Seminar shaklida o‘qitishning o‘zishga xos xususiyatlari. Seminar mashg‘ulotlarining vazifasi – darslarda bayon qilingan nazariy fikrlarni konkretlashtirish, chuqurlashtirishdan, talabalar bilimini tekshirish va mustahkamlashdan, adabiyotni o‘rganish ko‘nikmasini hosil qilish, uni konspekt qilish, suhbatlar, dokladlar, ota-onalar uchun konsultatsiyalarning plan va konspektlarini tuzishdan, kursning konkret temasini og‘zaki bayon qilish qobiliyatiga ega bo‘lishdan iboratdir.
Seminar mashg‘ulotlari uchun kursning eng muhim va murakkab masalalari shuningdek, adabiyotlarda yetarli darajada to‘liq yoritilgan va talabalarning o‘zlari mustaqil ravishda o‘rgana olishlari mumkin bo‘lgan masalalar tanlab olinadi.
Seminarning har bir mavzusi bo‘yicha talabalarga adabiyotlar ro‘yxatini berish, topshiriqning xarakterini belgilash, uni bajarish plani va hisobot formasini ko‘rsatish kerak. Adabiyotlarni o‘rganayotganda talabalar konspekt yoki ota-onalar uchun konsultatsiyalarning tekstlarini tuzadilar.
Seminar mashg‘ulotlarini quyidagicha tashkil etish mumkin: avvalo o‘qituvchi seminarning vazifasi va uni o‘tkazish tartibini belgilaydi. So‘ngra nutq so‘zlash uchun talabalarga so‘z beradi. Shundan keyin ishtirok etuvchilar nutq so‘zlaganlarga savollar beradi, ular javob qaytarishadi. Keyin boshqa talabalar nutq mazmuniga xaratkeristika berib, uni to‘ldiradilar (yutuq va kamchiliklar ko‘rsatiladi). O‘qituvchi seminarni yakunlar ekan, asosiy nutqni baholaydi, uning mazmuni, ifoda formasi ko‘rgazmali qurollar (jadvallar, rasmlar, fotosuratlar va boshqalar) dan foydalanish darajasiga xarakteristika beradi, shuningdek, boshqa talabalarning nutqlari to‘g‘risida ham fikr mulohazasini aytadi. Mashg‘ulot so‘ngida qo‘yilgan vazifa qanday bajarilganligini aytib o‘tish va navbatdagi seminarga tayyorlanish uchun tavsiyalar berish muhim.
Ma’ruza mavzusi bo‘yicha qilinadigan suhbat, seminar bo‘lib, bu o‘qituvchi rahbarligida o‘tkaziladigan seminar mashg‘ulot talabalarda mustaqil fikrlash, mustaqil faoliyat ko‘rsatish, darslik bilan mustaqil ishlash, ijodiy fikrlash qobiliyatining rivoj topishiga yordam beradigan darajada bo‘lishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |