxshi ot, Yaxshilik qil bolam, yomonlikni ot. Nasihatim yodingda tut, yolg‘izim, Yolg‘iz yursa, chang chiqarmas, yaxshi ot88.
Ergash shoir butun hayoti davomida o‘z vatanini, ona yurtini sevdi, e’zozladi. U qalbidagi muhabbatni ijro etayotgan dostonlaridagi qahra- monlar xatti-harakatini ko'rsatish orqali ifodaladi. U kuylagan Go‘ro‘g‘li turkumidagi dostonlarida Go‘ro‘g‘li, Yunus pari, Misqol pari, Hasanxon, Avazxon kabilar mardligi, halolligi, to‘g‘riso‘zligi bilan tinglovchilami o'ziga maftun etadi. Odamlar o'zlarining yangi tug‘ilgan farzandlariga niyat qilib, dostondagi ismlami tanlashadi. “Ravshan” dostonida Hasanxon dorga olib kelinayotgan o‘g‘lini shu zahoti qutqarmoqchi bo‘lganida, Jaynoq masxaraboz unga avval Ravshanni sinash kerakligini maslahat qiladi. Hasanxon rozi bo'ladi. Qoraxon podshohning mulozimlari
Ravshanga o‘z yurtidan, Go‘ro‘g‘lidan voz kechsa, Zulxumomi unga berishlarini, shu yurtga - Shirvonga Ravshanni podshoh qilishlarini ayta- dilar. Shunda yosh yigit dor ostida turishiga qaramay:
Sen aytgan odaming, zolim, men emas, Bir nechalar o‘z holini tinglamas, Men o'lmasam, o‘z elimdan kechmayman! Aziz boshing oyog‘imga teng emas'.89
- deb, taklifni rad etadi.
Bunday mazmundagi misralar doston ijro etilayotgan hududlardagi yuzlab mard o‘g‘lonlar tarbiyasiga ta’sir qilgan. Shoir yurt mehri haqida ularga ortiqcha nasihatlar qilmay, yuraklariga ona diyor qimmati naqadar ulug‘ ekanini singdirib qo'ya qoladi.
Professor Hodi Zarifov shoir hayotining so‘nggi davri haqida hikoya qilib, baxshi o‘z yurtiga borib, bir qator qo'lyozmalami topmoqchi bo‘l- ganini, yangi-yangi termalar, dostonlar aytib berishga va’dalar qilganini yozadi. Biroq og‘ir kasallikdan Ergash Jumanbulbul o‘g‘li 1937 yil 12 may kuni 69 yoshda vafot etadi. Zukko baxshidan qolgan badiiy meros bugungi kunda yurtimiz kelajagi uchun xizmat qilmoqda.

Download 442.51 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   31   32   33   34   35   36   37   38   ...   43




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling