O’rta maxsus ta’lim vazirligi muqimiy nomidagi qo'qon davlat pedagogika instituti boshlang’ich ta’lim kafedrasi tilshunoslikning dozarb masalalari fanidan
Download 1.54 Mb.
|
Tilshunoslikning Majmua yangi
ekspansionizm - lingvistikaning boshqa fanlar bilan aloqasi va turli fanlar bilan integratsiyasi,
antropoqentrizm - lingvistikada o‘rganilayotgan ob’ektlarning inson uchun ahamiyatini e’tiborga olish va inson bilan uzviylikda o‘rganish; funksionalizm (neofunksionalizm) - lingvistikada tadqiqot ob’ektining vazifalaridan kelib chiqish; eksplanatorlik - til hodisalarini va til strukturasini quruq tavsiflashga emas, balki uni ilmiy jihatdan to‘tri talqin etish va tushuntirishga asoslanish. Tilshunoslik istoriografiyasida "paradigma" tushun-chasining tatbiq etilishi turlicha. Ayrim tilshunoslar eng qadimgi davrlardan to hozirgi kungacha bo‘lgan tilshunoslikdagi qarashlar, g‘oyalarning barchasiga nisbatan "paradigma" tushunchasini qo‘llash mumkin deb hisoblasalar, ba’zi olimlar bunga qarshi chiqadilar. Ikkinchi guruh olimlarning fikricha, tilshunoslik mustaqil fan sifatida ajralib chiqqan davrdan, ya’ni XIX asrdan boshlab yuzaga kelgan yondashuvlarga nisbatan "paradigma" terminini qo‘llash maqsadga muvofiq. A.Rahimov fikricha, tilshunoslikda paradigmalarni 2 ga bo‘lib o‘rganish lozim: a) makroparadigma (giperparadigma yoki superpara-digma), b) miniparadigma. Tilshunoslik tarixiga chuqur nazar tashlagan holda 3 asosiy ilmiy paradigmani ajratib ko‘rsatish mumkin: 1. Tilshunoslik fani tarixidagi tom ma’nodagi birinchi makroparadigma XIX asrda shakllangan qiyoslash va tarixiylikni tadqiqot prinqiplari sifatida belgilovchi komparativistik paradigmadir. Mazkur paradigma lingvistikaning alohida fanlik maqomini olishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan. Bunda tilni tadqiq etishning birinchi metodi tavsiya etilgan, chunki bungacha tilshunoslik masalalari tavsiflash, kuzatish kabi umumilmiy metodlar asosida tahlil etilgan. Qiyosiy-tarixiy metod shakllangandan so‘ng tillarning qarindoshligi va genetik yaqinligi maxsus lingvistik paradigma asosida tadqiq etila boshlandi. Bu paradigma tilshunoslikni falsafa, mantiq qobig‘idan mustaqil fan sifatida ajralib chiqishiga imkon berdi. XIX asr tilshunos olimlari qiyosiy-tarixiy paradigmaga tayangan holda izlanishlar olib bordilar. Mazkur paradigma 3 miniparadigmani o‘z ichiga oladi: a) A.SHleyxer nomi bilan bog‘liq bo‘lgan biologik miniparadigma (naturalizm); b) G.SHteyntal nomi bilan bog‘liq bo‘lgan psixologik miniparadigma (psixologizm); v) A.Leskin, K.Brugman, G.Ostgof, G.Paul, B. Delbryuklar nomi bilan bog‘liq bo‘lgan yosh grammatikachilar maktabi. Qiyosiy-tarixiy paradigma tilshunoslikni quyidagi yangi natijalar bilan boyitdi: tilshunoslik faniga qarindosh tillar tushunchasi kiritildi; hind-evropa tillarining qarindoshligi isbotlandi; tillarning birinchi morfologik va geneologik tasnifi yaratildi; turli tillarning tarixiy grammatikalari ishlab chiqildi. 2. Tilshunoslik fani tarixidagi ikkinchi makroparadigma yaxlitlik va sistemaviylikni tadqiqotning muhim prinqiplari sifatida belgilovchi sistem-struktur paradigmadir. Bunda til sistemachalar – lisoniy sathlar hamda til-nutq birliklari asosida tadqiq etiladi. Ushbu paradigmaning asoschisi F.de Sossyurning fikricha, bunda til "o‘z ichida va o‘zi uchun" o‘rganiladi, ya’ni til strukturasi va til sistemasi boshqa sistemalardan izolyasiyalangan holda sinxron aspektda tadqiq etiladi. Sistem-struktur paradigma XX asr boshlaridan Boduen de Kurtene hamda F.de Sossyurlarning g‘oyalari asosida shakllana boshladi. Keyinchalik strukturalizm turli maktablarga ajraldi: funksionalizm (Praga strukturalizm maktabi), glossematika (Kopengagen strukturalizm maktabi), deskriptiv tilshunoslik (Amerika strukturalizm maktabi). Mazkur maktablar bilan bog‘liq bo‘lgan tamoyillar, shuningdek, distributsiya, transformatsiya, bevosita ishtirokchilar bo‘yicha tahlil, binar oppozitsiya singari ilmiy tadqiqot metodlari sistem-struktur paradigma ichidagi miniparadigmalar sifatida baholanishi mumkin. Jahon tilshunosligida strukturalizm va uningyo‘nalishlarining quyidagi umumiy natijalari e’tirof etiladi: - til tarixiy asosda emas, sinxron aspektda o‘rganildi, lekin bunda diaxroniya inkor etilgani yo‘q; - til sistemasi va strukturasi universal munosabatlar - paradigmatika va sintagmatika asosida talqin etildi; - til belgilar tizimi deya e’tirof etildi; - til va nutq izchil farqlandi, shuningdek, til va nutq birliklari ajratildi; - tilshunoslik tabiiy fanlarga, xususan, matematikaga yaqinlashtirildi, undagi munosabatlar va qonuniyatlar turli formal va grafik ifodalar, modellar asosida tushuntirildi. Strukturalizmning eng yuqori nuqtasi generativ tilshunoslik bilan bog‘liq. Bunda amerikalnk olim N.Xomskiy g‘oyalari asosida strukturalizmning keyingi bosqichi sifatida transformatsion va formal grammatika nazariyasi shakllandi. Bu g‘oyalar tilshunoslikda o‘ziga xos metodologik o‘zgarishlar hosil qnldi. Xususan, generativ grammatika tabiiy tillarning grammatikasini formallashtirish nazariyasi negizlarini yaratishga asos bo‘ldi; grammatikaning markazi sifatida fonologiya va morfologiya emas, balki sintaksis va sintaktik munosabatlar belgilandi; tilga empirik va deduktiv yondashuv o‘rniga gipotetik-deduktiv metod tatbiq etildi; avtomatik tarjima tizimining nazariy asoslari yaratildi; transformatsiya va derivatsiya jarayonlari tabiiy tillarga faol tatbiq etildi va avtomatik tarjima samaradorligining asoslari ishlab chiqildi; tabiiy tillardagi paradigmatik va sintagmatik munosabatlarning me’yoriyligi hamda grammatik to‘g‘ri va noto‘g‘ri jumlalarni ajratishning aniq mezonlari belgilandi. Ayni jihatlarni e’tiborga olgan holda aytish mumkinki, N.Xomskiy ta’limoti strukturalizmning negizida yuzaga kelgan o‘ziga xos paradigmadir, uni shartli ravishda “generativistik paradigma" deb nomlash mumkin. N.Xomskiy g‘oyalari, asosan, AQSHda juda ommalashib ketdi, lekin Evropada uning qarashlari keskin tanqidga uchradi. Buning o‘ziga xos sabablari mavjud. Birinchidan, N.Xomskiyning tilni "mental" asosda tadqiq etish metodikasi amaliy jihatdan etarli asosga ega emas. Ikkinchidan, N.Xomskiyning transformatsiya va derivatsiya nazariyasi dunyodagi barcha tillarning grammatik qurilishiga mos kelmaydi, u ko‘proq ingliz tilining strukturasiga muvofiq keladi. SHuning uchun ham transfor-matsion grammatika boshqa tillarga tatbiq etilishi birmuncha murakkabliklarni keltirib chiqardi. Uchinchidan, mavhum dalillarga tayanuvchi "generativistik paradigma" jonli nutqni o‘rganish uchun mo‘ljallanmagan. Garchi "Xomskiy paradigmasi" ma’lum cheklanishlarga ega bo‘lishiga qaramay, u kompyuter lingvistikasida, ayniqsa, avtomatik tarjima sohasida samarali natijalar bermoqda. Bir so‘z bilan aytganda, XX asrning 70-yillari oxiriga kelib, transformatsion-generativ grammatika-ning "lingvistik paradigma" sifatida ta’sir doirasi kamaya boshladi. Bu holatni ayrim evropalik tilshunoslar "Xomskiy erasi tugadi" deya baholadilar. "Generativistik paradigma" o‘z o‘rnini navbatdagi paradigmaga - antropotsentrik paradigmaga bo‘shatib berdi. 3. Tilshunoslik fani tarixidagi uchinchi makroparadigma antropotsentrik paradigma) hisoblanadi. Ushbu paradigma tilni quruq struktura sifatida emas, balki jonli muloqot va kommunikatsiyaga asoslangan ochiq sistema sifatida o‘rganuvchi, boshqa sistemalar - jamiyat, inson, madaniyat, ruhiyat kabilar bi-lan uzviy aloqadorlikda tahlil etuvchi, insonni til ichida yoki tilni inson ichida tahlil etishga yo‘naltirilgan qarashlar, g‘oyalar va ta’limotlar majmuidir. Boduen de Kurtene o‘z davrida tilni inson bilan aloqadorlikda o‘rganish lozimligi xususida yozgan edi. Olimning ta’kidlashicha, til faqat individual miyalarda, qalblarda, individlarning psixikasida mavjud bo‘ladi. Sistem-struktur paradigmada tilning yadrosi izchil o‘rganildi, endi uning periferiyasini, ya’ni tilning boshqa sohalar bilan aloqadorligini tadqiq etish masalasiga o‘tildi. Til va tafakkur, til va ruhiyat, til va jamiyat, til va madaniyat, til va mentalitet, til va kompyuter kabi yo‘nalishlarga doir izlanishlar amalga oshirila boshlandi. Bu munosabatlarni yoritish jarayonida "inson" markazda turadi, u o‘ziga xos "oltin ko‘prik" vazifasini o‘taydi. SHu jihatdan ushbu paradigma "antropotsentrik paradigma" deb nomlanadi. Ushbu paradigma asosida tilshunoslikda turli xil yangi fanlar yuzaga keldi: mentalingvistika, psixolingvistika, sotsiolingvistika, - pragma-lingvistika, kompyuter lingvistikasi kabi. SHunga ko‘ra antropotsentrik paradigma o‘z ichida turli miniparadigmalarga bo‘linib ketadi: kognitiv paradigma; etnolingvistik paradigma; sotsiolingvistik paradigma; psixolingvistik paradigma; neyrolingvistik paradigma; lingvokul-turologik paradigma; pragmatik paradigma. Hozirgi zamon tilshunosligining muhim jihatlaridan biri antropoqentrizm ("insonni markazga qo‘yish") bo‘lsa, yana biri poliparadigmallik hisoblanadi. YA’ni hech bir paradigma serqirra va mo‘‘jizali til hodisasining barcha qirralarini qamrab olgan holda mukammal ravishda o‘rganish asosi bo‘la olmaydi. Bunda mavjud paradigmalar bir-birini to‘ldiradi, bir-biri bilan hamkorlikka keladi; bir vaqtning o‘zida turli paradigmalar asosida ilmiy tahlil amalga oshiriladi; tilni tadqiq etishda statik va dinamik, formal va funksional, semasiologik va onomasiologik, kognitiv va pragmatik kabi aspektlar parallel qo‘llaniladi. Tilshunoslikda yangi paradigma eski paradigmani inkor etadi, lekin uni butunlay siqib chiqarmaydi. Eski paradigma bo‘yicha e’tibor berilmagan, tadqiq etilmagan til aspekti uning yutuqlaridan foydalangan holda yangi paradigma asosida boyitiladi, go‘yo eskining ustiga yangisi quriladi. Masalan, struktur paradigma doirasida tilshunoslar ko‘pincha tilning ichki qurilishi, sathli tuzilishi hamda tilning immanent mohiyatiga e’tibor qaratganlar. YAngi paradigma buni tamomila inkor etmay, u erishgan natijalardan ijodiy foydalangan holda va shu bilan birga eski paradigma asosidagi yondashuvning cheklangan tomonlarini ko‘rsatib, tilga antropotsentrik nuqtai nazardan yondashish yo‘lidan bormoqda. XIX asrda tilshunoslik "NIMA - tilshunoslik" sifatida "til nima?" degan savolga javob bergan bo‘lsa, XX asrda u "QANDAY - tilshunoslik" sifatida "til qanday tuzilgan" degan muammoni hal etish bilan shug‘ullandi. XXI asrda esa tilshunoslik "NEGA – tilshunos-lik" sifatida til hodisalari mohiyatini tushuntirish va talqin etish masalasi, yanada aniqroq qilib aytganda, "til germenevtikasi" muammosi bilan shug‘ullanmoqda. Hozirda tilshunoslikda ayrim tadqiqotlarning aniq izchil metodologiyaga tayanmagan holda amalga oshirilayotganligi kuzatilmoqda. A.Rag‘imovning fikricha, bunga tilshunoslikda barcha tomonidan birdek e’tirof etilgan yaxlit paradigmaning mavjud emasligi ham sabab bo‘lmoqda. Tilshunoslikda qarashlar-ning rang-barangligi, poliparadigmallik ijobiy holat sana-ladi, lekin, o‘z navbatida, poliparadigmallikning ham ayrim salbiy jihatlari mavjudligi bugungi kunda yaqqol ayon bo‘lmoqda. Ushbu murakkab jarayonda tilshunoslik fani yangi bir yaxlit paradigmaga ehtiyoj sezmoqda. V.N.Bazilevning yozishicha, zamonaviy tilshunoslik uchun tabiiy tilning yaxlit integral konqeshshyasini yaratish lozim. Bunday konsepsiya bilimning birlashtiruvchi sohalarini o‘zaro aloqadorlikda o‘rganishga tayangan sinergetik yondashuv asosida ishlab chiqilishi mumkin. Darhaqiqat, sinergetik paradig-ma tilshunoslikning navbatdagi paradigmasi bo‘lishi mumkin. Zero, hozir siner-getika barcha fanlarga, xususan, tilshunoslikka ham kirib kelmoqda, hatto hozirgi kunda asta-sekinlik bilan lingvosi-nergetik paradigma ham shakllanmoqda. Kelajakda sinergetik paradigma til va nutq lingvistikasini yaxlit asosda o‘rganish uchun tayanch paradigma bo‘lib qolishi ham mumkin, buni tilshunoslikning istiqboli belgilaydi. Har bir davr ijtimoiy talablardan kelib chiqqan holda fanlarning taraqqiyot tendensiyalarini belgilaydi va unga mos metodologik asoslarni ta’minlaydi. Til hodisalariga sistemaviy yondashuv yo‘nalishi va uning metodologik asoslari haqida ham shunday fikrni aytish mumkin. Lisoniy hodisalarni sistemaviy o‘rganish tilshunoslik fani bilan tengqur deyish mumkin. Formal mantiq metodologiyasi. Tilshunoslikda lisoniy sistemalarni o‘rganish borasida turli davrda har xil maqsad va vazifalar dolzarblik kasb etgan. Masalan, o‘zbek formal (an’anaviy) tilshunosligi oldiga til sistemalarini aniqlash vazifasi qo‘yilgan. Bu vazifa o‘zbek adabiy tili (nutqi) me’yorlarini ishlab chiqish va ommalashtirish maqsadiga bo‘ysundirilgan holda olib borilgan. Fonetik (fonemalar), morfemik (morfemalar), leksik (leksemalar) va sintaktik sistemalar (gap turlari, gap bo‘laklari sistemasi) aniqlanib, an’anaviy asoslardagi darslik va qo‘llanmalar yaratilgan, imlo, talaffuz, izohli va boshqa lug‘atlar tuzilib, akademik grammatika nashr etilgan. Bu davr tilshunosligi uchun formal mantiq tamoyillari, xususan, uning uchinchisini istisno qonuni asosiy metodologik tayanch vazifasini o‘tagan. Dialektik mantiq metodologiyasi. O‘zbek substansial tilshunos-ligi oldida lisoniy sistemalarni tashkil etuvchi sistem munosabatlarni ochish va shu asosda lisoniy birlik tabiatini tushuntirish vazifasi turar edi. Bu esa maxsus abstrakt bilish metodologiyasi – dialektik mantiq tadqiq tamoyillari asosida amalga oshirildi. Lisoniy birliklar tabiati, ularni birlashtiruvchi sistemaviy munosabatlar – lisoniy ziddiyatlar atroflicha tadqiq qilindi. Bunda, ko‘proq dialektikaning nisbatli kategoriyalari bilan birga, inkorni inkor, qarama-qarshiliklar birligi va kurashi qonunlariga tayanish ustuvorlik qildi. Mazkur qonunlar ko‘proq ijtimoiy hayotda hukmronlik qilgan antagonizm, sinfiylik tamoyillariga muvofiq edi. Qonunlarning uchinchisi – miqdor o‘zgarishlarining sifat o‘zgarishlariga o‘tish qonuni esa o‘zida borliq hodisalaridagi ziddiyatlarni emas, balki qutbiy “murosa”ni aks ettirganligi uchun murosasizlikka asoslangan ijtimoiy hayotda o‘z metodologik maqomidan har doim “mahrum” bo‘lib keldi. Bugungi kunda o‘zbek tilshunosligida lisoniy ziddiyatlarni tadqiq qilishdan, qarama-qarshi qutblarni zid qo‘yishdan ko‘ra, ularni bog‘lovchi, ziddiyatlar so‘nuvchi nuqtalarga e’tibor qaratish ustuvorlashdi. Bu ijtimoiy hayotda dialektik miqdor o‘zgarishlarining sifat o‘zgarishlariga o‘tish qonuniga metodologik asos sifatida tayanish zarurati kuchayganligi bilan belgilanadi. Zero, masalan, mamlakatimizda ijtimoiy qatlamlar orasida hamjihatlik va hamkorlikka erishish, yangi iqtisodiy munosabatlarga bosqichma-bosqich o‘tish milliy istiqlol mafkurasining asosiy tamoyillaridan biridir. Zid qutblarni birlashtiruvchi nuqtalarga e’tibor qaratish ehtiyoji o‘zbek substansial tilshunosligini yangi sifat bosqichiga ko‘tardi. Natijada miqdor o‘zgarishlarining sifat o‘zgarishlariga o‘tish qonuniga tayanuvchi graduonimik tilshunoslik shakllana boshladi. Tadrijiy rivoj metodologiyasi. Ma’lumki, miqdor o‘zgarish-larining sifat o‘zgarishlariga o‘tishi falsafaning asosiy qonunlaridan biri bo‘lib, u tabiat, jamiyat va tafakkur taraqqiyotida amal qiladi. Miqdor, sifat, o‘zgarish va me’yor tushunchalari uzviy borg‘liq. Har qanday miqdor o‘zgarishi sifat o‘zgarishini keltirib chiqaravermaydi, u me’yor chizig‘iga etgach, sifat o‘zgarishi ro‘y beradi. Masalan, lablanmagan [a] unlisi va lablangan [o] unlisi o‘zaro zid. Bu ziddiyatlar tilshunosligi uchun muhim. Biroq [a] va [o] unlisini bog‘lovchi, [a] ning oz lablanishdan mutlaq lablanishga qarab o‘sib borishi jarayonida eng ko‘p lablangan [a] va eng kam lablangan [o] o‘sishning me’yor chizig‘idagi holatiga muvofiq keladi. Ana shu me’yor chizig‘ining chap yonidagi [a] va o‘ng yonidagi [o] variantlari aslida bitta tovush bo‘lib, bu nuqtada [a] va [o] unli fonemalari zidlanishi so‘nadi. Bu nuqtada unlilar aro ziddiyat emas, balki “murosa” munosabati namoyon bo‘ladi. Me’yor chizig‘idagi [a]/[o] ziddiyatsiz holati ikki unli aro bog‘lanish va taraqqiyotni ta’minlaydi. Lablanmaganlikdan bosqichma-bosqich lablanishga yoki lablanganlikdan bosqichma-bosqich lablanmaslikka o‘tib borish holati tilshunoslikda graduonimik chiziq sifatida qaraladi. SHu boisdan graduonimik munosabatni ziddiyat sifatida emas, balki ziddiyatsizlik, o‘zaro aloqa, bog‘lanish, tutashish sifatida qarash maqsadga muvofiq. Lisoniy birliklar orasidagi uzluksizlik (graudonimik) munosabati ijtimoiy hayotdagi rivojlanishning bosqichma-bosqichli ko‘rinishiga mos keladi. Zero, yangi sifat o‘zgarishlariga bosqichma-bosqich o‘tish, jamiyat hayotidagi izchil islohotlarni shu asosga qurish davlat va fuqarolarning manfaatlariga mos tushadi, taraqqiyot va rivojlanishning ilg‘or yo‘li hisoblanadi. Masalan, bu tilshunoslikda, deylik, [a] unlisidan birdan [o] unlisiga o‘tish rivojlanishning inqilobiy turiga mos bo‘lsa, [a] unlisidan bosqichma-bosqich [o] unlisiga o‘tish taraqqiyotning tadrijiy yo‘liga uyg‘undir. “Asta-sekin miqdor o‘zgarishlari yo‘li bilan sodir bo‘ladigan sakrashlar eskini bir yo‘la tugatish emas, balqi uzoq davom etgan eski sifatni yangi sifatga aylantirish bilan ifodalanadi. Demak, dialektikaning ushbu qonuni mazmun-mohiyatini to‘g‘ri anglash va amaliyotda ham to‘g‘ri tatbiq qilish katta amaliy va nazariy ahamiyatga ega.”131 Miqdor o‘zgarishlarining sifat o‘zgarishlariga o‘tishida uzluksizlik va uzluklilik tamoyili muhim ahamiyatga ega. Uzluklilik sifat o‘zgarishiga o‘tishning sakrash usulini o‘zida aks ettirib, u asosan taraqqiyotga emas, balki tanazzulga olib keladi. Masalan, sobiq sho‘ro tuzumida bozor munosabatlaridan soqialistik iqtisodiy munosabatlarga o‘tish iqtisodiy tafakkurning izdan chiqishiga olib keldi. Bu rivojlanishning uzlukli ko‘rinishi bo‘lib, dialektikada portlash yo‘li bilan sifat o‘zgarishiga o‘tish sifatida baholanadi. Tabiatda yuz beradigan o‘zgarishning bunday turi har doim barcha tirik mavjudot uchun birday xavfli bo‘lib kelgan. “Portlash” asosidagi o‘zgarish ijtimoiy rivojlanishga ham nomuvofiqdir. Zero, insoniyat iqtisodiy tafakkurida “portlash” bo‘lishi mumkin emas, u har doim tadrijiydir. SHuning uchun O‘zbekistonda bozor iqtisodiy munosabatlariga bosqichma-bosqich (tadrijiy) o‘tish yo‘li tanlangan. SHakllanayotgan graduonimik tilshunoslik tabiat, jamiyat va tafakkur taraqqqiyotida birday amal qiladigan miqdor o‘zgarishlarining sifat o‘zgarishlariga o‘tishi qonuniga metodologik omil sifatida tayanib, lisoniy birliklarni o‘zaro tutashtiradigan nuqtalardagi muhim holatlarning ilmiy tavsifini beradi. Tilshunos L.V.Щerba ta’kidlaganidek, “chekka, ziddiyatli nuqtalar oydek ravshan, tilshunosni ushbu ziddiyatli ikki qutbning xossalarini o‘zida mujassamlashtiradigan, tebranib, goh u yoqqa, goh bu yoqqa o‘tib turuvchi noaniq hodisalar ko‘proq qiziqtirmog‘i lozim.”132 Bu esa til hodisalariga miqdor o‘zgarishlarining sifat o‘zgarishlariga o‘tishi qonuniga tayanadigan graduonimik tilshunoslik tamoyillariga muvofiq keladi. Mavzuni mustahkamlash uchun savollar Metodologiya deganda nimani tushunasiz? Tilni paradigmalar asosida o‘rganish nima? Tilni o‘rganish paradigmalarini tavsiflang. Bilish bosqichlarini tavsiflang. Formal mantiqning asosiy qonunini ayting. “Uchinchisini istisno” qonuni va uning taraqqiyotni baholashdagi o‘rnini sharhlang. “Oraliq uchinchi” qonuni va uning taraqqiyotdagi o‘rnini izohlang. Formal tilshunoslik nega ziddiyatlar tilshunosligi deb yuritiladi? Substansial tilshunoslik va gradual tilshunoslik munosbatini izohlang. “Qarama–qarshiliklar birligi va kurashi” qonunining ijtimoiy taraqqiyot va til ilmidagi o‘rni qanday? Miqdor o‘zgarishlarining sifat o‘zgarishlariga o‘tish qonunining ijtimoiy taraqqiyot va til ilmidagi o‘rni qanday? Gradual tilshunoslikning istiqbolini qanday tasavvur qilasiz? Leksikografik zaruriyat va uning an’anaviylashuvi haqida gapiring. Adabiy til talqini zaruriyati va uning an’ana tusiga kirishi qanday ro‘y berdi? Lisoniy strukturani aniqlashning ijtimoiy zarurat ekanligini izohlang. Tildan amaliy foydalanish samaradorligi davr talabi ekanligini bayon qiling. Adabiyotlar 1. Karimov I. YUksak ma’naviyat − engilmas kuch. −Toshkent: Ma’naviyat, 2007.- 176 b. 2. Asmus V. G. Immanuil Kant. –M.: Nauka, 1983. 3. Vohidov R., Ne’matov H. So‘z bag‘ridagi ma’rifat. −Toshkent: YOzuvchi, 2001. 4. Dialektika teoriya poznaniya. Ob elementax dialektiki. Pod obщey redakqiey B.M. Kedrova. –M.:Nauka, 1965. 5. Kopnin P.V. Dialektika kak logika i teoriya poznaniya. –M.: Nauka. 1973. 6. Mengliev B. Falsafa nechanchi o‘rinda turadi? // Ma’rifat, 2004 yil 10 mart. 7. Navoiy A. Lisonu-t-tayr. −Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi Nashriyot-matbaa birlashmasi, 1991. 8. Nasafiy SHayx Aziziddin. Zubdat ul haqoyiq // Tafakkur, 1995, – № 3–4. 9. Ne’matov H., Bozorov O. Til va nutq. −Toshkent:O‘qituvchi, 1993. 10. Rahimov A. Tilni paradigmalar asosida o‘rganish muammolari. // O‘zbek tili va adabiyoti, 2012, 2-son, 20-25-b. 11. Xayrullaev M., Haqberdiev M. Mantiq. −Toshkent: O‘qituvchi, 1993. –B. 92–95. 12. SHahobiddinova SH. Umumiylik va xususiylik dialektikasi hamda uning o‘zbek tili morfologiyasida aks etishi: Filol.fanlari doktori... diss.avtoref. −Toshkent: 2001. Download 1.54 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling