Fonetik va fonologik transkripsiya. Ma’lum bir maqsad uchun turli sohalar bo‘yicha ishlatiladigan transkripsiyaning aniqlik darajasi bir xil emas. Shundan kelib chiqib, transkripsiyaning bir qancha turlari bor. Tekshiruvchining vazifasi va maqsadlari bilan bog‘liq holda uning turlari ko‘rinishlari qo‘llanilishi mumkin. Masalan, qardosh tillarning fonetikasini, aniq bir tilning fonetikasini tarixiy jihatdan bayon etishda fonetik transkripsiyadan foydalaniladi. Xalq orasida nomi keng tarqalgan dostonlar, ertaklar, termalar va boshka xalq og‘zaki ijodi materiallarini yozib olishda, nashr etishda ham fonetik transkripsiyadan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Aks holda ularning qimmatiga putur yetadi yoki kamayadi.
Lingvistik asarlar (qiyosiy va tarixiy grammatikalar, etimologik lug‘atlar, turli xil matnlardan namunalar va shu kabilar) ni nashr etganda transliteratsiyadan foydalanilsa ham, qardosh tillarning fonetikasi qiyos qilinganda, dialektologik ishlarda va dialektologiya fanida fonetik transkripsiyadan foydalaniladi. Xalq og‘zaki ijodiyoti yodgorliklarini nashr etganda mavjud alfavitdan foydalanilsa, bu yodgorliklar dialektal qimmatini yo‘qotadi. Shuning uchun ularning talaffuz xususiyatlarini mumkin qadar saqlash maqsadida fonetik transkripsiya qo‘llanadi.
Demak, mohiyat jihatidan eng aniq transkripsiya fonetik transkripsiyadir. Bu transkripsiya umumiy va xususiy fonetika, shu qatori eksperimental fonetika yutuqlariga asoslanadi. Fonetik transkripsiyaning vazifasi tilda mavjud bo‘lgan hamma tovushlarni yozuvda aks ettirishdir.
Faqat fonemalarnigina hisobga olish uchun ishlatiladigan transkripsiya fonologik transkripsiya deyiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |