Gakkenbrux sinamasi (yo‘tal turtkisi sinamasi). Bemor yo‘talganda katta teri osti venasi (v.s.magna) son venasiga quyiladigan sohaga quyilgan barmoqlar turtkini sezadi. Musbat Gakkenbrux sinamasi katta teri osti venasi ostial klapani yetishmovchiligini ko‘rsatadi.
Chuqur venalar o‘tkazuvchanligi Delbe-Pertesning “marsh” sinamasi va Pratt -1 sinamasi bilan tekshiriladi.
Delbe-Pertesning marsh sinamasi: Tik holatda turilganda songa faqat yuzaki venalarni bosib turadigan jgut bog‘lanadi. Bemor joyida 5 minut odimlashi (“marsh” qilishi) yoki shu daqiqa ichida yurishi lozim. Teri osti venalarning puchayishi chuqur venalarning o‘tkazuvchanligidan dalolat beradi. Agar teri osti venalari kuchayib bo‘rtsa va boldir sohasida og‘riq paydo bo‘lsa, chuqur venalarda to‘siq borligidan yoki jgutdan pastdagi kommunikant venalar yetishmovchiligidan dalolat beradi.
Pratt–1 sinamasi: boldir aylanasi o‘lchangandan so‘ng bemor chalqancha yotqiziladi va venalar bo‘shalgandan so‘ng, oyoqqa teri osti venalarini bosib turadigan elastik bint o‘ralib, 10 minut yurish taklif etiladi. Og‘riqning paydo bo‘lishi chuqur venalar zararlanganligini ko‘rsatadi. Takror tekshiruvda boldir aylanasi o‘lchamining ortishi - chuqur venalarning o‘tkazuvchan emasligini ko‘rsatadi.
Kommunikant venalar o‘tkazuvchanligini aniqlovchi sinamalar: Kommunikant venalar klapan apparatining funksiyasini aniqlash uchun Pratt-2 sinamasi, 3 jgutli Sheynis sinamasi, Talman va Fegan sinamalari qo‘llaniladi.
Pratt – 2 sinamasi: Bemor yotqizilib teri osti venalari bo‘shashgandan so‘ng oyoq panjalaridan boshlab faqat teri osti venalari bosib turadigan qilib elastik bint o‘raladi, songa Pupart boylami ostiga jgut bog‘lanadi. O‘rindan turish taklif qilinadi. Jgut ostiga ikkinchi elastik bint bog‘lanadi. So‘ngra pastdagi bint o‘ram-o‘ram qilib yechiladi, yuqoridagi bintni esa oyoqqa bintlar orasiga 5-6 sm joy qoladigan qilib pastga o‘raladi. Bintlardan ozod bo‘lgan sohada venalarning tez to‘lishi bu yerda kommunikant venalar klapanlarining zararlanganligidan dalolat beradi. Ularga ko‘k dori surtib belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |