Oʻzbek adabiyotshunosligi kafedrasi
-MAVZU. XALQ MAQOLLARI VA TOPISHMOQLAR
Download 0.6 Mb.
|
1-kurslar uchun Oʻquv-uslubiy majmua andijon – 2022-fayllar.org
12-MAVZU. XALQ MAQOLLARI VA TOPISHMOQLAR
Reja: 1. Maqol – og‘zaki ijodning eng faol janri. 2. Maqollarda o‘z va ko‘chma ma’no. 3. Topishmoq parimik janr sifatida. 4. Chaldirmoq janrining o‘ziga xos xususiyatlari. 1. Maqol – og‘zaki ijodning eng faol janri. Maqol deb xalqning ijtimoiy-tarixiy, hayotiy-maishiy tajribasi umumlashgan badiiy, obrazli mulohazalardan iborat hikmatli so‘zlarga aytiladi. Maqol o‘zbek tilida maqol, tojiklarda zarbulmasal, ruslarda poslovitsa, arablarda (jonli so‘zlashuvda) naql, turklarda ata so‘zi atamasi bilan yuritiladi. Maqol atamasi arabcha – «qavlun» – «gapirmoq, aytmoq» so‘zidan olingan. Folklorshunos olimlar maqollar va matallarni o‘rganuvchi sohani paremiologiya deb atashadi. Paremiya – yunoncha chuqur ma’noli gap, hikmatli so‘z, ibora, maqol, matal ma’nosini beradi. Maqollarning janr xususiyatlari quyidagilardan iborat: 1) maqollarning hajmi qisqa va cheklangan; 2) maqollar mazmunan serko‘lam va chuqur ma’noni ifodalaydi; 3) xalq maqollari shaklan she’riy va nasriy bo‘ladi; Ammo nasriy maqollar ham she’riy misralarni eslatadi. Masalan: Ko‘za kunda emas, kunida sinadi; 4) maqollarda hayotiy voqea-hodisa haqida qat’iy hukm ifolanadi. Bu hukm musbat yoki manfiy mazmunda aks etadi; 5) maqol shaxs hayotidagi xususiy vaziyatni xalq, omma, hayot nuqtai nazardan umumlashtiradi; 6) maqol matni tilshunoslikda shaxsi umumlashgan gap hisoblanadi. Xalq maqollari tarixi o‘nlab asrlar bilan o‘lchanadi. O‘rxun-Enasoy bitiklarida «Oriq va semiz buqani (birov) tezagidan bilsa, birov oriq va semiz buqani ajrata olmaydi», «Yupqa qalin bo‘lsa, tor-mor qiladigan bahodir emish, ingichka yo‘g‘on bo‘lsa, uzadigan bahodir emish» kabi maqolni eslatuvchi parchalarni o‘qiymiz. Maqol – og‘zaki ijodning eng faol janri. Xalq maqollarining mazmun ko‘lami inson hayotining turli sohalarini qamraydi. Inson hayotidagi voqea-hodisalarning cheki yo‘q ekan, maqollar mazmuni chegarasini ham o‘lchab bo‘lmaydi. Maishiy hayotdagi kichik bir e’tiborga arzimaydigandek ko‘rinuvchi lavhadan tortib chuqur falsafiy mushohada ifodasigacha maqollar mazmunida o‘z aksini topgan. Agar «Uyga palos yarashur, xotinga libos» maqoli maishiy hayotga taalluqli bo‘lsa, «Yozda miyang qaynasa, qishda qozoning qaynar» maqolida vaqtni bekor o‘tkazmaslik, aql bilan ish ko‘rish insonga hayot imkonini yaratishi qayd etiladi, «Vaqting ketdi – baxting ketdi» maqolida esa falsafiy mazmun ifodalangan bo‘lib, inson taqdirida Vaqt tushunchasining qanchalar muhim ekanligi ta’kidlangan. Maqollarni tasnif qilishning bir turida mazmun yetakchi hisoblanadi. Unga ko‘ra Vatan, mehnat, xalq, ilm-hunar, mardlik, mehmon, tadbirkorlik, muhabbat va vafo, yaxshi so‘z – jami 30 ga yaqin mavzular qayd etilgan. Ammo bu mavzularni yana ko‘paytirish ham, kamaytirish ham mumkin. Muhimi, mazmun yetakchi bo‘lgan tasnifda masalani har tomonlama ifodalashga urinish aniq seziladi. Xalq og‘zaki ijodidagi maqollar janri tarixiy hayot davomida son va mazmun jihatdan boyish xususiyatiga ega. Ya’ni maqollar zamon o‘tishi bilan iste’moldan chiqishi va ayni paytda yangi-yangi namunalari vujudga kelishi mumkin. 2. Maqollarda o‘z va ko‘chma ma’no. Maqollar o‘z va ko‘chma ma’nolarga ega bo‘lishi bilan yana ham diqqatga sazovordir. «Yomon xotin olguncha, bo‘ydoq yurgan yaxshiroq», «Qizi borning nozi bor», «Quda bo‘lguncha, ko‘p sinash, quda bo‘lgach, ko‘p siylash» kabi maqollar o‘z ma’nosida qo‘llanadi. Ayrim maqollar faqat ko‘chma ma’noda qo‘llanadi. «Shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamas», «Egrining omochi yerga botmas», «O‘tin ayirgan bolta maydonda qolar» kabi maqollar bilan tanishganimizda ko‘chma ma’no yashiringanini his qilamiz. «Yer haydasang, kuz hayda, kuz haydamasang yuz hayda» maqolini Xorazm viloyatida o‘z ma’nosida qo‘llab bo‘lmaydi. Sababi, Xorazmda «yer osti suvlari yer sathiga yaqin bo‘lgani uchun, kuzda haydalsa, yer qatqaloq bo‘ladi va hosildorlik pasayadi. Xalq maqollarining badiiy jihatdan mukammalligi taniqli olimlar va shoir, yozuvchilar tomonidan tan olingan. Bu jihatdan maqollar so‘z san’atining oliy namunasi sifatida baholanishga loyiq. Hajm jihatdan kichikligi, mazmunan serma’noligi, mavzu jihatdan hayotiyligi maqollarning asrlar davomida og‘izdan og‘izga o‘tib yashashini ta’minlagan omillardir. Ayni chog‘da badiiy go‘zallikning bevosita so‘z tanlash, tasvir vositalaridan unumli foydalanish jihatlari ham bor. Ularning ayrimlarini esga olib o‘tamiz: 1. Qarshilantirish (tazod). «Yaxshidan bog‘ qolar, yomondan dog‘». Bu maqolda «yaxshi», «yomon»; «bog‘», «dog‘» so‘zlari qarama-qarshi ma’nolarni bildiradi va shu bilan birga «bog‘» – «dog‘» so‘zlari chiroyli qofiyani ta’minlaydi. 2. Tovushdoshlik (alliteratsiya, assonans). «Boy boyga boqar, suv soyga oqar». Maqolda «B», «Y», «R», «S» kabi undosh tovushlar alliteratsiya – undosh tovushlar uyg‘unligini, «O», «A»lar esa assonans – unli tovushlar o‘xshashligini ko‘rsatadi va maqol qimmatini oshiradi. 3. Metafora – ko‘chim (istiora). «Otning yag‘iri toyga qolar». Bu maqolda «ot» so‘zidan qarindosh-urug‘chilikdagi katta avlod vakilining ramzi sifatida foydalanilgan. Xalq maqollari shakl va mazmun jihatdan matallarga yaqin janr hisoblanadi. Matallar ham ixcham matnga ega ekanligi bilan maqolga o‘xshaydi. Matal, odatda, notiq nutqi tarkibiy qismini tashkil etadi, ammo mustaqil qo‘llanganda tugal fikr anglatmaydi. Masalan, xalqimizda «Yaxshi gap bilan ilon inidan, yomon gap bilan qilich qinidan chiqar» degan maqol bor. Agar maqolning yarim matnini «Falonchi ilon inidan chiqadigan qilib gapirdi» tarzida qo‘llasak, biz matal aytgan bo‘lamiz va «Falonchi yaxshi gapirdi» ma’nosini bildiramiz. Chunki «ilon inidan chiqadigan» so‘z birikmasi alohida aytilsa, mustaqil ma’no anglatmaydi. Ma’lum bo‘ladiki, matal shaxs nutqini go‘zallashtirish uchun xizmat qilar ekan, xolos. Maqol esa mataldan mustaqil ma’no ifodalay olish xususiyati bilan farqlanadi. Yozma adabiyotda maqollardan foydalanishning bir necha ko‘rinishlari mavjud. Jumladan, ba’zan maqol aynan keltiriladi, ba’zan maqoldagi ayrim so‘zlar o‘zgaradi, ammo ma’no saqlanadi. Ba’zan esa adib maqollardagi ma’nolarni o‘ziga xos boshqa so‘zlar bilan ifodalaydi. Quyidagi misollarga diqqat qilaylik: Kimki falak sori otar toshni, Tosh ila ozurda qilar boshni. * * * Kimgaki bir rishta yeturding ziyon, Qatlingga ul rishtani bilgin yilon. * * * Masaldurkim, uyqu o‘limdir. * * * Xotirni jam istar esang, avval xavotir daf’in et. Alisher Navoiy * * * Tikansiz–gul, sadafsiz–dur, mashaqqatsiz hunar bo‘lmas, Riyozat chekmaguncha Yor vasliga yetib bo‘lmas. Boborahim Mashrab Ayoqingga tushar har lahza gisu, Masaldurkim: «Chiroq tubi qorong‘u»... Tilar vaslingni Lutfiy, qil ijobat, Ki ayturlar: «Tilaganni tilogu». Lutfiy Download 0.6 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling