Maqsadlar va ideallar. Ijtimoiylashuvning mas’uliyat hissiga bog‘liq yo‘nalishlaridan yana biri shaxsda shakllanadigan maqsadlar va ideallar bo‘lib, ular shaxsni kelajakni bashorat qilish, ertangi kunini tasavvur qilish, uzoq va yaqinga mo‘ljallangan rejalarni amalga oshirishga tayyorligini ta’minlaydi.
Maqsadsiz va rejasiz inson ma’naviyatsiz pessimistdir. Bu maqsadlar doimo o‘zining anglanganligi va shaxsning real imkoniyatlariga bog‘liqligi bilan xarakterlanib, ularning shakllanishi va ongda o‘rnashishida ma’lum ma’noda ideallar ham muhim rol o‘ynaydi.
Ideallar shaxsning hozirgi real imkoniyatlari chegarasidan tashqaridagi orzu-umidlari, ular ongida mavjud bo‘lsada, lekin ular har doim ham amalga oshmaydi. Chunki, ularning paydo bo‘lishiga sabab bevosita tashqi muhit bo‘lib, o‘sha ideallar obyekti bilan shaxs imkoniyatlari o‘rtasida tafovut bo‘lishi mumkin. Masalan, o‘smirning ideali otasi, u otasidek mashhur va el suygan san’atkor bo‘lmoqchi. Bu orzuga yaqin kelajakda erishib bo‘lmaydi, lekin aynan ana shunday ideallar odamga maqsadlar qo‘yib, unga erishish yo‘lidagi qiyinchiliklarni yengishga irodani safarbar qilishga yordam berishi tabiiy.
Shaxsning o‘z-o‘zini anglashi, o‘z-o‘zini baholashi va tarbiyalashining tarkibiy qismlari
«Men» obrazi va o‘z-o‘ziga baho. «Men» obrazi asosida har bir shaxsda o‘z-o‘ziga nisbatan baholar tizimi shakllanadi O‘z-o‘ziga nisbatan baho turli sifatlar va shaxsning tajribasi, shu tajriba asosida erishgan yutuqlariga bog‘liq holda turlicha bo‘lishi mumkin. Ya’ni, ayni biror ish yutuq yuzasidan ortib ketsa, boshqasi ta’sirida, aksincha, pastlab ketishi mumkin. Bu baho aslida shaxsga, boshqalarning real munosabatlariga bog‘liq bo‘lsa-da, aslida shaxs shu munosabatlarni qanchalik qadrlashiga bog‘liq tarzda shakllanadi. Masalan, maktabda bir fan o‘qituvchisining bolaga nisbatan ijobiy munosabati, doimiy maqtovlari uning o‘z-o‘ziga bahosini oshirsa, boshqa bir o‘qituvchining salbiy munosabati ham bu bahoni pastlatmasligi mumkin. Ya’ni, bu baho ko‘proq shaxsning o‘ziga bog‘liq bo‘lib, u subyektiv xarakterga egadir. O‘z-o‘ziga baho nafaqat haqiqatga yaqin (adekvat), to‘g‘ri bo‘lishi, balki u o‘ta past yoki yuqori bo‘lishi ham mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |