O’rta Osiyoda milliy chegaralanish va uning oqibatlari Reja: Kirish Milliy siyosatning olib borilishi 2


Milliy siyosatning olib borilishi


Download 59.43 Kb.
bet2/5
Sana17.06.2023
Hajmi59.43 Kb.
#1528689
1   2   3   4   5
Bog'liq
O’rta Osiyoda milliy chegaralanish va uning oqibatlari- tugrisi

Milliy siyosatning olib borilishi
Bolsheviklar partiyasi bosh bo‘lgan sovet hokimiyati Turkistonda uzoqqa mo‘ljallangan o‘z makkorona rejalarini amalga oshirishga kirishdi. Shu maqsadni ko‘zlab u XX asrning 20-yillari boshlaridan bu zaminda mustamlakachilarga xos «orani buz, hokimlik qil» qabilidagi o‘z milliy siyosatini hayotga izchil tatbiq etish yo‘lini tutdi. Aslida sovetlarning milliy siyosati podsho Rossiyasining ko‘p zamonlar bu yurtda yuritib kelgan shovinistik, ulug‘ davlatchilik siyosatidan mohiyat e’tibori bilan farq qilmasdi. Faqat uning shaklishamoyili o‘zgargandi, xolos. Gap shundaki, Rossiya imperiyasi hukmronligi davrida chekka o‘lkalar xalqlari ochiq-oshkora tarzda kamsitilar, ularning insoniy qadr-qimmati, ornomusi, asliy milliy qadriyatlari tahqirlanar edi. Sovet mutasaddilari esa o‘zlarining niqoblangan soxta ishlari, yolg‘on-yashiq va’dalari va da’vatlari bilan mazlum millat kishilarini laqillatishga, o‘z hukmlariga bo‘ysundirishga, «yagona Turkiston uchun» kurash g‘oyasini yo‘qqa chiqarishga intildilar. Turkiston xalqlari o‘z milliy davlatchiligini tiklash va rivojlantirishga intildi. 1920-yil yanvarida bo‘lib o‘tgan Turkiston Kompartiyasining V o‘lka konferensiyasida Turkiston ASSR MIQ raisi T. Risqulov so‘zga chiqib mushtarak Turkiston g‘oyasini ilgari suradi, asosan turkiy xalqlardan iborat Turkiston Avtonom Respublikasini Turk Sovet Respublikasi, Turkiston Kompartiyasini Turkiy xalqlar Kompartiyasi, deb o‘zgartirishni taklif qiladi.1 Bu takliflar o‘lka ijtimoiy-siyosiy hayotida, RKP(b) Markazqo‘mi, uning Siyosiy byurosi, sovet hokimiyati doiralarida turli bahslarga sabab bo‘ladi. Shu bois «Turkiston masalasi» bir necha bor Markazda, RKP(b) Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosining 1920-yil mart—iyun oylaridagi majlislarida muhokama qilindi. Garchand Markaz «Turkiston masalalari»ga yuzadan turib qiziqish bildirgan bo‘lsa-da, biroq Turkistonga mustaqillik berishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ymagan edi. Shu zaylda masalaning yechimi cho‘zila boradi. 1920-yil 13-iyunda T. Risqulov, N. Xo‘jayevlardan iborat Turkiston xalqlari delegatsiyasi o‘z amaliy takliflari bilan bevosita sovet hukumati rahbari V. I. Lenin qabulida bo‘ladi. Bu ular uchun so‘nggi umid va najot ilinji edi. Oqibat natijada shunday bo‘ldiki, na sovet hukumati rahbariyati va na bu masalani 1920-yil 29- iyulida ko‘rgan RKP(b) Markazqo‘mi Siyosiy byurosi turkistonlik delegatsiya iltimosnomasiga ijobiy baho bera oldi. Buning aksincha, sovet hukumati va partiya rahbariyati o‘lkadagi vaziyatni tezlikda bartaraf etish uchun shoshilinch tarzda «RKP(b)ning Turkistondagi asosiy vazifalari to‘g‘risida» degan nom ostida bir necha qarorlar qabul qildi. Jumladan, «Turkistonda hokimiyatni tashkil etish to‘g‘risida»gi maxsus qarorda Turkistonda Butun Rossiya Markaziy Ijroiya Qo‘- mitasi, RSFSR Xalq Komissarlari Soveti va RKP(b) Markaziy Qo‘mitasining doimiy vakolatxonasi bo‘lishi kerakligi zarur, deb ko‘rsatildi. Mazkur qaror o‘lka hayoti ustidan nazoratni kuchaytirish, sovet hokimiyati negizlarini mustahkamlashga xizmat qildi. Shunday qilib, o‘lka xalqlarining o‘z taqdirini o‘zi belgilash, o‘z milliy davlatchiligini o‘z xohishlaricha huquqiy asosda tashkil qilish borasidagi yana bir urinishi barham topdirildi. O‘lka xalqlarining orzuumidlarini ro‘yobga chiqarishga muvaffaq bo‘la olmagan Turkiston ASSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi raisi, taniqli arbob T. Risqulov tez orada o‘z lavozimidan iste’foga chiqishga majbur bo‘ladi. Gap shundaki, sovet Rossiyasi hukumati Turkistonning emin-erkin rivojlanish yo‘lidan ilgarilab borishini emas, balki uning doimiy o‘z nazoratlari ostida bo‘lishini xohlardi. O‘lkaning mehnatsevar, jafokash xalqi, uning boyliklari, tabiiy va mineral resurslari Markaz foydasiga ishlashi, xizmat qilishi ularning birdan bir muddaolari edi. Hukmron Markaz tashabbusi bilan tashkil etilgan Turkkomissiya, O‘rta Osiyo Byurosi, O‘rta Osiyo Iqtisodiy Kengashi singari nufuzli organlarning o‘lka hayotining barcha jabhalarini o‘z nazoratiga olishi, o‘z iznlariga bo‘ysindirish borasida harakat etib kelganligi boisi ham mana shundadir. Ma’lumki, bolsheviklar boshliq sovetlar hokimiyati barcha usul va g‘oyaviy ta’sir vositalarini ishga solib, mazlum millatlarni yagona bir qizil saltanat tarkibiga birlashtirish, shu asosda qudratli ittifoq davlatini barpo etishni o‘z oldilariga bosh maqsad qilib qo‘ydilar. Podsho Rossiyasining mustamlakachilik siyosatini boshqacha shakl va ko‘rinishlarda ustamonlik bilan davom ettirgan makkor sovet rejimi sovet respublikalari ittifoqini tuzishga, ularni RSFSR atrofiga jipslashtirishga asosiy e’tibor qaratdi. Bunda yosh sovet respublikalarining Birinchi jahon urushi (1914— 1918-yillar) va Fuqarolar urushi oqibatlari, o‘z milliy davlatchiligi va iqtisodiy-ijtimoiy hayotini qurish, xo‘jalik ishlarini tashkil etish, kadrlar masalasi, o‘z hududiy yaxlitligini saqlash kabi ayrim vaqtinchalik qiyinchiliklarga duch kelganligi bolsheviklarga qo‘l keldi. Shu bilan birgalikda RSFSR hukumati tomonidan 1918—1922-yillarda yangi sovet respublikalariga diplomatik, siyosiy-iqtisodiy, harbiy, moliyaviy ta’sir o‘tkazildi. Bu jarayonga bolsheviklar boshchilik qildilar. Garchi bo‘lajak Ittifoq sovet respublikalarining do‘stlik va tenglikka asoslangan ixtiyoriy ittifoqi bo‘ladi deyilsa-da, biroq uzoqni ko‘ra biladigan respublikalarning bir qator rahbarlari bunga qarshi edilar. Masalan, Ukraina Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi kotiblari X.G.Rakovskiy va D. L. Pyatakov yagona ittifoq davlati g‘oyasiga qarshi chiqib, umumittifoq hokimiyat organlari bo‘lmagan «konfederatsiya» tuzishni yoqlab chiqdilar. Gruzin milliy ziyolilari ham yangi ittifoq tuzish g‘oyasini qo‘llamadilar. Bir necha bor RKP(b) Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosida, partiyaning syezdlari va plenumlarida, shuningdek, sovet tashkilotlarida bu masala keng muhokama qilindi. Muhokamalarda, jumladan, sovet hukumati arboblaridan biri I. Stalin «avtonom lashtirish» g‘oyasini ilgari surdi. Unga ko‘ra, sovet respublikalari muxtor (avtonom) respublika maqomi bilan RSFSR tarkibiga kirishlari kerak degan g‘oya ilgari surilgan edi. Tabiiyki, bunday taklifga milliy respublikalar xohish bildirmasliklari ham mumkin edi. Bu xavfni anglagan Lenin yangi ittifoq RSFSR dan yuqori bo‘ladi va unga RSFSR ham boshqa milliy respublikalar kabi teng maqom va huquqlar bilan kiradi,2 degan fikrni bildirdi. Bu sovetlarning yana bir o‘ziga xos hiylasi edi. Nihoyat, RKP(b) rahbarligida joylarda uzoq vaqt olib borilgan tashviqot-targ‘ibot ishlari va ko‘rsatilgan tazyiqlar o‘z natijasini berdi. Ukraina, Belorussiya, Zakavkazye Federatsiyasi Kompartiyalari, bu respublikalarning sovetlar syezdlari RKP(b) Markazqo‘mining «SSSRni tuzish to‘g‘risida»gi takliflarini qo‘llab-quvvatlashlarini bayon qildilar. 1922-yil 26-dekabrda Sovetlarning Butun Rossiya X syezdi sovet respublikalarini yagona sovet davlatiga birlashtirishni zarur deb topdi. Syezd o‘zi saylagan delegatsiyasiga USSR, BSSR va ZSFSR delegatsiyalari bilan birgalikda Sovet Sotsialistik Respublikalari Ittifoqini tashkil etish to‘g‘risidagi Deklaratsiya loyihasini ishlab chiqish va Ittifoq shartnomasini tayyorlashni topshirdi. 1922-yil 29-dekabrda Moskvada to‘rt respublika vakolatli delegatsiyalarining konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Konferensiya SSSR ni tuzish to‘g‘risida RKP(b) Markaziy Qo‘mitasi plenumi tasdiqlagan Deklaratsiya va Shartnoma loyihasini muhokama qilib, uni ma’qullaydi. 30-dekabrda uni to‘rt respublikalarning vakolatli delegatsiyalari imzolaydilar. 1922-yil 30-dekabrda Moskvada Butunittifoq Sovetlarining I syezdi SSSR ni tuzish to‘g‘risidagi Deklaratsiya loyihasini ko‘rib chiqib, Deklaratsiya va Ittifoq Shartnomasini tasdiqlaydi. Syezd yangi ittifoq — SSSR ning yuqori hokimiyat organlari — Markaziy Ijroiya Qo‘mitasini va hukumatini tuzdi. SSSR MIQ Raislari etib, RSFSR dan M.I.Kalinin, Ukrainadan G. I. Petrovskiy, Belorussiyadan A. G. Chervyakov, ZSFSRdan N. N. Narimanovlar saylandi. V. I. Lenin SSSR Xalq Komissarlari Soveti raisi etib tasdiqlandi. Shunday qilib, oktabr to‘ntarishidan 5 yil o‘tgandan keyin 1922-yil 30-dekabrda SSSR tuzildi. Uning ta’sischilari RSFSR, BSSR, USSR, ZSFSR hukumatlari bo‘ldilar. Keyinchalik uning tarkibi kengayib bordi. XX asrning 30—40-yillari boshlariga kelib bu ittifoq davlati tarkibi yangi respublikalar hisobiga kengayib, u son jihatidan 15 taga yetkazildi. Shunday qilib yer yuzi hududining 1/6 qismini egallagan qudratli sovetlar saltanati vujudga keldi. Bu ittifoqqa asos solgan barcha dasturilamal hujjatlarda tenglik, birodarlik tushunchalari aks ettirilsa-da, biroq amalda u hukmron Markaz uchun butun-butun xalqlarning taqdir-qismati, inon-ixtiyorini tamomila o‘z tasarrufiga bo‘ysundirishga xizmat qilgan tuzoq rolini o‘tab keldi. Negaki, bu ittifoq uning tarkibiga kiritilgan har bir milliy respublikaning amaldagi mustaqilligini barham toptirdi, emin-erkin rivojlanishiga g‘ov soldi. Bunday og‘ir ayanchli qismatni O‘zbekiston va uning jabrdiyda xalqi ham o‘z boshidan kechirdi.


Download 59.43 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling