|
Oqilxon Ibrohimov Ranglarda sadolangan maqomlar
San'atshunoslik fanlari doktori, professor
|
|
|
|
Kamoliddin Behzod kitob mo`'jaz tasviriy san'atini yuksaltirgan, Hirot miniatyura maktabi dovrug`ini jahonga yoygan musavvir ekanligi yaxshi ma'lum. Shu bilan birga e'tirof joizki, Kamoliddin Behzod, ustozi Mirakk Naqqosh, izdoshlari Qosim Ali, Do`st Muhammad, Mahmud Muzahhib, shuningdek Hirot maktabining ta'siri kuchli bo`lgan Buxoro va Samarqand maktablarining miniatyura asarlari XV-XVI asrlar tasviriy va amaliy bezak san'ati, arxitekturasi va mafkurasi qatorida musiqasini ham o`rganishda muhim manbalardan hisoblanadi. Xususan, tasvirlar asosida o`sha paytda amaliyotda keng qo`llangan musiqiy cholg`ular, ularning turli sharoitlarda hozir bo`lish shakllari, qolaversa muayyan janrlari haqida ham ozmi-ko`pmi ma'lumotga ega bo`lish mumkin. Ushbu maqola doirasida tasvirlarda jilolangan ranglarning mumtoz maqomlarga dahldorligi masalasi mubohasa etiladi. Bunda Hazrat Alisher Navoiyning "Sab'ai sayyor" dostoniga ishlangan miniatyura tasvirlaridan asosiy ma'lumot va dalillar manbai sifatida foydalanishga urinib ko`ramiz.
Ma'lumki, "Sab'ai sayyor" dostoniga asos bo`lgan adabiy mavzu aslida "shon shafqatli podsho, mohir ovchi va ishtparast kishi" sifatida tasvir etilgan Bahrom Go`r xaqidagi afsona va rivoyatlarga borib taqaladi 1. Yozma adabiyotda Bahrom Go`r obrazi ilk bor Abdulqosim Firdavsiyning "Shohnoma"sida aks ettirilgan edi. Sharq mumtoz adabityotida xamsachilik ana'asini boshlab bergan mutafakkir shoir Nizomiy Ganjaviyning "Haft paykar" ("Etti go`zal") dostonida ham ushbu mavzu adabiy jihatdan qayta ishlanib, u etti xikoya voqealari bilan yanada boyitilgan edi 2. Nizomiyning badiiy talqini keyinchalik Xisrav Dehlaviyning "Hasht bihisht"("Sakkiz jannat"), Alisher Navoiyning "Sab'ai sayyor" dostonlarida ijodiy davom ettirildi. Jumladan, hazrat Navoiy asarining bosh qahramoni bo`lgan Bahrom adolatli shoh bo`lishi bilan birga yana chin oshiqlik fazilatlari bilan ham sifatlanadi. Natijada shoh Bahromning go`zal xusn va ahloq sohibi Diloromga bo`lgan muhabbat sarguzashtlari etti sayyor hikoyasi bilan tasavvuf kesimida yanada jonli va ishonarli bog`lanadi. Binobarin, asardan ko`zlangan bosh maqsadni fahmlab olishda unda ishorat tili bilan bayon qilingan ko`plab voqea-hikoyatlar hikmatini anglash, qo`llangan ayrim sanoqli son va ranglarning tilsimini bilish zarurdir. Bu borada eng avvalo dostonning nomidayoq e'lon qilingan, asar davomida esa ochqich yanglig` axamiyatga ega bo`lgan "etti" so`zi e'tborimizni o`ziga tortadi. "Sab'ai sayyor"ni maxsus tadqiq etgan olim Saidbek Hasanovning kuzatuvlaridan ma'lum bo`lishicha, "etti" so`zi turli birikmalar (etti sayyor, etti iqlim, etti rang, haftaning etti kuni, etti osmon va h.) tarzida dostonda jami to`qson marotaba qo`llangan ekan. Ayni paytda doston g`oyasininng markazida ham etti hikoya turishi alohida qayd qilinadi 3. E'tiborli tomoni shundaki, etti hikoya bilan uzviy bog`liq holda yana boshqa "etti"liklarning ham zuhurini ko`ramiz. Bu bog`liklarni quyidagi shaklda shunday ifoda etish mumkin:
Jadvaldan ko`rinib turibdiki,"etti" so`zi atrofida kattayu-kichik sayyoralar, ular bilan bog`lik haftaning muayyan kunlari va turfa ranglar o`zaro mushtarak etilgan. Shu bilan birga ushbu "ettilik "lar zamirida anglashiladigan yana bir "ettilik" holati ham borki uni asarning bosh hoyasini ifoda etuvchi "botiniy musiqasi", deb tavsiflash mumkin. Biz bu o`rinda etti bosqichli nag`ma-tovushlarning eng mukammal uyushmasi va ularga asoslangan musiqa, ya'ni maqom san'atini nazarda tutmoqdamiz.
|
Avvalambor eslatish joizki, hazrat Navoiy ijodida musiqa, shu jumladan, maqom san'ati bilan bog`liq tushuncha va atamalar asarlarning eng muhim, avj nuqtalarida, ba'zan botiniy xulosasi tarzida namoyon bo`ladi. Shu jumladan, "Sab'ai sayyor" dostonida ham musiqaga nufuzli o`rin ajratilgan. Xususan, doston qahramoni Bahrom chinakam ishq dardiga mubtalo, binobarin, u musiqani qalban tinglash, uni samodan kelayotgan ruhiy oziqa sifatida idrok etish salohiyatiga ega. Uning sevikli yori Dilorom nafaqat go`zal husni va zakovati bilan, balki maftunkor xushovozi va mohir cholg`uchiligi bilan ham yuksak san'at siymosidir.Uning "sozlar kelinchagi" ta'rifini olgan (Darveshali Changiy ) "boshi egik" chang(arfa) cholg`usi esa xayoli va sadoqatli yor timsolidir.
Dostondagi etti hikoyaning har biri o`zgacha kuy-navolari, alohida maqom pardalari bilan yo`g`rilgan. Bu botiniy musiqani his etishimizda dostonga ishlangan miniatyura tasvirlari muhim o`rin tutadi. Biroq bu masalani mubohasa qilish avvalida maqomlarning kelib chiqish tarixi bilan bog`liq ayrim fikr-mulohazalar xususida to`xtalib o`tish maqsadga muvofiqdir.
Ma'lumki, maqom san'ati mukammal tarzda uyushgan 7ta asosiy parda (tovush)-bosqichli "musiqiy yo`llar"ga asoslanadi. Bu kabi musiqiy yo`llar (yoki shunga o`xshash nag`ma uyushmalari ) Sharqu-G`arb musiqasida, shu jumladan, "Sab'ai sayyor" dostonida hozir bo`lgan musofir hikoyachilarning vatanlarida (Hindiston, Xitoy, Rum, Xorazm va b.) ham qadim zamonlardan ma'lum bo`lgan. Bu pardalarning kelib chiqishi xususida turli qarashlar mavjud. Xususan, vatandoshimiz, mashhur musiqachi va olim Darveshali Changiyning "Tuhfatus-surur" nomli risolasida xabar berilishicha, avvaliga etti payg`ambardan (a.s.) meros qolgan ettita maqom (Rost, Ushshoq, Navo, Hijoz, Husayniy, Iroq, Rohaviy) bo`lgan. Bundan farqli o`laroq qadimgi yunonlar orasida maqom pardalariga o`xshash etti tovush uyushmalarining kelib chiqishi borasida o`zgacha qarashlar mavjud edi. Xususan, Fisog`urs (Pifagor) va uning izdoshlari fikriga ko`ra, etti samoviy jism - Oy, Merkuriy, Venera, Quyosh, Mars, Yupiter va Saturn koinotning markazida joylashgan Er atrofida aylanma harakat sodir etib, ayni paytda har biri o`zaro uyg`un (7ta) musiqiy nag`malarni ham sadolantiradi. Musiqada ma'lum ettita tovush (parda) va ularning mukammal uyushmasi dastlab shu asosda yuzaga kelgan, deb faraz qilingan edi. Biroq astronomiya (Quyosh tizimi) sohasidagi keyingi kashfiyotlar o`laroq "sayyoralar musiqasi" o`z ahamiyatini yo`qotgandi. Antik davrining fan va san'ati yutuqlarini yaxshi bilgan Nizomiy Ganjaviy o`zining "Haft paykar" dostonida yunonlarning etti falak xususidagi qarashlarini Sharq falsafasi (odam va olam birligi) kesimida qayta talqin etib, asar mazmuniga tabiiy uyg`unlashtirib yuboradi. Shu paytdan boshlab Nizomiyning "Haft paykar"i va unga javob (nazira) tarzida yozilgan dostonlarda ("Hasht bihisht", "Sab'ai sayyor" va b) kichik va katta olamlar uyg`unligini ifoda etuvchi ohanglar botiniy sadolanib kelmoqda.
|
|
Samoviy jismlarni maqomlar bilan bog`liqligi masalasini aniqlashda ozarbayjonnig yana bir ulug` farzandi, kompozitor va olim Uzeir Hojibekovning bu boradagi ilmiy izlanishlari va ularning natijalari nihoyatda qimmatlidir. Quyidagi jadval shu asosda tuzildi.
| |