O`zbek tili, adabiyoti va folklori instituti huzuridagi ilmiy daraja beruvchi


Ayol shoiralar ijodida poetik san’atlarning aks etiishi


Download 0.51 Mb.
bet10/12
Sana21.06.2023
Hajmi0.51 Mb.
#1642633
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   12
Bog'liq
Zumrad dissertatsiya 1

3.2 .Ayol shoiralar ijodida poetik san’atlarning aks etiishi
Bugungi she’riyatimiz uslubiy-shakliy izlanishlarga boy.Yangi tasviriy vositalar topish, so‘zning ko‘chma ma’nolarini kashf etishga intilayotgan ayol shoiralarning ijodi alohida ajralib turadi. Shoiralar tarannum etgan asosiy mavzu bu-muhabbat. E’tiborimizni jalb etgan jihat ushbu mavzudagi she’rlarda xayolan o‘ylab topilgan obrazlar, detallar, tashbehu tazodlar, istioralarning yangiligidir.
Bugun bayonchilik, nasihatgo‘ylik, da’vat-chaqiriq ruhidagi asarlar bilan zamonaviy kitobxonlar e’tiborini qozonish amri mahol. Jahon adabiyotida yangi matn sifati mutlaqo yangilanib, hatto romanlarda ham she’riy ohang ustuvor ahamiyat kasb etayotgan bir paytda she’riyatimizdagi izlanishlar bizni quvontiradi.
Modomiki, ustoz adiblar ta’kidlaganidek, adabiyot insonshunoslik ekan, insonning ichki kechinmalari, ongu shuuri, qalbi, sezgilarini ifodalash, hatto shifokorlar ko‘zi, mikraskoplar bilan ko‘rib bo‘lmaydigan ruhiy holatlarni tasvirlash-xuddi yangi olamni kashf etish kabi yangilikdir.
Ayol shoiralar she’riyatida hissiy tafakkur, hayotni,voqelik jarayonlarini, inson fe’l-atvorini anglash, tushintirish borasida alohida tamoyil sifatida ko‘zga tashlanayotir. She’riyat tuyg‘ular gulshanidir. His-tuyg‘u kechinma asosiga qurilgan tafakkur madaniyati-yuksak intelektual poetik obraz tabiatini ham belgilab berayotir. Halima Ahmedova lirikasidagi badiiy-estetik tafakkur yangilanishi idrok va ifoda prinsplarida namoyon bo‘lmoqda.
Hayol kechalari qismat bog‘ida,
Yolg‘izlikda adashgan manmu?
Olloh, kaftlaringda bir kuni
Maysa bo‘lib egilamanmu88?
Halima Ahmedova ushbu satrlarda ilohiy muhabbat mavzusini tarannum etgan.
Hayolan Xudoga murojaat qiladi. Inson hayoti boqiy emas, lekin shoiraning lirik qahramoni Ollohning kaftida maysa bo‘lib egilishni orzu etadi. Bunga uning ma’naviy haqi bormi degan savol tug‘iladi. Shoiraning lirik qahramoni ayol ekanini hisobga olsak, u qismat bog‘ida yolg‘izlikda adashdim deyapti. Yani, o‘z yorini topmagan, hayotda turmush qurmagan. Lekin qismat bog‘ida Ilohiy sevgi yo‘lida adashganman deyapti.
“Olloh kafti”, “maysa” kabi metofora-istioralarni sharhlasak, inson bu dunyodan o‘tganidan so‘ng yo‘q bo‘lib ketmaydi, balki, maysaga aylanadi, degan badiiy fikr ifodalanmoqda. Ushbu she’rda shoiraning obrazlari yangi, dunyoqarashi, badiiy-estetik g‘oyalari o‘ziga xos ekani namoyon bo‘ladi.
Muhabbat, tafakkur idrokka bo‘ysunmaydi. Muhabbatni teran tushinmoq lozim. Zebo Mirzoning mazkur she’rida tuyg‘ular ajib bir tarovat taratadi,
Yuragimga yurib kirasiz,
Yuragimdan ketasiz chiqib…
Nafasim yetmaydi
“qoling” demoqqa,
Ruhim devorini o‘tasiz yiqib…
Bor-yo‘g‘i –YURAKMAN
mahtal bir ishqqa,
Barcha gunohingiz keladi kechgim.
Sochilib ketaman sizsiz bo‘shliqqa,
Meni
terib
olmaydi
Hech Kim89!
Lirik qahramon ushbu she’rda yurakning parcha-parcha bo‘lib sinib, siniqlari sochilib ketganini so‘zlar surati bilan, sindirilgan satrlar bilan chizib beradi. She’rning strukturasi o‘ziga xos ekanligini o‘quvchi ko‘zi bilan ko‘rib tomosha qiladi va his etadi.
Ta’kidlash joizki, she’riyatda “men seni sevaman, hajringda sog‘inib yig‘layman”, degan darak gaplarni qofiyaga solib, o‘quvchiga taqdim etish bilan ish bitmaydi. Bu badiiylik talablariga javob bermaydi.
Guljamol Asqarovaning lirik qahramoni, Usmon A’zim ta’biri bilan aytganda, she’riyatning pichog‘ini qalbga sanchib, jondagi, ruhdagi, hayoldagi azoblarni, og‘riqli sezimlarni so‘z bilan ifodalayotgan, ko‘ngil izhorini dangal aytayotgan zamondoshimiz obrazidir.Qarama-qarshi ma’noli so‘zlar, kengroq olib qaralsa, qarama-qarshi fikrlar, qarama-qarshi tuyg‘ular tasviri she’r san’atida “tazod” deb ataladi. Guljamol Asqarova she’rlarida ayol qalbidagi qarama-qarshi tuyg‘ular mahorat bilan ifodalanadi. Umuman olganda, hayotning o‘zi qarama-qarshiliklardan iborat. Bugungi badiiy asarlar qahramonlarini keskin ijobiy, salbiy obrazlarga ajratish juda jo‘n hol. Ijobiymi, salbiymi-bir odamning ichidagi ziddiyatlarni tasvirlash chinakam insonshunoslik sanaladi. Guljamol Asqarovaning “Nega” sarlavhali she’rida bir inson hayotidagi qarama-qarshi, murakkab holat qalamga olinadi.
Kechish mumkin nechun bahordan,
Undan kechsam jonim o‘lmaydi.
Atir guldan kechish mumkin-u
Nega sizdan kechib bo‘lmaydi90?

She’rda urg‘u “nega?” degan savolga qo‘yilgan. Bahor, atirgul-bu hayot, tiriklik va go‘zallik timsollaridir. O‘zbek tilida shaxsi ma’lum va shaxsi noma’lum gaplar bor. Odamning nomini aytmasang ham egasi bilinib turadigan gaplar shaxsi ma’lum gaplardir. Ushbu she’rda ham nomi aytilmagan ot, bu- sevgi.


Halima Ahmedova she’riyatida mavhum otlar ham obrazga aylatiriladi. Ana shunday obrazlardan biri – “g‘am” timsolidir. Shoira she’rlarida “g‘am” so‘zi ko‘p takrorlanadi. Bu shunchaki takrorlar emas, ko‘zga yaqqol tashlanadigan metaforalardir. Bu obraz matnning turli o‘rnida aniq timsol va tashbehni ifodalaydi. Masalan:
G‘am
Men ham kuzak kabi sokinman bugun,
Mehribon yor kabi quchoqlaydi g‘am.
Bir qoshiq qoningdan ichirgil, bulbul,
Kiprigim ustida bola ochdi g‘am.

Aylanmagil, falak, yig‘lama, osmon,


Menga o‘z g‘amimdan qazingiz mozor91

Guljamol Asqarova ishq yo‘lida visolga yetish uchun adashish mavzusini shunday tasvirlaydi:


Sizni sog‘inaman, Sizni sevaman,
Mudom sizga mushtoq mening qo‘llarim.
Yo‘l topib, yo‘lini topgunicha to,
Yo‘lidan adashib ketdi yo‘llarim.

Mazkur she’r bandining uchinchi va to‘rtinchi misralarida “yo‘l” so‘zi to‘rt marta takrorlangan.


Bu shunchaki taftalogiya emas, balki so‘zning yangi-yangi ma’nolarini kashf etishdir. Nihoyatda go‘zal obraz. Lirik qahramonning ichki tuyg‘ulari va iztiroblari obrazli ifodalangani bilan e’tiborli. Shu bilan birgalikda ushbu she’rda tovushlar uyg‘unligi san’ati ham qo‘llanilgan. Misralarning fonetik tarkibiga nazar tashlasak, “y”, “o‘”, “l”, “t”, “o” tovushlari fonetik obraz silsilasini hosil qilgan va bu ma’lum bir ohangdoshlikni hamda, holatni anglatadi.
Halima Ahmedova ravshan nur sochayotgan quyoshni kulyapti, jaranglab kulyapti deydi.
Ufq juda tiniq, ufq munavvar,
Jaranglab kelmoqda quyosh kulgusi92.
Aslida quyosh kulmaydi, odam kuladi. Odam jaranglab kulmaydi, xandon otib kuladi, yoki jilmayadi. Bu matnda “kulish” va “jaranglash” so‘zlariga o‘zgacha ma’no yuklangan. She’riyat ana shunisi bilan sehrlidir.
Kuy, musiqa ayriliqni, dardini tarannum etsa ham, u baribir go‘zal degan fikrni ifodalash uchun tuyg‘u naqadar nozik bo‘lishi kerak. Shodlik, baxt go‘zal, dardu g‘am xunuk va yoqimsiz degan fikrga ko‘pchilik o‘rganib qolgan. Lekin hayot faqat shodlikdan iborat emas.
So‘ngi yaproqlarning taronasida,
Chiroyli ko‘rinib ketar hatto g‘am.
Halima Ahmedova “So‘ngi yaproqlarning taronasi” degan metaforasida ramziy ma’noda inson umrining kuzi ham ifodalangan. Shoira yaproqlar shitirlab to‘kilishini taronaga o‘xshatadi. Vido taronasi. Umuman, sharq she’riyatida beg‘am hayot, go‘zal emas degan poetik fikr ko‘p uchraydi. Masalan, Mahrab shunday yozadi:
Ko‘zdin chunon yosh to‘kg‘il, imoning bahra olsin,
Bog‘u chaman ko‘karmas, yomg‘ir quyilmaguncha93.

G‘am chekmasang, saodat ko‘rmaysan, imoning bahra olmaydi. Ko‘z yosh to‘kmasang dilingda gullar ochilmaydi. Bu yomg‘ir yog‘masa o‘simliklar, gulu giyohlar o‘smay, qurib qolishiga o‘xshaydi demoqchi shoir.


Chin yurakdan sevgan kishi sevgisi uchun jondan ham, tandan ham kechishga tayyor bo‘ladi.Yonimda sevganim bo‘lmasa, menga jonim ne kerak, menga tanim ne kerak-bu sadoqat, vafo, fidoiylik kabi olijanob insoniy xislatlarga ega bo‘lgan ulkan shaxsning iqrori. O‘zbekiston qahramoni Abdulla Oripovning “Yigitlar maktubin bitganda qondan” deb boshlanuvchi she’rida ayol obrazi ana shunday metin iroda, yengilmas qudrat sohibasidir. Guljamol Asqarova o‘zbek ayolining oriyatini shunday ifodalaydi.
Ont ichaman: Kechdim bugundan,
Bir tuyg‘u bor hech tinch qo‘ymaydi
Qasamlardan kechish mumkin-u
Nega sizdan kechib bo‘lmaydi?!
Nega94?!
Shoira sevgini hatto qasamdan ham yuksak qo‘yadi. Bugunimdan ham voz kechdim deb ont ichadi. Insonni aslo tinch qo‘ymaydigan tuyg‘u-muhabbat. Muhabbatga sodiq bo‘lgan kishi bergan so‘ziga, ichgan qasamiga ham sodiq bo‘ladi, degan fikr bor ushbu satrlarning tag ma’nosida. Misralardagi “-u” yuklamasi “ammo, lekin, biroq” zid bog‘lovchisi, “nechun”, “nega” so‘roq olmoshlari ish-harakatning imkonsizligi ma’nosini ifodalovchi “bo‘lmaydi” hozirgi-kelasi zamon fe’li ziddiyatni taranglashtiradi, ta’kidni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Lekin shu o‘rinda she’r texnikasiga oid bir kamchilikni ko‘rsatib o‘tish joiz deb hisoblaymiz. “Nega” sarlavhali she’rning 1,2 va 3-bandlarining ikkinchi va to‘rtinchi misralari “o‘lmaydi”-“bo‘lmaydi”, “kulmaydi”-“bo‘lmaydi”, “to‘lmaydi-bo‘lmaydi” tarzda qofiyalangan bo‘lib, ko‘rinib turibdiki, qofiya buzilgan. Chunki, “sevmaydi” so‘zining o‘zagi “sev”, “qo‘ymaydi” so‘zining esa, o‘zagi “qo‘y”. She’rda qofiyalar qo‘shimchalarga qarab emas, so‘z o‘zagiga qarab olinadi. Demak ushbu oxirgi bandlardagi so‘zlar bir-biri bilan qofiyadosh emas.
Halima Ahmedova ijodida tarixiy va afsonaviy voqealarga ishora berilgan talmeh san’ati qo‘llanilgan she’rlar ko‘p.
O‘t qo‘ydi manga ishqi Qalandar,
Men yonsam agar kuydi Samandar.
Qonimda Yusuf bo‘ldi dilovar,
Man endi Zulayhoga barobar.
Oshiq bo‘layibmu?
Tavba qilayinmu95
Halima Ahmedova ayol qalbini, uning fidoiyligi, jasorati, mehru muhabbatini kuylaydi. Bugungi o‘zbek she’riyatida Halima Ahmedovadek ko‘p ma’noli poetik obrazlar, metaforalar, qavat-qavat tashbehlar bilan falsafiy she’r yozadigan shoiralar juda kam.
Qo‘shni ayol juda mohir kashtado‘z,
Uchib yurgan qushdan nusxa oladi.
Kashtasiga gullar kulgusini-yu,
Shabnamlarning titrog‘ini soladi96.
Kashtada ayolning orzu-umidlari, ezgu niyatlari va mahorati tasvirlanadi. Shoira go‘yo so‘zdan kashta to‘qiydi. Kashtaning ipaklari, ranglari, gullari, naqshlari jonli. Uchayotgan qush, kulayotgan gullar, titrayotgan shabnam-hammasi baxt, muhabbat, oilaviy fayzu baraka timsoli. Ayol o‘z baxtini oilasida ko‘radi. Olamning husni jamoli ayol muhabbati va orzulari bilan ko‘rkam. Ayol tikayotgan kashtaning ipaklarini nurlar eshib beradi. Shoira olamga nekbin va ezgu niyatlar bilan boqadi. Inson qalbining go‘zalligiga ishonadi va o‘quvchini ham shunga ishontiradi.
U olam husnidan andoza olar,
Nurlar eshib bergan rangin ipakda.
Tikib qo‘ysa edi ko‘nglimni, koshki,
Ishq tongining nafis hoshiyasiga97.
Sirli va sehrli evrilishlarni tasavvur qiladi. Ertaklardagidek, baxtga erishishni orzu etadi. Ushbu niyatlarini badiiy so‘z orqali real voqelikka aylantiradi. Ishq tongining nafis hoshiyasiga ko‘nglini tikib qo‘yish kabi sehrli va fusnkor realizm uslubi namoyondalari ham havas qilsa arziydi. Halima Ahmedova badiiyatining kuchi ana shu hayotning fusnkor tasvirlarida namoyon bo‘ladi.
Qalandar-ilohiy ishq yo‘lida devona, samandar-olov ichra yashaydigan afsonaviy qush, Yusuf va Zulayho doston qahramonlari, dilovar-qo‘rqmas, jasur, dovyurak, shijoatli degan ma’noni bildiradi. She’r mubolag‘a san’ati bilan boshlanadi: qalandar ishqi jonimga o‘t qo‘ydi, mening ishq olovida yonganimdan samandar kuydi- shu darajada qattiq kuydim deydi lirik qahramon.Yusuf tengsiz husni jamol timsoli. Mening qonimda go‘zal ishq shijoat bilan jo‘sh urdi, shuning uchun Zulayhodek o‘zni unitib, muhabbatga mubtalo bo‘ldim, endi nima qilishni bilmayman-oshiq bo‘layinmi, tavba qilayinmi? Tuyg‘uning naqadar kuchli ekanini talmeh san’ati orqali tasvirlaydi. Satrlarning barchasi qofiyadosh so‘zlar- “Qalandar, Samandar, dilovar, barobar” bilan yakunlanishi- o‘zgacha hayajonli ohangni hosil qiladi, unli va undosh tovushlar uyg‘unligi she’rning ta’sir kuchini orttiradi.
Guljamol Asqarovaning she’rlarini o‘qib, o‘quvchi ko‘z o‘ngida ajabtovur badiiy olam namoyon bo‘ladi. So‘z o‘yinlari o‘quvchini zavqlantiradi. Atirgulning qon-qon yig‘lashini tasavvur qiling, naqadar nozik. Yorning ishqi qiz ko‘nglida atirguldek ochilgan, hijron va umidsizlik esa bir vaqtlar yashil ishq bo‘lgan bu navbahorni hazonli kuzga, sovuq qahratonga aylantirmoqda. Yurakdagi bu sezgi, azob va iztiroblarni tasavvur etsangiz shuuringiz qamashib ketadi. Shoira yuragim muzlab qoldi, ko‘nglim sovigan demaydi, shu holatni rang-barang obrazlar vositasida mahorat bilan tasvirlaydi. Lirik qahramonning bu holati keyingi misralarda tiniqroq va ravshanroq bayon etiladi:
Ketmang desam gulday yolvorib,
Xazonga o‘t tashlab ketguvchim.
Yigirmamning bahorlarida
Menga kuzlar hadya etguvchim98.
Gulning yolvorishi (tashxis), xazonga o‘t tashlab ketuvchi odam (mubolag‘a), yigirmaning bahori, odamning odamga kuz hadya etishi (metafora-istioralar) badiiy tafakkurning samaralaridir. Ruhiy holat manzaralarini yurakning kordiogrammasiday aniqlovchi chizgilar nozikta’b o‘quvchi ko‘z o‘ngida yorqin namoyon bo‘ladi. Keyingi misralarda o‘zining asosiy ma’nosidan tashqariga chiqib, kengayib ketgan ranglar o‘yini, qarama-qarshi (antonim) so‘zlar she’rning badiiy sifatini oshiradi.
Halima Ahmedovaning she’rlarida ko‘p uchraydigan obrazlardan yana biri- daraxt. Ha, u daraxt haqida juda ko‘p yozadi. Aslida o‘sha daraxt-daraxt emas, daraxt-odam. Daratning ham odam yuragidek yuragi bor.
Kel telba darxtlar
Qalblarini o‘g‘irlaymiz,
Tunga ko‘ylak tikayotgan chevar-
Oyning ignasini yashiramiz
Kiprigimizga.
Toki bu ko‘ylakni kipriklar tiksin…
Sen meni sev, darxtqalb sevgi!
Yorit meni oykiprik sevgi99!
Nima uchun darxtlar qalbini o‘g‘irlash kerak? She’rni oddiy mantiq bilan emas, tasavvur va sezgi bilan his etish darkor. Obrazlar tiliga murojaat qilsak, “Daraxt bir joyda ko‘karadi” deyishganidek u sobitlik, o‘zgarmaslik, barqarorlik, tuproqqa sadoqat va vafo, ayni paytda o‘sish-unish, yuksalish timsoli. Shuningdek daraxt odamlarning mo‘l hosili va quyuq soyasidan bahramand etadi. Bunday ezgu xususiyatlarga ega bo‘lgan jonning yuragi ham saxovatli, mehribon va sadoqatli bo‘ladi. Shoira odamning yuragi ham daraxtning yuragidek bo‘lishini istayapti. Shuning uchun daraxtning qalbini, ya’ni yuragini o‘g‘irlaymiz deyapti.
She’rda parallel obrazlar berilgan. Biri-daraxt bo‘lsa,ikkinchisi-oy. Tunga ko‘ylak tikayotgan oy-tashxis, biroq bu tashxis ichra istiora ham bor. Oy tikayotgan ko‘ylakning matosi nurdan. Ana shunday chevar oyning ignasini kiprigimizga yashiraylik, kiprigimiz oy tikayotgandek libos tiksin tunga, deydi shoira. Kipriklar igna bo‘lib, ko‘zlardan taralgan nurdan ko‘ylak tiksin. Oddiy sharh shunday biroq bu so‘zlar va obrazlarning badiiy jilosi tasavvuringizni yashnatib yuboradi.
Oqshomlari bedor bo‘lib yorug‘ tuyg‘ularimiz, ishqimiz bilan tunni yoritaylik, olamni oy kabi munavvar etaylik…-degan fikr kelib chiqadi obrazlardan.
She’r bandining yakunidagi xulosada, badiiy so‘zning avjini ko‘rasiz: “Sen meni sev, daraxtqalb sevgi! Yorit meni oykiprik sevgi!” Shoira yangi so‘zlar kashf etadi: “daraxtqalb”, “oykiprik”. So‘z san’atida bundan ham asl,bundan ham betakror, bundan ham go‘zal kashfiyotlar bo‘ladimi?
Shohdil, ko‘zlaringdan qo‘rqaman juda…
Qorong‘u bog‘ ichra qadim afsona,
Ertak so‘rab yig‘lar mahzun yaproqlar.
Ikki qora buloq ichinda nogoh,
Shamshir yalang‘ochlab chiqar so‘roqlar100.
Yana qora so‘zi bilan birikkan obraz-qorong‘u bog‘, yana ertak-qadim afsona. Shoira “qadim afsona” metaforasini yaxshi ko‘radi. Bu taqdiri azal, peshonaga yozilgan bitik, charxi falak ma’nolarini shuningdek, ibtido, odamning bolaligi tushunchasini ham anglatadi. Qorong‘u bog‘da mahzun yaproqlarning ertak so‘rab yig‘lashi-dardli ko‘ngilni, sog‘inchni ifodalaydi. Ildizlar- bobo va momolar, daraxt tanasi-ota-ona bo‘lsa, yaproqlar bolalardir…Bolani ovutish uchun ona ertak izlaydi, ertak to‘qiydi.
“Fikrdan obraz chiqmaydi, lekin obrazdan juda ko‘p fikrlar chiqadi”,-degan adabiy hikmat bor. Halima Ahmedovaning ham obrazlarida ko‘p ma’nolar mujassam.
Tun yolg‘izlik. Bolaning ko‘zlaridagi so‘roq…Bola ertak aytib berishni so‘raydi., “Balki uch og‘ayni botirlar”, balki, “Muqbil toshotar”…Baxt topgan, murodu maqsadga yetgan odamlar haqida ertak. “Bolaning ikki qora ko‘zi” demaydi shoira, uning o‘rniga “ikki qora buloq” metaforasini yaratadi. Aytishlaricha yer ostidan chiqqan suv- “qora suv, qora buloq” deyilar ekan. Yer ustidagi tog‘lardan chiqqan suv “oq suv, oq buloq” deyiladi. Endi “ikki qora buloq” iborasida nima nazarda tutilganini tasavvur qilaylik. Bolaning ikki qora ko‘zidan sel-sebor ko‘z yoshlar otilib chiqmoqda.
Bola ich-ichidan o‘ksib yig‘lamoqda, demoqchi shoira. Shu ikki qora buloq ichidan so‘roqlarning shamshir yalang‘ochlab chiqishi esa ma’noni yanada kuchaytiradi.
She’r, o‘zi nimaligini tushuntirganlarning hech biri bu vazifani uddalay olmaganini juda yaxshi bilaman. She’rning nimaligini qo‘rqmay tushuntiradiganlarning ko‘pi – adabiyotshunoslar.Shoirlarning o‘zi bu ishga kamdan-kam qo‘l uradi. Shaxsan men uchun,she’r bu eng avvalo tuyg‘u,g‘oyibdan paydo bo‘lib, yurakni (shoir yuragini) junbushga solgan, yig‘latgan,shodlantirgan inson tuyg‘usi.Shoirning iste’dodi shu tuyg‘uni nechog‘lik qabul qila olishi, shu tuyg‘uni aslligini saqlab,boshqa yuraklarga uzata bilishi bilan o‘lchanadi.Kichkina “iste’dod” kichkinagina tuyg‘uni ko‘tarishga yarasa,ulkan iste’dod ulkan tuyg‘ularni g‘oyibdan qabul qilishga,uning bir yaprog‘ini,bir tomchisini to‘kdirmay,titrog‘u momogulduragini saqlagan holda milyon yuraklarga bera olishga qodir bo‘ladi. Shu o‘rinda Jaloliddin Rumiyning yozganlari esga keldi. Mavlono fikricha, vujud ham Maryam kabidir. Har birimizning ichimizda Isomiz bor.Bizda ham Maryamdagi kabi dard paydo bo‘lsa,Isomiz tug‘iladi.Agar dard bo‘lmasa, u o‘z kelgan yo‘lidan qaytib ketadi”,ya’ni Isomiz tug‘ilmaydi. Mavlono aytgan hikmat she’rning qanday tug‘ilishi haqidagi rivoyatdek tuyuladi. Vatan, millat, til va avvalan muhabbat har bir shoir ruhiyatining tuganmas ilhom manbaidir.Zebo Mirzoning ona yurtiga, o‘zbek xalqiga bag‘ishlangan yuksak she’rlari juda ko‘p. Bu she’rlarda Navoiy Oybek bilan uchrashadi,Xonzodabegim birodari bo‘lmish Bobur Mirzoga tasallilar beradi, Samarqand bilan Hirot sirli xayoliy ko‘prik orqali tutashadi,shoira tunda o‘zi tikilib turgan oyga Hazrat Navoiy ham qarab turganini sezadi,shu oy,shu mangu yulduzlar yorug‘ida Shohi Zinda zinalaridan ko‘tarilayotgan Bibixonimni, Marg‘ilon ko‘chasida Kumushni ko‘rib qoladi.
Uning tug‘ilgan diyori:
…Bir chekkasi cho‘ldir harsillab yotgan,
Bir chekkasi qorlar tizgacha botgan,
Bir chekkasi tog‘lar ko‘kni ko‘tarib,
Buloqlari borib tongni uyg‘otgan
Qashqadaryoga bag‘ishlagan qasidasi o‘quvchi yuragiga juda yuksak hayajon solishiga ishonchim komil. Nazarimda,Zebo Mirzo butun ijodi (demak,umri) davomida odamlarga,dunyoga o‘zi sevgan,o‘zi kutayotgan,kelishiga ishonchi tobora yo‘qolib borayotgan odamga bo‘lgan mehru muhabbati ko‘zi bilan qaraydi. Uning satrlarida afsusu nadomat,fig‘onu faryod ro‘yi rost ko‘rinadi.Bu hislar qanchalik mungli bo‘lmasin,umid va ishonch tuyg‘ulari barqaror qoladi:
…Men uchun — hayot,
…So‘ngsiz azob-g‘am,
…Ruhimdagi nur —
Bu dunyoda sening sevging borligi.
Shoira umr bo‘yi bitta she’rni — “Ishq” sarlavhali she’rni yozayotganday.Har bir she’r oldingi she’rning davomidek tuyuladi,uni to‘ldiradi,uni yanada kuchliroq porlashiga quvvat beradi…Ming yillik muhabbat Zebo Mirzo yuragida yangilanadi,uning ko‘ngil mulkiga aylanadi. Komil ishonch bilan Hodi Toqtoshning “Muhabbat eski narsadir, har bir yurak uni yangilatar” degan hikmatini eslagan holda shoiraning ishq daftari o‘zbek she’riyatining ko‘hna daftariga yangi sahifalar qo‘shdi deb ayta olaman. Shoira she’rlarida bo‘rtib ko‘rinadigan yana bir xususiyat insonga xos bo‘lgan ishqiy tuyg‘ular tabiat manzaralari,holatlari bilan hamohanglikda namoyon bo‘ladi. Ulug‘ bobomiz hazrat Nasafiy katta olam bilan kichik olam haqida gapirib,katta olamdagi hamma narsa kichik olamda aks etadi deb ta’kidlaganini eslang. Shoir, eng avvalo, Olloh yaratgan ikki ulug‘ mavjudot: Insoniyat va Tabiatni o‘zida mujassam etguvchidir.Inson va tabiat ruhiyati mujassam shoir yuragi olam qadar kengayadi va bu kenglikka yuzma-yuz bo‘lgan odamzotni ham yuksalarga olib chiqadi.
Shoiraning ayrim she’rlaridan Anna Axmatovaning shivirlashlarini (ayniqsa, U-ga bag‘ishlangan satrlarda: “Yorug‘-yorug‘ xayollarimdan Yuragimga kirib keldingiz…), Marina Svetayevaning titroq va asabiy nafasini sezaman:
Ishq yog‘dudir yurakka oqqan,
Qaydan bilsin zulmat sochganlar?
Bizni anglar,bizni ko‘rarlar
Ko‘zni yumib,dilni ochganlar!
Yor jamolidan umidvor Mavlono yozganidek: Ko‘zni yumgil,ko‘zga aylansin ko‘ngil…
To‘plamdagi ko‘p satrlar shoiraning buyuklar ruhi yashayotgan yuksak tog‘ tomon intilib borayotganini bildirsa-da,ular haqli ravishda Zebo Mirzoning o‘z yo‘li,o‘z ovozi borligini va bu yo‘l, bu ovoz salmoqli ekanini isbotlab turadi.
Guljamol Asqarova go'zal hayotning muayyan tomonini badiiy tadqiq qilar ekan, u asosiy e'tiborini inson qalbida kechayotgan ziddiyatlar, tuyg'u tovlanishini ifodalashga qaratadi. U inson ruhiy olamini rang-barang ko'гinish vaziyatlarda badiiy tadqiq etib, shu orqali uning yaratuvchilik, bunyodkorlik hamda borliqdagi barcha sodir bo'lgan, bo'layotgan voqealarga mas'uliyat hissini oshirishga intiladi.
Tabiat go'zalliklaridan behad chuqur hayajonga tushush, o'z tuyg'ularini tabiatdagi tovlanishlar surati orqali berish, jonsiz narsalarni jonlantirish, yoxush insonga xos hususiyatlarni gullarga, maysalarga ko'chirish shoiraning ijodiga xos xususiyatlardan biridir. Shoiraning hayot haqidagi falsafiy fikrlari lirik kechinma yo'nalishi hamda tabiat tasviri bilan hamohang teranlashib, tiniqlashib boradi. Fikr bilan tuyg'u uyg'unligi inson umrining abadiylikka daxldorligi mohiyatini ochadi:
O‘yladimki daraxtman men, Yashil barg etmasam bo‘lmas.
Guljamol Asqarova mahoratidagi bunday o'ziga xoslik uning tasvir ob'ektini yangicha badiiy tadqiq etishi, u haqida yangicha fikrlashga intilishi natijasidir. Shuning uchun ham shoira an'anaviy obrazlar qa'ridan yangi-yangi ma'no izdaydi.
Shoira ijodining poetik olami va estetik qarashlari ham mazkur jarayonning bir halqasini tashkil etadi. Negaki, ijodkor o'z davrining komil farzandi. O'zi yashab turgan ijodiy muhit suvratidan estetik qarashlari shakllanadi. Ustozlari boshlab bergan salmoqli ishlar, keyingi avlod nazaridan izsiz o'tmaydi. Bularni davom ettirganligi uchun bugungi adabiy jarayon o'ziga kerakli va muhim jihatlardan iborat.
Bir joyda depsinib turganim yetar, Men shan davralarga ketmog’im kerak.
Hissiy bo'yoqdoгlik bo'rtib ko'гingan ushbu she'г mohiyatida lirik obraz - muallif mushohada sahniga olib chiqilgan. Shuningdek, bu misralarda poetik timsol darajasiga olib chiqiladi. Idrok va tushuncha qa'rida tuyg'uto realizmi inkishof qilinadi. Shoira bir dam bo'lsa ham o'quvchi oldidagi samimiyatini pinhon tutmaydi, aksincha ro'y-rost izhor qilishni maqsad qiladi. Bular she'ning doimiy qoidalarini maromida ifodalanganida aniqroq ko'гinadi, borliqning taskini - umid ekanligini anglash qiyin emas. Guljamol Asqarovaning lirik qahramoni sahovat va noyob zavq bilan yashaydigan inson.
Yo‘lovchiman ishq adashtirgan, Ko‘ngli ulashilgan yo‘lovchi. Yo‘lim yo‘q deb ayta olasdan, Sizni yuragiga yo‘llovchi.
Shoira ushbu misralarida yo‘l so‘zidan turli so‘zlar ishtirokida betakror so‘z o‘yini yaratadi. Ohang va tashbehlar tasviri she’rga o ‘zgacha joziba baxsh etadi. Shoira she'гda o'z lirik qahramonining ma'naviy dunyosini go’zal tashbehlar tasviri ila poetik timsollar orqali kengroq yoritib bera olgan:
Derazaga ho‘l bag‘rin bosib, Kuzak tuni surganda xayol. Men eng go‘zal she’rimni yozib, Sizni eslab yig ‘lashim ayon.
Shuningdek, Guljamol Asqarova ijodida ayolga ehtirom, onaga muhabbat mavzusi alohida o'ringa ega. Shoira ijodida bu mavzuga qayta-qayta murojaat qilgan.
Natijada “Garchi ona bo‘lolmadim men, Lek onamga aylanib qoldim” singari yurakni larzaga soladigan satrlari dunyoga kelgan.Ona va farzand muhabbatini, ayollikning botiniy va zohiriy qiyofasini ochib beruvchi lirik kechinmalar shoira ijodida talaygina. Guljamol Asqarova lirikasi teran tafakkur va jo'shqin hissiyot vobastaligidan hosil bo'lgan she'riyatdir. Shoira lirik qahramoni yuksak intellekt sohibasi ekanligi sezilib turadi. U biroz o'ychan, ba'zan falsafiy, ba'zida esa jiddiy va ta'sirchan. Shoira ma'naviy-ruhiy izlanishlarida, poetik timsol yaratish jarayonida his-tuyg'ular manzarasi, kechinma tarangligi, o'tkir dramatik vaziyat va kolliziyalar bo'rtib turadi. Unda makon va zamon chegarasining qamrovlari keng, o'tmish, bugun va kelajak voqeligi inson taqdiri, ertasi bilan esh tasvirlanadi.
Betakror timsollarni kashf etib, o‘quvchilarga taqdim etish Halima Ahmedova she’riyatiga xos bo‘lgan badiiy hodisadir. Bu she’riyatda orzu, ishonch, umidvorlik singari nurli timsollar oqshomdagi yulduzlardek yonib tasavvurimizni boyitadi.
Men bu dam izlayman hayotning xushbo‘y,
Nafasidan o‘tli umidvor o‘lan
Va kuylayman ruhim derazasiga
Parda ilayotgan yomg‘irlar bilan101.
Sifatlar: “xushbo‘y”, “o‘tli”, “umidvor” metaforalar: “hayot nafasi”, “ruhim derazasi”, “parda ilayotgan yomg‘ir”…Ko‘chma ma’nodagi ushbu iboralar she’rda marjondek tiziladi. Hayotdan chiroyli va shodumon lahzalarni izlayman, lekin hayot aravasidagi qo‘shig‘imni ko‘zimda yosh bilan kuylayman, demoqchi, shoira. Ko‘zni shoira “ruh derazasi” deydi, “yomg‘ir” esa ko‘z yoshidir. Demak, hayotning xushbo‘y nafasida o‘tli va umidvor o‘lan izlab, topgan ohangimni yig‘lab kuylayman, deydi, shoira. Ruh derazasiga yomg‘irning parda ilishi, iborasida ham hikmatli va go‘zal mazmun bor.
Dardu g‘am inson ko‘nglini yashnatadi. Lekin Halima Ahmedova she’rida “shodlik” iborasining ma’nosi teranroq, shu shodlik ichida g‘am ham bor. Shoira izhor qilayotga tuyg‘u shunisi bilan go‘zal. Bu poetikadir.
Shodlik va g‘amni uyg‘un tasavvur qilganidek, bahor va kuzni ham shunday his etadi shoira.
Falakni yoritgan quyoshmas asli,
U meni ushatgan jonim bo‘lagi.
Garchi kuz,
Daraxtlar ko‘ksida hamon
Go‘yo urib turar bahor yuragi102.
Osmondagi quyosh, mening jonimning bir ushog‘i, degan fikrni aytish uchun tasavvur naqadar keng, his-tuyg‘u naqadar nozik bo‘lishi kerak. Ustoz adabiyotshunos, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev she’riyat bo‘yicha ma’ruzalarda bunday satrlarni “millatni yuksaltiradigan tuyg‘ular, badiiy hodisalar” deya baholaydi. Aslida har bir kun, quyoshning har kuni chiqishi va botishi inson umridan vaqtni yulib, ushatib ketadi. Kun botishi bilan umrdan bir kun qisqarib boradi. Bu shamning yonib-yonib toboro so‘nib borishiga o‘xshaydi. Shoira quyoshni mening jonimdan ushatilgan bo‘lak, deya nihoyatda chiroyli ifodalagan. Chuqurroq o‘ylasak, shoira men quyoshdan ham kuchliroq yonib yashamoqdaman, demoqda.
Zamonaviy o‘zbek she’riyatining zabardast vakilasi Zebo Mizo she’riyatining mavzu ko‘lami, unda ishq-muhabbat ijod jarayonining boshidan oxirigacha ishtirok etadigan ruhiy quvvat, bu – tasavvur. Ijodiy tasavvur, toʻg‘rirog‘i badiiy tasavvur qidiruvchan hissiyot, biror- bir hodisa yoki hodisalarning keskin aniqlikka ega boʻlmagan, lekin ayricha tovlanib, ijodkorni oʻziga chaqirib turadigan ehtirosli, mavhum shakli. Ayol qalbi samimiy, ta’masiz unda shoirlik pozitsiyasidan koʻra chin ayollik muhabbati hamisha ustun turadi. Ushbu maqolada Zebo Mirzo she’riyatida yetakchi g‘oyalar haqida soʻz boradi.
She'riyat shunday bir bepoyon osmondirki, uning bag'riga uchishga talpinganing sari betakror go‘zallik dunyosiga duch kelasan kishi. Ana shunday qalb torlarini chertguvchi bir-biridan betakror, qat’iyat ila yozilgan she'rlari bilan kitobxonlar dilidan joy olgan zamonaviy o‘zbek she’riyatining betakror vakilasi Zebo Mirzo she’riyati kitobxonni qayta-qayta o‘qishga chorlayveradi.
Butun borliqdagi tirikliklarga hayrat ko‘zi ila qaraydigan, inson ichki kechinmalarining rang-barang tasvirlarini tuyg'u ifodasi bo'lmish o‘z misralarida yoritib davr kishisining hissiyotini tarannum etadigan shaxs shoir. Alloh tomonidan yuqtirilgan ilohiy dard, ilohiy tuyg‘u bu-she‘riyat. Odamlarda boshqalarga o'xshashdan ko'ra o'xshamaslikka intilish mayli kuchli. Jamiyatdagi har bir shaxs o'zini izlay boshlaganda shunday bo'ladi. Demak, bugungi she'riyatni har biri shaxslashib , alohidalashib borayotgan millat kishisi ruhiyati ifodasi, deyish
mumkin. Zebo Mirzo ijodiyotida o'ziga xoslik, ohoriylik (originallik), tuyg'ularni ochiq-oydin tasvirlash yetakchilik qiladi. Istiqlol sharofati tufayli yuzaga kelgan ijod erkinligi, mustaqil fikrlashga keng yo'l ochgan asosiy omil bo'lmoqda. Shuningdek, ijodiy o'ziga xoslik ijodkor "men"i, o'zini kashf etish orqali poetik fikrning ijtimoiy-estetik mohiyatini chuqurlashtirish, shaxsiy iqtidori, dunyoqarashi, obrazli ifoda va tasvir uslublaridan samarali foydalanish kabi omillarda ham namoyon bo'layotir. Zebo Mirzo she'rlarining mavzu doirasi keng va xilma-xildir. Shoira qaysi mavzuda qalam tebratmasin, go‘zal ifodalar, badiiy topilmalar topa oladi va o'quvchini yangilikka oshno etadi. Zebo Mirzo she'rlarida muhabbat mavzusi yetakchi o'rinni egallaydi, bundan tashqari tabiat, inson ruhiy kechinmalari, hissiyotlar, maishiy mavzulardagi she'rlari ham talaygina. Xususan, ayol qalbi kechinmalari, inson hissiyotlari psixologiyasini, kayfiyatlar ruhiyatini, hissiy tafakkur ranglarini yaxlit uyg'unlashtirishga erishish Zebo Mirzo she'riyatining bosh xususiyatlaridan biridir.
Bilmaysan men uning qonida oqdim, Yillarning eng nurli xayoli bo‘lib. Izn ber qolayin shu lahza haqqi, Uning, faqat uning haloli bo‘lib. Dunyoning eng baxtli ayoli bo‘lib.
-deya pokiza muhabbatni sog'inib, sog'inchlari to'lqinlantirayotgan qalb nolalarini faqat to'liqib, jo'shib o'qish mumkin. Shoiraning "Kesib o‘tsa nigohingizni,Muhabbatning qovjiroq labi”, “Oydan ozib,shamolday daydi”, “Ismingni tonglarga yozaman mahtal” singari misralari kitobxonning mudroq tuyg'ularini uyg'ota boshlaydi, sof muhabbatni sog'inib, qadriga yetib yashashga, o'zlikni, haqiqatni anglashga chorlaydi. Beixtiyor nozik tuyg‘ularni betakror tarzda tasvirlagani yura-yuragimizni chertib o'tadi. Zebo Mirzo tuyg'ulari uyg'oqligini inson tirikligining mezoni, deb biladi.

Mening sevgim to qabrgacha, Bilasizmi,siz shuni ayting? Hech bo‘lmasa shu bag‘irgacha, Kelasizmio siz shuni ayting!...


Zebo Mirzoning Mening sevgim to qabrgacha misralari bilan boshlanuvchi she'ri ham fikrimizning mantiqiy davomidir. Ushbu she'rda ham ayolga e'tibor, uni sevish, uni ardoqlashga chorlovchi satrlarni guvohi bo'lamiz.
Halima Ahmedova kuz faslini tasvirlaganda badiiy so‘z imkoniyatlarini yanada kengaytiradi, teranlshtiradi. Kuz bo‘lishiga qaramay daraxtlarning ko‘ksida bahor yuragi urib turishida qanday hayotbaxsh va yuksak fikr ifodalanmoqda. Demak, kuzda ham bahor ketmaydi,uning yuragi daraxtlarning tomirida urib turadi. Shoiraning bu satrlaridagi mazmunni inson hayotiga ham tatbiq qilib, tasavvur etsak, naqadar teran falsafani anglaymiz, his etamiz. Badiiy asar birinchi o‘rinda poetik mazmunni ifodalagan badiiy matn demakdir. Badiiy tasvir vositalari esa ana shu mazmunga ziynat bag‘ishlaydi, uning ta’sir kuchini oshiradi, o‘quvchi tasavvurida obrazli suvratlanishiga xizmat qiladi. Shu bois poetik mazmun badiiy asarning asosini tashkil etadi. Shoiralarimiz o‘z sozi, o‘z ovozi bilan kuylaydi. Ishq va muhabbatning millatning barhayot ruhini ifodalaydi. Shoiralar she’riyatidagi betakror obrazlar talqini, yuksak badiiy tafakkur mahsullari, murakkab kechinmalari, yoniq tuyg‘ularni ifoda etgani, milliy poetik tafakkur rivojiga beqiyos xissa bo‘lib qo‘shiladi. Ularning har biri so‘z zamiriga katta ma’no yuklay oladigan shoiralardir. Poetik xulosa milliy ruhni yorqin ifoda etgani jihatidan katta ahamiyatga ega.


XULOSA
Zamonaviy o‘zbek she’riyati haqida gap ketganda, u bu davrga qadar ko‘p bosqichlarni bosib o‘tganligini aytish lozim. Unda ma’lum davrlarda ilohiyot kuylanadi, ma’lum davrda esa kundalik turmush tarzi, ijtimoiy muhit, ba’zan oshiqning ma’shuqaga dil izhori aks etadi. Ayrim davrlarda esa she’riyat zo‘rlab mafkuraga bo‘ysundirildi va bu paytda bo‘yniga “zanjir” taqilgan so‘zlardan iborat she’rlarning safi ko‘paydi. Ammo XX asrning 90- yillarida istiqlol adabiyoti deb atalgan estetik hodisa yuzaga keldi. Mustaqillik davrida milliy adabiyot millat ahlining ko‘nglini, ruhiyatini tasvirlashga e’tibor qaratdi. Buning natijasida inson asosiy badiiy qadriyatga aylandi. Istiqlol davri o‘zbek she’riyatining yutuqlari sifatida badiiy tafakkur tabiatidagi sifat o‘zgarishlarini, she’riy janrlarning yetakchi tamoyillari, estetik me’zonlarning yangilanishi, mustaqillik davri tarixini yaratishda faollik ko‘rsatayotgan shoirlarning badiiy-estetik izlanishlarini sanab o‘tish mumkin. Yangi she’riyatimizda so‘z asarning tugal fikr anglatuvchi parchasiga aylanib, alohida olingan holga nisbatan yanada keng ma’no qirralarini kasb etadigan bo‘ldi. Ijodkor moddiy istaklardan biroz tiyilib, o‘ziga, ko‘ngliga quloq soldi. Endi ijodkor ozodlik adabiyotga yuklaydigan mas’uliyatni his qilishi, anglashi gali keldi. Demak, yangilanish, ruhan tozarishga chorlash bu mustaqillik davri she’riyatining vazifasidir.
Biz zamonaviy o‘zbek shoiralari ijodida ishq-muhabbat talqini xususida qilgan kichik tadqiqotimiz bo‘yicha quyidagi xulosalarga keldik.
Haliima Ahmedova, Zebo Mirzo, Guljamol Asqarovalar lirikasining badiiy nafosati, estetik ta’sir salohiyati, falsafiy fojeasi, qudrati bashariy qadriyatlar qadrini,yoniq haroratga to’la ishq va muhabbatini o’zbek ayolining jasoratini yoritishga, ulug‘lashga erishgani bilan belgilanadi. Halima Ahmedova, Zebo Mirzo, Guljamol Asqarovalarning ijodini o‘rganar ekanmiz, ularning lirikasi o‘z “men”i-ko‘ngil mevasi ekaniga guvoh bo‘lamiz. Bundan tashqari o‘z she’rlarida insonning ko‘ngil kechinmalariga murojaat etajagini kuzatdik. Shu bilan birga ilmiy izlanishlarimiz bizga shoiralar she’riyati haqida quyidagi xulosalarni berdi:
Birinchidan, shoiralarning ijodida 90-yillar, hamda mustaqillikdan keyingi davrdagi ijodida jiddiy, badiiy o‘zgarishlar yuz bergan. Barcha davrlarda ham adabiy asarlar orasida she’rlar o‘ziga xos shakl, tuzilish she’riy nutqqa ega ekanligi bilan ham ajralib turadi. She’riy nutq o‘ziga xos tarzda yaratilishi sababli voqelikni obrazli aks ettirish vositasiga aylanadi. Kelib chiqishi jihatidan she’riy shakl nasriy shakldan qadimiydir. Shoiralar ijodining hayratlanarli jihati shundaki, ishq-muhabbat to’g’risida o’zbek she’riyatida qalamga olingan she’rlar ko‘p. Biroq, ishq mavzusi, muhabbat mavzusu Halima Ahmedova, Zebo Mirzo, Guljamol Asqarovalar talqinida yangicha ruh, yangicha tashbehlar orqali ifoda etilgan, ular o‘zlariga, o‘z “men”i ga xos ravishda noyob yangiliklar kashf eta olgan.
Ikkinchidan, Shoiralarning ishq-muhabbat, sog‘inch, hijron kabi mavzulardagi ijod na’munalarida poetik his-tuyg‘u va lirik kechinmalarning sifat jihtdan o‘zgarganini, bir-birini takrorlamaydigan ravisha jarang sochayotganini kuzatishimiz mumkin. Xudoning ishqida tuproq bo’lish va qayta tug’ilishdan shodmonlik, oshig’iga, yoriga nisbatan rashk, hijron azobi, aqlga aql qo‘shadigan, ayni damda aqldan ham ozdirishga qodir bo‘lgan muhabbat haqida bahs yuritish bobida ayni dardga mubtalo bo‘lamiz.
Uchinchidan, muhabbat tuyg‘usi dunyoda bir xil. Jahon xalqlari muhabbatning dardu iztirobini, bir xil his etishadi.
Lekin tillari har xil bo‘lganidek, muhabbat shevalari ham o‘zgacha. Shoiralar ijodida oshiq va ma’shuq obrazi jahon shoiralari ijodi bilan taqqos holda talqin qilinadi. She’rlarining ohangdorligi, betakrorligi, ravonligi, kitobxonni o‘yga chulg‘aydi. Misilsiz manzaralari, g‘oyaviy-badiiy hususiyatlari har jihatdan mukammal ekani namoyon bo‘ladi.
To‘rtinchidan, shoiralar ijodidagi mifalogik obrazlar, kitobxonni sirli va sehrli olamga undovchi ertakmonand satrlar, tabiat manzarasining inson hayotidagi voqealarga o‘xshtilishi haqiqiy nazm na’munalariga aylangan. So‘ngi yillarda yozilgan she’rlarida paydo bo‘lgan ijodiy, poetik tajribalar chinakam she’riyat na’munalariga aylanib, muayyan badiiy-estetik qiymat kasb etgan.
Beshinchidan, shoiralar she’riyatining tub o‘zagida faqat va faqat ishq-muhabbat tuyg‘ulari mujassamdir. She’rlaridagi hissiyot o‘quvchiga ta’sir qiladi, o‘ylatadi, hatto yig‘latadi. Shoiralar she’riyatidagi oshiq va ma’shuqa obrazlari shunchaki ma’no tovlanishi emas. Bu she’rlar inson qadri tarannumi, sadoqat, fidoiylik, saxovat, mardlik kabi olijanob fazilatlar targ’iboti deb qabul qilamiz.
Oltinchidan, shoiralar she’riyatida rang va gullar ramzlari muhabbat, ezgulik, go‘zallik, mehr-oqibat manzaralarida namoyon bo‘ladi. Lirik qahramonlarning ruhiy olami, inson fe’lida namoyon bo‘lguvchi mehr-muhabbatga, vafo-sadoqatga to‘la odamiylik xususiyatlarini, shaxslik darajasini o‘zaro farqlash mumkin.
Halima Ahmedova, Zebo Mirzo, Guljamol Asqarovalar she’riyatida betakror obrazlar orqali tasvirlangan his-tuyg‘ular va mana shu tuyg‘ular, lirik qahramonlar ruhiyatining rang va gullar bilan mushtarakligi she’r badiiyati va g‘oyasini yanada boyitishi bilan birga ishq-muhabbat poetikasi an’analarini yangicha ko‘rinishlarda tasvirlay olganlar. Bu she’rlar betakror, yangicha ahmiyat kasb etadi. Serjilo tashbehlar, nihoyatda go‘zal, sirli va sehrli mazmunga ega.
Yettinchidan, shoiralar ishq-muhabbat manzaralini, oshiq va ma’shuq qismatidagi serjilo tuyg‘ularini badiiy obrazlar orqali o‘ziga xos tarzda tasvirlab berganlar.
Umuman, ayol shoiralar she’riyatida bu hayotning mashaqqatlarini kuchli iroda va shukronalik bilan yengib o‘tayotgan jasoratli insonning qalb tug‘yonlari, olamga yaxshilik istagan ayol qalbi, mag‘rur nigohi tasvirlangan va bu borliqni turli xil ranglarda tasavvur qilib, shu ranglar orqali o‘z his-tuyg‘ularini tarannum qilganlarini guvohi bo‘lamiz.
Shoiralarning har bir she’rida o‘zgacha bir joziba, yoniq harorat, kishini mahliyo qiladigan jo‘shqinlik, kitobxonni o‘ziga chorlayveradigan nafosat ufurib turadi. Atrof-muhitda ro‘y berayotgan hodisalardan ajib bir yangilik topadilar, uni shunchaki aytib qo‘ymaydilar, betakror bo‘yoqlar, musavvirona tasvirlar, tasavvurlar, jununvor ohang bilan ifodalaydilar.
Umuman Halima Ahmedova, Zebo Mirzo, Guljamol Asqarova she’riyatida hayot mashaqqatlarini kuchli iroda va shukronalik bilan yengib o‘tayotgan ayollar qalbining jasoratli tug‘yonlari Shavkat Rahmon ta’biri bilan aytadigan bo‘lsak, faqat ishq, faqat ishq, faqat ishqdir…
Yana shu narsani ham ta’kidlab o‘tish joizki, Halima Ahmedova, Zebo Mirzo, Guljamol Asqarovalar lirikasining hech kimnikiga o‘xshamaydigan ishq ohanglari, xususan, shoiralarning qalbidagi lirik qahramonlari ko‘nglidagi ilohiy nigoh bilan olam shevalariga atrof-tevaragida kechayotgan voqelik jarayonlariga, odamlar fe’l-atvoriga nazar tashlaydi, estetik baholaydi. Shoiralar she’riyatida teran fikrlar, tuyg‘ular zamiridan sizib chiqadi. Fikrlarning joziba kuchi shundaki, tuyg‘ular haiqatning haqiqiy ma’nolarini, ishqning fikrga cho‘mgan kechinmalarini suratlantiradi, ko‘ngilni hayratga solgan, xayolini qamrab olgan mazmunlar va ramzlar betakror obrazlar vositasida tilga ko‘chadi.



Download 0.51 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   12




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling