O’zbek mumtoz va milliy uyg’onish adadiyoti tarixi
Qaysi chamandin esib keldi sabo, yor-yor
Download 4.02 Mb.
|
- Bu sahifa navigatsiya:
- "Majolis un-nafois".
Qaysi chamandin esib keldi sabo, yor-yor,
Kim damidin tushti o’t jonim aro, yor-yor [16-tom, 92-93]. Shunday qilib, "Mezon ul-avzon" Sharq poetikasining tarkibiy qismi bo’lgan aro’z ilmini turkiy-o’zbek she`riyati qonun-qoidalari asosida o’zbek tilida yoritgan hamda bu masalaga doir ko’pgina ilmiy muammolarni hal qilgan asardir. Bu ish esa, keyinchalik, Zahiriddin Muhammad Bobur tomonidan "Muxtasar" da rivojlantirildi. "Majolis un-nafois". "Nafosat ahlining majlislari" deb atalgan bu mashhur asarning birinchi tahriri 1491 melodiy yilda yaratilib, shundan so’ng u yanada to’ldiriladi va 1498 melodiy yilda uning ikkinchi-to’ldirilgan nusxasi maydonga keladi. Asarning birinchi tahririda 350ta shoir kiritilgan bo’lsa, ikkinchi tahrirda 459 ta shoir va she`riyatga daxldor siymolarning zikri keltirilgan. "Majolis un-nafois"ning kirish qismida uqtirilganidek, unda Sulton Husayn Boyqaro tavalludidan (m. 1438) to kitob yaratilgan davr oralig’ida faoliyat ko’rsatgan she`r va she`riyatga aloqador siymolar, ya`ni asosan Alisher Navoiyga zamondosh bo’lganlarning zikri keltirilgan. Ma`lumki, Alisher Navoiyga qadar va uning zamonasida ham arab va fors-tojik tilida shoirlarga bag’ishlangan ko’pgina tazkiralar yaratilgan edi. Masalan, Saolibiyning "Yatimat ud-dahr", Muhammad Avfiyning “Lubob ul-albob”, Davlatshohning "Tazkirat ush-shuaro" va boshq. Biroq, Alisher Navoiy yaratgan tazkira bir qator xususiyatlarga ega: 1. Alisher Navoiygacha bo’lgan tazkiralar arab yoki fors-tojik tilida yozilgan bo’lib, ularda asosan arab she`riyati yoki fors-tojik she`riyati namoyandalari haqida ma`lumot berilgan. Alisher Navoiyning "Majolis un-nafois"i esa turkiy-o’zbek tilida yozilgan bo’lib, unda XV asrdagi zullisonayn adabiy muhitning xususiyatiga ko’ra ham turkiy-o’zbek va ham forsiy-tojik tilida ijod qilgan shoirlar qamrab olingan.Asarda shoirlarga daxldor ma`lumotlar o’zbek tilida bo’lib, ularning asarlari qaysi tilda (turkiy, forsiy) yozilgan bo’lsa, aynan keltirilgan. Shu jihatdan "Majolis un-nafois" tazkirasi XV asrdagi turkiy-o’zbek she`riyati va forsiy-tojik she`riyati haqida ma`lumot beruvchi muhim manbadir. Shundan kelib chiqib, bu asar XVI-XVIII asrlar davomida to’rt marta Faxriy Hirotiy, Muhammad Qazviniy, Shoh Ali, Abulboqi Sharif Razaviylar tomonidan fors-tojik tiliga tarjima qilingan edi. 2. Alisher Navoiy "Majolis un-nafois"ida shoirlarni joylashtirish, ularga doir ma`lumotlar berish, asarlaridan namuna keltirish va ularga baho berish mezoni boshqa tazkiradagilardan farq qiladi. Jumladan, Alisher Navoiy asarning birinchi, ikkinchi va uchinchi majlislarida shoirlarni ko’rgani-ko’rmagani, muloqotda bo’lgani va bo’lmagani nuqtayi nazaridan joylashtiradi; ikkinchidan, shoirlar asarlaridan eng yaxshi namuna sifatida bir yoki ikki baytni keltiradi; shoirlar bilan muloqotda bo’lgan bo’lsa, o’zining unga bo’lgan shaxsiy yoki ijodiy munosabatini ham uqtirib o’tadi; shoirlar haqidagi ma`lumotlar esa haqqoniy va xolisonaligi bilan ajralib turadi. 3. Alisher Navoiy "Majolis un-nafois"ida Sharq adabiyotshunosligidagi ikki an`ana ko’rinadi: biri-tazkirachilik, ikkinchisi biror-bir shoir she`rlariga sharh yozish. Ma`lumki, biror-bir shoir she`rlariga sharh yozish arab va fors-tojik adabiyotshunosligida ancha tajribalarga ega. Jumladan, Hofiz, Rumiy asarlariga yozilgan sharhlar. Ammo bu tajriba turkiy-o’zbek tilidagi adabiyotshunoslikda Alisher Navoiygacha bo’lgan davrda ko’zga tashlanmaydi. Alisher Navoiy turkiy adabiyotshunoslikdagi bu bo’shlikni to’ldirish maqsadida "Majolis un-nafois" tazkirasining sakkizinchi majlisida Husayn Boyqaro she`riyatiga yozgan sharhini joylashtiradi. Shuning natijasida "Majolis un-nafois"da ham tazkirachilik an`anasi va ham sharh yozish an`anasi mujassam bo’lib, "Majolis un-nafois"ning boshqa tazkiralardan farq qiluvchi xususiyatini ham maydonga keltiradi. Shuning bilan bir qatorda Alisher Navoiy turkiy-o’zbek adabiyotshunosligida shoirlar she`rlariga sharh yozish an`anasini boshlab beradi. Alisher Navoiy bu an`anani Shoh G’arib mirzo devoniga sharh yozish bilan davom ettirish niyatida edi, ammo bu niyat amalga oshmagan ko’rinadi. 4. Alisher Navoiy "Majolis un-nafois"da birinchi marta Amir Temur va temuriyzoda shoirlar haqida tizimli ma`lumot va asarlaridan namunalarni keltiradi. Bu nihoyatda muhim va nodir ma`lumotlardir. Demak, Alisher Navoiyning "Majolis un-nafois"i o’zining bu va boshqa xususiyatlari bilan bundan oldin yaratilgan tazkiralardan farq qiladi hamda tazkirachilik an`anasida, xususan, Movarounnahr, Xuroson, Ozarboyjon hududlarida XVI-XIX asrlar davomida yaratilgan tazkiralarda zamondoshlarga bag’ishlanganlik an`anasining ustuvor bo’lishiga sababchi bo’ladi. Alisher Navoiyning "Majolis un-nafois"i kirish, sakkiz majlis va xilvatdan iborat. "Kirish" qismida asarning yozilish sabablari bayon etilgan. "Majolis un-nafois"dagi majlislarni uch guruhga ajratish mumkin. Birinchi guruhga- birinchi, ikkinchi va uchinchi majlislar mansub. Ularda shoirlar Alisher Navoiyning o’sha mualliflar bilan uchrashgan-uchrashmaganligi mezoni asosida joylashtirilib, 311 shoirning zikri keltirilgan. Ikkinchi guruhga-to’rtinchi, beshinchi va oltinchi majlislarni kiritish mumkin. Bularga she`riyatga daxldor shaxslar - fozillar, mirzodalar hamda Xurosondan tashqari hududlarda yashovchi 125 ta fozil va donishmand kishilar kiritilgan. Uchinchi guruhga yettinchi va sakkizinchi majlislarni kiritish mumkin. Bu majlislarda she`r va she`riyatga daxldor Amir Temur va temuriyzodalar (23 kishi) zikri berilgan. "Majolis un-nafois" ning birinchi majlisi Amir Qosim Anvor zikri bilan boshlanib, uning sakkizinchi bobi Husayn Boyqaro zikri bilan nihoyasiga yetadi. "Xilvat" bo’limida esa Husayn Boyqaroning nozik she`rshunosligidan dalolat beruvchi hayotiy hikoyatlar keltiriladi va asar yakunlanadi. "Majolis un-nafois"da Alisher Navoiy tarjimayi holi, ustoz va zamondosh shoirlar bilan uchrashuvlari, jumladan, Abdurahmon Jomiy, mavlono Lutfiy, Fazlulloh Abulaysiy, Mirzobek, Sayfiy Buxoriy, Shayximbek Suhayliy va boshqalar haqida nihoyatda qimmatli ma`lumotlar bor. "Majolis un-nafois" XV asrdagi ko’pqirrali adabiy muhitning nihoyatda tiniq ko’zgusi bo’lganidan undan adabiy muhit tarkibi, xususiyatlari (zullisonaynlik, janriy rang-baranglik), undagi adabiy yo’nalishlar (yuksak mazmunli badiiy yodgorliklar yaratish va shaklbozlik), har bir shoirning o’ziga xos fazilatlari haqida nodir ma`lumotlar joy olgan. "Majolis un-nafois"ning ilmiy tanqidiy matni arab alifbosida Suyima G’anieva tomonidan nashr ettirildi (Toshkent, Fan, 1961). Uning to’liq matni MATning 13-tomida nashr etildi. Shunday qilib, Alisher Navoiy nasriy asarlari turkiy-o’zbek nasrining nodir va bebaho yodgorliklari bo’lgani bilan ahamiyatlidirlar. Bu asarlar Alisher Navoiy ijodiy-ilmiy merosi ko’lamining naqadar keng ekanligini yana bir karra namoyish etib, uning o’zbek xalqi tamadduni xazinasini noyob durdonalar bilan boyitganidan dalolat beradi. Download 4.02 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling