Ot kishnagan oqshom (qissa)
Download 317 Kb.
|
ot kishnagan oqshom aim.uz
www.ziyouz.com kutubxonasi 52
— Hali kammi? Mana bo‘lmasa, mana! Yeganing burningdan chiqqur! — dedim. Tarlondan egar-abzalini, yuganini shilib oldim. Kallasiga bir urdim. — Ket, hayvon, ket! Qazisan, qartasan, asli naslingga tortasan! Tortding, aslingga! Ket! — dedim. Tarlon yollari selkillab-selkillab qochib qo‘ya berdi. Birodarlar jahl kelganda aql ketadi, deganlari shu-da! Ko‘pkari oxirini qaramadim. Egar-abzallarni qo‘ltiqlab, uyimizga jo‘nadim. Ayolimiz alag‘da bo‘lib, Tarlonni so‘radi. — So‘rama ayol, so‘rama, — dedim. — Termizdan artistlar kelib, klubda teatr qo‘ygani esingdami? O‘sha teatrda Alisher Navoiy nima deb edi? Hayvonni qancha tarbiya qilma, it bo‘ladi, eshak bo‘ladi, aslo odam bo‘lmaydi, deb edi! Navoiy haq ekan, ayol! Bekorga Navoiy, Navoiy, demas ekanlar! Ko‘kayim qurib ot boqdim. O‘zim yemadim, Tarlonga yedirdim, o‘zim ichmadim, Tarlonga ichirdim. Bolalar rizqidan-da urib, Tarlonga yedirdim. Tarlon baribir odam bo‘lmadi! Urib-urib haydab yubordim! Bahridan o‘tdim! Tarlon ko‘r bo‘ladi, Tarlonni tuzim ko‘r qiladi... — Bekor qilibsiz-da, ko‘p pullik mol edi, — dedi ayolimiz. — E-e, puli boshimdan sadaqa! Ayol zoti boshdan adoq zarga o‘ralgan bilan, shoyishomilaga belangan bilan, o‘zi yomon bo‘lsa, unday ayolning kimga keragi bor? unday ayolni zari bilan qo‘shib, shoyi-shomilasi bilan qo‘shib, uch taloq qo‘ymoq lozim! Ot ham shu-da! Yomon ot — yomon ayolday gap! Erkakni el orasida sharmanda qiladi! Mana, Tarlon yuzlab chavandozlar oldida yuzimni yerga qaratdi! Shunday deyishga dedim. Ana, dedim. Ammo ko‘nglim tub-tubida nimadir... nimadir bir nima mayda-mayda ushoq bo‘lib-bo‘lib ketdi. Tarlon uchun ich-ichimdan rahmim kelibkelib ketdi... 63 Kechasi bir mahalda katta darvoza do‘q-do‘q etdi. Yelkamga choponimni tashlab, tashqariladim. — Kim u bemahalda kelgan? — dedim. Tashqaridan ovoz bo‘lmadi. Darvoza zanjiri shildir-shildir etdi. Oshiq-moshig‘i g‘iyq-g‘iyq qildi. — Hozir, mana hozir! — dedim. Borib, darvoza tambasini oldim. Zanjirini yechdim. Darvozani lang ochdim. — Eb-ey-eb-ey! Ostonada o‘zimizning Tarlon turibdi! Bir o‘zi! Kambag‘al iltijoli pishqirdi, kambag‘al tumshug‘ini cho‘zdi, kambag‘al mo‘ltayib qaradi. Nima deyishimni bilmadim, nima qilishimni bilmadim. — Kelibsan-da... Kelmasang, oq butum qora kuyarmidi... — deya to‘ng‘illadim. Tarlon bilan gap qo‘shmadim. Yuziga-da qaramadim. Yuzimni teskari burdim. — Sen ham odam bo‘lding-u... — deya to‘ng‘illadim. Birodarlar, eshikdan kelgan odamni ket, deb bo‘ladimi? Bo‘lmaydi, bo‘lmaydi! Shu bois, miq etmadim. Gapsiz-so‘zsiz ichkari yurdim. Tarlon ketimdan ergashib keldi. Borib, otxona eshigini ochib turdim. Tarlon mo‘mingina bo‘lib kelib, otxonaga kirib oldi. Ichkari kirib olib, pishqirdi. Endigi pishqirishida ko‘ngli to‘qlik bo‘ldi. Ustidan zanjirlab keldim. Ot kishnagan oqshom (qissa). Tog’ay Murod Download 317 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling