Oqilxon Ibrohimov Ranglarda sadolangan maqomlar
Ranglardagi maqomlar
| ||
Ushbu jadvalda yuzaga kelgan bog`lanmalar asosida ham asar hoyasiga dahldor, ham maqomlar tarixiga aloqador muhim xulosalarni olish imkoni mavjud. Xususan, maqomlarning nomlariga ko`ra "Sab'ai sayyor" dostonida temuriylar saroyida urf bo`lgan maqomchilik an'analari in'ikos etilganligi xususidagi dastlabki xulosa mantiqiy ko`rinadi. Bu albatta ma'lum qadar shunday ham bo`lishi tabiiy. Lekin shu bilan birga ma'lumki, Sohibqiron Amir Temur va temuriylar davri musiqa amaliyotida O`n ikki maqom tizimi mashhur bo`lgan. Yuqorida keltirilgan jadvalda esa maqomlar mundarijasi va ularning o`zaro tovush-parda munosabatlari o`zgacha ko`rinishga ega. Bu o`rinda O`n ikki maqomdan qadimiyroq maqom tizimi mavjud bo`lganligi xususida so`z yuritish joizga o`xshaydi. Bu fikrga ma'lum asoslar ham bor.Gap shundaki, xamsachilik an'analarini qiyosiy o`rgangan olimlarning qayd etishlaricha, "Hasht bihisht" va "Sab'ai sayyor" dostonlaridagi hikoyalar mazmuni ham o`zaro, ham birlamchi manbaga ko`ra farq qilsa-da, biroq bu asarlardan o`rin olgan sayyoralar tartibi, ular bilan bog`liq hafta kunlari va rang tuslari Nizomiy Ganjaviyning "Haft paykar" dostoniga aynan muvofiq holda saqlab qolingan. Bu hol adabiy mavzuga ma'lum "tarixiylik" bag`ishlash nuqtai nazaridan muhim an'ana tusini olgan bo`lsa ajab emas. Shundayki, alloma Nizomiy Eron sosoniylari, shu jumladan Varaxran U (ya'ni Bahrom Go`r) saroyida ham etti maqom ijro etilganligi xususida tahminga borgan bo`lishi kerak. Har holda uning "Xusrov va Shirin" dostonida sosoniylarning keyingi avlodi - Xusrav Parviz davrida (590-628) xizmat qilgan mashhur saroy musiqachisi Borbad san'atida maqom pardalariga (Rost, Ushshoq va b.) tayanganligiga ishora etuvchi misralar uchraydi. Tabiiyki, Nizomiy Ganjaviy maqomlar haqida muayyan tasavvurga ega bo`lishida o`z zamonasi mumtoz musiqasidan kelib chiqqan. Nazarimizda, mutafakkir shoir yashagan davrda saroy san'atida Etti maqom tizimi amalda bo`lgan. Mazkur tizim taxminan 1X-X asrlar mobaynida uzil-kesil shakllangan bo`lishi va, keyinchalik (XIII asr o`rtalariga kelib), uning negizida O`n ikki maqom tizimiga o`tilganligini faraz qilish mumkin. Bu fikrni quvvatlovchi ayrim bilvosita dalillar ham bor. Quyida shulardan ayrimlarini keltirib o`tamiz. Mutaxassislar ulkan me'moriy inshootlarga qiyoslanishi mumkin bo`lagn salobatli maqom tizimlarining yuzaga kelishi kishilik jamiyati taraqqiyotining ma'lum bosqichiga dahldor bir qator omillar bilan shartlanganligini e'tirof qiladilar. Bunda (1) rivojlangan shahar madaniyatining mavjudligi, unda (2) falsafiy qarashlar va ularga asoslangan mumtoz she'riyatning qaror topganligi, shuningdek (3) aniq fanlar qatorida (4) musiqa ilmi va (5) kasbiy musiqa qatlami (bastakorlik, sozandalik, xonandalik)ning nisbatan taraqqiy etganligi naazarda tutiladi. SHuni aytish kerakki, Sharq musulmon olamida maqom tizimlarining uzil-kesil shakllanishi uchun zarur omillar 1X-X asrlarda mavjud edi. Zero aynan shu davrlarda buyuk vatandoshlarimiz Abu Abdullo Xorazmiy (780-850), Ahmad Farg`oniy (797-865) va Abu Rayhon Beruniylarning (973-1048) ilmiy faoliyatlari bois aniq fanlar (algebra, astronomiya, geometriya) rivojlandi, Abu Nasr Forobiyning (873-950) musiqashunoslikdagi buyuk xizmatlari o`laroq Sharq musiqa ilmiga asos solindi, kasbiy musiqa amaliyoti yangi bosqichga yuksaldi, Sharq xalqlari orasida tasavvuf ta'limoti va unga asoslangan mumtoz she'riyat namunalari keng yoyila boshladi. Ayni paytda, bu asrlarga kelib yangi tipdagi shaharlarning shakllanish jarayonlari yakuniga etdi. Xususan, O`rta Osiyoda Samarqand, Buxoro, Urganch, Kot va Toshkent shaharlari fan, hunarmandchilik va savdo sotiq ishlari rivojlangan madaniy markazlarga aylandi. Ana shu omillar ta'sirida O`rta asr Sharqining yirik (rivojlangan)shaharlarida Etti maqom tizimi yuzaga kelgan bo`lishi kerak. Dostonlar negizida aniqlanayotgan Etti maqom tizimining tarkibi Darveshali Changiy risolasida qayd etilgan etti maqom nomlariga qariyb mos kelishi risola muallifining musiqiyda obro`li ustozlar Xoja Abdulqodir Marog`iy, Xoja Safiuddin ibn Abdulmo`min va Sulton Uvays Jaloyir fikrlariga tayanib yozgan xabari anchagina asosli ekanligini ko`rsatadi. 1X-XP asrlarga oid ayrim yozma manba'larda ham asosan Etti maqomdan biriga mansub nomlarini uchrashi bu fikrni yanada jonlantiradi. Masalan, Unsurulmaoliy Kaykovusning "Qobusnoma"sida musiqadagi ulug` yo`llar (ya'ni mukammal parda uyushmalari) sifatida Iroq va Navo maqomlari zikr etiladi 4. Shu bilan birga ma'lum bo`ladiki, maqom yo`llari saroydan tashqarida uyushtiriladigan turli yig`in va majlislarda ham ijro etilgan. Lekin bu kabi ijro shakllarida maqomlar turkum ko`rinishida emas, balki undan olingan ayrim namunalar tarzida namoyon bo`lgan ko`rinadi. Zero musiqiy tizimlarning to`liq turkumlanish shakllari asosan saroy san'atiga xosdir. Bunda mutaxassis olimlar maqomlarning koinotdagi jarayonlar, xususan, sayyoralarning harakatlariga bog`liqligi va ularning kishilar ruhiyatiga ta'siri nuqtai nazaridan to`plagan muhim ma'lumotlari asosida ijro uchun ma'lum belgilangan «vaqtlar hukmi» ishlab chiqilganligi manbalardan ma'lum. Nazarimizda, bu "hukmlar" ham dastlab Etti maqom tizimini saroy hayotiga joriy etilishi munosabati bilan bog`liq holda amalga oshirilgan bo`lib, keyinchalik O`n ikki maqom ijrochiligiga moslashtirilgan. Ma'lumki, O`n ikki maqom zanjiri aksariyat musiqiy risolalarda (Urmaviy, Jomiy, Xusayniy va b.) Ushshoq maqomi bilan boshlanadi. Biroq O`n ikki maqom ijrochilik hukmlarini bayon etuvchi yozma manbalarda birinchi tartibli maqom o`rnida etti maqomning boshlang`ichi bo`lgan Rohaviy qayd qilinadi 5. Uning vaqti tong otishi bilan (Bomdod namozi arafasida) boshlanadi. Yuqorida keltirilgan "Sab'ai sayyor" dostoni asosida aniqlangan Rohaviy maqomi qora sayyora Saturn bilan bog`langan. Unga bag`ishlangan "Bahrom qora qasrda" nomli miniatyurada ham tong vaqtiga ishora bor. Unda, jumladan yuqorida aks etgan gumbaz ortida to`q moviy va och (oqarish) rang bo`yoqlar "to`qnashuvida" to`q rang ortga chekinayotgani sezilarlidir 6. | ||
| ||
O`n ikki maqom keyingi qismlarining taqsimotida yozma manbalarda anchagina tafovutlar bor. Bu manbalar orasida Najmiddin Kavkabiy risolasida keltirilgan "vaqt hukmlari", etti maqom vaqtlariga yaqin ko`rinadi. Masalan, Kavkabiy Iroq maqomini ijro etish vaziyatini quyosh anchagina ko`tarilib qolgan choshgoh vaqtiga bog`lardi. Bu vaziyat ham etti maqomdan meros o`tgan ko`rinadi. Chunki "Sab'ai sayyor" dostonidagi etti maqomning biri bo`lgan Iroq quyosh kuni bilan bog`langan edi. Unga ishlangan miniatyurada ham ("Bahrom oltin qasrda") butun borliq go`yo quyosh nuri bilan toblanib, munavvar tus olgan. "Sab'ai sayyor"da kelgan uchinchi tartibli Navo va O`n ikki maqomdagi Navolarni sadolanish vaqtlari orasida hiyla tafovut borga o`xshaydi. Kavkabiyda Navo maqomining vaqti Shom namozi arafasiga to`g`ri keladi. Oy kuni va yashil rang bilan bog`langan Navo esa Asr vaqtiga mo`ljallangan ko`rinadi. Har xolda "Bahrom yashil qasrda" nomli miniatyura tasvirida yuqori planda och sariq rang bo`yoqlar go`yo quyosh kuchi ancha susayib och moviy rangga o`rin bo`shatib berayotgan vaqtni ifoda etadi. Ushshoq nomli maqomlarning ijro vaqtlarida keskin farqlar borligi kuzatiladi. Kavkabiy Ushshoq vaqtini ertalabki oftob chiqqan maxalga bog`lab ko`rsatadi. Qizil sayyora Mars bilan bog`liq namoyon bo`layotgan Ushshoqning vaqti esa Shafaq paytiga to`g`ri keladi. Bu hol "Bahrom Gulgun qasrda" nomli miniatyurada ham ma'lum aks etadi. Jumladan yuqori planda hilol oy, yulduzlar va shafaq tusini olgan gumbaz tasvirlari quyosh botgan mahalga ishora etadi. O`n ikki maqomdagi Busalik maqomi Kavkabiyda namozi digar (Asr va Shom oralig`i) vaqtiga bog`liqligi qayd qilingan. Dostondagi Merkuriy kuniga bog`langan Busalik maqomi esa Xufton namozi arafasida ijro etilga ko`rinadi. "Bahrom moviy qasrda" miniatyurasining yuqori qismida aks etgan moviy gumbaz, hilol oy va yulduzlar tasviri asosida shunday xulosaga kelish mumkin. Kavkabiy tavsifi bo`yicha Zirofkand maqomi kechki dam olish, ya'ni uyquga yotish oldidan ijro etilgan. Dostondagi Zirofkand maqomi Yupiter kuniga bog`liq ekanligi ma'lum bo`lsa-da, biroq miniatyura ("Bahrom sandal qasrda") asosida uning ijro etilish vaqtiga ishora ko`rmadik. Lekin bu borada mantiqiy xulosa shuki, kechki payt ijro etiladigan Busalikdan keyingi tartibda joylashgan Zirofkandning vaqti Kavkabiy ko`rsatgan vaqtga muvofiqdir. Uning nomi mazmunida anglashiladigan "To`shak, yotish payti 7 " ma'nolari ham dastlab shu vaziyatga ishora tarzida qo`llangan bo`lsa kerak. O`n ikki maqom tarkibidagi Rost maqomi manbalarda Choshgohga qadar ijro etilishi qayd qilinadi 8, ya'ni bu maqom musiqiy turkumlanishning o`rta qismlariga mos kelgan. Bundan farqli o`laroq "Sab'ai sayyor" dostonida Zuhra kuni va oq rangga bog`langan Rost maqomi katta turkumni yakuni sifatida xozir bo`ladi. Uning vaqti yarim tundan to tongga qadar davom etgan bo`lish kerak. Chunki shu vaqtga kelib Zuhro yulduzi nurafshon tus oladi, bu vaqtda nafil namozlari o`qilib, yaxshi niyatlar qilinadi. Demak Rost maqomi vaqtining yakuni dastlabki maqom - Rohaviyning boshlanish vaqtiga ulanib ketgan va shu tarzda turkum muntazam aylangan bo`lsa kerak. Bu jarayon musiqiy jixatdan quyidan yuqoriga (avjga) intilib boruvchi parda almashinuvlari bilan amalga oshganligini quyidagi misol asosida umumiy tasavvur xosil qilishimiz mumkin.
Download 187.6 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling