O`zbek tili, adabiyoti va folklori instituti huzuridagi ilmiy daraja beruvchi
Dissertatsiyasining yangilanganligi
Download 0.51 Mb.
|
Zumrad dissertatsiya 1
- Bu sahifa navigatsiya:
- Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati.
- I.BOB: O‘ZBEK SHE’RIYATINING ILMIY- NAZARIY ASOSLARIGA DOIR QARASHLAR 1.1. Zamonaviy o‘zbek she’riyatining yangilanish tamoyillari
Dissertatsiyasining yangilanganligi. Ishimizni tadqiq etish davomida bir necha ilmiy maqola va tezislarimiz e’lon qilindi. Jumladan, respublika va xalqaro nashrlarida chop etilgan Halima Ahmedova ijodi bo‘yicha “Hayotning fusnkor tasvirlari”, “Halima Ahmedova ertaklari”, “Halima Ahmedova she’riyatida baxt manzaralari”, “Halima Ahmedova she‘riyatida pafosning namoyon bo‘lishi”,Guljamol Asqarova ijodi bo‘yicha “Yashil ishq va rang-barang gullar”, Zebo Mirzo she‘riyati bo‘yicha “Muhabbatning yangi taronasi” “Zebo Mirzo ijodida ishq-muhabbat tarannumi”, “Zebo Mirzo she‘riyatida badiiy olam talqini” shoiralar ijodining bir-biridan farqli,mushtarak tomonlarini yoritishda “Ayol shoiralar ijodida ishq-muhabbat mavzusining aks etishi”
kabi bir necha maqolalarimiz dissertatsiya ishimizning yangilanganligini ko‘rsatadi. Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati. Tadqiqot natijalarining ilmiy ahamiyati shundaki, ushbu dissertatsiyamizda ilgari surilgan va tadbiq etilgan fikr va g‘oyalar adabiyot fanlari bo‘yicha o‘tkaziladigan tadqiqotlarni takomillashtirishga asos bo‘ladi. Tadqiqot natijalarining amaliy ahamiyati shundaki, ushbu dissertatsiyamizda Halima Ahmedova, Zebo Mirzo, Guljamol Asqarovalar ijodi bo‘yicha ilgari surilgan fikrlar va yondashuvlar yangi o‘zbek adabiyoti, xususan she’riyatida poetik an’analarning takomili, yangilanishi, hamda novatorlik xususiyatlaridan adabiyotshunoslikda darslik va qo‘llanmalar tayyorlashda ham o‘zbek adabiyotidagi o‘ziga xos jihatlar va ijodkor poetik mahoratiga oid seminarlarda qo‘llash mumkinligi bilan belgilanadi. I.BOB: O‘ZBEK SHE’RIYATINING ILMIY- NAZARIY ASOSLARIGA DOIR QARASHLAR 1.1. Zamonaviy o‘zbek she’riyatining yangilanish tamoyillari Har bir ijtimoiy-siyosiy davr, albatta, adabiy jarayonga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Bu uzoq tarixdan isbotlangan xulosa. Jamiyatimizda ko‘klarga ko‘tarilgan yutuqlar soyasida sarg‘aygan kemtiklarning ham mavjudligi sezilarli darajada ko‘rina boshladi. O‘zbek she’riyatini teran o‘rganish barobarida, ilmiy tadbiq etish borasidagi muammolarni yanada chuqurroq his etamiz. Islom va adabiyot, jadidchilik, ayrim ijodkorlar me’rosining baholanishi kabi masalalar yangilanish sharofati tufayli mukammal ilmiy me’zonlar bilan qayta o‘rganilishi lozimligi ayon bo‘ldi. Abdulla Qahhor aytganidek, “Adabiyot atomdan kuchli…” Agar uning kuchni o‘tin yorishga sarf qilinmasa, adabiy pokiza va muqaddas ish bo‘lib qolsa, hech shak-shubha yo‘qki, badiiy so‘zning qiymati ortib boraveradi. Shoirlik, agar uni Xudo taqdir qilgan bo‘lsa, ota uydan, o‘z otamiz eshigidan boshlanadi. Bolalikdagi somonlarning hidi bir umr dimog‘dan ketmaydi. Bolalikdagi jilg‘alar shoirlikning qon tomirlari, dasht-u dalalar shu tabarruk sahifalarning so‘qmoqlarida yurib, adabiyot bo‘stoniga kirib kelinadi. Biz-mustaqil yurtning farzandlarimiz. Og‘ir zalvorli tog‘lar, xomush adirlaru, tilsiz minoralardan tortib, jim-jit maqbaralar va gumbazlarga qadar, azm bobochinorlardan, gujumlardan to osmonlargacha yastanib, yuksalib ketgan bu yurtda toshlarning ham yurak bag‘ri, qadim mozorlari sassiz, tovushsiz sadolari bor. Adabiyotshunos olim Bahodir Karimov “Istiqlol adabiyoti” nomli risolasida ulug‘ ajdodlarning mangu o‘ychan nigohlari Navoiy, Bobur, Mashrab, Ogahiy, Munis Xorazmiy, Furqat, Muqumiy, Amiriy, Xaziniy singari shoirlarning mumtoz asarlari zamonaviy o‘zbek she’riyati uchun ham ibrat vazifasini o‘tashini ta’kidlab o‘tgan edi. Tarixi ming yillarga cho‘zilgan o‘zbek she’riyatida XIX asr oxiri va XX asr boshlarida jiddiy sifat o‘zgarishlari uchraganiga amin bo‘ldik. So‘z san’ati shakl va mazmunga ko‘ra yangilandi. Yangilangan she’riyatimizda esa aruz vazni o‘rniga barmoq va erkin she’riy tizim kirib kela boshladi. Badiiy tasvirda uslub va ijodiy metodda yangilanish yuz berdi. Bu davrda jadid adabiyoti-yangi adabiyot namoyondalari asarlari uchun ijtimoiy-ma’rifiy asarlar asosiy mavzu bo‘ldi. A.Avloniy, S.Ajziy, M.So‘fizoda, H.H.Niyoziy kabi shoirlar ijodi eski va yangi davr she’riyati uchun ko‘prik vazifasini bajardi. Ularning she’riyati mazmunida ma’rifatga undash kuchaydi. An’anaviy o‘zbek adabiyotiga jahon adabiyoti tajribalari ta’siri va jadidchilik harakati zaminida o‘zbek adabiyotida hikoya, roman, drama, erkin she’r kabi yangi adabiy janrlar paydo bo‘ldi. Bu davrda Furqat, Muqumiy, Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Elbek, Botularning tilsiz-zabonsiz ko‘zlari umidvor tikilib turganini his qilamiz. Bu shoirlar o‘z she’rlarini barmoq vaznida yozishdi. Mumtoz she’riyatimizga yana bir qur nazar tashlasak! “Nizomiy Ganjaviy va Amir Xusrav, Dehlaviy panjasiga munosib panja ura oldi, hatto ulardan ham o‘zib ketdi. Yaxshiyamki, u o‘z asarlarini turkiy tida yaratdi, agar forsiyda qalam tebratganida bormi, boshqalarga bu maydonda javlon urish uchun majol qolmas edi”. Jomiy tomonidan berilgan ushbu ta’rif hazrat Navoiyga qarata aytilgan edi. Nomi mangulikka dahldor bo‘lib muhrlangan bobomizning ovozi asrlar davomida bulbul misoli xonish qilmoqda. Boy me’rosi turli tillarga tarjima qilinib, tadqiqotlar olib borilmoqda. Shuncha urinishlar, izlanishlar jarayonida ham Navoiy shaxsining, ijodining, o‘rganilmay qolgan qirralari ko‘p ekani ayni haqiqat. Olis moziylardan turib ham Navoiy hazratalarining quydagi misrasida, diyorni ko‘rkam, hosildor bog‘lar og‘ushida ko‘rishni orzu qilgani mazkur misralarda aks etgan: Kim bu bog‘ ichra xiromon erur, Barchasi bir-biriga mehmon erur,1 Hazratning bu orzulari shoir Sirojiddin Sayyidning ham dil torlarini chertib, o‘sib kelayotgan yosh nihollarni Navoiy bobomizga munosib, azm daraxtlar bo‘lib kamolga yetishlari uchun bugungi adabiyot vakillari, yosh shoirlarga qarata shunday deydi. Umr asli – nasib yo nasib, Har dilga bir gul mutanosib. Navoiyga bo‘lsin munosib, Navoiyning nabiralari2. Adabiyot bog‘ining darxtlari shoir va yozuvchilar bo‘lsa, mevalari ular yaratgan durdona asarlardir. Bu bog‘lar olam ahli uchun ilhom va kamolot maskaniga aylanib ketsa, ajab emas. “Navoiy bobomizga qadar ham mavjud adabiyotimiz, ulardan keyin ham barhayot. Biroq, negadir Navoiy bobomizning bugungi siymolari ko‘z o‘ngimda gavdalanmayapti. Ko‘zi yonib turgan yoshlardan nahotki jadidlar chiqmasa, buning uchun sizga yana qanday imkoniyat kerak?”. Bu yurtboshimizning og‘riqli so‘zlari edi. Barcha sohalar singari o‘zbek adabiyoti rivoji uchun ham mislsiz imkoniyatlar eshiklari ochib berildiki, bularni so‘z bilan sanashga ham, ta’riflashga ham vijdon nomli azim tuyg‘u oldida hijolat tortasan kishi. Keyingi besh yil ichida qator viloyatlarda shoir va yozuvchilar nomlaridagi ijod maktablari barpo etilgani, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi binosining yangi, muhtasham binosi, yosh adabiyot vakillarini, yurtboshimiz orzu qilganidek, uchinchi renessans asoschilarini bag‘riga chorlaydigan Adiblar xiyobonining barpo etilishi, Davlat otasining nechog‘liq adabiyotsevar, millatparvar inson ekanligidan dalolat beradi. Qo‘l qadog‘ini non isitadi, ko‘ngil qadog‘ini yaxshi she’rlar ilitmog‘i muqarrar. She’r “Assalomu alaykum” so‘zi singari yorug‘, “Dunyo” so‘zi singari bepoyon, “Xayr” so‘zi yanglig‘ nigoron, “Alvido” so‘zi kabi intizor va tushunarli bo‘lmog‘i kerakdir. Zero shoir she’ri so‘zi bilan kamol topadi. Shoirning ko‘nglida iztirob-armonlari – qatorida o‘qilmagan, o‘qilishi shart bo‘lgan kitoblarning dard-u armoni ham butun umri davomida zirqirab og‘rib tursagina uni kitobxon yuragiga tushunarli tarzda yetkazib bersagina, o‘zidan boy ijodiy me’ros qoldirishi muqarrar. G‘afur G‘ulomning g‘ij-g‘ij bilim yolqinlanib yotgan toshqin she’riyati, Oybekning nafis-dardchil bayotini astoydil bilmay, o‘rganmay bugungi ustozlarimiz she’riyatidagi sharqona donishmandlik, mahorat va so‘zparvarlik maktabida pishmay turib o‘zbekona lutfu zarofatning fahmiga bormay turib she’r yozib yurmoq-katta kutubxonaga kirib, manzilini axtarib yurgan yo‘lovchining manzarasini eslatadi. Yo‘lovchi bir manzilda muqim turmaganidek, she’riyatning zahmatkash vakili Mirtemirdek zotlar ham aytishga iymangan zalvorli, yuki og‘ir so‘zlarni ul kishi “Kipriklarim” deya alqagan nabiralar sabzi to‘g‘raganday, pinak buzmay, mening she’riyatim, mening adabiyotga kirib kelishimda deya aytib o‘tirsalar-ayb sanalmaydimi? Rasul Hamzatovning bir ajoyib naqllari bor: “Qaysi she’rni ota-onang oldida o‘qib berishga uyalmasang, o‘sha yozganing yaxshi she’rdir”. O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid yozganidek, “Har kim she’riyatga har xil kirgaydir”. Ozod Sharafiddinov ta’kidlaganidek, “So‘z lashkarini istagan izmiga sola bilish” mahoratiga erishish har bir qalam ahliga nasib qilsin. Zero Shoirlik-bir umr to‘kilib borish demakdir. Mustaqillik davri o‘zbek she’riyati olam hodisalari va odam ruhiyati qirralariga xilma-xil qarash, olamning mavjudlik yo‘sini va undagi tartibotlarni turlicha izohlash mahsuli bo‘lgan she’riyatdir. Mustaqillik yillari adabiy jarayon muayyan ma’nodagi, ijodiy sarhisob davri bo‘ldi. Yangi bosqichda o‘zbek she’riyatining ko‘lami yanada kengaydi. Shakl va yo‘nalishlarda endi yangi davr muammolari, istiqlol davri kishisining ichki dunyosi va tasvir vositalari, yangi g‘oyalar o‘z ifodasini topa boshladi. Bizning adabiyotimiz juda qadim o‘zanlardan suv ichganligi bilan alohida mavqe va martabaga ega ekanligi yaxshi ma’lum. O‘zbek adabiyotining ildizlari juda teran, shuning uchun u har doim nafosat ila yashashda davom etaveradi. Uning rivojiga yillar davomida ko‘plab iste’dodlar barakali hissa qo‘shib kelmoqdalar. Hozirgi o‘zbek adabiyoti ham, jumladan, she’riyatimiz sezilarli darajada yuksalib bormoqda. U jahon adabiyoti maydonida ham o‘ziga xos munosib o‘ringa ega bo‘ldi. Avloddan avlodga o‘tib kelayotgan milliy-ma’naviy qadriyatlarimiz, o‘zligimizdan ayro qilishga intilgan kuchlar yo‘q emasdi. Lekin “Ma’naviyatli xalqni yengib bo‘lmaydi”. Adabiyotimizning yirik namoyondalari yaratgan ijodiy an’analarning davomi bugungi kunda o‘ziga xos shakllarda xalqimiz ongu-shuuriga kirib borayotganida ko‘rinadi. Har qanday ijodkorning ham ijodiy kamolotga erishuvi, eng avvalo, uning milliy g‘oya va qadriyatlarimizga qanchalik sadoqatli, hamda ularni o‘z ijodida poetik jihatdan nechog‘lik yuksak darajada ifodalab bera olish imkoniyati va mahoratiga bog‘liq. Mustaqil o‘zbek davlati badiiy adabiyotni sho‘ro zamonida bo‘lgani kabi o‘z monopoliyasiga aylantirishga urinmay qo‘yishi bilan ijod erkinligiga sharoit yaratadi. Bu adabiyot siyosatga bo‘ysundirilmagani uchun ham ijodkorning ko‘ngil ishiga aylandi. Bugungi o‘zbek she’riyati millat ahlining ko‘ngli, sezimlari va ruhiyatini tasvirlashga e’tibor qaratishi natijasida inson asosiy badiiy qadriyatga aylandi. Mustaqillik davri o‘zbek she’riyati chinakamiga xilma-xil tamoyillar asosida qurilgan she’riyat bo‘ldi. 70-80-yillardan boshlab tamomila o‘zgacha she’riyat shakllandi. Shoir va yozuvchilar davr taqozosiga ko‘ra millatning g‘amiyu-tashvishini kuylovchi iztirobli kuychisiga aylangan, xalqni qiynayotgan muammolari, dardiyu-og‘riqlari shoirlar qalamiga siyoh vazifasini o‘taganini kuzatamiz. Va bevosita bu avlod vakillari izidan, qolaversa, ularning boy ijodiy me’rosidan ilhomlangan bir qator shoirlar maydonga chiqdi. So‘z o‘rnida aytadigan bo‘lsak, har bir yangi to‘lqin o‘zidan keyin o‘zidanda yuksakroq to‘lqinga yo‘l ochib beradi. Aynan shu manzara o‘zbek she’riyatida tomchida quyosh aks etgandek namoyon bo‘lgan. Ijodkorlar ijodida bir-birini takrorlamaydigan his-tuyg‘ular, ishqning o‘zgacha ovozi turli manzaralarda tarannum etilganini guvohi bo‘lamiz. Shu o‘rinda bir haqiqat yuzaga keladi. Ulug‘ o‘zanlardan ulug‘ jilg‘alar bo‘lgan katta avlod vakillari bo‘lmaganida undan keyingi avlod vakillarini tasavvur qilish mushkul bo‘lardi. O‘tgan asrimizning so‘ngi choragida maydonga chiqqan istiqlol adabiyoti, butunlay yangi qiyofaga ega bo‘lgan yangi ongning, yangi tafakkurning, yangicha qarashlarning mahsuli edi. Shoirlar bisotida nafaqat yorga bo‘lgan muhabbat, balki buyuk ajdodlarimiz xususida, tug‘ilib-o‘sgan go‘shalari, muqaddas qadamjolar, vatan, milliy g‘urur aks etgan she’rlar ham talaygina. Istiqlol davri namoyondalari tomonidan qalamga olinmagan bironta mavzu qolmadi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. E’tirof etish joiz bo‘lgan jihati shundaki, ko‘plab shoirlarning ijodida ko‘ngil rozlarini qog‘ozga to‘kishda bayonchilik aks etgani sezilmaydi.Ular ijodidagi rang-baranglik adabiyot bog‘larining munosib izdoshlariga ochib beriladigan go‘zal bir sahifalardir. XXI asr o‘zbek adabiyotida ulkan o‘zgarishlar davri bo‘ldi. Bu davrdagi adabiyotimiz, jumladan she’riyatimiz, ijodkorlarning ruhiyati, poetik qarashlari, mazmun-mohiyati nihoyatda yangilandi. Yangi o‘zbek she’riyatida olamni poetik idrok etish yangi bosqichga ko‘tarilganini guvohi bo‘lamiz. Katta avlod vakillaridan Asqad Muxtorning uslubi, Maqsud Shayxzodaning ibrat mazmunidagi she’rlari, Hamid Olimjonning yashil tuyg‘ulari, Zulfiyaning vafo va sadoqati, Shuhratning qisqa va ulkan ma’no aks etgan to‘rtliklari, Shukrulloning o‘lmas bitiklari, Abdulla Oripovning falsafiy tuyg‘ularga yo‘g‘rilgan betakror she’riyati, Rauf Parfining ancha teran bo‘lgan ramz va ifodalar chuqur aks etgan she’rlari, Usmon Azimning o‘ziga xos tasviri, Halima Ahmedova lirikasidagi yolg‘iz o‘zigagina xos bo‘lgan lirik “men”i, Farida Afro‘zdagi go‘zal ifodalar, Iqbol Mirzoning xalqona ohangdagi she’rlari, adabiyotshunos olim Bahodir Karimov ta'biriga ko‘ra: Guljamol Asqarovaning “ishqparast”ligi,3 Zebo Mirzoning betakror nafosatga yo’g’rilgan muhabbat mavzusidagi she’rlari, Faxriyorning betimsol so‘z o‘yinlari va Rustam Musurmonning yolg‘iz o‘zigagina xos bo‘lgan xotirjamli xalqona yo‘ldagi bahshiyona she’rlar yangi davr uchun yangi-ko‘rinishlar, yangicha oqim she’riyat maydoniga yangi-o‘z ovoziga ega, adabiyot ixlosmandlariga o‘z aytar so‘zi bo‘lgan shiddatli bir avlodning bo‘rondek kirib kelganiga qiyos etsak ayni haqiqatdir4. She’riyat sharqda asrlar davomida adabiyotning asosiy turi sifatida yashagani bois ham uning ildizlari bag‘oyat teran. Ammo bugungi o‘zbek she’riyati kechagi she’riyat emas, balki o‘zining ko‘pgina, xususan, shakily-mazmuniy mundarijasiga ko‘ra yangilangan poeziyadir. Shu bilan birga, bugungi she’riyat kechagi she’riyatdan uzilib qolgan alohida hodisa ham emas. Ular o‘rtasida vorisiylik, uzviylik davom etib kelayotir. Zamonaviy o‘zbek she’riyati mumtoz va yangi o‘zbek she’riyatining eng yaxshi an’analarini davom ettirgani holda jahon adabiyoti buloqlaridan ham suv ichayotir. Adabiyot kecha dunyoga sotsial realizim tuynugi orqali qaragan bo‘lsa, bugun uning tafakkur ziyosi bag‘oyatda keng. Mana shu ziyo – badiiy tafakkur erkinligi, hozirgi zamon poeziyasini – istiqlol davri o‘zbek she’riyatini vujudga keltirayotgan bosh omildir. Shunga ko‘ra, har tomonlama boy she’riyatimizga nazar tashlab, uning bag‘rida barcha tamoyillarning davomini ko‘rishimiz mumkin: realizm, neorealizm, romantizim, simvolizm va bir qator adabiy oqimlarning hayotbaxsh yo‘llarida yaratilayotgan bugungi o‘zbek she’riyati shoir tafakkurining yagona mafkuraviy iskanjadan xoli ekanligidan, boshqacha aytganda, chinakam hurligidan dalolat. Hozirgi o‘zbek she’riyatida dunyoning estetik badiiy talqini bobida ikkita kuchning musobaqasini kuzatish mumkin: bu-an’anaviy va modern oqimlari o‘rtasidagi bellashuv. Bunday musobaqa hamisha bo‘lgan aslida u yaqin tariximizda, masalan, “an’ana va novatorlik” deb atalgan. Nima bo‘lganda ham keyingi 25-30 yil mobaynida jamiyatda yuz bergan o‘zgarishlar zamonaviy o‘zbek she’riyati qiyofasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgani bor gap. Tashqaridan keltirilgan oqimlarning ta’siri esa allaqachon umrini yashab bo‘ldi. Zotan, hayot – barcha yangilanishlar manbai, sarchashmasi! Hayotimizda kechayotgan buyuk o‘zgarishlar tufayli nafaqat she’riyat, balki butun boshli adabiyotimiz mafkuraga xizmat qilishdan qutilib, o‘zining azaliy o‘zaniga tushib bormoqda. Natijada adabiyot g‘oyani tarannum etishdan bosh ko‘tarib, insonga yaqin keldi, uning dardini kuylay boshladi. Boshqacha aytganda shoir ko‘nglini she’rga solishga kirishdi. Bularning hammasi yaxshi. Faqat kutilmaganda masalaning boshqa bir qirrasi yuz ko‘rsatadi. Shoir haddan tashqari o‘z olami bilan band bo‘lib, atrofni, jamiyatni bir qadar unutdi. Shoir uchun o‘z subektiv olamigina birlamchi haqiqatga aylandi. Bu esa she’riyat maydonining torayishiga olib kelgan jiddiy sabablardan biri. Boshqa tomondan esa shaklga qattiq mehr bog‘lagan ijodkor adabiyotni o‘yinga aylantirish payiga tushganini ham guvohi bo‘lamiz. “Haqiqiy adabiyot, chinakam she’r bu yuksak san’atdir”, degan shior ostida ijod qiluvchilar soni bir muncha ortdi. Bunday tuzum ham ma’lum ma’noda she’riyatning ziyoli-ijodkorlar, biz singari filolg-talabalar, mutaxassislar va muayyan qiziquvchilar doirasida ko‘proq o‘qilishiga olib kelmoqda. Tursun Ali, Bahrom Ro‘zimuhammad, Faxriyor, Aziz Said, Go‘zal Begim, Davron Rajab kabi o‘zbek shoirlari dunyoqarashlari va uslublaridagi jiddiy farqlarga qaramay, qaysidir ma’noda shu umumiy yo‘nalishning ko‘zga ko‘ringan vakillaridir. Ayni paytda o‘zbek she’riyatida an’anaviy yo‘nalish hali-hamon tashabbusni o‘z qo‘lida tutib kelayotganini ta’kidlash joiz. Chunki bu yo‘nalish xalq ruhi bilan, uning qiziqish, o‘y va dardlari bilan chambarchas bog‘lanib ketgan. Shunga ko‘ra, bu yo‘nalish vakillarining ijod na’munalari bir necha ming nusxada chop etilib, tez tarqalib ketadi. Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Omon Matjon, Halima Xudoyberdiyeva, Shavkat Rahmon, Azim Suyun, Usmon Azim, Matnazar Abdulhakim, Saddulla Hakim, Usmon Qo‘chqor, Muhammad Yusuf, Mahmud Toir, Sirojiddin Sayyid, Rustam Musurmon, Farida Afro‘z, Chorsham, Salim Ashur, Ikrom Iskandar, Qo‘chqor Norqobil, Iqbol Mirzo, singari shoirlarning bitiklarida hayotiy tajribaning falsafiy mushohadakorlik bilan yo‘g‘rilishi natijasida vujudga kelgan poetik lavhalarga guvoh bo‘lmoqdamiz. Bu davr she’riyatida o‘tkir gap aytish, dono fikr bildirish, nasihat, aql o‘rgatish emas, balki inson ruhining murakkab, ismsiz manzaralarini aks ettirishga e’tibor kuchaydi. Hissiyot qatlamlarini tadqiq etish, odam ruhiyatidagi boy va rangin iqlimlarni poetik kashf etishga urinish kuchaydi. Istiqlol she’riyati shakily o‘zgarishlarga boyligi, chiqish nazmidan ham botish adabiyotidan ham samarali o‘rganishga intilish kuchayganligi bilan xarakterlanadi. Endilikda she’rxonlik ko‘ngilochar mashg‘ulot bo‘lmay qoldi. She’r bilan tillashadigan o‘quvchining tafakkuri ham, qulog‘i ham, ko‘zi ham, hatto tuyg‘ulari ham bir qadar zo‘riqishi, she’r o‘qiyotganda faqat zavq va lazzat tuyibgina qolmay, mehnat qilishi, uni bor vujudi bilan his etishi, idrok qilishi ham lozim bo‘lib qoldi. Milliy poeziyamiz tarixida birgina qatordan iborat butun boshli she’r hech qachon bo‘lmagan. Faxriyor ijodida esa aynan shunday satrlarni kuzatishimiz mumkin. Quvonarlisi shundaki, bu she’r yordamida atama yasalmagan, yoki axborot berilmagan, balki o‘ziga xos musiqaga ega muayyan kayfiyat ifodalay oladigan, o‘qiganga o‘zgacha ruhiyat baxshida qiladigan tugal asar yaratilgan. Istiqlol davri she’riyatining qisqalikka intilishi shunchaki modaning ketidan quvish emas, aksincha chuqur ichki mantiqqa ega. Bu she’riyat o‘quvchiga ishonch, uni badiiy so‘zning iste’molchisigina emas, balki she’riy holatni tuyish, badiiy manzaralarni jonlantirish jarayonining ishtirokchisi martabasiga ko‘tarishning natijasidir. She’r qancha qisqa bo‘lsa, unda aytilmasdan ishora qilingan narsa shuncha ko‘p bo‘ladi. Bunda she’rxonga matndan turli-tuman kashfiyotlar qilish imkoniyati ko‘proq beriladi. Hissiy va intelektual hozirligi bor odamgina to‘rt so‘zdan iborat bo‘lgan asarda bir olam ijtimoiy dard ifodasini topganligini ko‘rishi mumkin. O‘quvchi qancha o‘ychil va ta’sirchan bo‘lsa, she’rdan shuncha kuchli ta’sirlanadi va aksincha …shu bois bunday she’rlarning o‘quvchilari iste’molchigina emas, yaratuvchi hamdir. Poeziyaning o‘z asl manbasiga qaytganligi, ko‘ngil rozlarini, ruhiy tovlanishlarni ishoralar, nazokatli obrazli ifodalar orqali tasvirlashga o‘tilganligi istiqlol davri o‘zbek she’riyatiga xos asososiy xususiyatlardan bo‘ldi. Bu davr milliy she’riyatida ommaviylikdan, hammaboplikdan qochishga urinish kuchaydi. She’riyat omma uchun emas, balki, avvalo, muallifning o‘zi uchun, qolaversa, ijodkorga tuyg‘udosh shaxslar bilan yaratiladigan bo‘ldi. Shu bois, she’rxonlar adadi, soni birmuncha kamaygan bo‘lsada, ularning poetik so‘zni, obrazli ifodani anglash darjasi ortdi. Chunki shiddatli she’riyat yuksak didli she’rxonni talab qiladi va uni shakllantiradi. Mustaqillik davrida o‘zbek poeziyasi o‘quvchi darajasiga tushishdan sherxonni o‘z darajasiga ko‘tarish pallasiga kirdi. Shu tariqa azaldan she’rparast bo‘lgan millatning badiiy zavqi ingichkalashib, so‘z jozibasini anglash qudrati sezilarli darajada oshib bormoqda. Halima Ahmedova, Eshqobil Shukur, Rahimjon Rahmat, Zebo Mirzo, Xosiyat Rustamova, Shodmonqul Salom, Muhiddin Abdusamadlarning yaratayotgan ramziy she’rlari yangilanayotgan badiiy tafakkur mahsuli sifatida namoyon bo‘lmoqda. Poytaxt, Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda ijod qilayotgan Abdulla Sher, Kenesboy Karimov, Baxtiyor Genjamurod, Enaxon Siddiqova, Xosiyat Bobomurodova, Xurshida, Nabi Jaloliddin, O‘roz Haydar, Oshiq Erkin, Gavhar Ibodullayeva, Otabek Ismoilov, Guljamol Asqarova kabi shoirlarning uzoq-yaqinlardan jaranglayotgan ovozlari she’rparast yuraklarni quvonchga to‘ldiradi. Xullas, bugungi o‘zbek she’riyatida ana shu ikki yo‘nalishning izlari yaqqol ko‘zga tashlanib turadi. Ammo bir narsa aniqki, bu yo‘nalishlar doimo bir-biriga ta’sir qilib, bir-birini boyitib, to‘ldirib boradi. Shunga ko‘ra, deyarli hamma ijodkorlarda turli adabiy yo‘nalishlar ohanglarini kuzatish mumkin va bu tabiiydir. Zabardast shoir Rauf Parfining takrorlanmas she’rlarida an’ana va novatorlikka xoslik bir paytning o‘zida baravar yashaydi. Yosh shoirlarning doimiy ustozi Ikrom Otamurod qalamiga mansub qator doston va she’rlarda ham har ikki yo‘nalishning o‘ziga xos sintezini bexato ilg‘aymiz. She’riyatning bag‘rida o‘yinga xos xususiyatdan tashqari mehnat (ya’ni naf ko‘rish) va sig‘inish sifati ham mavjud. Chunki haqiqiy badiiy asar o‘yin zavqi ila yaratilgani va xuddi shunga monand shavq bilan o‘qilganidan tashqari, u yana mehnatu zahmat bilan bino etiladi va o‘quvchiga ma’naviy zavq ulashadi. Qolaversa, bunday asar inson qismatini o‘ziga jo etgan yurakdan bir nido, iltijo yanglig‘ otilib chiqadi va o‘quvchining qalbiga singib ketadi. Din man qilingan sobiq sho‘ro zamonida adabiyot qaysidir ma’noda jamiyat kishilarining diniy ehtiyojlariga javob berganini sir emas. Demak, chinakam she’r va umuman, haqiqiy adabiyotu san’at na’munasi ana o‘sha uch jihat (mehnat, sig‘inish va o‘yin)ning bag‘rida tug‘iladi, kamolga yetadi. Albatta, ularning qaysidir birlari kemtik bo‘lib yaratilshi aynan shunday yozilgan she’r ham she’r hisoblanishi mumkin. Lekin daraja, o‘rin ma’nosida uch sifatni birdaniga o‘zida jo qilgan she’rdan keyinda turadi. Kuzatishlarimizcha, yangi san’at, xususan, modern ruhidagi adabiyot o‘ynoqi, ko‘pincha o‘yinga zeb beradi, natijada narigi ikkisi e’tibordan biroz panaroqda qoladi. An’anaviy adabiyotda esa, asosan, san’atning foydalilik tomonlari namoyon bo’ladi. Ya’ni badiiy asarni o‘qigan o‘quvchi o‘zi uchun hayotda kerak bo‘ladigan nimanidir o‘zlashtiradi. She’rning mazmun mohiyatiga, tomonlariga diqqat qaratadi va bu yerda ham san’atning ikki sifati ma’lum ma’noda unitiladi. Natijada na unisida va na bunisida ulug‘ olim Fitrat aytganidek, qonni qaynatadigan, singirlarni o’yinga soladigan, miyani titratadigan” alohida bir kuchni his qilmaymiz. Hamma sifat birdaniga ishtirok etgan she’riyat bilan yuzma-yuz bo‘lganimizda, badiiy mo‘jizaga ro’baro’ kelgandek hayratga tushamiz, ruhan poklanamiz, dunyoga bolaning sof, beg’ubor nazari singari boqa boshlaymiz. Shukurki, hayratga soladigan, chuqur o‘yga, mushohadaga majbur etadigan she’riyatimiz bor, shu onda bir savol tug’iladi. “Uni dunyo yaxshi biladimi?” Albatta yo‘q. Xo‘sh, buning sababi nimada? O‘z-o‘zidan kelib chiqadiki, avvalo, tarjimada. Musavvir va bastakorga bir masalada havas qilamiz: ularni tarjima qilishning aslo hojati yo‘q, muxlisining ko‘zi va qulog‘i sog‘, ko’radi, tinglaydi. Aqlu hushi joyida bo‘lsa, kifoya, san’at asarining eshiklari uning uchun hamisha ochiqdir. So‘z bilan ishlaydigan ijodkorlar esa tarjima qilinmaguncha eshigi va derazasi bo‘lmagan qasr misoli yopiq qolaveradi. Qasrning ichiga olib kiradigan, uning ichidagi mo’jizakor manzarani ochib beradigan kishi bu-tarjimon. Tarjimon dilni dilga, elni elga bog‘lovchi ko’prikdir. Ikki tilni bilgan odam ikkita odam, deyilishining kichik bir isboti aynan tarjimonlardir. Asarlari boshqa tilga muvafaqiyatli tarjima bo‘lgan shoir o‘sha elning ham shoiriga aylanib boraveradi. Haqiqiy tarjimaning ahamiyati shu darajada yuksakki, haligacha Navoiy hazratlarining “panjasiga panja uradigan” tarjimon topilmagani bois ulug‘ shoirning she’riyat olami, uning badiiyatli sirlari dunyo uchun noma’lumligicha qolyapti. Navoiy bobomiz hali hanuz o‘z tarjimonini kutyapti. Taxminan 500 yildan beri dunyo bilgan Navoiyning soyasi, ekanini adabiyot ahli juda yaxshi his qiladi. Xullas, asosiy masalaga qaytadigan bo‘lsak, bugungi o‘zbek she’riyati, umuman, adabiyoti bu-erkin badiiy tafakkur mevasidir, unda hayotimizning barcha ranglari-kamalak jilosi singari, qalblarda tovlanishini, nur sochishini ko‘rish, his qilish mumkin. Aslida, badiiy tafakkurdagi bunday erkinlikka, hur fikrlilikka osonlikcha erishilgani yo‘q. Bugungi she’riyat an’anaviy tasvir uslubiyatidan farq qiluvchi yangicha obrazlari, kutilmagan ramziy ifodalari, betakror, serohang, serma’no ifodalari bilan kitobxonni o‘yga soladi. Fikrlarning, his-tuyg‘ularning o‘zgacha ifodalanish shakllari zamonamiz va zamondoshlarimiz ruhiy olamini yangicha ko‘rinishda poetik tadqiq etish, dardu-tashvishlarini tasvirlash borasida ko‘zga tashlangan, erishilgan yutuqlari o‘zbek she’riyatining yangi poetik sarhadlarini kashf etayotganligidan dalolatdir. Ta’kidlash joizki, Halima Ahmedova she’rlarini mutolaa qilar ekanmiz batamom o‘zgacha manzaraga tushib qolamiz. Shoiraning she’riyatida inson haqidagi, uning tubsiz ko‘ngli, iztirobu-quvonchlari, adoqsiz siru-sinoatlari hech kimnikiga o‘xshamaydigan tarzda qalamga olinadi. Zebo Mirzo va Guljamol Asqarovalar she’riyatida janr, til va uslub, g‘oya va mazmun jihatdan bir qator yangiliklar sodir bo‘lganini kuzatamiz. Shoiralar she’riyatining tili ko‘pchilikning tushinishi uchun muammo tug‘dirmaydi. Betakror janr va she’riy shakllarga boy, badiiyat zamiridagi g‘oyalarning, ishq va muhabbat mavzusidagi ayol ichki-kechinmalari, his-tuyg‘ulari yoniq harorat, otash muhabbat bilan qalamga olingani uchun ham o‘quvchining yurak-yuragiga kirib boradi. Hayotni poetik tushinish va idrok etishda zamondan zamonga, avloddan avlodga o‘tib kelayotgan yozma adabiyot an’analarini ijobiy o‘zlashitrmasdan turib, shoir va yozuvchi yuksak natijaga erishib bilmaydi. Asrlar davomida xalqning ongu-tafakkurida qoladigan nodir ijodiy me’ros qoldirishga muvaffaq bo‘lmaydi. Zero, an’ana-nihoyatda katta bir xazina, uning turli-tuman zebu-ziynatlari bor. Undan har bir ijodkor o‘ziga keragini kimdir sujet qurilishdagi mahoratini, kimdir yangicha obrazlar yaratishni, birov insonga xos xususiyatlarni jonsiz narsalarga ko‘chirib tasvirlashni, boshqa birov romantik manzaralarni o‘rganishga intiladi. Shu tarzda an’analarni o‘rganish bir jihatdan tadqiqot qiyofasiga ham ega bo‘ladi. Shoirlik darslari - ado bo‘lmas darslardir. Bu tuganmas maktabning og‘ir sinovlari, bitmas ranju mashaqqatlari, alam va iztiroblari bor. Hayotning boshqa shodliklariga o‘xshamaydigan sevinchlari bor. She’riyat tamomila o’zgacha dunyo. Unga bu dunyoning hisob-kitoblari, manfaatlari bilan kirib bo‘lmaydi. Bu qutlug‘ dargohga qismat eshigidan kirganimiz kabi, taqdirga tik qaragan misol qadam qo‘ymoq kerakdir. Holbuki, hayotda hayotning o‘zidan-da go‘zalroq bir nima yo‘q, she’riyatda ham she’riyatning, shoirlikning o‘zi, uning did va farosati go‘zaldir. Aslida shoirning so‘zi sharhga muhtoj emas, sharh talab ham qilmaydi. Uni o‘qimoq, tinglamoq va his etmoq kerak. O‘qib, tinglab hayratga tushmoq, kulmoq, yig‘lamoq, huzurlanmoq kerak. Muallif u she’rida unday demoqchi, bu she’rida bunday fikrni ilgari surmoqchi degan tahlilar she’riyatni benihoya jo‘n tushunmoq natijasidir. She’r ko‘ngil nidosi bo‘lib tug‘iladi va ko‘ngillar mulkiga aylanadi. She’riyat qalb holatidir, qalb ko’zgusidir. Uni qabul etmoq ham holatiga, ruhiyatiga bog‘liq. She’r ma’nosini shunchaki so‘zlar bilan bayon qilish mumkin emas. So‘z bilan anglatish mumkin bo‘lgan fikr esa she’r qilib aytilmaydi, aytilganda ham yurak torlarini chertib, ruhiyatimizga kirib bormaydi. She’r-zavq, hayrat, kulgu, iztirob, armon, tazarru…demakdir. Erkin Vohidov ta’biri bilan aytilganda, ishq demakdir, ibodat demakdir. Darvoqe, shoir o‘zi kim? U katta yurakli va hammaga birday kerakli, ko’ngil kuychisi bo’lgan insondir. U Alloh ne’matlarini birinchi bo‘lib tuyuvchi, suyuvchi va uning kamu ko‘stlari uchun kuyuvchi yuragida ilohiy ishq mujassam bo‘lgan oshiq, ishq kuychisi bo’lgan pokdil odamdir. Shoir bu dunyoni go’zal qilaman, insonlar qalbini ezgulikka chorlayman deb Haqqa so‘z bergan va o‘zining ham yaxshilanishiga, poklanishiga qasam keltirgan va o‘z jon rishtalariga so‘z tizib, so‘z tanlab, o‘zligi ham sozlanib, rasolanib boruvchi shunday bir baayni bashariyat ichidagi betimsol ong sohibidir. Bu dunyo hammadan qoladigan qadim sahna. Har bir davr bu sahnaga o‘z durlarini, javohirlarini to‘kib o‘taveradi. Ne-ne zamonlar yo‘qlikka uchib, ne-ne mo‘jizalar yaratgan insonlar qaro yerga singib ketadilar. Ammo, so‘z durlari to‘planaveradi, yolqin taratib, zamin uzra yashab boraveradi. Haqiqiy she’r kishiga olov yuqtirib, dardmand qiladi, dardiga shifo bo‘ladi. Zamonaviy o’zbek she’riyatida ham kuchli, dardga shifo ulashuvchi she’rlargina adabiyotimiz xazinasida mangulikka dahldor bo’lib boraveradi. Download 0.51 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling