O‘zbek аdabiy tili (morfologiya) toshkent nashriyoti
Shaxs qo‘shimcha
Download 0.76 Mb.
|
O‘zbek аdabiy tili (morfologiya) toshkent nashriyoti-fayllar.org (1)
- Bu sahifa navigatsiya:
- -(i)ng, -(i)ngiz III -(i)si
Egalik shakllari sonni ham ifodalaydi: 1. Birlik- -(i)m, -(i)ng (kitobim, kitobing) 2. Ko‘plik- -(i)miz (kitobimiz) 3. Birlik / ko‘plik- (i) ngiz, -i (si) (kitobingiz, kitobi) -i(ngiz), -i(si) qo‘shmchalari ikkala songa ham betaraf, ya’ni “oraliq uchinchi” tabiatiga ega. Demak, son kategoriyasi ma’nosi boshqa kategoriyalar, jumladan, egalik kategoriyasi mazmunida ham mavjud ekan. Egalik kategoriyasi uchun kategorial bo‘lmagan yana bir ma’no bu modal ma’nodir. Modal ma’no egalik kategoriyasi uchun H.Ne’matov ta’biri bilan aytganda, “hamroh” ma’nodir, o‘zining grammatik kategoriyasiga ega emas. I shaxs birlik va III shaxs qo‘shimchalari umuman modal ma’no ifodalamaydi. Modal ma’no ifodalash faqat II shaxs birlik va ko‘plik shakllarida mavjud bo‘lib, bu ayniqsa, II shaxs ko‘plikda yaqqolroq seziladi. Sizlash, sensirash, kesatish, mensimaslik, hurmat kabi qator modal ma’nolar ijtimoiy omil bilan zich bog‘liq bo‘lib, o‘zbek tilida bu ma’nolarni ifodalash uchun turli morfologik, lug‘aviy vositalar qo‘llaniladi. Chunonchi, hurmat ma’nosini ifodalash uchun xoslangan shakllar G`. Zikrillayev tomonidan chuqur tahlil qilingan [2, 106-108;]. Egalik qo‘shimchalarining xususiy qo‘llanishlarida butunqism ma’nosining yuzaga chiqishini ham kuzatish mumkin: o‘quvchilardan biri, talabalarning a’lochisi kabi. Xo‘sh, egalik kategoriyasi uchun kategorial bo‘lgan ma’no nima? Egalik kategoriyasining UGMsi sifatida formal-funksional tadqiqda bu kategoriyaning shaxs-son ma’nolari bilan murakkablashgan hokim so‘zni tobega bog‘lash (ya`ni, hokim shaxs - son tobe) funksiyasi vazifasi va ma’nosi tushuniladi. Bu UGM so‘z birikmasi tarkibidagi so‘zlarning lug‘aviy ma’nolari, bu ma’nolar aloqador bo‘lgan atalmishlardenotatlarning o‘zaro mantiqiy- hayotiy munosabatlari asosida rang-barang OGMlar sifatida voqealanadi. Egalik kategoriyasining OGMlari sifatida quyidagi turlarni ajratish mumkin: 1. Qarashlilik / mansublik ma’nosi: Ilhomning kitobi, bolaning otasi, qo‘yning boshi...; 2. Foil harakat (bajaruvchi harakat): Adibaning kulishi, sening gapirishing...; 3. Sof sintaktik aloqa (aniqlanmishni ot aniqlovchi bilan bog‘lash): Qovun bozori, go‘sht do‘koni...; Bu OGMlar so‘zlar, ular denotatlari orasidagi real (hayotiy) munosabatlar asosida son-sanoqsiz XGMlar sifatida voqelanishi mumkin. Chunonchi, 1. Bolaning otasi 2. Gulning bargi 3. Mohigulning kitobi 4. Qizlarning bittasi…kabi o‘nga yaqin so‘z birikmalarida XGMlar muayyan so‘zlar orasidagi mantiqiy bog‘lanish bilan belgilanadi. Chunonchi, ota va bola orasida qanday mantiqiy (real) bog‘lanish bo‘lishi mumkin? Voqelikda ota bilan bola orasida qarindoshlik munosabatlari mavjud. Shuning uchun “bolaning otasi”, “otaning bolasi” SBdagi XGM- qarindoshlik ma’nolarini ifodalash egalik kategoriyasi UGMsi a) aniqlanmishni aniqlovchi bilan bog‘lash; b)shaxs-songa ishora qilishning “qarashlilik/mansublilik” OGMsi “g‘alviri”dan o‘tib, ota va bola leksik birliklari va tushunchalarining o‘zaro munosabati asosidagi voqelanish ko‘rinishidir. Yoki “Ilhomning kitobi” so‘z birikmasida uch xil XGM voqelanishi mumkin: 1. Ilhomga qarashli kitob. Ilhomning mulki bo‘lgan kitob. 2. Ilhom yozgan kitob. Muallifi Ilhom bo‘lgan kitob. 3. Ilhomga qaysidir jihatlari bilan aloqador bo‘lgan kitob. Nutq sharoiti bu ma’nolarni muayyanlashtirib turadi. Chunonchi, 1-matnda 1-ma’no, 2-matnda 2-ma’no, 3-matnda esa 3-ma’no voqelangan: 1. Ilhomning kitobi yo‘qolmasin. Ehtiyot qiling. 2. Ilhomning yangi kitobi chiqibdi. Uni tabriklashga boryapmiz. 3. Bu uch kitob- A.Qodiriy “O‘tgan kunlar” romanining uch nashri. Ilhomning kitobi-ijodkorning eng so‘nggi, mukammal, istiqloldan keyin muallifning qo‘lyozmasi asosida berilgan to‘liq haqiqiy matni. Firuzaning kitobi-bu asarning sho‘ro tuzumi davrida ko‘p joylarini buzib, qisqartirib e’lon qilingan birinchi nashri. Go‘zalniki esa asarning qisqartirilgan nashridir. Bu XGMlar bevosita grammatikaga aloqador emas. Bu ma`nolar ichida grammatik tizimga aloqadori UGM va qisman OGMlardir. Egalik kategoriyasining ikkinchi OGMsi bog‘liq qurshovda- aniqlanmish hokim so‘z vazifasida harakat nomlari, sifatdoshlar va ba’zan fe’llardan yasalgan otlar kelgan so‘z birikmalarida voqelanadi. Bunday birikmalarda aniqlanmish harakat-holat ma’nosiga, qaratqichli aniqlovchi esa foil / subyekt ma’nosiga ega bo‘ladi: Salimning kelishi, Ilhomning ko‘rgani, Lolaning kulishi... Bu OGM ham bajaruvchi va harakat-holat orasidagi hayotiy (real) munosabatlar, bog‘lanishlar, aniqlanmishning nisbat shakllariga bog‘liq ravishda xilma-xil XGMlarida voqelanadi. Chunonchi, “Ilhomning kulishi” bilan “Mohigulning Ilhomni kuldirishi” birikmalari orasidagi farq kulish va kuldirish harakat nomi tarkibidagi nisbat farqlari bilan bog‘liq. Xuddi shunday “Karimning yozishi” bilan “Kitobning yozilishi” birikmalari orasidagi farq nisbat farqlari bilan belgilanadi. Egalik kategoriyasining uchinchi OGMsi yorqin ravishda so‘z birikmalari tuzish, so‘zlararo sintaktik aloqani o‘rnatish uchun xizmat qiladi. Chunonchi, 1. Astrobodning bir kuni bir yilga teng. 2. Karimning yo‘qligidan bo‘ldi. Egalik kategoriyasi shakllarining sintaktik vazifa bajarish-otli birikmalar hosil qilish vazifasi asosida tadqiqotchilar turkiy tillarda so‘z birikmalari tizimida ham, gap qurilishida ham alohida qurilish-possesiv (qarashlilik) qurilishi mavjudligini qayd etadilar va possesiv qurilish nominativ qurilishga qarama-qarshi qo‘yiladi. Haqiqatan ham, tilimizda istagan turdagi so‘z birikmasi va istagan turdagi gap qaratqichli birikma variantiga ega bo‘lishi mumkin. Birikmalarga misol: Qizlardan bitta-qizlarning bittasi. Molga qul, qizga oshiq-molning quli, qizning oshig‘i. Vatan uchun kurash- Vatan kurashi. Qizil gul-gulning qizili. Yaxshi hokim- hokimning yaxshisi. Turkiy tillarda, jumladan, o‘zbek tilida nisbiy sifatlarning hind-yevropa tillariga nisbatan ozligining sababi ham egalik kategoriyasining sintaktik mohiyati bilan bog‘liqdir: ученическая форма- o‘quvchi kiyimi, зимние ночи - qish kechalari, компьютерные курсы - kompyuter kurslari. Xuddi shunday istagan nominativ qurilishli (egasi bosh kelishik shakli bilan ifodalangan) gap ham o‘zbek tilida qaratqichli (possesiv) birikmaga ajralishi mumkin: Karim keldi-Karimning kelishi. Kitob yozildi- kitobning yozilishi. Egalik qo‘shimchalarining ayrim so‘zlar tarkibida sintaktik funksiyasi ham, ma’nolari ham to‘la yo‘qolib soddalanadi. Masalan, “qaysi” so‘zi tarixan “qayu” olmoshidan va “-si” egalik qo‘shimchasidan hosil bo‘lgan: qayusi-qaysi. III shaxs egalik qo‘shimchasining soddalanishi, ayniqsa, payt, zamon, o‘rin (makon) otlarida ko‘p sodir bo‘ladi va odatda bu so‘zlarni o‘zgarmas so‘zlar- ravishlar turkumiga o‘tkazadi: Tog‘da kechasi (kechalari, tunlari) osmon juda past ko‘rinadi. O‘rni kelganda gapni uring va boshqalar. Download 0.76 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling