O’zbek miliy uyg’onish adabiyoti shakllanishining ijtimoiy-siyosiy va adabiy estetik omillari


Download 422.79 Kb.
bet1/11
Sana21.04.2023
Hajmi422.79 Kb.
#1368706
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
Bog'liq
Maruza matn


O’zbek miliy uyg’onish adabiyoti shakllanishining ijtimoiy-siyosiy va adabiy estetik omillari
Ikki buyuk asr - XIX va XX asrlar oralig’idagi 50—60 yillik davr qadim va boy o’zbek adabiyoti tarixida g’oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Negakim, birinchidan, «Adabiyot millat oynasi» (Avloniy) sifatida xalqimiz hayotida yuz bergan eng katta baxtsizlik - o’z mustaqilligini yo’qotishi voqealarini loqayd kuzatishdan uning fojiali oqibatlarini chuqur idrok etish va istiqlol uchun kurashga chaqirishgacha bo’lgan yo’lni bosib o’tdi. Ikkinchidan, adabiyot davr voqealari ta’sirida g’arblashdi; mazmun-mundarijasi kengaydi; davriy matbuot va teatrning paydo bo’lishi bilan yangi adabiy tur va janrlar paydo bo’ldi. An’anaviy she’riyat va u bilan bog’liq timsollarga yangi mazmun kirib keldi. YAkka hukmron aruz yoniga unutilgan eski barmoq vazni qo’shildi. Sarbastda tajribalar qilindi. Mansuralar yozildi. Bir so’z bilan aytganda, zamonaviy realistik adabiyot maydonga keldi. Bu davr adabiyoti jug’rofiyasi ham oldingilaridan farq qiladi. Adabiy harakatchilik XVII-XIX asrlardagi kabi uch mustaqil xonlik doirasida emas, Rusiyaga mutlaq tobe Turkiston general gubernatorligi hamda yarim vassal Buxoro va Xivada uyushdi. Bu hol umumo’zbek adabiy mahsulotining mavzu-mundarijasigagina emas, til xususiyatlaridan janrlar poetikasigacha o’z izini qoldirdi. Milliy uyg’onish, millatning o’zligini anglash jarayoni mazkur davr adabiyotining ruhi va mazmunini tashkil qildi. Buni adabiyotshunoslik o’tgan asrning 20-yillaridayoq e’tirof etgan edi. Milliy uyg’onish birgina adabiyot doirasida qolgani yo’q, ijtimoiy turmushning barcha qatlamlarini qamrab oldi, hatto «bosmachilik» nomi bilan «g’alati mashhur» bo’lib tarixga kirgan hodisaning ham mafkurasi milliy uyg’onishga, Uning samarasi bo’lmish mustaqillik uchun kurashga kelib bog’lanardi. Milliy uyg’onish mintakamizda jadidchilik shaklida namoyon bo’ldi. Va u 20-yillarning o’rtalarigacha davom etdi. 1926 yildan sovetlar unga qarshi keng ko’lamda kurash boshladilar. 1929 yildan ularni jismoniy tugatish yo’lga qo’yildi. Binobarin, bu harakatning yuzaga kelishi bevosita istilo va uning oqibatlari bilan bog’langan bo’lib, uning shakllanish davrini 1865—1905 yillar bilan belgilamoq kerak bo’ladi. 1905 yil voqealari, xususan, 17 Oktyabr Manifestidan keyin u rivojlanish bosqichiga kirdi. 1916 yilga kelib, jadidlarimiz «qora xalqni oqartirmoq va ko’zin ochmoq chorasiga» (Avloniy) kirishdilar. Mamlakat hayotida o’chmas iz qoldirgan 1916 yil mardikorlar qo’zg’olonida jadidlarimiz xalq bilan yonma-yon turdilar. Afsuski, tarix istiqlolni egallash uchun noyob bir sharoit yaratgan 1917 yilning Fevraliga xalqimiz lozim darajadagi tayyorgarlik bilan etib kela olmadi. Butun Rusiya kabi Turkistonni ham «bolshevik balosi» (Fitrat) qoplab oldi. Shunga qaramay, taraqqiyparvar fidoyi ziyolilarimiz mustaqillik uchun kurashni to’xtatmadilar va 1917 yilning 27 noyabrida Turkiston muxtoriyatini e’lon qildilar. Turkiston (Qo’qon) muxtoriyati uch oyga etmay, sho’rolar tomonidan shafqatsizlarcha yo’q qilindi. «Millatchi» deya nom olgan millatparvarlarimizning omon qolganlari tog’-toshlarga qochib, kurashni davom ettirdilar va Vatan ozoddigi yo’lida shahid ketdilar. Bu jarayon 20-yillarning oxirigacha davom etdi. Binobarin, 1905-1929 yillar jadidchilik (milliy uyg’onish) harakatining taraqqiyot va tugatilish davridir. Milliy uyg’onish (jadid) adabiyoti XIX asr oxirlarida yuzaga kelgan mazkur harakat g’oyalarining adabiy-badiiy ifodasi edi. Lekin gap shundaki, u jadidchilikning shunchaki bir ko’rgazmasi (illyustradiyasi) bo’lib qolmadi, chinakam adabiyotga aylandi. U yangi adabiyotni boshlab berdi. Avji taraqqiysi 1915-1925 yillarga to’g’ri keldi. SHulardan kelib chikrb, milliy uyg’onish davri o’zbek adabiyotini 2 bosqichga ajratdik: 1) Milliy uyg’onish davri o’zbek adabiyotining ilk bosqichi: manbalari va yuzaga kelishi (XIX asr oxirlari); 2) milliy va ijtimoiy kurashlar davri: taraqqiyoti va tugatilishi (XX asr birinchi choragi). Uning ko’lami va jug’rofiyasi haqida muayyan tasavvur hosil qilish, ijodkorlarni etkazgan muhit bilan tanishtirish zaruriyatidan kelib chiqib, adabiy-madaniy markazlar haqida ma’lumot berishga urindik. Mazkur davr adabiyotini milliy uyg’onish nuqtai nazaridan o’rganish bevosita mustaqilligimiz samarasi bo’lganligidan undagi milliy istiqlol g’oyasining shakllanishi va taraqqiyoti masalalari hamisha diqqat markazimizda turdi. «Uyg’onish» (Renessans) tushunchasi qadim antik adabiyotga nisbatan olingan bo’lib, o’rta asrlardagi ilm-fan jonlanishini ko’zda tutadi. Uning doirasi turli mamlakatda turlicha, IX asrdan XV asrgacha bo’lgan davrni qamrab oladi. «Milliy uyg’onish»da esa, millatning o’zligini anglashi asos qilib oli-nadi. Biz «Milliy uyg’onish» davri adabiyoti deganda XIX asrning ikkinchi yarmi XX asr boshlari adabiyotini ko’zda tutamiz. U o’ziga xos bir davrdir.
Begali Qosimov milliy uyg’onish davri o’zbek adabiyotini 2 bosqichga ajratib o’rganishni taklif qiladi. Birinchisi, Milliy uyg’onish davri o’zbek adabiyotining ilk bosqichi: manbalari va yuzaga kelishi davri bo’lib, XIX asr oxirlarini o’z ichiga oladi. Ikkinchi davr esa milliy va ijtimoiy kurashlar davri: taraqqiyoti va tugatilishi davri bo’lib, bu davr XX asr birinchi choragini qamrab olgan. Biroq, tarixga nazar solib qaraganimizda Turkistondagi milliy ozodlik harakatlarining ham ikki bosqichga ajratilganligini ko’rishimiz mumkin. Birinchi davr XIX asrning to’rtinchi choragidan boshlanib, to 1917-yilga qadar davom etadi. Ikkinchidavr 1917-yildan to 1938-yilgacha bo’lgan davrni o’z ichiga oladi. Mazkur davrda Turkistonda milliy ozodlik va jadidchilik harakatlari siyosiy tus olganligini ko’rishimiz mumkin. Aytish kerakki, o’zining qaydiga ko’ra oradan o’n yillar o’tgach yozilgan salmoqli maqolasida Q.Yo’ldoshev ham uchinchi davrni «Yangi o’zbek adabiyoti» deb ataydi va «ushbu atama millat adabiy tafakkuridagi tamomila o’ziga xos xususiyatlarga ega bo’lgan yangi davrni ifoda etib, XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab bugungi kunlarimizgacha bo’lgan zamoniy oraliqda yaratilgan milliy adabiyot namunalarini anglatadi» deydi. Bu esa olimning davrlashtirish borasida yuqoridagi ilk takliflari taqdim etilgan paytdagi ruh-kayfiyat ta’siridan xoli bo’lolgani va masalaga teran ilmiy yondashganini ko’rsatadi. Ikkinchi tomondan, bu paytga kelib «yangi o’zbek adabiyoti» termini iste’molda ancha faollashgan, xususan, oliy ta’lim uchun o’quv rejalarida ham shu nom qo’llana boshlagan edi. Yodingizda bo’lsa, mustaqillikning ilk yillarida adabiyotimiz tarixining mazkur davri oliy ta’lim uchun o’quv rejalarida «Hozirgi o’zbek adabiyoti», «XX asr o’zbek adabiyoti» nomlari bilan yuritilgan, ilmiy muomalada esa bularga qo’shimcha o’laroq «Zamonaviy o’zbek adabiyoti», «Hozirgi zamon o’zbek adabiyoti» kabi atamalar іam qo’llangan edi. SHu bois ham Q.Yo’ldoshev: «Yangi o’zbek adabiyoti» atamasi bizda ba’zan «XX asr adabiyoti» istilohining sinonimi, ba’zida «jadid adabiyoti» atamasining muqobili tarzida qo’llaniladi» , – derkan, terminologiyada mavjud beqarorlikni ma’qullamaydi va bu o’rinda to’la haq. Albatta, bunday beqarorlikning yuzaga kelish sababi tushunarli: avvaliga «O’zbek sovet adabiyoti» zudlik bilan «XX asr o’zbek adabiyoti»ga o’zgartirildi, lekin asr oyoqlab qolgani uchun tezdayoq «Hozirgi o’zbek adabiyoti» deyish ma’qul ko’rildi; tabiiy, atamadagi «hozirgi» so’zining ma’nosi atalayotgan predmet mohiyatga u qadar mos emasdek tuyuladi, «zamonaviy» yoki «hozirgi zamon» sifatlari ham xuddi shunday... nihoyat, «yangi o’zbek adabiyoti» deyish har jihatdan ma’qul ko’rildi. Negaki, bu atama predmetga, ya’ni XX asr tongidan boshlab g’oyaviy-mazmuniy va poetik xususiyatlariga ko’ra YANGILANGAN adabiyotimizga har jihatdan mosdir. Yangilanish qanday kechgani, uning omillariyu belgilari haqida ko’p yozildi, Faqat o’tgan asr boshlaridan adabiyotimiz o’z taraqqiyotining yangi bosqichiga – yangi adabiy davrga kirgani va hozir ham shuning doirasida ekanini ta’kidlaymiz. Modomiki shunday ekan, o’quv rejasida uni «XX – XXI asr o’zbek adabiyoti» deb yuritish to’g’ri emas. Zero, adabiyot o’qitish ilmiy asosga qurilishi, adabiyotshunoslik erishgan yutuqlarga tayanishi lozimdir. Endi masalaning ikkinchi va, fikrimizcha, ancha nozik ham bahsli tomoniga keldik: yangi o’zbek adabiyotining davriy chegaralarini qanday belgilash kerak? Hozirda ko’proq ommalashgan qarashga ko’ra, yangi o’zbek adabiyoti davrini XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab hisoblanadi. O’z vaqtida ustoz N.Karimov bu holga munosabat bildirib: «Yangi o’zbek adabiyotini ma’rifatparvarlik adabiyoti bilan boshlash tarafdorlari ham borki, ular o’z «g’oya»larini umumta’lim maktablarining adabiyot dasturlariga kiritishga ulgurdilar. Bizningcha, bu xato yo’l» , – deya kuyinib yozgandi. Afsuski, davr adabiyoti bo’yicha yirik mutaxassisning fikri inobatga olinmadi: hozirda mazkur «g’oya» nafaqat umumta’lim maktablari, balki oliy ta’lim dasturlariga ham kirgan. Albatta, masala bahsli ekan, uni ilmiy doiralarda bir tomonga hal qilib, so’ngra o’quv jarayoniga tatbiq etilsa to’g’riroq bo’lardi. N.Karimov «...ma’rifatparvarlik adabiyoti bilan Behbudiylar boshlab bergan jadid adabiyoti mutlaqo boshqa-boshqa hodisalardir» deb іisoblaydi. Olim to’la haq, faqat, bizningcha, bu o’rinda masalani o’zgacharoq tarzda qo’yish to’g’riroq bo’ladi. Ya’ni «ma’rifatchilik adabiyoti» yuqorida qayd etilgan «o’zbek mumtoz adabiyoti» davriga kiradimi yo «yangi o’zbek adabiyoti» davrigami? Agar uni yangi o’zbek adabiyotiga kiritsak, u holda o’zbek mumtoz adabiyoti XIX asrning ikkinchi yarmiga kelib o’z davrini yashab bo’lgan chiqadi. Holbuki, o’sha Komil, Avaz, Muqimiy va Furqatlar ijodida mumtoz adabiyotga xos g’oyaviy va poetik xususiyatlar ustuvor ekani ravshan. Ya’ni, ularning qator asarlarida ma’rifatparvarlik g’oyalari aks etsa-da, birinchidan, ushbu g’oyalar mumtoz adabiyot poetik tizimi (janr, poetik obrazlar, til va uslub) doirasida ifodalangan; ikkinchidan, ular qoldirgan ijodiy merosning salmoqli qismini g’oyaviy-badiiy jihatlariga ko’ra mumtoz adabiyot an’anasidagi asarlar tashkil etadi; uchinchidan, ma’rifatparvarlik g’oyalari ifoda etilganining o’zi davr adabiyotiga «yangi» sifatini berish uchun asos bo’lolmaydi, bunday g’oyalar Yusuf Xos Xojib, Ahmad Yugnakiylardan boshlab kuzatiladi, ya’ni mumtoz adabiyotimizda ushbu g’oyalar azaldan ifodalanib kelgan. Zero, ma’rifat g’oyasi adabiyotning fitratidagi ibtidolardan biri, javhardir. N.Karimov «ma’rifatparvarlik adabiyoti» deb atayotgan bosqich «Milliy uyo’onish davri o’zbek adabiyoti» darsligida «Milliy uyg’onish davri o’zbek adabiyotining ilk bosqichi» deb nomlanib, chegarasi 1865 – 1905 yillar qilib belgilangan. Q.Yo’ldoshev esa ayni bosqichni «O’zbek ma’rifatchilik adabiyoti» deb ataydi. Shu o’rinda «ma’rifatparvarlik» va «ma’rifatchilik» tushunchalari bir-biridan farqli ekanini eslatish joiz ko’rinadi. Ma’lumki, «ma’rifatparvar» so’zi shaxsga xos sifatni, «ma’rifatchi» so’zi esa muayyan faoliyat bilan shuo’ullanuvchi shaxsni bildiradi, bas, shu ikki so’zdan yasalgan otlar ham ma’no jihatidan farqlidir. Ya’ni, bu bosqichni «ma’rifatparvarlik adabiyoti» desa bo’lar, biroq «ma’rifatchilik adabiyoti» deyish haqiqatga mos emas, ushbu nomga jadid adabiyotining ilk bosqichi munosibroqdir. Darslik va o’quv dasturida bu davr adabiyotiga xos «yangicha ma’rifatparvarlik»ka urg’u berilganki, bu, chamasi, yuqoridagicha e’tirozlar ziddi uchun bo’lsa kerak. Darslikda o’qiymiz: «Rusiya Qo’qon xonligi hududlarini bosib olib, Buxoro amirligi va Xiva xonligini o’z vassaliga aylantirganidan boshlab o’lka ijtimoiy-madaniy hayotida ba’zi yangiliklar ham ro’y bergan edi. Shulardan biri butun Markaziy Osiyoda Komil, Sattorxon, Furqat, Sayidrasul Aziziy, Rojiy Marg’iloniy kabi ilg’or ziyolilar tomonidan asos solingan yangicha ma’rifatparvarlik yo’nalishi va adabiyoti edi. Bu ziyolilar rus ilm-fani, tili va madaniyatini egallash, shu orqali, birinchidan, o’zlikni anglashga va tiklashga urinish, ikkinchidan, zamona talablariga javob beradigan millat avlodini yetkazish yo’lini tutdilar. Bu soіhda buyuk omil maktab, matbuot, adabiyot edi. Matbuot yo’q edi. Maktab va adabiyot esa tamom eskirgan edi. Mana shunday nozik sharoit va buyuk orzu Komil hamda uning bir qator maslakdoshlarini mashhur missioner Nikolay Ostroumovning chor hukumati siyosatini o’rniga qo’yib kelayotgan «Turkiston viloyatining gazeti» bilan hamkorlik qilishga majbur etdi» . E’tibor berilsa, bu o’rinda jadid ma’rifatchilariga xos xususiyatlarni ma’rifatparvarlarga ko’chirib qo’yilayotgandek taassurot qoladi. Asli, ayni shu nuqtada ma’rifatparvarlar bilan jadid ma’rifatchilari orasidagi farq ko’zga tashlanadi. Zero, «matbuot yo’q, maktab va adabiyot esa tamom eskirgan» sharoitda jadid ma’rifatchilari matbuotni bor qilish, maktab va adabiyotni yangilash harakatiga kirishganlar, salaflar esa mashhur missioner Ostroumov bilan hamkorlik yo’lini tutganlar. Shunaqa ekan, «buyuk orzu» haqidagi gaplar ham shubha ostiga tushib qolmaydimi?! Komilning «yangicha ma’arifatparvarlik yo’nalishidagi» asarlariga misol tariqasida darslikda «Ikki sho’x» g’azali to’liq keltirilgan. G’azal, darslikda aytilishicha, o’sha Ostroumovning ikki qizi fortepyano jo’rligida ijro etgan haroratli bal raqsi tomoshasidan olingan zavq natijasi. Qizig’i – «... baytda fortepyano iborasining ishlatilishi, Yevropa turmush tarziga xos raqsning bunchalar mahorat bilan tasvirlanishi Komil she’riyati uchungina emas, balki butun ko’p asrlik sharq she’riyati uchun yangilik edi» deyilgani. Garchi g’azal novatorona asar sifatida taqdim etilsa-da, agar «fortepyano» so’zining ishlatilganini aytmasak, mumtoz she’riyatda ko’plab uchrovchi go’zal vasfiga bag’ishlangan she’rlardan farq qilmaydi. Boz ustiga, unda «Yevropa raqsi tasvirlangan» emas, ehtimol, tasavvurga zo’r berilsagina hayrat to’la vasflar ortida raqs borligini his q ilish mumkin hamdir. Bunisi ham mayli, mumtoz she’riyat an’anasidagi tavsifiy g’azal ekan, vasf ob’ektining o’zgargani, deylik, raqsni yevropalik xonimlar ijro etayotgani uchungina she’r novatorona bo’lib qoladimi?! Xullas, bunda yangilikdan ko’ra shunday deya taqdim etish istagi borligi haqiqatga yaqinroq ko’rinadi. Agar yangicha ma’rifatparvarlik shu bo’lsa, demak, uning mohiyati Rusiya ilm-fani, texnikasi, rus madaniyati va turmush tarzini targ’ib etish ekan-da?! To’g’ri, qoloqlikda qolgan Turkiston uchun G’arbning yutuqlaridan maqbullarini o’zlashtirish g’oyat muhim edi, shu jihatdan qaralsa, «kolyaska arobadan yaxshi», «tanchayu o’choqdan ko’ra pechka qulay» mazmunidagi she’rlar ham ma’rifatparvarlik missiyasini o’tagani shubhasiz. Biroq missioner Ostroumov dil tubida ardoqlagan «Turkistonni ruslashtirish» orzusiga yetish vositasi ham shu – rus madaniyati va turmush tarzini targ’ib etish emasmidi?! Shunday, Ostroumovlar o’z gazetalarida «Gimnaziya», «Vistavka xususida», «Nag’ma bazmi xususida» kabi she’rlar chop etilishidan manfaatdor edilar. Zero, ularning muallifi, darslikda aytilganidek, «dastlab rus ilm-faniga, Evropaga mo’jizaday boqdi. Rus ziyolilarining Turkistondagi vakillariga xaloskordek qaradi. Bularning orqasida o’z ustunliklarini namoyish qilish va u orqali zabt etilgan yurtni iqtisodiy va ma’naviy asoratda saqlash maqsadi yotganligini birdaniga anglab yetmadi. Bu mumkin ham emasdi. Biroq yurt fojialari, taqdirning beayov zarbalari asta-sekinlik bilan bo’lsa-da, Rusiyaning Turkistondagi siyosatining asl mohiyatini anglatdi». Qizig’i, sal keyinroq darslikda bunga zid fikr bayon qilinadi: «Tabiiyki, N.Ostroumov Furqatning she’rlarini o’zi muharrirlik qilgan gazetada e’lon qilishdan rus davlatining qudratini targ’ib etish maqsadini ko’zlagan. Furqat esa tamomila boshqa niyatda bo’lgan: shoirning «O’z naf’imiz uchun Rusiya umurig’a mulohaza qilsoq lozimdur» degan fikri bunga dalil. Demak, u Yevropa va rus madaniyatini o’z foydamizga xizmat qildirishimiz zarur, degan xulosaga keldi. Mazkur asarlarni shu maqsadda yozdi». Ko’rib turganimizdek, keyingi ko’chirmada Furqat manzumalari aniq bir maqsad bilan yozilgan degan fikr o’tkazilmoqda. Biroq, bizningcha, bunday hukm-xulosa uchun asos etarli emas. Negaki, birinchidan, to o’ttizida Toshkentga kelguniga qadar ijodida bunday motivlar bo’lmagan; ikkinchidan, iqtidorli shoirga Ostroumovning qiziqib qolishiyu uni rus madaniyati bilan tanishtirishga g’ayrat qilishi bejiz emas: missionerlik faoliyati taqozosi bilan inson psixologiyasini juda yaxshi bilgan bu ustakor zavqi baland shoirni hayratlantirib, ohorli taassurotlarini gazetasida e’lon qilish payida bo’lgani haqiqatga yaqinroq. SHu bois ham manzumalarni o’qiganda, ularda hayrat va qoyil qolish hissi boshqa har neni bosib ketishiga amin bo’lamiz. Ya’ni, aytmoqchimizki, bu o’rinda yuqorida keltirilgan birinchi ko’chirmadagi talqin, shoirning «rus ilm-faniga, Yevropaga mo’jizaday boqqani», o’zi tanigan rus ziyolilariga «xaloskordek qaragani» to’g’rirgї, mohiyatni anglash uchun esa muayyan vaqt, shu vaqt ichida orttirilgan hayotiy tajriba zarur. Fikrimizcha, xuddi shu gapni umuman ma’rifatparvarlik adabiyotiga nisbatan ham aytish mumkin. Zero, ma’rifatparvarlik adabiyoti ham avvaliga nisbatan ilg’orda bo’lgan rus ilm-fani, texnikasi, madaniyati, ta’lim tizimi... kabilarga havaslandi, o’z yurtida ham shunday bo’lishini orzu qildi. Ayni chog’da, bu adabiyot vakillari rus istilosining bevosita shohidlari ekani, ko’ngillaridagi mag’lubiyat alami hali ohorli bo’lganini ham nazardan qochirmaslik lozim. Biroq alamlari nechog’lik kuchli bo’lmasin, fikrli kishilar sifatida mag’lubiyat sabablarini mushohada qilish va, afsuski, buning boisi o’zimizning qoloqligimizda ekanini tan olib, mavjud holatga ko’nib yashashga majbur edilar. Mazkur sharoitda rus istilosi bilan yurtga kirib kelgan maqbul yangiliklarni ma’qullashning o’zi progressiv hodisa ediki, bu yangiliklar ularda yurtning qoloqlik domidan chiqishiga umid uyg’otgandi. Tabiiyki, ma’rifatparvarlar yurtimizning Rusiya qudrati qarshisida ojizligini teran anglaganlar, mavjud sharoitda orzulari faqat uning qo’l ostidagina ro’yobga chiqishi mumkin deb bilganlar. Ularning, masalan, Dukchi eshon qo’zo’oloniga nisbatan tutgan mavqelari ham shu bilan izohlanadi. Xullas, mustamlaka siyosatining chin mohiyatiyu uning yurtimiz istiqboli uchun bexayrligi, chinakam taraqqiy tub isloіotlar orqali voqe bo’lishiyu bu maqsad yo’lida ma’rifatga tayanib harakat qilish zaruratining anglanishi uchun bir yigit umri – qirq yillar atrofida vaqt sarflandi. Ya’ni, aytmoqchimizki, ma’rifatparvarlik adabiyotini «milliy uyg’onish» hodisasi deya talqin qilishda zo’rakilik bor. Sirasini aytganda, darslik mualliflari ham buni his qilgan, aniqrog’i, o’zlari sezib yo sezmasdan e’tirof etib qo’yganlar. Xususan, atama ma’nosi haqida darslikda: «O’zbek adabiyotida «millat» tushunchasi etnos ma’nosida Navoiydan boshlab ishlatilgani kuzatiladi. Lekin uning bugungi ma’nosini kasb etishi jadidchilik davri bilan bog’liq», – deyilishi shunday xulosaga asos beradi. Zero, agar millat tushunchasining «bugungi ma’nosini kasb etishi jadidchilik davri bilan bog’liq» ekan, XIX asrning ikkinchi yarmini «milliy uyg’onish davri» deb atash ham, bu davrdagi ma’rifatparvarlik adabiyotini «milliy uyg’onish davri o’zbek adabiyotining ilk bosqichi» sanash ham mantiqqa xilofdir. Axir, bunday desak, «Rusiya istilosi tufayli o’zimizni millat sifatida anglay boshladik deganday eshitilmaydimi?! Yo xuddi yqїin o’tmishda «Avrora» kreyseri to’plarining sadosi proletariatni asriy uyqudan uyg’otdi» deya uqtirilgani kabi «rus zambaraklari sadosi Turkiston xalqlarini uyg’otdi» deyishimiz qoldimi endi?!



Download 422.79 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling