O`zbek tili, adabiyoti va folklori instituti huzuridagi ilmiy daraja beruvchi


Ayol shoiralar ijodida mifologik obrazlar va ertaklar


Download 0.51 Mb.
bet8/12
Sana21.06.2023
Hajmi0.51 Mb.
#1642633
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   12
Bog'liq
Zumrad dissertatsiya 1

2.2. Ayol shoiralar ijodida mifologik obrazlar va ertaklar
Ertak-insoniyat bolaligining mangu hamrohi. Ertak go‘dakning tasavvur dunyosini boyitadi, xayolini kengaytiradi, dunyoqarashini shakllantiradi. Xalqning sehrli badiiy tafakkuri ertaklarda yashaydi. Aynan shoir-yozuvchilarning kamol topishida ertaklar ma’naviy poydevor bo‘lgan. Sevimli shoirimiz Hamid olimjonning quyidagi maftunkor satrlari maktabdanoq yuragimizga joylangan.
Bolalik kunlarimda,
Uyqusiz tunlarimda
Ko‘p ertak eshitgandim,
So‘zlab bergandi buvim.
Esimda o‘sha damlar,
O‘zi uchar gilamlar,
Tohir-Zuxra, Yoriltosh,
Oyni uyaltirgan qosh…44
Hozirgi zamon jahon adabiyoti siymolaridan biri Gabriel Garsia Markes bolaligida “Ming bir kecha” ertaklarining titilib ketgan varaqlarini yerto‘ladagi sandiqdan topib o‘qigan va bu mutolaa unda yozuvchilik qobilyati shakllanishida muhim omil bo‘lgani haqida yozadi.
Ana shunday ertaklar ta’sirida ulg‘aygan chinakam ijodkor keyinchalik o‘z ertaklarini yaratadi va o‘quvchilar ommasi muhabbatiga sazovar bo‘ladi. Avvalo, shuni ta’kidlash kerakki, she’riyat tili ertaklar bilan bir xil. Masalan ertaklarda jonsiz narsalar jonli qilib tasvirlanadi, ular gapiradi, kuladi, yig‘laydi, hatto sevadi. Daraxtlar yelib yuguradi, tog‘lar chopadi. She’riyatda ham shunday.
Halima Ahmedova o‘z yangi ertaklarini yaratgan shoira. Mana bir misol:
Necha kunki tinmaydi yomg‘ir,
Ko‘z ochishga qo‘ymay tuproqni.
Tuyg‘ularin loyqalatadi
Eng zo‘r shoir-shaffof buloqni.

Daraxtlarning ko‘ngli shikasta:


“Bas qilsang-chi, bas!”- deya ingrar.
Bulutlarning mayini ichib,
Yotaverar bu mast yomg‘irlar.

Karaxt qilib yog‘ar yomg‘irlar,


Hayot tomirida xunlarni.
Shafaq bilmas o‘gay otadek
Savalaydi bebosh kunlarni45.
Shoira yomg‘ir timsolini jonli odamday tasvirlagan. So‘z o‘z ma’nosidan boshqa ko‘chma ma’noda ifodalansa, u istiora deyiladi. Rus tilida metafora deb ataladigann ushbu badiiy vosita she’riyat uchun noyob va betakror ziynat hisoblandi. Yomg‘ir hammaning joniga tegib ketgan zolim odamga o‘xshatilgan.
Tuproqni ko‘z ochishga qo‘ymaydi. Daraxtlarga ozor beradi, bulutlarning mayini ichib mast qilib, qilg‘ilig‘ini bas qilmaydi, uning zulmidan hayot tomiridagi qonlar karaxt bo‘ladi. She’r yakunida yomg‘ir zolim va beshavqat o‘gay otaga o‘xshatiladi. Shu o‘rinda kitobda “Shafaq bilmas o‘gay otadek” satri xato yozilganini ta’kidlash kerak. Ushbu satrda mantiq yo‘q. Bu shubhasiz nashriyot xatosi bo‘lishi mumkin. Aslida bu satr “Shavqat bilmas o‘gay otadek” deb to‘g‘ri yozilishi zarur. Xullas, ertaklarda o‘gay ota, o‘gay onalarning zulmi va shavqatsizligi ko‘p tasvirlangan. Halima Ahmedova yomg‘irni beshavqat o‘gay otaga o‘xshatgan. Bu betakror o‘xshatish.
Boshqa bir she’rida esa yomg‘ir childirmachi obrazida tasvirlanadi.
Atir sepib chiqqan tannoz bog‘larning
Dimog‘im to‘ldirar muattar bo‘yi.
Yomg‘irlar childirma chalar go‘yoki,
Boshlanar zaminnu osmonning to‘yi46.

Tabiat manzarasi inson hayotidagi voqealarga o‘xshatilishi Mahmud Koshg‘ariy bobomizning “Devoni lug‘otit turk” nomli noyob adabiy yodgorligidagi xalq qo‘shiqlarini esga soldi. Unda tasvirlanishicha, qish bilan bahor qo‘shin tortib, jang qilishadi, bir-biriga o‘q-yoy o‘qtalishadi va nihoyat bu jangda bahor qish ustidan g‘alaba qozonadi.i Bu badiiy tasvirlar ham aslida qish va bahor haqidagi bir ertak. Halima Ahmedovaning bahor haqidagi ertagida:


Yalpizning mastona xayoli bilan
Qulog‘imni o‘par suv taronasi
Va sochim taraydi tun tarog‘ida
Shabboda-gullarning dilkash onasi. 47
Yalpiz ifori, buloqlarning sharqirashi, shabbodaning mayin esishi, tongning tola-tola nurlari shoira yaratgan “ertak”da naqadar go‘zal va fusnkor tasvirlangan. Bu sehrli ertak davom etadi:
Shafaq atlasidan ko‘ylak tikadi,
Eng so‘ngi uslubda men uchun havo.
Bilqis surmasidan o‘g‘irlab mening
Ko‘zlarimga surtar nurli huvaydo.48
Shafaqning rango-rang tovlanishini shoira atlas matoga o‘xshatadi, hatto ko‘zga ko‘rinmas havo tikuvchi timsolida tasviralanadi. “Qur’on”dagi Bilkis malika obraziga ham murojaat etadi shoira. “Bilkis surmasi” degan ibora chuqur ma’noga ega. Sabo yurti malikasining surmasi-ko‘zni ilohiy nur bilan ochish, ko‘ngil ko‘zining ochilishi kabi ma’nolar mujassam ushbu to‘rtlikda. Tor ma’noda dunyoni bilish, keng ma’noda Allohni tanish va unga imon keltirish, degan fikrlar ifodalangan. Ko‘zga Bilqis malika surmasini surtish nigohni naqadar huvaydo qiladi, ya’ni ochadi va ravshanlashtiradi.
Yana bir she’rida shamol ko‘ylak tikadi. Bu gulning nafasidan sabo tikkan harir, shoyi ko‘ylak, uni lirik qahramonning ruhi kiyadi. Nomoddiy, qo‘l bilan ushlab, ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan narsalarni jonlantirib, ularga odam qiladigan ishlardan bajartirish faqatgina xayoliy, ertakmonand tasavvurlardagina sodir bo‘ladi.
Ruhim kiyganida gul nafasidan,
Sabo tikkan harir shoyi ko‘ylakni49.
Quyidagi satrlarni o‘qiganda haqiqatdan ham sehrli hodisalarga duch kelasiz:
Yulduzlarning ipak zarrin xayoli,
Yuvganda chang bosgan eski yurakni.50
Yulduzlarning xayoli bo‘ladimi? Ipak xayol bo‘ladimi? Zarrin xayol bo‘ladimi? Bo‘ladi. Shoira yaratgan sehrli olamda shunday bo‘ladi.
Bunday go‘zal va latofatli xayollar chang bosgan eski yurakni yuvib, tozalaydi, poklaydi. So‘z san’atining xayolning nozik hodisalarini tasavvur qilib, zavqlanasiz.
Men orzu qilaman yillar ortida,
Uyg‘otib sog‘inchning afsonasini.51
“Uyg‘otib sog‘inchning afsonasi” iborasi chuqur ma’noni anglatadi. Demak, sog‘inch afsonasi uxlab yotibdi, lirik qahramon sog‘inch afsonasini uyg‘otishni orzu qiladi. U ancha yillar oldin voqe bo‘lgan baxt va visol haqidagi sehrli xayol nazarda tutilayotganga o‘xshaydi. Aslida bolalar ertak eshitib uxlaydi. Sog‘inch afsonasi- nima u? Baxt-saodatli hayot, murodu maqsadga yetgan qahramonlar xayolga keladi.
Afsona uxlamasligi kerak. Buning uchun ertak va afsonalar to‘qiydigan xayollar, ijodkorlar bedor bo‘lishi zarur.
Ertaklarda ba’zan qo‘rqinchli voqealar tasvirlanadi. Yovuz devlar, alvastilar hamisha ezgulikning yo‘lini to‘sishga harakat qiladi. Halima Ahmedova ham hayotdagi shunday lahzalarni qalamga oladi.
Quyosh cho‘kib ketar ko‘nglim bezovta,
Jonimga ko‘chadi qushlar yuragi.
Shafaq ko‘zin yopar Shahrizodaning
Allaqachon tugab bo‘lgan ertagi52.

Har bir satrda obrazli so‘z va iboralar bor, so‘zlar o‘z ma’nosidan boshqa ma’nolarni ham ifodalaydi. Quyoshning cho‘kishidan so‘ng qushlar yuragining lirik qahramon yuragiga ko‘chishi-bedorlikdan darak berdi. Negaki, qushlar uxlamaydi, uxlasa ham juda kam uxlaydi. Xalq tilida “Qush uyqusi” degan ibora bor. Bir maqolamizda xuddi shunday obrazni tahlil qilgan edik. “Qaldirg‘och kiprigi ila chizilgan, Tunlarga ketaman, tunlarga. Bunda ham bedorlik g‘oyasi ilgari surilgan. Qaldirg‘och-mifologik obrazlardan biridir. Qushlar ham shunday obraz sirasiga kiradi. Alisher Navoiy bobomizning “Mantiq ut-tayr” asarini eslash o‘rinli.


Quyoshning cho‘kib ketishi nohush holatni anglatadi. Bu nafaqat kun botib, qorong‘u tushishini, balki hayotda nur yo‘qolib hamma yoqni zulmat qoplashiga ishora. “Ming bir kecha” ertaklarining bosh qahramoni Shahrizodaning ertaklari tugab qolgan. Shafaq ko‘zini yumadi, nahotki… Yovuzlik ustun kelsa… Hissiyot, sezgi, tuyg‘ular nohush hodisani, sovuq voqealarni his etadi.
Alvasti tun qora sochlarin yoyib,
Ohista yoqadi jinchiroqlarin.
So‘ng esa ilohiy bir sir axtarib,
Tinmasdan kezadi ko‘ngil bog‘larin53.
Alvasti ilohiy sirini topmoqchi. Alvasti jinchirog‘ini yoqib, ko‘ngil bog‘larini tinib izlagan noyob narsa nima? U muhabbat, ishq. Alvasti ko‘ngil bog‘idan ishqni topib, barbod aylamoqchi, bog‘ni vayron qilmoqchi. Ichki iztiroblar. Chinakam muhabbatni asrash, avaylash naqadar mushkul ekani timsollar va ishoralar orqali tasvirlanadi. Alvastining qora sochlarini yoyib, qo‘llarida jinchiroq ko‘tarib, bog‘ni kezib yurishi haqiqatdan ham qo‘rqinchli.
Halima Ahmedovaning ertagi shu zaylda davom etadi. Va nihoyat she’r yakunida bolalarcha soddalik bilan tasvirlangan sehrli voqealar o‘quvchini sergak torttiradi. Bu ertak emas, bu-hayot deb o‘ylaysiz.

Suyanaman vaqtning devorlariga,


Va tinglayman shamol urar ekan bong.
Tunning afsunlangan par to‘shagida,
Nazarimda qattiq uxlab qoldi tong. 54
Halima Ahmedova bizni yana bedorlikka chorlaydi. Vaqtning devoriga suyanish- bunday tasavvur faqat Halima Ahmedovaga xos. Vaqtning devoriga suyanib, shamol chalgan qo‘ng‘iroq sadolarini eshitish-tarixni tasavvur etish, vaqt qurgan qal’a devorlari ichida shamol qo‘ng‘iroq chaladi. Shamol- bezovtalik timsoli. Shamol insonni ogohlantiradi. Vaqt devorlari orasida asir tushib qolma, o‘zingni qutqar, hayoting, muhabbating uchun kurash. Vaqt qal’asining ichida alvasti tun yashaydi u tongni par to‘shakda afsunlab, qattiq uxlatib qo‘ygan. Tongni uyg‘otish zarur deya bezovtalik bilan shamol bong urayotir. Bu sadolar lirik qahramon quloqlari ostida yangramoqda. Ushbu iboralarning mag‘zini chaqsangiz, juda ko‘p narsalarni anglaysiz. Hamid Olimjonning: “Ko‘zlarimni yummasman aslo-Daryo kabi uyg‘oq o‘turman”-degan misralariga ohangdosh, mazmundosh tushunchalar hayolingdan o‘tadi.
“Bobog‘ur” degan tosh bor, undan beshikka taqinchoq, munchoqlar yasalgan. Ana shu toshga qarab, qadimda ayol shunday nola chekkan:
Bobog‘urim, boldirma,
Ustimga xotin oldirma.
Ustimga xotin oldirsang ham,
Nazar ko‘zini soldirma.
Momolarning yurakni o‘rtovchi nolalarining ohanglari Sapfoning she’rlariga mazmunan uyg‘un. Ehtirosli tuyg‘ular avj pardalarda tarannum etiladi.
O‘rmak
tegib ketdi jonga,
onajon!
O‘rmak to‘qish uchun
qolmadi holim.
Go‘zal Kipridaning
sehru jodusi
oldi ixtiyorim,
bitdi majolim55.
Qadimda qizlar gilam to‘qish bilan shug‘ullangan. Go‘zal Kiprida degani Afroditaning yana bir nomi. Demak, sevgi ilohasi-Kipridaning sehru afsuni qizni aqlu xushidan ayiryapti, demoqchi shoira.
Miloddan avvalgi V asrda yashagan yana bir Yunon shoirasi Praksilla ayol muhabbatini shunday ifodalaydi:
May ichsang, men bilan, o‘zim bilan ich!
Quvonsang men bilan birga o‘ynab-kul.
Men bilan gul tergin, faqat meni quch,
Birga devona bo‘l, birga dono bo‘l.56
Praksillaning ushbu she’ri ma’lum ma’noda momolarimizning kundoshlik balosidan iztirob chekkan “Bobog‘ur” qo‘shig‘ini eslatadi.
Zebo Mirzo “endi mendan boshqaga qarolmaysan” mazmundagi tuyg‘uni huddi shunday ifodalaydi.
Yo‘q,
Endi ko‘nglingdan chiqarolmaysan,
Umringda quyoshday porlayveraman.
Ming yillar qa’riga ketganingda ham,
Men seni samoday chorlayveraman.
Ismingni tonglarga yozaman mahtal,
G‘unchalar bag‘rida uxlayveraman.
Yo‘q, baxting meningsiz bo‘lolmas tugal,
Men seni har lahza yo‘qlayveraman57.
Samoday”, “quyoshday” tashbehlari ma’noni kuchaytiradi, ushbu tushunchalar abadiylikka ishora-sevgining o‘lmasligi, ishqning umrboqiyligini ta’kidlaydi shoira. Sevgining oldida hatto vaqt ham kuchsiz va ojiz. “Ming yillar qa’riga ketganingda ham”-ushbu mubolag‘a she’rga teran mazmun bag‘ishlaydi, tabiiyki, odam bu dunyoda ming yil yashamaydi, biroq muhabbat ming yil, undan ham ko‘p yashashi mumkin. “Ismingni tonglarga yozaman mahtal” iborasi biz shu kungacha odatlangan real voqelikni o‘zgartirib yubordi. Tasavvur qiling, tongga odamning ismini yozish mumkinmi? Hayot haqiqati nuqtai nazaridan, mantiqan mumkin emas, lekin badiiy haqiqat nuqtai nazaridan mumkin. Tonggacha sening ismingni takrorlayman, shunday takrorlaymanki, har yangi otgan oppoq tongga sening isming yozilib qoladi:
Halima Ahmedova nima uchun aniq shaxsga bo‘lgan muhabbatni emas, aynan Xudoga bo‘lgan muhabbatni tarannum etadi. Chunki insonning fe’lida yovuzlik va aldashga moyillik bor, yolg‘on bor. Odamlardan ko‘ngli qolgan kishi Xudodan najot so‘raydi. Zotan ishqni ham Xudoni o‘zi ko‘ngilga soladi.
Ko‘ksimga qamadim haydalgan ishqni
Kishanlar yasadim qorong‘u tundan.
Qonagan oyog‘in ko‘zimga surtib,
Bir yurak so‘radim telba Junundan58.
Halima Ahmedova mifologik timsollar va ularga ishoralarni she’riy matnga olib kiradi. “Haydalgan ishq” iborasida Odam Ato bilan Momo Havvoning bir-biriga muhabbati tufayli gunoh qilib, jannatdan haydalgani nazarda tutiladi. Bundan tashqari ushbu iborada yana oshiq tan olmagan muhabbat ma’nosi ham mavjud. “Iyhom” san’ati muvaffaqiyat bilan qo‘llangan ushbu misra Halima Ahmedovaning topilmasidir. Lirik qahramon yori uchun hech qanday azoblardan qaytmaydigan oshiq yurakning sohibasi bo‘lishni istaydi. Ishq dashtida devonadek kezib, oyoqlari qonab ketgan Majnunning yuragidek yurakli yor istaydi. Zotan, azob-uqubatlardan cho‘chimagan oshiqqagina haqiqiy muhabbat nasib etadi. Quyidagi satrlarda ishq azobi yanada yorqinroq tasvirlanadi:
Yaratgan, azobing ichra ochildim,
Garchi nigohingda nihon edim man.
Zaminga hokistar bo‘lib qorishdim,
Qushlar ko‘zidagi osmon edim man.59
Halima Ahmedova she’rlarida nur obraziga qayta-qayta murojaat etadi. “Ertaga ishq degan ohang topaman Adashgan nurlarning taronasidan”-deydi bir she’rida. “Ishq degan ohang” , “Nur taronasi” kabi yangi iboralarning nozik ma’nolari tasavvurni boyitadi. Xayolimizni yana ertaklarning sehrli olamiga yo‘naltiradi.
Va chiqib ketaman parizod kabi
Keksa daraxtlarning afsonasidan…60
Ertak qahramonlari parizod bilan keksa daraxtlar taqdirini nima bog‘lab turibdi? Daraxtlar bu o‘rinda ildiz va yaproq, meva va novdalar, umuman shajara uzluksiz zanjir ma’nosini anglatadi. Parilarning sehrli fazilatlari ayon. Daraxt kovagida tug‘ilgan bola (Qipchoq haqida afsona), daraxt kundasidan yaralgan bolakay (Karlo Kalodining “Pinokkioning sarguzashtlari” ertagi), daraxt tepasida turib, yovvoyi hayvonlarning majlisini tinglagan To‘g‘rivoy (“To‘g‘rivoy va Egrivoy” ertagi), o‘rmon ichida adashib qolgan Zumrad (“Zumrad va Qimmat” ertagi) kabi qahramonlarning taqdirida daraxt qanday ahamiyatga ega bo‘lganini yaxshi bilamiz. Halima Ahmedova o‘zining yangi ertagini hikoya qilyapti. Keksa daraxtlarning afsonasi, sehru jodu bilan meni ushlab turishi jonimga tegdi, ular so‘ylagan ertak meni shuncha ishontirdi, endi o‘z erkimga ega bo‘ldim deganday fikrlar xayolimizga keldi. Va shu o‘rinda shoira o‘zi ham ellik yildan beri ertak to‘qiyotganini ta’kidlaydi.
Ertaga, ertaga to‘qiyman yana,
Murod-maqsadi yo‘q so‘ngsiz ertakni.
Ellik yildan buyon aldab kelaman,
Menga ishonuvchan soda yurakni. 61
Ertak baxtli yakun topishi, qahramonlar murod-maqsadiga yetishi zarur. Biz ertaklardan shuni kutamiz va taskin topamiz, sevinamiz, ayni paytda ertak qahramonlariga o‘xshashga harakat qilamiz. Lekin hayotdagi ertaklar hamisha ham baxtli yakun topavermaydi, odam doimo ham murod-maqsadiga yetavermaydi. Shunday bo‘lsa ham baribir odam doimo orzu va umid bilan yashaydi. Ertaga yaxshi bo‘ladi deb o‘zini aldayveradi. Shundan kuch va iroda topadi. “Noumid shayton degan hikmat bor xalqimizda. Halima Ahmedovaning keksa daraxt va parizod haqidagi ertagi zamirida shunday ma’nolar mujassam.
Halima Ahmedovani dafatan so‘z sehrgari deging keladi. Chunki, uning misralari sehrli, she’rlarida yuz beradigan voqealar sehrli, tashbehlar sehrli. Umuman, so‘z san’atining o‘zi sehrli, shoirlar so‘z afsungarlari bo‘lishadi.
“Atirgulko‘z kechalar bordir”, “Mendan so‘ng yulduzga aylanar gardim”, “Kiprigim ustida bola ochdi g‘am” kabi metaforalarning mag‘zini chaqish naqadar zavqli. Bunday misollar shoira ijodida juda ko‘p.
Tuyg‘ulari olovdek haroratli, hayollari yashindek uchqur , yor tomonga borishning turfa xil yo‘llarini izlovchi Guljamol Asqarovaning she’rlariga nazar solsak.
Ayting, sizga borib bo‘larmi,
Turnalarning yo‘llari bilan62.
Yana bir metafora-“Turnalar yo‘li o‘quvchini o‘ylantiradi. Shoira nimani nazarda tutyapti? Tabiat hodisalaridan ijodkorlar ruhiy holatlar, orzu-umidlar, sezgi-kechinmalarni ifodalashda foydalanishdi.
Hayot haqiqati va badiiy haqiqat o‘rtasidagi a’loqadorlik va o‘zgachalik mana shu badiiy vositalar orqali namoyon bo‘ladi. Ma’lumki, turnalar sovuq tushmasdan avval issiq o‘lkalarga uchib ketishadi va yana bahor kelib, kunlar isiganidan keyin qaytib kelishadi. Demak, lirik qahramonning orzusi muhabbatning issiq va baxtiyor manzillaridir, u sevimli yor visoli sari turnalardek uchib borishni istaydi. Zotan, yorsiz manzil qish kabi sovuq…
Meni nega umidvor etdi,
Ko‘zlaringiz mehr-la kulib?
Ayting qachon to‘kilib ketdim,
Ko‘nglingizning yaprog‘i bo‘lib63.
Ko‘ngilning yaprog‘i bo‘lib to‘kilib ketish-betakror badiiy obraz. Tasavvur qiling, tenglashtirish-ko‘ngildan tuyg‘ulaar to‘kiladi, daraxtdan esa, yaproqlar. Hayot haqiqati shunday.
Badiiy haqiqatda esa ko‘ngildan yaproqlar to‘kiladi, daraxtdan esa tuyg‘ular to‘kiladi. Xayolda daraxt yurishi, hatto yugurishi mumkin, odam esa tuproqqa ildizi botib, bir joyda qimirlamay qotib qoladi. Xayol va tasavvur kengliklarining kashfiyotlari va mo‘jizalari naqadar betakror bo‘lsa, bu ijodkorning badiiy mahoratini namoyon etadi.
Ishqimizga qachon yetdi kuz,
Qahratonning sovuq kuliday.
Guljamol asqarovaning yashil ishq iborasi tasavvurimizni hayratlantirgan edi. Ana shu ajib holatning mantiqiy davomi sifatida muhabbatga kuz yetishini his etamiz, qahratonning sovuq kulini xayolan ko‘ramiz. Bor narsalar haqida yo‘q narsalarni o‘ylab topib gapiradi shoira.Timsollar tilida so‘zlashadi.
Meni eslab qon-qon yig‘laysiz,
Yuragimning atirguliday64.
Qahratonning sovuq kuli iborasi ishqsiz va muhabbatsiz hayotning olovi o‘chib, kulga aylanib qolgan kimsasiz kulbasi nazarda tutiladi. Ustoz shoirlar aytganiday, fikrdan obraz chiqmaydi, obrazdan esa fikr chiqadi.
“Ko‘ngilning yaprog‘i”, “Yurakning atirguli” ushbu metaforalar gul obrazining xilma-xil shakli, holati va ma’nolarini ta’riflaydi.
Botayotir ko‘zimga osmon,
Qaldirg‘ochning tumshug‘ida dil.
Chechaklarning ko‘nglida armon,
Sen qaylarda qolding, Susambl?
Ko‘zimga osmon botib ketayotgan degani intizor bo‘ldim, shunday termuldimki, ko‘zlarimga osmon cho‘kmoqda, nigohlarim shunday cheksiz, keng, hamma joyni o‘z ichiga qamrab oladi, yuragimni esa, qaldirg‘ochlar tumshug‘ida olib, uchib yuradi: nega? Chunki qaldirg‘ochlar faqat bahorda, yozda, issiq o‘lkalarda qo‘nim topadilar. Qaldirg‘ochlar sovuq va qahraton fasllarda yashamaydi. Demak, baxt-saodat, mehrli muhit izlaydi lirik qahramon. “Sen qaylarda qolding, Susambl”,-deydi oxiri. Ushbu she’rda shoira talmeh san’atidan foydalngan. O‘zbek xalq ertagi “Susambl” da shunday tasvirlar bor: “Susambl o‘tning bo‘lig‘i, suvning tinig‘i, unda azob-uqubat yo‘q, maza qilib yurasiz…Susambl juda ham keng bepoyon bir joy ekan.Havosi juda toza, narigi yoqda ulkan tog‘ bo‘lib, uning shabadasi doim g‘irillab kelib turar ekan. Yerda ko‘m-ko‘k maysalar, bedalar yashnab yotibdi. Bir yoqda bug‘doy, arpalar; bir yoqda qovun-tarvuzlar, bir tarf keta-ketguncha bog‘: unda uzum, anjir, o‘rik, shaftoli va turli-tuman mevalar g‘arq pishgan. Ariqlarda oppoq sutday suvlar sharqiraydi”. Demak, eng bahtiyor yurt Susambil shunday bo‘lsa, u bizning yurtimizga o‘xshar ekanda. Undagi bor narsalarning, hammasi bizda bor, degan fikr o‘tadi xayolimizdan. Ammo nega shoira Susambilni qo‘msayapti. Tabiatga qilingan zug‘umlar qanaqa fojealarga olib kelganiga hammamiz guvohmiz. Susambil sersuv yurt, she’rda chechaklarning ko‘nglida armon deyilyapti…Demak, chechaklar suvga zor, ayni paytda…mehrga ham…Beixtiyor O‘zbekiston qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning “Dunyo ham insonlar qalbi ham bugun Yovuzlikdan zada qo‘riqxonalar” degan satrlari yodga tushadi. Halima Ahmedovaning “Chechaklarning ko‘nglida armon, Sen qaylarda qolding, Susambil?” degan satrlari mazmunan “Qo‘riqxona” she’riga hamohang.
Guvohi bo‘lganimizdek, Halima Ahmedova she’rlarini ertakmonand yozadi, ertak voqealari va qahramonlaridan foydalanadi. Ayni paytda “ertak”, “afsona” so‘zlari goho baxtli-saodatli, sehrli hayot, goho yolg‘on turmush, bo‘lmagan voqea, amalga oshmaydigan orzu-umidlar ma’nosini ifodalaydi.
Lirik qahramon goho ertak va afsonalarga ishonadi, gohida mutlaqo ishonmaydi. Matnda ishora, timsol vazifasiga qarab ma’nolar farqlanadi.
Sendan kechib, sendan ketarman,
Quchoq to‘la zangori chechak.
O‘tsam, faqat sendan o‘taman,
Murodiga yetmagan ertak.65
Voz kechish iborasi-yolg‘on, aldov, nomardlik, va’daga vafo qilmaslikdan voz kechishni anglatadi. Mardlik, fidoiylik, to‘g‘rilik, o‘z so‘zining ustidan chiqish ulug‘lanadi. Murodga yetmagan ertakni tan olmay o‘taman, deydi shoira. Dunyo tushunchasi ham goho yolg‘onchi sifati bilan nomlanadi. “Murodga yetmagan ertak” timsolida so‘zning mana shu ma’nosi ham mavjud. Keyingi satrlarda ushbu ishora yanada aniqroq ochiladi: “Bu dunyoning turishi nayrang, uzoq yashab qo‘ydi-ku ko‘ngil”. Ko‘zlarimda Olloh bergan rang, Meni olib ketarar Susambil”…Yana qarama-qarshi ma’nolar. Bu dunyoni yolg‘on ertak, degan shoira, yana o‘zi ertakka ishonadi-Susambil-ertakdagi bahtiyor yurt meni olib ketadi, deydi.
Bu timsollar, so‘zlar shunchaki ma’no tovlanishlari yoki so‘z o‘yinlari emas. Bu she’rlar inson qadri tarannumi, sadoqat, fidoiylik, saxovat, mardlik kabi olijanob fazilatlar targ‘iboti deb qabul qilamiz. Yaxshi niyat bilan kelajakka ishonch tuyg‘ulari yurakni nurlantiradi.
Biror bir narsaning dardu alamini boshidan kechirmagan kimsa uni na taniydi, na sevadi. Sevgi-muhabbat singari may va mayxo‘rlikda ochiladi.
Halima Ahmedova inson umrining mohiyati haqida falsafiy xulosalar chiqaradi. Alloh har insonning qismatini peshonasiga bitadi. Lekin mubolag‘a san’ati vositasida shoira men mashshota-zaynat beruvchi, pardozlovchi yanglig‘man, deydi:
Qismat daftariga mashshota yanglig‘,
Qirqta afsonani qoraladim man66.
Bu qirqta ertak, qirqta afsona-inson umrining qirq yilidir. Qirqta taqdirni umrimdan kechirdim, Xudoning marhamati bilan qirqta afsona boshimga tushdi, men ularni qismat daftariga qoraladim-yozdim, demoqchi shoira. Lekin men u afsonalarni ziynatlab yozdim va ayni paytda bu afsonalar qismat daftariga ziynat bo‘lib tushdi, degan ma’no ham anglashiladi. Haqiqatan, ham Halima Ahmedova bitgan she’rlar, nashr etgan kitoblar adabiyotimiz xazinasiga ziynat bo‘lib tushdi va uzukka ko‘z qo‘ygandek munosib jilo taratib turibdi.
Shoir va uning she’rlari taqdiri Olloh bergan iste’dodga bog‘liq. Badiiy san’atlar, hayol kengligi, tasavvur sehri bilan bitilgan asarlarni o‘quvchilar hamisha qadrlaydi. Inson umri cheklangan, lekin shoir yaratgan she’riyat umrining naqadar uzun yoki qisqaligini vaqt va o‘quvchilar hukmi belgilaydi. Halima Ahmedova ramziy ma’noda o‘z o‘quvchilariga shunday murojaat qiladi:
Qushlaru maysalar-dugonalarim,
Singan yuragimni yig‘lab teringlar,
Ertaga qaytmasam olis tushlardan,
Ismimni shamolga bog‘lab beringlar67.
Chinakam she’riyat quyosh, yomg‘ir va shamol yanglig‘ barhayot yashaydi. Ismini shamollar shivirlab kuylagan shoir hamisha barhayotdir. Halima Ahmedova Yangi O‘zbekiston adabiyotida o‘zining betakror ovozi, ezgu ertaklari bilan she’riyat ixlosmandlari ko‘nglini rom aylagan.

Download 0.51 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   12




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling