Oʻzbek adabiyotshunosligi kafedrasi
Chaldirmoq janrining o‘ziga xos xususiyatlari
Download 0.6 Mb.
|
1-kurslar uchun Oʻquv-uslubiy majmua andijon – 2022-fayllar.org
4. Chaldirmoq janrining o‘ziga xos xususiyatlari. Yaqin vaqtlargacha chaldirmoqlar topishmoq janri tarkibida qaralib, baholanib keldi. Qadimda chaldirmoq o‘yin shaklida amal qilgan. Chaldirmoqni ko‘pchilik, ikki kishi o‘ynasa ham bo‘ladi. O‘yin avvalida shart belgilab olinadi. Masalan, kim yengilsa, ma’lum joygacha yelkasida ko‘tarib borib kelish yoki boshqa biror shart aytiladi. Shundan keyin kelishuv bilan harflardan biri chaldirmoq quyuvchi, boshqasi yechuvchi bo‘ladi. Masalan, shunday chaldirmoq aytiladi:
– Bir yigit otiga bir qizni mingashtirib ketayotgan ekan. Oldidan bir to‘p lakak(chillak) o‘ynayotgan bolalar chiqibdi. Shunda bolalardan biri sheriklariga: «Qaranglar, hov yigit birovning qizini olib qochib ketyapti», – debdi. Bu gapni eshitib otga mingashgan qiz o‘sha bolaga javob qilibdi: – Jonimning jononasi, Boshimning parvonasi, Bu yigitning onasi, Mening onam qaynonasi. Raqib ma’lum muddat ichida javobni aytishi kerak. Deylik, raqib tomon u yigit qizga og‘a ekanligini topdi. Shundan keyin shart bajariladi. Keyingi chaldirmoq aytish navbati yechgan bolaga keladi va o‘yin ushbu tartibda davom qiladi. Yuzaki qaraganda biror bir fikr, narsa, hodisa va ma’lum raqam, miqdorning chalg‘itib aytilishi, raqibdan uning yechimini topish talab etilishi chaldirmoqlarni topishmoqqa yaqinlashtiradi. Lekin chaldirmoqning aytilish jarayoni, yetakchi xususiyatlari, poetik qurilishi topishmoqdan farq qiladi. Farq, avvalo, chaldirmoqning o‘yin tarkibida kelishida ko‘rinadi. Topishmoqlarning bugungi holati bevosita harakatli o‘yin bilan bog‘liq emas. Topishmoqlar ixcham, lo‘nda she’riy shaklga ega. Ularda vaziyat, holat batafsil izohlanmaydi. Personajlarning o‘zaro savol-javoblari batafsil berilmaydi. Chaldirmoqda vaziyat to‘liq tushuntiriladi. Ishtirokchi personajlar savol-javoblari aytiladi va shu savol-javobda chalg‘itib berilgan mazmunni yechish talab qilinadi. Topishmoqda bu tartibdagi talab yo‘q. Chaldirmoqning ijro o‘rni va poetik qurilishini quyidagi tartibda bayon etish mumkin: 1. Ma’lum vaziyatning bayon etilishi. Savol-javobning berilishi. Yechimning talab qilinishi. 2. Yechim. 3. Topishmoq, asosan, she’riy shaklga ega. Chaldirmoqlar, deyarli, nasriy ko‘rinishda, ba’zan savol-javoblar she’rda aytilishi mumkin. 4.Topishmoqda ma’no yashirilsa, chaldirmoqda chalg‘itilib beriladi. 5. Topishmoqda narsa turli qiyos, o‘xshatish, tashbehlarda yashirib aytiladi. Masalan: Suv ichar ko‘ldan, Ko‘zlari nurdan, Terisi puldan. (Baliq) Chaldirmoqda chalg‘itib berilayotgan fikr, narsa-hodisalar savol-javobning mantiqiy mushohadasi orqali xuddi matematik masaladek yechiladi. Chaldirmoqda topishmoqdek obrazlilik yo‘q. Masalan: «Yigit-qiz bir-birini yaxshi ko‘rar ekan. Ba’zida ota-onalaridan yashirincha (bekitikcha) uchrashib turishar ekan. Bir kun yigit qizning oldiga singlisini jo‘natib, uchrashuvga chaqirib chiq, debdi. O‘zi avvaldan belgilangan joyga ketibdi. Nimagadir sevgilisi aytilgan joyga chiqmabdi. Yigit uyiga qaytib kelib singlisidan, nima bo‘ldi? – deb so‘rasa, singil: – Bordim yo‘q ekan, Aytdim, keladi. Kelmasa edi, Kelardi. Kelibdi, Kelmabdi-da, – deydi. Singil nima degan?– yech. Javob: Qizning uyiga bordim. Uyida o‘zidan boshqa hech kim yo‘q ekan. Aytdim, «ota-onam kelib qolmasa chiqaman», dedi. Ota-onasi kelibdi-da, shunga chiqolmagan. Misoldan ko‘rinib turibdiki, bu yerda yashirin fikr topishmoqdagi kabi turli qiyoslar orqali ifodalanmagan, balki chalg‘itib aytilmoqda. Chaldirmoq – bolalarning ma’lum badiiy matnga qurilgan harakatli o‘yini. Chaldirmoq matnida biror bir vaziyat, holat, voqea tushuntirilib, undagi personajlarning o‘zaro savol-javoblari beriladi. Savol-javobda qandaydir fikr, narsa, holat, son chalg‘itib aytiladi va raqibdan uni aniqlab, aytib berish talab etiladi. Chaldirmoqlar bolalarni mantiqiy fikrlashga, atrof-muhitni sinchkovlik bilan kuzatishga, hozirjavoblikka o‘rgatadi. Chaldirmoq atamasi chaldir – chalg‘it, adashtir fe’liga «-moq» qo‘shimchasi birikuvi orqali yasalgan. Xuddi «topish +moq» qo‘shilib topishmoq atamasi hosil bo‘lgani kabi. Chaldirmoqlarning boshqa turkiy xalqlar, jumladan turk, uyg‘ur va qoraqalpoqlar o‘rtasida ham mavjudligi bu janrning lokal hodisa bo‘lmay, keng tarqalgani, topishmoqday qadimdan kelayotganligini isbot etadi. Qoraqalpoq olimi Najip Dovqarayev qoraqalpoq topishmoqlari haqida yozar ekan, ikki chaldirmoqni misol keltiradi, lekin boshqalar qatorida ularni topishmoqning turi sifatida talqin etadi. E’tiborli jihati shundaki, har ikki chaldirmoq ham ma’lum o‘zgarishlarni hisobga olmasa, o‘zbek xalqi orasida ham aynan aytiladi. Chaldirmoqlarning birini keltiramiz: «Bir g‘oz uchib kelib, qirda o‘tirgan g‘ozlarga: – Assalommu alaykum yuz g‘oz, – debdi. O‘tirgan g‘ozlar: – Yo‘q, biz yuzta emasmiz, yuzta bo‘lishimiz uchun, bizlarga tag‘in shuncha, yana shuning yarmicha, yarmimizning yarmi bo‘lsa, yana sen qo‘shilsang yuzta bo‘lamiz, – debdi. – Yerda o‘tirgan g‘ozlar qancha? Javobi: 36 (36+36+18+9+1) Ko‘rinib turibdiki, misol chaldirmoqning go‘zal namunalaridan biri. N.Dovqarayev bu namunaning qanday vaziyatda aytilishi haqida ma’lumotlar keltirmaganligi sababli qoraqalpoq folklorida ushbu janrning o‘yin shakli saqlanganmi, yo‘qmi, aniq bilmaymiz. Folklorshunos Bahodir Sarimsoqov chaldirmoq Laqaylar o‘rtasida umumxalq hashari bo‘layotgan payti hasharchilar yonidan o‘tgan yo‘lovchilarga quyilishi holati uchrashi haqidagi faktni aytgan edi. Bu o‘rinda biror bir shart qo‘yilar ekan. Yo‘lovchi chaldirmoqni yechsa, o‘z yo‘lida ketishi mumkin, mabodo yecha olmasa, hasharchilar buyurgan yumushni bajarishi talab qilinar ekan. Chaldirmoqning ayrim namunalarini qardosh xalq og‘zaki ijodida uchratamiz: «Uch kishi ko‘prikdan o‘tmoqda: bittasi ko‘radi, bosadi, o‘tadi; yana bittasi ko‘radi-yu bosmay o‘tadi; uchinchisi ko‘rmasdan, bosmasdan o‘tadi». (Javob: Qo‘lida bolasi bor va homilador ayol). * * * Bir kishi boqqa kiribdi. Bir qop anor olibdi. Bog‘ning yettita eshigi bor ekan. U kishi qaysi eshikning oldiga borsa, qopdagi anorning yarmini to‘kdirishibdi. Nihoyat, yettinchi eshikdan chiqibdi. Qarasa, qopda bitta anor qolibdi. Bu odamning qopida nechta anor bo‘lgan? (Bir yuz yigirma sakkizta) Chaldirmoqni quyish, yechish asosida biror-bir shartning kim tomonidan bajarilishini aniqlash o‘yin va hasharda chaldirmoq quyishni bir-biriga yaqinlashtiradi, ularning ijro o‘rni ayricha bo‘lsa-da, ildizi bir ekanligini ko‘rsatadi. Chaldirmoqlar ba’zan ertak, afsona, naqllar tarkibida ham keladi. Bunday holatda chaldirmoq asar syujetiga singishib, janrga xos ijro o‘rnini yo‘qotadi, sof badiiy-estetik vazifa bajaradi. Chaldirmoqni quyish, yechimini topish asardagi obrazlar zimmasiga tushadi. Misol tariqasida «Podsho bilan chol» naqlini olib qaraylik: «Qishning kuni vaziri bilan shikorga chiqqan podsho baliq ovlayotgan cholga duch kelib, so‘rabdi: – Ha, ota to‘rtni uchga urolmayapsizmi, qishda baliq ovlab qolibsiz? Chol: – To‘rtni uchga urishga urdim-u, o‘ttiz ikki qo‘ymadi-da. Podsho: – Bir g‘oz yuboraman, patini yula olasizmi? Chol: – Aytganingizdan ziyoda qilaman. Podsho bu savol-javobning mazmunini vaziridan so‘raydi. Vazir lol qoladi. Podsho vazirga muddat belgilab yo javobni topasan, yo jon-u molingni berasan, deydi. Vazir podshoning g‘azabidan qo‘rqib, katta davlat evaziga choldan sirli savol-javobning mazmunini so‘raydi. Chol: – Hurmatli vazirim, podshoning «to‘rtni uchga urmadingizmi», degani, yilda to‘rt fasl bor, shuning uch fasli – bahor, yoz, kuzda yaxshilab mehnat qilib, qishda yeb yotsangiz bo‘lmasmidi, degani. Mening «o‘ttiz ikki qo‘ymadi», deganim, o‘ttiz ikki tish yeb bitirdi, deb aytganim. Biz gaplashayotganda siz hayron bo‘ldingiz. Podsho buni darrov sezdi va sizga ishora qilib, «Bir g‘oz yuboraman patini yula olasizmi?», dedi. Men «Aytganingizdan ziyoda qilaman», deb javob qaytardim. O‘sha g‘oz siz bo‘lasiz. Mana mening oldimga keldingiz, bu sirni mol-dunyo evaziga bilib oldingiz. Shunday qilib, dono chol, aql-u farosati bilan boy bo‘libdi». Bu xil namunalarni chaldirmoq matni qaysi janr tarkibida kelayotganligiga nisbatan, chaldirmoqli ertak, chaldirmoqli naql, chaldirmoqli afsona sifatida nomlanadi. Download 0.6 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling