O‘zbek mifologiyasi


Download 118.46 Kb.
bet1/3
Sana08.06.2023
Hajmi118.46 Kb.
#1464731
  1   2   3
Bog'liq
O‘ZBEK MIFOLOGIYASI 4-5 мавзулар


O‘ZBEK MIFOLOGIYASI
Musurmanov E.R.



TAKRORLASH UCHUN


4-mavzu: Mifologik tafakkurdan badiiy estetik tafakkurga o‘tish jarayoni
O‘zbek miflarining yuzaga kelishi va shakllanish bosqichlarini quyidagicha tasniflash maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz:
1) O‘rol-oltoy qabila birlashmasining mifologik tasavvurlari. Ma’lumki, tilshunoslikda “oltoy tillari oilasi”, “oltoyshunoslik”, “prooltoy tili” kabi tushunchalar mavjud. Oltoyshunoslik nazariyasi tarafdorlarining fikricha, turkiy, mo‘g‘ul-buryat, tungus-manchjur (ba’zilar koreys va yapon tillarini ham shu tarkibga kiritadilar) xalqlarining qadim ajdodlari aslida yagona bir qabilaga mansub bo‘lib, ular “prooltoy tili” yoki “prooltoy shevasi”da so‘zlashganlar.
Biz ham ana shu nazariyaning asosiy xulosalariga suyangan holda turkiy-mo‘g‘ul-buryat-tungus-manchjur tillarida so‘zlashuvchi xalqlar folkloridagi tipologik mushtaraklikni tashkil etadigan epik qatlam bu xalqlar og‘zaki ijodiyoti tarixining oltoy davriga mansub qadimiy syujetlar silsilasidan iborat deb hisoblaymiz. Ana shu mushtarak epik an’ananing asosiy qismi arxaik miflarning qoldiq holda etib kelgan ko‘rinishlari bo‘lib, bu asotirlar tarixan “prooltoy folklori” yoki “prooltoy mifologiyasi”ning tarkibiy qismini tashkil etgan. Mushtarak variantlari yoki o‘xshash namunalari mo‘g‘ul-buryat va tungus-manchjur xalqlari og‘zaki ijodida ham mavjudligi aniqlangan o‘zbek miflari (yoki muayyan syujet elementi, obraz, motiv tarzida saqlanib qolgan mif qoldiqlari) “prooltoy mifologiyasi”ga mansub asotirlar sirasiga kiradi. O‘zbek mifologiyasi rivojining bu davriga oid folklor asarlaridan eng xarakterlisi bo‘ri to‘g‘risidagi totemistik miflardir.
Bo‘ri haqidagi geneologik mifning tarixiy taraqqiyoti quyidagi bosqichlardan iborat bo‘lgan:
a) mif taraqqiyotining Oltoy davri. Bo‘rini totem-ajdod sifatida mo‘‘tabarlashtirish an’anasining ilk kurtaklari turkiy xalqlar tarixining Oltoy davridayoq namoyon bo‘la boshlagan. Bir zamonlar Oltoy qabila birlashmasi tarkibiga kirgan turkiy va mo‘g‘ul-buryat xalqlari folklorida bo‘ri-ajdod haqidagi mifologik afsonalar uchraydi. Bunday etnofolkloristik hodisa bu xalqlar o‘rtasidagi madaniy-etnik aloqalar hosilasi emas, balki mazkur mif syujet o‘zagining manbalari mushtarak zaminga borib taqalishidan dalolat beradi. Demak, bo‘ri-ajdod haqidagi mifning ilk chashmasi Oltoy qabilalarining totemistik qarashlariga aloqadordir.
b) mif taraqqiyotining qadimgi turkiylar davri. Oltoy qabila birlashmasidan ajralib chiqqan turkiy qavmlar o‘z bobokalonlarining totemistik qarashlariga ishonishdan iborat an’analarini davom ettirganlar. Bo‘ri qadimgi turkiy qabilalardan birining ajdodi, homiysi, totemi hisoblangan. Ana shunday urug‘ totemlari haqidagi mifologik tasavvurlar asosida dastlabki geneologik mif va afsonalar ( masalan, “Ashina haqidagi mif”) yuzaga kelgan.
v) mifning milliy folklordagi taraqqiyot bosqichi. Turkiy tilda so‘zlashuvchi xalqlarning aksariyati bo‘ri-ajdod haqidagi qadimgi turkiy miflar syujetining ma’lum qirralarini o‘z milliy folklor an’analari badiiy zaminida rivojlantirganlar. Natijada u yoki bu turkiy xalqning kelib chiqishi haqidagi etnogenetik afsonalar ( masalan, 92 o‘zbek urug‘ining dunyoga kelishi va boshqirdlarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi afsonalar), muayyan xalq tarkibidagi urug‘larning kelib chiqishi haqidagi geneologik afsonalar (sayak, bo‘ri singari qirg‘iz urug‘lari; bo‘rinayman, bo‘risalyut, bo‘ri kabi chuvash va boshqird qabilalari; uyshun, bo‘ri nomli o‘zbek urug‘lari haqidagi afsonalar) va bo‘rining paydo bo‘lishi to‘g‘risidagi zoomorfik afsonalar (qatag‘on urug‘iga mansub o‘zbeklarning bo‘riga aylangan odam haqidagi afsonasi) yaratilgan.
2. Qadimgi turkiy qavmlar mifologiyasi. O‘zbek folklorida saqlanib qolgan arxaik miflarning asosiy qismi qadimgi turkiy mifologiyaning epik diffuziyasi natijasida etib kelgan. Qadimgi turkiy qabilalar og‘zaki ijodiyotida olamni mifologik anglash asosida yaratilgan kosmogonik, totemistik, animistik, etiologik va etnogenetik miflar asosiy o‘rinni egallagan.
3. Zardo‘shtiylik bilan bog‘liq mifologik tasavvurlar. Ma’lumki, zardo‘shtiylik bilan aloqador asotiriy qarashlar, ayniqsa, “Avesto” asotirlari o‘zbek folklori, xususan, mifologiyasining shakllanishida muhim rol o‘ynagan. Xalq og‘zaki ijodida an’anaviy tarzda qo‘llaniluvchi ajdar, dev, pari, Semurg‘, Jo‘mard, Aranja bobo, Axriman, aranglar, Zahhok, Siyovush, Hubbi, Ashshadarozi, Sust xotin, Haydar kabi ko‘plab asotiriy obrazlarning tarixiy asoslari zardo‘shtiylik mifologiyasiga borib taqaladi.
“Avesto” mifologiyasi va zardo‘shtiylik rituallari negizida keyinchalik o‘zbek marosim folkloridagi ayrim janrlar shakllangan. YOmg‘ir chaqirish maqsadida o‘tkazib kelingan Sust xotin marosimi, Amudaryo suvining mo‘l bo‘lishi hamda toshqin halokatining oldini olish maqsadida Orolcha avliyo degan joyda shu nom bilan ataluvchi afsonaviy homiy sharafiga ho‘kiz so‘yib qurbonlik qilish, navro‘z bayramini o‘tkazish, sumalak pishirish, bahor faslida an’anaviy gul sayllari (boychechak sayli, lola sayli, guli surx, qizil gul sayli kabilar)iga chiqish, safar qochdi va oxir chorshanba marosimlarini o‘tkazib, olovdan hatlash, shamol piri sifatida e’tirof etilgan Haydar yoki Ajdar boboga murojaat qilib, shamol chaqirish, sumalak pishirayotganda Ashshadarozi o‘yinini tashkil etish, kelin-kuyovni olov atrofida aylantirish, marhumlar mozoriga “qushlar haqi” deb bug‘doy sepib qo‘yish, daryodan o‘tayotganda Hubbiga sig‘inish va suvga tuz tashlash, dalaga birinchi qo‘sh chiqarishdan avval ho‘kizlarning shoxini moylash kabi an’anaviy marosim va udumlarimizning tarixiy asoslari bevosita zardo‘shtiylik hamda “Avesto” mifologiyasining e’tiqodiy inonchlar tizimidagi talqinlariga bog‘lanadi.
4. Arab-islom mifologiyasi an’analari. Ma’lumki, YII asr oxirida Movoraunnahr arablar tomonidan fath etila boshlangan bo‘lib, bu jarayon YIII asr o‘rtalarida nihoyalangan. Natijada bu o‘lkaga yoyilgan islom dini O‘rta Osiyoga SHarq xalqlari mifologiyasi va folklorining epik an’analariga mansub syujet, motiv va obrazlarni ham olib keldi. Garchi islom mifologiyasining tarkibi ko‘pqatlamli bo‘lib, o‘zak miflar ( arab asotirlari) hamda o‘zlashtirma asotirlar ( ya’ni keyinchalik fath etilgan xalqlar folklori va boshqa diniy qarashlarga aloqador miflar)ni o‘z ichiga olgan bo‘lsa-da, uning asosini qadimgi arab qavmlarining og‘zaki ijodi namunalari tashkil etgan.
Arab xalq kitoblari, rivoyat va asotirlari syujetining epik ko‘chishi natijasida O‘rta Osiyo xalqlari folklorida ko‘plab yangi asarlar yaratilgan. Ajdodlarimizning mifologik tasavvurlari arab-islom asotirlariga oid personajlar tizimi bilan boyitilgan. Xususan, anqo, jin, g‘ul, Odami Od, morut, lot-manot, Ko‘hi Qof, Eram kabi mifologemalarning ilk manbai aslida arab folkloridadir.
Demak, o‘zbek mifologiyasining tarixiy asoslari ajdodlarimiz o‘tmishining eng quyi bosqichlariga mansub e’tiqodiy qarashlarga borib taqaladi. Mifologik inonchlarning ilk qatlami qadim zamonlarda yashagan bobolarimizning totemistik, animistik va dualistik tasavvurlari, magik inonchlar asosida kelib chiqqan e’tiqodlari, shuningdek, tabiatni asotiriy anglash va hosildorlik g‘oyasini o‘zida mujassamlashtirgan qadimgi kultlar bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan. Qadimgi miflarning asrlar davomidagi tadrijiy takomili natijasida ezgulik va yovuzlik kurashini aks ettiruvchi dualistik miflar, olamning yaratilishi va intihosi haqidagi xalq qarashlarini o‘zida ifoda etgan kosmogonik miflar, osmon yoritqichlari to‘g‘risidagi astral miflar, vaqt hisobi amallarining paydo bo‘lishi haqida bahs yurituvchi taqvimiy asotirlar, urug‘-qabilalarning kelib chiqishini izohlashga bag‘ishlangan etnogenetik miflar, g‘ayrioddiy qahramonlarning sarguzashtlarini bayon etuvchi antropogenik miflar tizimi shakllangan.1
O‘zbekistonning istiqlolga erishishi qadimgi tasavvurlar bilan bog‘liq folklor asarlari, jumladan, mifologik syujet va motivlarni keng ko‘lamda o‘rganishga katta imkoniyatlar yaratdi. Xususan, o‘zbek folklorida mifologiya va mifologik tasavvurlarning marosim folklori genezisida tutgan o‘rni M.Jo‘raev (O‘zbeklarning shamol bilan bog‘liq mifologik tasavvurlari.1. YAlli momo kulti - 1997; 2. Haydar kulti - 1997; 3. Ajdar kulti - 1998; 4. YAlong‘och ota kulti - 2005; “ Mif va uning “Alpomish” dostonidagi o‘rni” - 1999), T.Rahmonov (“Mif o‘zbek folklorri epik motivlarining o‘zagi sifatida” -1996), SH.SHomusarov (“Arab mifologiyasining yuzaga kelishi va uning o‘zbek folkloriga ta’siri” - 1996, “Arab va o‘zbek folklori tarixiy-qiyosiy tahlili” - 1997, “Arab va o‘zbek folklori tarixiy-qiyosiy tahlili” - 2002) tomonidan tadqiq etildi. Folklorshunos olim T.Haydarov mifologiyaning o‘zbek xalq eposining shakllanishidagi o‘rni va mif diffuziyasiga oid tadqiqotlarni davom ettirib “Go‘ro‘g‘li” va mifologiya sinkretizmi” (1994) nomli ilmiy ishini yaratdi.
O‘zbek folklori mifologik obrazlar tizimiga g‘oyat boy bo‘lganligi bois mifshunoslikda bu yo‘nalishda bajarilgan tadqiqotlar alohida silsilani tashkil etadi. Bu borada M.Jo‘raev (“Alpomish” dostonida mifologik obrazlar” - 1999), J.Eshonqulov (“O‘zbek folklorida dev obrazi” - 1996; “Folklor: obraz va talqin” - 1997; “Epik tafakkur tadriji” - 2006), B.Jumaniyozov (“O‘zbek folklorida yalmog‘iz obrazi” - 1996), O.Qayumov ( “O‘zbek folklorida pari obrazining genezisi va badiiy talqini” - 1998), D.Fayzieva (“O‘zbek folklorida ilon-ajdar obrazining epik talqini” - 2004)lar tomonidan yaratilgan ilmiy tadqiqotlar folklorshunoslikda ilgari o‘rganilmagan muammolarni hal qilishga qaratilganligi, yangi faktik materialni tahlil ob’ektiga kiritganligi va muhim nazariy umumlashmalarga olib kuelganligi bilan alohida ajralib turadi.
Folklorshunoslikka “o‘zbek mifologiyasi” tushunchasi olib kirildi va u turkiy mifologiyaning tarkibiy qismi bo‘lib, O‘rta Osiyoda istiqomat qilgan qadimgi aholining e’tiqodiy qarashlari, tasavvur va ishonchlarini o‘zida mujassamlashganligi ilmiy jihatdan asoslandi. Bu masalalar bizning “O‘zbek xalq taqvimi va mifoloogik afsonalar” (1994), “O‘zbek xalq samoviy afsonalari” (1995), “Bo‘ri haqidagi qadimgi turkiy miflar va o‘zbek folklori” (1998) kabi tadqiqotlarimiz, shuningdek, folklorshunos SH.SHomusarov bilan hammualliflikda yozilgan “O‘zbek mifologiyasi va arab folklori (2001)” kitobimizda atroflicha yoritildi.
Mamlakatimizda yaratilgan muhtasham adabiy qadriyat - “Avesto”ning M.Ishoqov va Asqar Mahkam tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilinishi hamda “Avesto” yaratilganligining 2700 yilligi Respublikamizda jahonshumul darajada keng nishonlanganligi bu qadimiy manbani har tomonlama chuqur tadqiq qilishga yo‘l ochdi. Bu ko‘hna yodgorlikni keng ko‘lamda o‘rganishga bag‘ishlangan tadqiqotlar orasida “Avesto” mifologiyasi va uning o‘zbek folkloridagi talqinlarini yoritishga qaratilgan izlanishlar (Mirzaev T., M.Jo‘raev ““Avesto” va xalq og‘zaki ijodi” - 2001; Jo‘raev M. “Avesto” va o‘zbek folklori” – 2006) alohida o‘rin tutadi.
Ma’lumki, mifologiya xalqimiz dunyoqarashining eng qadimiy shaklaridan biri bo‘lganligi uchun ham badiiy tafakkurning shakllanishida muhim rol o‘ynagan. SHuning uchun ham mifologiyaning folklor va yozma adabiyotning paydo bo‘lishi hamda rivojlanishidagi ahamiyatini o‘rganish hamisha adabiyotshunoslikning eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelgan. O‘zbek adabiyotshunosligida bu yo‘nalishdagi dastlabki tadqiqotlardan biri N.Mallaevning “Alisher Navoiy va xalq ijodiyoti” (1974) asari bo‘lib, unda kosmogonik mifologiyaning ulug‘ shoir dostonlaridagi badiiy talqini haqida qiziqarli ilmiy kuzatishlar bayon qilingan. YUrtimiz istiqlolidan keyin o‘zbek folklorshunosligida miflarning yozma adabiyotga ta’siri va mifologik obrazlarning badiiy matndagi poetik tabiati kabi masalalar M.Saidov (“Turkiy xalqlar mifologiyasining yozma adabiyotga ta’siri masalasiga doir”, 1996), G‘.Akramov (“Mif va yozma adabiyot munosabatiga doir”, 1996), M.Jo‘raev (“Mif va uning Alisher Navoiy ijodiyotidagi o‘rni”, 2001), T.Xo‘jaev (“Mifik obraz va yozma adabiyot”, 1991; ”XV asr birinchi yarmi o‘zbek adabiyoti va folklor”, 1996), M.Narziqulova (“Sab’ai sayyor” va “Bahrom va Gulandom” dostonlarining qiyosiy tahlili”, 2006; “Mif, folklor va yozma adabiyot”, 2006) kabi asarlarida tadqiq etildi.
Qadimgi o‘zbek mifologiyasida keng ishlangan arxaik personajlardan biri bo‘lganligi grifon yoki it-qush obrazining qadimiy asoslari hamda bu obraz bilan bog‘liq syujetlar genezisi bizning tadqiqotlarimizdan birida “mifologik maktab”ning qiyosiy mifshunoslik hamda ilk asotiriy qatlamni rekonstruksiya qilish tajribalariga suyangan holda quyidagicha ilmiy talqin qilindi.
XI asrning buyuk tilshunosi Mahmud Koshg‘ariy o‘zining “Devonu lug‘otit turk” asarida “baroq” so‘zini izohlab, quyidagilarni yozadi: “baroq - serjun it. Turkiy xalqlar e’tiqodiga ko‘ra, burgut qariganda ikkita tuxum qo‘yar emish. Tuxumlarning biridan o‘sha baroq otli kuchuk paydo bo‘lar emish. Itlarning eng tez yuguradigani va ovni qattiq saqlaydigani shu baroq itdir. Ikkinchi tuxumdan jo‘jasi chiqar emish. Bu uning jo‘jalarining oxirgisi bo‘lar emish”.2 Demak, qadimgi turkiylarning mifologik e’tiqodlariga ko‘ra, “baroq” so‘zi g‘ayrioddiy ravishda paydo bo‘ladigan, ya’ni burgut tuxumidan chiqqan afsonaviy it nomidir.
Rashididdin “Jome’ at tavorix” asarida “it baroq” atamasi tilga olingan bo‘lib, bu so‘z O‘g‘uzxonga g‘anim bo‘lgan qavmlardan birining nomi sifatida qo‘llanilgan.3
“Baroq” so‘zi turkiy xalqlar etnonimikasida urug‘ nomini bildiruvchi atama sifatida ham keng qo‘llanilgan. Xususan, Nurotada yashagan “olti ota qozayoqli” urug‘i tarkibida “baroq”, “olti ota qanjig‘ali” urug‘i ichida esa “it bo‘rbay” shaxobchasi bo‘lgan. Zakaspiy o‘lkasidagi yovmit turkmanlarida ham “baroq” urug‘i mavjudligi qayd qilingan.4
“Devonu lug‘otit turk”da yugruk it ma’nosida qo‘llanilgan “baroq” so‘zining lisoniy-etimologik negizi aslida “qush” ma’nosini anglatuvchi leksemaga bog‘lanadi. CHunki tungus-manjur tillaridagi “bara” so‘zi chittakka o‘xshagan qushni bildirsa, evenk va yoqut tillarida ishlatiladigan “barak” so‘zi “baliqchi qush” ma’nosini anglatadi.5
Qush tuxumidan chiqqan deb tasavvur qilinuvchi g‘ayrioddiy xayoliy qushning nomi “it olaqoz” leksemasi tarkibidagi so‘zlarning ma’nosiga e’tibor berilsa, “it olaqoz” so‘zi “it-qush” degan ma’noni anglatishi ma’lum bo‘ladi. Bundan tashqari, “it olaqoz” atamasi tarkibidagi “ola” so‘zi ham tilimizdagi “ola-bula” ma’nosidagi leksemaga aloqador bo‘lmay, aslida “it” degan ma’noni bildirgan. Zero, qo‘miq tilidagi “alka’”, turkmancha “alaka”, qadimgi turkiy tildagi “alang‘ur”, qadimgi hind tilidagi “alla” so‘zlari ham “it” ma’nosida qo‘llanilganligi6 shunday deb taxmin qilishimizga asos beradi. SHuningdek, o‘zbek tilida qo‘llaniladigan “alakaning itiday chopmoq” iborasi tarkibidagi “alaka” so‘zi ham aslida shu ma’noni anglatgan.
It-qush haqidagi afsona syujeti turkiy xalqlardan ko‘pchiligiga, jumladan, hakas, qirg‘iz, boshqird va o‘yrotlarga ham yaxshigina ma’lum bo‘lgan ekan. Hakas folklorida aat degan qush tuxumidan chiqqan “Xubay xus” nomli afsonaviy it obrazi mavjud. Mifga ko‘ra, hech bir jonzot bu it ta’qibidan qochib qutulolmas emish. It-qush obrazi Evrosiyo hududida yashagan qadimgi xalqlar mifologiyasida keng tarqalganligini qayd qilgan M.I.Borgoyakovning yozishicha, “bu itning hakascha nomi (xubay xus) shundan dalolat beradiki, u qanotli it suratida tasavvur qilingan, shuning uchun ham undan birorta hayvon va jonzot qochib qutulolmagan”.7
D.V.CHeremisinning aniqlashicha, turkiy xalqlar folkloridagi har qanday jonivorni tutib ola biladigan ov iti nomini bildiruvchi “qumay” atamasi bor.8 Qirg‘iz xalq eposining qahramoni Manasning sevimli iti Qumayiq deb atalgan.9 Qumay deb atalgan afsonaviy qushlar haqidagi asotir borligini nazarda tutsak, bu o‘rinda ham itning qush nomi bilan atalishi bejiz emasga o‘xshaydi. Boshqirdlar afsonasiga ko‘ra, quzg‘un o‘z uyasida ikki dona tuxum qo‘yar, tuxumlarning biridan Tuyg‘un degan serjun it, ikkinchisidan esa SHunqor deb ataluvchi ov qushi chiqarmish.10 Bizga ma’lumki, Tuyg‘un ham aslida qushga beriladigan sifatlardan biri.
Tog‘li Oltoyda qayd qilingan mifga ko‘ra, “ular” degan qush o‘z umri davomida uch marta tuxum qo‘yar ekan. Tuxumlarning birinchisidan “baraq” degan it, ikkinchisidan “urgan”, uchinchisidan “balta” degan poloponlar chiqar emish.11
Qush tuxumidan chiqqan it haqidagi afsona Xorazm vohasida o‘g‘uzlarning g‘arbga tomon etnik siljishi natijasida davrlar o‘tishi bilan Kavkazda yashovchi xalqlar folkloriga ham kirib borgan. Taniqli gruzin tadqiqotchisi E.Virsaladze tomonidan yozib olib, ommalashtirilgan bir afsonada aytilishicha, qarg‘a daraxtdagi uyasiga ikki dona tuxum qo‘yarkan. Tuxumlarning biridan qushning poloponi, ikkinchisidan kuchukvachcha chiqar emish. Tuxumdan chiqqan jonzot o‘z poloponiga o‘xshamasligini ko‘rgan qarg‘a uni uyasidan tashlab yuborar ekan. Omadli ovchilardan biri ana shunday itvachchani topib olibdi. Kursha nomli bu afsonaviy tozi it o‘sha qarg‘a tuxumidan chiqqan deb tasavvur qilingan.12
Qadimgi turkiy mifologiyada shakllangan bu asotir syujetining gruzin xalq nasrida qayd qilinishi o‘zaro folklor aloqalari va tarixiy-tipologik o‘xshashlikning namunasidir. Ko‘rinib turibdiki, Baroq, ya’ni qush tuxumidan chiqqan it haqidagi afsonalar SHarqda, ayniqsa turkiy xalqlar orasida qadim zamonlardan beri yashab kelayotgan ekan.
O‘zbek folklorida it-qush ko‘rinishidagi afsonaviy jonzot haqida turli xil qarashlar mavjud. Xususan, “qipchoq dialektlarida tabu sezilarli o‘rinni egallaydi. Masalan, bo‘rini “itqush” yoki qashqir deb ataydilar”.13 Tilimizda qo‘llaniladigan “kuchuk” so‘zi “it” ma’nosini bildiradi. Ammo V.V.Radlov lug‘atida “kuchugan” so‘zining lug‘aviy ma’nosi “burgut” ekanligi qayd qilingan.14
Xorazmliklar orasida esa qush misol uchadigan it haqidagi afsonalar saqlanib qolgan. SHayx Najmiddin Kubro maqbarasida jorubkashlik qiluvchi Abduaziz qorining etnograf G.P.Snesarevga hikoya qilib bergan afsonasida aytilishicha, “Najmiddin Kubro ko‘milgan mozorning o‘rnida ilgari hech narsa yo‘q ekan. Bu er “Kopurjoy” deb atalgan bo‘lib, unga qarab turadigan bir kampir shu erga har xil mevali daraxtlarni ekib, katta boqqa aylantiribdi. Kampirning bir o‘g‘li bo‘lgan ekan. Najmiddin Kubroning esa kipriklari shunaqangi uzun ekanki, ko‘zining ustiga tushib turarkan. Agar shayx u yoki bu kishiga nazar tashlamoqchi bo‘lsa, qo‘li bilan kipriklarini ko‘tarib qarar va uning nigohi tushgan kishi boy-badavlat bo‘lib ketar ekan. Kunlardan bir kuni haligi kampir o‘z o‘g‘lini shayxning oldiga olib boribdi-da: “Mening o‘g‘limga bir nazar soling!” - deb iltimos qilibdi. SHayx kipriklarini ko‘tarib qaragan mahal kampirning o‘g‘li o‘tirgan joyidan qochib ketib, uning o‘rniga bir it kelib turgan ekan, shayxning muborak nazari ana shu itga tushibdi. SHunday qilib, ana shu it ilohiy jonivorga aylanibdi, u bemalol havoda uchib yura olar ekan. Bu it o‘lganida uni kafanlab, shayxning mozori yaqiniga dafn qilibdilar”.15
“Uchar it” yoki “havoda parvoz qiladigan it” obrazi O‘rta Osiyoda yaratilgan agiografik adabiyotlarning an’anaviy personajlaridan biriga aylangan. CHunonchi, xalq orasida “Hazrati Bashir”, “Hazrati Buzrukvor” nomlari bilan mashhur bo‘lgan qashqadaryolik mashhur shayxul mashoyixlardan biri Sulton Sayid Ahmad Vali (XY asr)ning hayoti haqida hikoya qiluvchi manoqibda yozilishicha, shayxning “Oq qush” nomli iti bo‘lgan ekan: “naqldurkim, Hazrati shayxi Buzrukvorning bir itlari bor erdi. Nomi Oq qush erdi, doimo xonaqoning tashqari ostonasiga bosh qo‘yib yotar erdi”.16 Manoqibda hikoya qilinishicha, hazrati shayxi Buzrukvorning itlari Oq qush bir kuni kasal bo‘lib qolibdi va bir necha kundan keyin o‘libdi. SHayxning buyrug‘iga ko‘ra, uning jasadini odamzotga o‘xshab kafanlab, musulmonlarning mozoriga ko‘mibdilar. Oradan bir necha kun o‘tib “bir darvesh tush ko‘rdikim, bir it mozoristonning ustida parvoz qilib yuribdi. Bu tushini Hazrati shayxi Buzrukvorning oldilariga kelib bayon qildi. Hazrati shayxi Buzrukvor aytdilarkim, bu Oq qushning ruhidurkim, havoda parvoz qilur”.
G.P.Snesarev Najmiddin Kubroning iti haqidagi afsonani tahlil qilar ekan, “uchar it” haqidagi “ma’lumotning ildizlari islomdan avvalgi tasavvurlarga, aniqrog‘i, it-qush to‘g‘risidagi mifik qarashlarga borib taqaladi” deb hisoblaydi va avliyoning uchar itini qadimgi mifologiyadagi Semurg‘ obraziga qiyoslagan edi.
Darhaqiqat, Senmurv yoki o‘zbek xalq ertaklaridagi Semurg‘ obrazi O‘rta Osiyo mifologiyasining mahsulidir. K.V.Treverning ta’kidlashicha, bu xayoliy qush nomi dastlab Saena-merug‘a shaklida bo‘lib, “it-qush” degan ma’noni anglatgan ekan. Semurg‘ qadimgi zardo‘shtiylik mifologiyasida it boshli, qush siyratli asotiriy jonzot sifatida tasvirlangan.17 CHunonchi, “Bundaxishn”da “o‘n birinchi bo‘lib tunda yashaydigan mavjudotlar yaratilgan, shulardan ikkitasi – o‘z bolalarini ko‘krak suti berib boqadi. Bu Senmurv va ko‘rshapalak bo‘lib, tunda uchadilar. Aytilganidek, tunda kun ko‘ruvchilardan it-qush va mushakdor jonivor yaratilgan, chunki ular qushga o‘xshab uchadigan, og‘zida itniki singari tishlari bor, mushakdor jonivorlar kabi g‘orlarda yashaydilar”. “Bundaxishn”ning boshqa bir joyida esa “qushlar orasida ikkitasi boshqalardan farqli qilib yaratilgan: bu Senmurv va ko‘rshapalak bo‘lib, og‘izlarida tishi bor bo‘lgan bu jonivorlar bolasini ko‘krak suti berib boqadi”.18
O‘zbek xalq sehrli ertaklarida tasvirlangan Semurg‘ qush ham tarixan “Avesto” mifologiyasidagi Senmurv obrazining epik tafakkur tizimidagi evolyusiyasi natijasida yuzaga kelgan personaj hisoblanadi. Garchi o‘zbek ertakchiligi an’anasida Semurg‘ning ko‘rinishi va funksiyasida Senmurvga xos sifatlar ko‘zga tashlanmasa-da, ammo bu afsonaviy qushning qahramonni o‘zga olamga olib borishi bilan bog‘liq bir detal unda “it-qush”ga doir ayrim belgilar saqlanganligini ko‘rsatadi. “Zorliq bilan Mungliq” ertagida “Semurg‘ bir tomondan qor - yomg‘ir bilan uchib kelibdi va maydalab tashlangan ajdarni yutib yuboribdi”.19 Bu obraz ishtirok etgan ertaklarda qushning ustiga minib olgancha o‘zga olamga safar qilayotgan yoki yorug‘ dunyoga qaytib chiqayotgan qahramon to manzilga etguniga qadar Semurg‘ni go‘sht berib boqadi. Bu esa Semurg‘ “Bundaxishn”da qayd qilinganidek, “og‘zida tishi bor”, ya’ni itga o‘xshab go‘shtxo‘r jonzot ekanligini anglatadi. Bizningcha, Senmurv yoki Semurg‘ qadimgi o‘rtaosiyoliklar mifologiyasida it gavdali, qush qanotli afsonaviy jonivor sifatida tasvirlangan. Keyinchalik esa bu mifologik tasavvurlar unutilib ketib, u ertak va dostonlarimizda qahramonni mushkul ahvoldan qutqaruvchi, poloponlarini ajdar xurujidan omon saqlab qolgan qahramonni olis manzillarga tez etkazuvchi, epik qahramonga ko‘maklashuvchi xayoliy qush obrazi tarzida tasvirlana boshlagan. Aslida esa Semurg‘ haqidagi mifologik tasavvurlar genetik jihatdan qush tuxumidan chiqqan it hamda qushdek ucha oladigan qanotli it – grifon haqidagi qadimgi miflarga aloqadordir.



Download 118.46 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling