O‘zbek mumtoz adabiyotining shakllanishi va taraqqiyot bosqichlari, asosiy yo‘nalishlari
Download 0.64 Mb.
|
jonpolat.2023.23.05
MA’RIFAT VA HAQIQAT
Haq yo‘liga kirgan darveshning ana shunday ruhiy iztiroblar safaridan so‘ng qo‘lga kiritgan ma’naviy ma’rifatini Sari Saqatiy «tavhid» (birlashish – Alloh birligini idrok etish), Ma’ruf Karxiy va Abusaid Xarroz «fano» (yo‘qolish) deb atadilar. Zerokim, solik o‘zi bilan Iloh orasidagi masofani qisqartira borib, vujud to‘siqlari (moado, mosivo, parda)ni yengib o‘tib, shaxsiy «Men»dan qutuladi va to‘laligicha Mutlaqiyatga qo‘shilib, u bilan qorishib, erib ketadi. So‘fiylar buni qatraning dengizga qo‘shilishi yoxud qizitilgan temirning olov bilan bir xil tus olishi bilan qiyoslab tushuntirganlar. Darhaqiqat, qatra – dengizdan nishona, dengizning mohiyati qatrada ifodalangan. Shu singari inson ruhida ham Iloh sifatlari mujassam. Biroq moddiylik uni Ilohdan ajratib turadi. Aslidan ajralgan, vaqtincha g‘ariblikda, musofirlik (safar)da bo‘lgan inson ruhi hijron dog‘ida qiynalib azob chekadi. Ammo ruh moddiylikdan poklansa, musaffo shabnamday bo‘lib, Dengizga – o‘z asliga borib qo‘shilishi mumkin. Bu vasl faqat ilohiy ma’rifat orqali, ya’ni o‘z-o‘zini anglash, tanish va shu asosda o‘z Rabbini tanish oraqli qo‘lga kiritiladi. Shunday qilib, ilohshunolsik ilmi teosofiya bo‘lgan irfon yoki ma’rifat («ma’rifat» so‘zi arabcha «arafa» – bilmoq so‘zidan yasalgan) tariqatning hosilasi va bevosita davomidir. Xo‘sh, ma’rifatning nishonasi nima, qanday kishi ma’rifatga noil bo‘la oladi? Bu savollarga yuqorida qisman javob berilganday bo‘ldi. Ammo shunga qaramay, buni kengroq sharhlashga majburmiz, chunki tasavvufda ma’rifat tushunchasi maxsus o‘rin egallaydi va uning o‘z ta’rifi, haqiqatlari bor. So‘fiylar nazarida ma’rifat fikrdan oldin ketadigan va shubhaga zarracha asos qoldirmaydigan ilmdir. Ma’rifat ilmi botiniy ilm deb ham yuritilgan. Chunki tasavvuf ahli dunyoviy va diniy ilmlarni birga qo‘shib, «zohiriy ilmlar» deb ataganlar. Ularning uqtirishicha, zohiriy ilmlar bilan Xudoni bilish qiyin. Biroq, boshqa bir nuqtai nazar ham bor: garchi zohiriy bilimlar Haq taolo asrorini anglashga yaroqsiz bo‘lsa-da, lekin dunyoni bilish Ollohni bilishning birinchi bosqichi, ya’ni Ollohni bilish dunyoni bilishdan boshlanishi kerak, chunki dunyo – kasrat ko‘plik olami, Ollohning ijodi. Uning sifatlari, qudratini namoyon etib turadigan ko‘zgu. Tasavvuf nazariyotchilaridan biri Abdurazzoq Koshoniy Ibn Arabiy qarashlariga suyanib, ma’rifatga bunday ta’rif bergan: «Ma’rifat muxtasar ilmlarni tafsilotlar suratida tanimoqdir, ilohiy ma’rifat ilohiy zot va sifatlarni ahvol va hodisalar tafsili va nuzul amrlar suratida tanish demak». Buning ma’nosi shuki, Muxtasar mavjudlik va mutlaq foil (ish egasi) Ollohning o‘zi bo‘lib, Uning ilmi kasrat olamida tafsillik topadi, muayyanlashadi. Bundan yana quyidagi fikr kelib chiqadi: moddiy dunyodagi jamiki ilm, insonlarning to‘plagan hikmat-donishlari, hali ochilmagan barcha siru asrorlar Ollohga tegishli, Olloh – hikmatlarning jamuljami, bizning bilimlar esa – Uning tafsiri, sharhi. Demak, biz Rabbimizni bilish uchun tafsirdan Buyuk aslga qarab borishimiz kerak. Ilohiy ma’rifatni egallash martabalari esa quyidagicha: 1. Solik har bir narsani ko‘rganda, uni Mutlaq foilning asari deb bilsin, ya’ni dunyo va boshqa olamlar o‘z-o‘zidan mavjud emas, balki ular abadiy va azaliy, qodiru xoliq, ahadu samad Parvardigorning sun’idan yaralgan va Parvardigor tufayli mavjud ekaniga biru bor ishonsin, iymon keltirsin. 2. Mutlaq foildan bo‘lgan har bir asarni ko‘rganda tasavvuf va taxayyul bilan Mutlaq foil sifatlaridan qaysi sifati zuhuri ekanligini anglab yetsin. Chunki Parvardigorning behisob sifatlari bo‘lib, olam o‘zgarishlari, voqea-hodisalar, narsalar xususiyati Uning muayyan sifatining natijasidir. 3. Haq murodi-maqsadini har bir sifat tajallisida (porlashida) anglab yetsin (tanisin). 4. Solik ilohiy Ilm suratini o‘zining ma’rifati suratida tanisin va o‘zini ilmu ma’rifat, balki vujuddan ham soqit etsin. Keyingi, to‘rtinchi martaba tavhid va fanoga ishoradirkim, bu haqda alohida to‘xtalib o‘tamiz. Demak, bundan ma’lum bo‘ladiki, garchi Ollohni ko‘rish mumkin bo‘lmasa-da, (hatto hazrati Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallam ham Me’roj kechasi Parvardigor huzuriga yetishganda, Uni bevosita ko‘rganlari yo‘q, balki parda orqasidan suhbatlashib, jamolidan bahramand bo‘lganlar), ilohiyot olami «g‘ayb olami» deyilsa-da, shunga qaramay, Uni tanish sifatlari orqali Zotini anglash, idrok etish mumkin. Hujjatul islom Muhammad G‘azzoliy deydiki, ruhni ko‘rib bo‘lmaydi, lekin ruh bor, u – «hastii nestnamoy», ya’ni yo‘qday bo‘lib tuyuladigan borliqdir. Masalan, to‘zon qo‘zg‘olganda, tuproq o‘z-o‘zidan havoga ko‘tarildi deb aytolmaymiz. Tuproqni shamol ko‘tarib, to‘zonga aylantiradi, lekin shamol va havo ko‘zga ko‘rinmaydi. Shu kabi ruh ham ko‘zga ko‘rinmaydi, ammo jism harakatlari ruhdandir, biz buni jismning xususiyati, harakati orqali bilib olamiz. Tasavvuf ahli bilishning falsafiy yo‘llari – tasavvur, his, mantiqiy tafakkur va hokazolarni ham eslab o‘tadilar. Biroq ularning fikricha, aqliy-hissiy bilish zohiriy – dunyoviy bilimga kifoya qiladi, xolos. Ilohiyotni anglash uchun esa aql ojizdir. Ilohiyot ilmi aqlga sig‘maydigan, aql o‘lchovlaridan baland turadigan ilmdir. Ibn Arabiy aytadiki, Xudo haqida ham aql tili bilan gapirish mumkin, lekin aql kuchi bilan Uni bilish mumkin emas. Aql isbotni talab qiladi, dalil – tajriba bilan ish ko‘radi. Vaholanki, Xudoning borligi, zotu sifatlarini dalil orqali isbotlash mushkul. «Ma’rifat Haq tomonidan yuboriladi. Bu mening fikrim emas, balki ilohiy ilhomdir», deb yozadi Ibn Arabiy. Olloh bilan xilvatda qolgan mard insonda shunday xolat yuz beradiki, unda Ilmlardan ilhom paydo bo‘lib, Uning rahmati bilan yuksaladi. Darveshdagi bu holat oddiy odamlar va isbot-dalil ahli uchun qorong‘idir. Bu avliyolarga yuboriladigan laduniy bilim. Boyazid Bistomiy kalom ahliga qarab degan ekan: «Siz o‘z ilmlaringizni jonsiz narsalardan olasiz, biz esa abadiy tirik Zotdan olamiz». Boyazid jonsiz narsalar deb moddalar-ashyolarni nazarda tutadi. Laduniy – rabboniy bilim Xo‘ja Xizrning bilimiga qiyos etgulik. Xo‘ja Xizr hayot suvi – abadiy tiriklik suvini ichgach, u hamma voqeadan, hamma ahvoldan, hamma kechinmalardan xabardor; narsalar hosiyati va qonuniyatini oldindan biladi, Xudo unga o‘z bilimini tuhfa etgan. Asli Ispaniyada tug‘ilib, musulmon olamini kezib chiqqan, o‘zining «Futuhoti Makkiya», «Fususul hikam» asarlari bilan tasavvuf falsafasiga ulkan hissa qo‘shgan Shayxi kabir Ibn Arabiy (1165–1240) inson bilimlarini uchga bo‘lgan: birinchisi – aqliy-hissiy bilimlar, ikkinchisi – hol ilmi (holat, mahol ilmi ham deydi u). Uchinchisi – sirru asror ilmi. Birinchi ilm zohiriy fanlar bilan shug‘ullanadigan kishilar ilmi bo‘lsa, ikkinchi ilm hol martabasiga ko‘tarilgan so‘fiylar ilmi hisoblanadi, ya’ni vajd holatida kashf etilgan ilm. Uchinchi ilm – avliyolar ilmi. Bu ilm muqaddas ruhlar orqali keladi, shu’la – nur ko‘rinishida qalbga kiradi. Shu o‘rinda tasavvuf ahli tez-tez murojaat qiladigan bilishning uch xil bosqichi – ilmul yaqin, aynul yaqin va haqqul yaqin tushunchalari ustida to‘xtalmoqchimiz. Arabcha «yaqin» so‘zi ishonch, biron narsaga qat’iy ishonchni anglatadi. Bu so‘z Qo‘r’oni Karimda ham ko‘p qo‘llaniladi. Ilmul yaqin, aynul yaqin, haqqul yaqin – bilishning uch bosqichi. Birinchi bosqich kitobiy, tahsiliy bilimga ishora bo‘lsa, ikkinchi bosqich o‘z ishtirokidagi tajribaviy bilimni anglatadi, uchinchi bosqich esa o‘zi tajriba vositasiga aylanib, haqiqatni anglash bilimidir. Ilmul yaqin – bilim oraqli ishonish. Masalan, deylik, menga tushuntirib aytdilarki, olov issiqdir va u kuydiradi, men bunga ishondim. Aynul yaqin – to‘liq ilmiy ishonch, tajriba qilib ko‘rib ishonish. Men o‘zim sinab ko‘rdim: olov haqiqatdan ham issiqdir va u kuydiradi. Haqqul yaqin – haqiqiy ishonch, ya’ni: men o‘zim olovda yondim va olovning yondirish kuchi, xususiyatiga batamom ishondim. Bu – Haqqa yetish ilmi. Ko‘rinadiki, yuqorida Ibn Arabiy tasnif etgan ilm darajalari bilan hozir ta’rif etganimiz uch bosqich orasida yaqinlik bor. Alisher Navoiyning «Lisonut tayr» asarida «Parvonalar majmu’i sham’ haqiqati sharhida» («Faqru fano vodiysining adosi» bobi) degan hikoyat bor. Unda keltirilishicha, parvonalar bir kecha yig‘ilishib, sham’ga tolib bo‘ladilar; kelishib olib, sham’ning mohiyatini anglamoqchi bo‘ladilar. Shunda ulardan biri sham’ga yaqinlashadi, uning munavvar nurini ko‘rib, qaytib kelib boshqalarga hikoya qilmoqchi bo‘ladi. Ammo parvonalar uning so‘zidan hech narsa anglamaydilar, chunki u sham’ nima ekanini tushuntirib bera olmaydi. Shu zaylda yana bir necha parvona sham’ atrofini aylanib kelib, ko‘rganlarini so‘zlaydi. Lekin «topmadi mushkul kushod andin dog‘i», maqsad amalga oshmaydi. Sham’ davrida qanot ko‘p urdilar, Har biri o‘z bol-parin kuydurdilar. Har biri kuygancha ondin topdi kom, Sharhi dushvor erdiyu naqli harom. Har bir parvona sham’ nuridan lazzatlandi, ammo uni sharhlab bera olmaydi, chunki shu’lani til bilan sharhlab, tushuntirib bo‘lmaydi, kishi to kuymasa olov haroratini anglamaydi. Navoiy bundan ikkita xulosa chiqargan: biri – Haq nuriga g‘arq bo‘lib, Uning jamoli haroratida yonmaguncha Haqni anglab bo‘lmaydi. Ikkinchisi – Haqqa yetgan odam (kuygan parvona kabi) bu sirni bayon qilib bera olmaydi. Bu – haqqul yaqinning xuddi o‘zidir. YA’ni foniy bo‘lish, subyektning obyektga aylanishi, solik vujudining batamom yo‘qolib, iloh olamiga qo‘shilib ketishi. Mansur Halloj (858-922) ana shunday martabani egallagan zot edi – Haq olamiga qo‘shilib «men Haqman» («Anal Haq») dedi. Mansurning ustozlaridan Boyazid Bistomiy (vaf. 875) esa ayni holni ilhomi jo‘sh urgan paytlaridan birida «Subhoni, subhoni, mo a’zam sho‘ni» deb yuboradi, ya’ni «Sharaflanganman, sharaflanganman, sharaflanganman men, mening martaba-sha’nim ulug‘ligiga qarang». Qur’on bo‘yicha bandasi bunday deyishga haqli emas, chunki bu Parvardigorning sifatlaridir. Ammo Boyazid o‘zini Haq bilan birga his etib, Uning sifatlarini o‘z sifati deb hisoblaydi. Boyazid Bistomiyning mana bu izhori ham qiziq: bir payt U meni O‘z huzuriga olib chiqdi va oldiga qo‘ydi va menga dedi: «Ey Boyazid, haqiqatan ham mening maxluqim yuz ko‘rishni sevadi, mayli, sening yuzingni ko‘rsin». Va men javobida dedim: «Meni o‘z vahdating ila bezagin, o‘z sifatlaring ila sifatlagin, tavhiding martabasi-la sharaflagin, toki maxluqlaring meni ko‘rganda: «Biz Seni ko‘rdik» va «bu Sen bo‘libdi» desinlar va men bu yerda bo‘lamayin». Bu so‘zlarda insonni ilohiylashtirish, komil inson sifatlari bilan Iloh sifatlari orasida tenglik alomatini qo‘yish bor. Darvoqe, Boyazid Bistomiy va Mansur Halloj ham shu fikrni olg‘a surganlar. Bu xudolikka da’vo emas, hulul ham (hulul – Ilohning odamda singishi haqidagi nazariya) emas, balki insonni ulug‘lash va tavhid bilan vahdat – kulliyatni nihoyatda chuqur anglashdir. Diqqat qiling: Boyazid so‘zining oxirida «va men bu yerda bo‘lmayin» deydi. Nima demoqchi u? U aytmoqchiki, mening bashariy qiyofam butkul yo‘qolsin, ilohtiy mohiyat kasb etayin, butun vujudim Iloh ma’rifatiga aylansin. Shunda odamlar mening suratimda Xudoni ko‘rsinlar. Zotu sifot, arshu kursi, lavhu qalam – hammasi Insondadir. Shuning uchun Xudo izlab har qayoqlarga borishning hojati yo‘q, jumladan, Makkatullohga borishning ham. Chunki har bir inson Xudoni o‘zidan izlasin. Uning qudrati va shavkatini o‘zida ko‘rsin. Mazkur aqida «Kimki o‘zini tanisa Rabbini taniydi» degan hadis mazmunidan kelib chiqadi. Barcha hikmatlar, hodisot va mo‘jizalar inson xilqatida joylashgan. Zero, Olloh taoloning so‘zi bor: «Men yashirin xazina edim va sizni sevib qoldim, toki Meni bilib olinglar va jinlar, odamlarni yaratdim, toki Meni bilinglar». Inson maxluqotning, olamlarning gultoji, Olohning yerdagi xalifasi ekan, demak, unda Olloh sifatlari bo‘lishi mantiqiy hol. Bundan tashqari, «yashirin xazina» bo‘lgan Olloh taolo ilmu hikmatning bir qismini inson qalbiga joylagan. Ya’ni inson «yashirin xazina»ni saqlovchi xazinadordir. Shu bois inson ko‘ngli «irfon maxzani». Olloh yashiringan tilsimotdir: Ko‘ngilin oni maxzani irfon qilib, Ul tilism ichra o‘zin pinhon qilib. Rozi maxfiy ganj o‘lub bu turfa jism, Sun’idin ul ganj hifziga tilism. (Alisher Navoiy) Tasavvuf falsafasiga ko‘ra, inson qarama-qarshi ikki asos-modda va ruhdan iborat. Shuning uchun unda shu ikki asosning xususiyatlari jamdir. Agar moddiylik g‘alaba qilsa, insonda hayvoniylik va agar ruh tomoni ustun kelsa, ilohiylik rivojlanadi. Ruh jism quliga aylanib qolmasligi kerak, aksincha, jism ruh uchun bir asbob-ulov, vosita bo‘lib xizmat qilsin. Ruhlari taraqqiy etgan insonlar aqlu zakovati, ilhom, ijodkorligi, ilohiy tab’u farosati bilan ajralib turadilar. Ruh taraqqiy etgan sari u jismga sig‘may qoladi, koinot bilan aloqa bog‘lab, olam asroridan xabar berib, mo‘jizalar ko‘rsata boshlaydi. Ruh va jismdan iborat insonni ilohiy olam bilan jism olami orasidagi chegara deb ataydilar va tongga o‘xshata-dilar. Chunki tong tun bilan kunning chegarasidir. Tongdan keyin qorong‘ulik ketib, quyosh porlab chiqqanday, inson ruhi ham asta-sekin jism qorong‘iligi – zulmatini tark etib, musaffo ruh olami, nurlar olamiga talpinmog‘i darkor. Download 0.64 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling