O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI XALQ TA’LIMI VAZIRLIGI
QO`QON DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI
I.P.Po`latov, S.A.Odilov
Ona tili ta’limida
didaktik o’yinlar texnologiyasi
(o’quv-uslubiy qo`llanma)
Qo’qon – 2014
I.Po’latov, S.Odilov. Ona tili ta’limida didaktik o’yinlar texnologiyasi. Qo’qon, 2014. 32 bet.
Annotatsiya
Uzluksiz ta’lim tizimida ona tili o’qitishning zamonaviy pedagogik va axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish zamonaviy metodlarsiz amalga oshmaydi. Zamonaviy metodlarning eng asosiylari sifatida quyidagi metodlar e’tirof etilgan: modulli ta’lim texnologiyasi, hamkorlikda o’qitish texnologiyasi, muammoli ta’lim texnologiyasi, interfaol metod texnologiyasi, didaktik o’yinlar texnologiyasi va sinov darslari. Bular innovatsion metodlardir.
Ta’lim jarayonida didaktik o’yinlarni qo’llash vositasida o’quvchilarda faol harakat va qiziqish uyg’otiladi. O’quv-uslubiy qo’llanma mualliflari kashf etgan didaktik o’yinlardan uzluksiz ta’lim jarayonida ijodiy foydalanish mumkin.
Mazkur o’quv-uslubiy qo’llanma umumiy o’rta ta’lim maktablari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining ona tili va adabiyot o’qituvchilari, filolog talabalar va magistrantlar uchun mo’ljallangan.
Mas‘ul muharrir:
O’zbek tilshunosligi kafedrasining dotsenti, filologiya fanlari nomzodi
Odinaxon TO’XTASINOVA
Taqrizchilar:
Pedagogika va psixologiya kafedrasining katta o’qituvchisi
O’tkirjon YO’LDOSHEV
O’zbek tilshunosligi kafedrasining katta o’qituvchisi
Hikmatxon AHMEDOVA
Qo’qon davlat pedagogika institutining Uslubiy kengashi nashrga tavsiya etgan (2014-yil 28-fevral, №5-bayonnoma)
MUQADDIMA
Ta’lim jarayoni, uni rivojlantirish va o`zgartirish o`qituvchi va sinf o`quvchilarining o`zaro ochiq muloqoti va ishonchi muhitida samarali bo`ladi. Ta’lim jarayonida qo`llanadigan o`yinlar qisqa vaqtga mo`ljallangan bo`lib, guruh bo`lib mashq qilishga odatlantiradi, oldindan tayyorgarlikni talab etmaydi. O`yinlar vaqtida kichik guruhlar faolligi ortadi, ta’lim ishtirokchilarining diqqati ishga (ta’lim jarayoniga) to`liq jalb etiladi.
O`yinlar vositasida o`quvchilarga yangi bilimlar berish, ko`nikma hosil qilish, kichik guruhlar a’zolarining ijodiy qobiliyatlarini rag`batlantirish mumkin. O`yinlarni darsning kirish yoki yakunlovchi qismida o`tkazish mumkin. O`yinlarni maqsadiga ko`ra 7 turga ajratish mumkin:
Do'stlaringiz bilan baham: |