Otaqulova sarvinoz fozil qizining


Muammoning o’rganilganlik darajasi


Download 132.54 Kb.
bet3/8
Sana16.06.2023
Hajmi132.54 Kb.
#1500886
1   2   3   4   5   6   7   8
Bog'liq
DISSERTATSIYA2

Muammoning o’rganilganlik darajasi: Alisher Navoiy asarlaridagi obrazlar, shu jumladan, Bahrom Go’r obrazi ham ko’plab adabiyotshunos olimlarimiz tomonidan keng o’rganilgan. Chunonchi, Natan Mallayevning “So’z san’atining gultoji”, Saidbek Hasanovning “Navoiyning yetti tuhfasi”, maqolalar to’plami, Bobonazar Murtazoyevning “ Alisher Navoiy “Sabb’ai sayyor” va Xusrav Dehlaviy “Hasht behisht” dostonlarining qiyosiy tahlili” nomzodlik dissertatsiyasi, Uzoq Jo’raqulovning “Alisher Navoiy “Xamsa”sida xronotop poetikasi” doktorlik, Iroda Pardayevaning “Alisher Navoiy asarlari badiiyati” nomli phD dissertatsiyalari shular jumlasidandir. Ushbu ishlarda Bahrom obrazining boshqa asarlar bilan qiyosiy va ramziy tahlili kabi masalalar o’rin olgan. N.Mallayev maqolasida Bahrom badiiy obrazini tarixiy obraz bilan qiyoslab, badiiy talqindagi Bahrom obrazi tarixiy qahramon bilan deyarli bir xil ekanligini dalillar bilan keltirib o’tadi. Zero, tarixdagi shohning kanizaklari orasida changni mahorat bilan chala oladigan latofatli kanizi borligi va uning ismi Ozoda ekanligi, Bahromshoh ushbu kanizagini hammadan ham ko’proq yaxshi ko’rishi haqidagi haqiqatlar badiiy to’qima obrazlar Bahrom va Diloromga juda yaqin turishini olim o’z maqolasida keltirib o’tadi. S.Hasanov o’z monografiyasida “Sabb’ai sayyor” dostonida keltirilgan obrazlarga yuklangan ramziy ma’nolarni, asardagi yeti hikoyaning tahlili va ulardan chiqadigan xulosalar, qasrlarning rangidagi ramziy sifatlar, shuningdek, Bahrom va Dilorom muhabbatining tarixiy va badiiy ildizlari haqida to’xtalib o’tadi. I.Pardayeva o’z ishida “Tarixi mulki ajam”da keltirilgan Bahrom obrazining salbiy va ijobiy xislatlari, tarixda o’tgan Bahrom ismli shohlar haqida so’z yuritiladi. Bobonazar Murtazoyev “Alisher Navoiy “Sabb’ai sayyor” va Xusrav Dehlaviy “Hasht behisht” dostonlarining qiyosiy tahlili” nomzodlik dissertatsiyasida Bahrom obrazining tarixiy-afsonaviy zamini haqida to’xtalib, dastlab ushbu obraz at-Tabariyning “Tarix ar-rusul val-muluk”, Hamza Isfahoniyning “Tarix mulkul arz val anbiyo”, Abu Mansur Saolibiyning “G’urar axbor mulk al furs va siyyaruhum”, Balamiyning “Tarixi Tabariy”, Abu Rayhon Beruniyning “Al osor al boqiya” va Alisher Navoiyning “Tarixi mulki Ajam” asaralarida keltirilgani haqida to’xtalib o’tilgan. Bahrom obrazining yozma adabiyotga kirib kelishida “Xvataynamak” kitobi muhim ahamiyatga ega. Ushbu obraz Firdavsiyning “Shohnoma”sidan so’ng yozma adabiyotda chuqur ildiz otadi. Olim dissertatsiyasida Bahrom obrazini Dehlaviyning “Hasht behisht” va Navoiyning “Tarixi mulki Ajam” asarlari bo’yicha qiyoslab o’rganadi. Dehlaviy asarida yetti qasrning qurilishiga sabab qilib, Bahromning ichkilik va aysh-u ishratga berilgani uchun uni yana davlat ishlariga e’tiborini kuchaytirish maqsadida qurilganini ko’rsatadi. “Hasht behisht”da Bahrom Diloromga yetishgandan so’ng Dilorom obraziga umuman to’xtalinmaydi, ushbu obraz hayoti mavhumligicha qolib ketadi. Alisher Navoiy esa salafida kuzatilgan kamchiliklarni tuzatishga harakat qiladi. Navoiyning “Sabb’ai sayyor” asarida yetti qasrning qurilishiga Bahromning Dilorom ishqida o’rtanib, bor-yo’g’idan voz kechib abgor holga kelganidan shohni oz bo’lsa-da, azobdan xalos etish maqsadida qurilganligini qiyosan tahlil qilib o’rganadi. Olim asarda Bahromning aysh-ishratga berilib, qulon oviga mukkasidan ketgani alal oqibat uning fojiali o’limiga sabab bo’lganligini tush epizodi bilan bog’lab zimdan Husayn Boyqaroga ishora qilganligini aytib o’tadi. Unga ko’ra,” Navoiy tushida shoh Bahrom bilan suhbat quradi, Bahrom Navoiyga “Sabb’ai sayyor” dostoni uchun minnatdorchilik izhor etadi, ofarinlar o’qiydi. Bahrom so’z orasida Husayn Boyqaroni tilga oladi, uning kuchli va zabardast saltanat sohibi ekanini aytadi, lekin ayshga moyilligiga shama qiladi. Navoiy Bahrom tilidan, Bahrom nomidan Husayn Boyqaroni tanqid ostiga olib, saltanat va davlat barqarorligini saqlab qolmoqchi, shohni behuda harakatlardan, o’rinsiz ishratbozlikdan voz kechishga chorlaydi. Navoiy shohlik, hukmronlik ishida hamisha oqil yo’l tutishi, shoh dunyoga yaxshi nom qoldirishi kerakligini Bahrom tilidan bayon etadi.”1 Bundan tashqari olim Dehlaviy va Navoiy “Xamsa”sining to’rtinchi dostonlarida qo’llangan badiiy vositalar haqida ham birmuncha fikr yuritib, asarlardagi qoliplovchi hikoyatlarning epizodik obrazlariga ham to’xtalib o’tadi. Jumladan, Diloromni o’z tarbiyasiga olgan Xoja (Navoiy dostonida) va Dehqon (Dehlaviy dostonida) obrazlarining xarakter xususiyatlari, shuningdek, Moniy obrazining kelib chiqish ildizlari, sayyoralar va raqamlarga yuklangan ramziy g’oyalar haqida o’rinli xulosalar beradi.

Download 132.54 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling