Oʻzbek adabiyotshunosligi kafedrasi
Mehnat qo‘shiqlari, ularning turlari
Download 0.6 Mb.
|
1-kurslar uchun Oʻquv-uslubiy majmua andijon – 2022-fayllar.org
2. Mehnat qo‘shiqlari, ularning turlari. O‘zbek xalqi tarixini shartli ravishda mehnat qilish tarixidan iborat deyish mumkin. O‘zbeklar to‘y marosimlarini, gap-gashtaklarni, sayillarni, turli bayramlarni o‘tkazishda o‘ta tashkilotchi va ijodkor xalq sifatida shuhrat topgan. Dam olish, hordiq chiqarishni o‘rniga qo‘ygan xalq, odatda, mehnat qilishni ham biladi.
Mehnat qo‘shiqlari o‘z tarkibida bir necha janrlardan iborat bo‘ladi. Har bir janrni bevosita mehnatning qaysi turi bilan band bo‘lish belgilaydi. Xususan, o‘rmak qo‘shig‘i gilam to‘qishda aytilar ekan, aynan shu namuna kashta tikuvchi, qo‘sh haydovchi shaxs tomonidan ijro etilmaydi. Ya’ni har bir mehnat sohasi o‘zining maxsus qo‘shig‘iga egaligi bilan ajraladi. Shuningdek, ko‘p qo‘shiqlarda ish qurollariga murojaat qilish odati bor. Bug‘doy yanchayotgan dehqon ho‘kizi bilan tillashadi, un chiqarayotgan ayol yorg‘ichoqqa murojaat qilishi mumkin. Binobarin, mehnat qo‘shiqlarining ichki turlarini matnda esga olingan ish quroli vositasida ham aniqlash imkoni bor. Yana bir xususiyatni eslab o‘tish joiz. Mehnat qo‘shiqlari uzoq muddat davomidagi ishni bajarishda o‘ziga xos vosita bo‘lgani sababli ularda qayta-qayta bir matnni takrorlash, ish qilayotgan odamning sergakligini oshirish maqsadida turli xitoblarga murojaat qilish ham an’ana hisoblanadi. Folklorshunos Bahodir Sarimsoqov mehnat qo‘shiqlarini o‘rganish, tahlil qilishning qulayroq yo‘lini belgilash maqsadida ularni quyidagi turlarga bo‘lishni ma’qul topgan: 1. Dehqonchilik bilan bog‘liq qo‘shiqlar. 2. Chorvachilik bilan bog‘liq qo‘shiqlar. 3. Hunarmandchilik bilan bog‘liq qo‘shiqlar99. Keltirib o‘tilgan tasnif mehnat turlariga ko‘ra amalga oshirilgan. O‘z navbatida ularning har biri ma’lum ichki bo‘linmalardan tashkil topdi. Xalqning dehqonchilik bilan bog‘liq qo‘shiqlarining yorqin misoli sifatida Qo‘sh qo‘shig‘ni keltirish mumkin, Qo‘sh qo‘shiqlarida dehqonning mashaqqatli mehnati va bu mehnatni oz bo‘lsa-da oson qilgan ho‘kizidan minnatdorligi, ana shu ho‘kizini olqishlab, maqtash davomida o‘z ishidan mamnuniyat sezish ham ifoda etilgan: Enib kelding ekishdan, To‘rt oyog‘ing kumishdan. Yoki Tarlon tayog‘im hayda, Temir tuyog‘im hayda. Ishni tamom qilmasang, Jonimga orom qayda. Qo‘sh ishlarini yakunlab yerga baraka urug‘lari qadalgach, bu orada bahor ham ancha amalga kirib, gul-u lolalar ochilib Navro‘z bayrami, Lola sayli, Gul bayramlariga ulanib ketadi. Lola sayli va Qizil gul bayramlarida aytiluvchi qo‘shiqlarni ham, ko‘klam paytidagi sog‘in qo‘shiqlarini ham keng ma’noda Navro‘z qo‘shiqlari turkumiga kiritish mumkin. Chunki bu qo‘shiqlarning barchasi bahor qo‘shiqlari hisoblanadi. Xuddi shu kabi chorvachilik bilan bog‘liq qo‘shiqlar va hunarmandchilik bilan bog‘liq qo‘shiqlarni ham ko‘rib chiqish mumkin. Mehnat qo‘shiqlaridagi ba’zi irimlarning poetik ifodasi jonivorlarga ongli mavjudot sifatida murojaat qilish, mayda, Odam Ota, Xo‘jayi Xizir, Bobo Dehqon, Zangi ota kabi obrazlarning qayta-qayta tilga olinishi, o‘tmishda magik qudratli deb tushunilgan naqarotlarning juft-juft takrorlanishlari ham ularning tarixiy asoslari qadimiy davrlar, hosildorlik kultlari bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi. Bora-bora bu obrazlar kishilarning to‘kin turmush, baxtli sevgi va serfarzand oila istaklarini badiiy ifodalashga xizmat qilgan. Shuningdek, mehnat qo‘shiqlaridagi o‘simliklarning jonli deb tasavvur qilinishi faqat ongli ko‘chimlar natijasi bo‘lmay, qadimgi animistik tasavvurlar rudimentlari hamdir. Download 0.6 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling