O’zbek tili va adabiyoti kafedrasi o‘ta-21. 2 Guruhi talabasi sultonova diloromning


Abdulla Oripov ,, O’z haqimda bir og’iz so’z’’


Download 184 Kb.
bet6/10
Sana18.01.2023
Hajmi184 Kb.
#1099241
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
Bog'liq
Jannatga Yol

1.2 Abdulla Oripov ,, O’z haqimda bir og’iz so’z’’
Mening tug’ilib o’sgan, bolaligim o’tgan joylar Qarshi (qadimgi Nasaf) shahridan besh-o’n chaqirim shimolroq tomondagi Qo’ng’irtov etaklaridir. Qo’ng’irtov degani u yerda dov-daraxt yo’qligi, ko’rinishining kulrang-qo’ng’ir tusda bo’lganligidandir. Qo’ng’irtovda yagona sho’r suvli buloq bor, uni Qo’tirbuloq deydilar. Chunki uning sho’r, tuzlik suvidan odamlar turli dardlariga shifo topib yuradilar. Geolog do’stlarimizning aytishlariga qaraganda u nihoyatda eski tog’ning qoldig’i, cho’kirtaklari ekan. Bu tog’ning narigi tomoni Samarqand, berigi tomoni Buxoroi sharifga yuz tutib turibdi. Bobolarimizning aytishicha, qaysi bir zamonlarda Navoiy bobomiz Samarqanddan Buxoroga ana shu Qo’ng’irtovni oshib o’tgan emishlar. Albatta, bu gaplar xalqning xotirasida o’qtin-o’qtin chaqnab turadigan xayol uchqunlari bo’lishi mumkin. Qishlog’imizning nomini Neko’z deydilar. Uning ma’nosini men yaxshi bilmayman. Har holda u qadimiy o’zbek urug’larining bir shoxobchasi bo’lishi mumkin. Darvoqe, Amir Temur bobomizning onalarini Neko’zbegim ham deganlar.
Ota tarafdan katta bobolarim Norboy bobo, Boymurod bobo, Ubaydullo bobolar bo’lishgan. Undan keyin mening otam Orif bobo. Ona tarafimdan bobomni Erdona karvon deganlar. U kishi chamamda, qandaydir karvonchilik bilan mashg’ul bo’lgan.
Qishlog’imizda suv nihoyatda taqchil edi. Qashqadaryodan tortib kelingan ikkita ariq bo’lib, birini Xomariq (Xonariq ham bo’lishi mumkin), ikkinchisini G’adang deyishgan. G’adang arabcha so’z, ma’nosi yoyning o’qini bildiradi. Go’yo Qashqadaryo egik kamon bo’lsa, G’adang undan otilgan o’q kabi. Lekin bu ariqlarga suv juda qiyinchilik bilan chiqar, shu sabab odamlar ariqni tinimsiz chuqurlashtirgani-chuqurlashtirgan edi. Bu jarayonni hayrov der edilar. Suv etarli joyda albatta u-bu narsalar ekilardi, tog’ning etaklari lalmikor erlarda esa asosan bug’doy, arpa etishtirilardi. Ayonkim, bu poyonsiz qir-adirlarda chorva ko’p edi. Tuya, yilqi, qo’y deganday. Quduqlarning suvi batamom sho’r, ichishga yaroqsiz. Lekin uni negadir mol-hol ichib yuraverardi. Ayniqsa bahor paytlarida bu erlarga yog’in ko’p tushar, Qo’ng’irtov etaklari ming o’t-o’lan, chuchmoyu qizg’aldoqlar bilan, quyontovug’u ismaloq bilan, karragu hazoriisfand bilan, qo’zigullar bilan qoplanar, atrof-tevarak jannatiy bir manzara kasb etardi. Sel suvlari to’planib qolgan kichik-kichik ko’llarni «qoq» deyishardi. Uning toza suvini odamlar tashib ichishar, bola-baqra chuchmomoyu ismaloq, zamburug’ terib, Qo’ng’irtov etaklarida kunlarini kech qilar edi. Bu erlarga bahorda turna tushardi. Turnalar o’t-giyohlarni terib eb, qo’y-qo’zilarning orasida bemalol, behadik yuraverishardi. Shuningdek, Qo’ng’irtovda u paytlari kiyik ko’p edi. U kiyiklarning zoti, keyin bilishimcha, xonguli ekan. Ular hozir Buxoro atrofidagi qo’riqxonada saqlanib qolgan. Emishi bor edi shekillik, bo’ri, tulki, shaqol ham ko’p edi bu joylarda. Keyinchalik, atrof-tevarakni odamlar ishg’ol qilib olishgach, yovvoyi hayvonlar o’z-o’zidan yo’qoldilar. Turnalar, laylaklar kelmay qo’ydi. Kiyikni esa hazrati Insonning o’zi eb bitirganiga o’zim guvohman.
Otam rahmatlik kolxozda rais bo’lib ishlar, raykomning kotiblari (ayniqsa o’ris kotiblar) qishlog’imizga tez-tez tashrif buyurishib, usti ochiq gazik mashinalarda ko’pincha tunda kiyik oviga chiqishardi. Kiyik jonivor kechasi qorong’ida mashina yorug’iga ro’para kelganda ko’zi qamashib joyida taqqa to’xtab qolardi. Ana o’shanda uni otib olsayam bo’ladi, tutib olsayam bo’ladi. Esimda, bir safar o’sha kotiblardan biri ovga chiqib, o’n ikkita kiyikni otib, mashinaga bosib kelishgan edi. Ulardan bittasini uyda qovurib eyishdi. Kiyikning go’shti qizg’ish bo’lib, g’oyatda issiqlikdir.
O’shanda onam rahmatlik haligi ovchi kotiblarni o’zicha o’kinib-o’kinib qarg’agani hamon yodimda. «Nafsingga o’t tushgur, kiyik esang bittasini e, o’n ikkitasini o’ldirib nima qilasan», derdi onam. Ular qolgan kiyiklarni mashinaga bosib, shaharga ketishardi. Saldan keyin Qo’ng’irtov harbiylar ixtiyoriga o’tib, ular mashq qiladigan joyga aylandi. Qo’ng’irtovni okop-transheya qazib, tilka-tilka qilib tashladilar. Hamma yoqda tanklar o’rmalab, bombalar portlab yotardi. Bunday joylarda hatto yumronqoziq ham qolmagan edi. Keyinchalik harbiylar u joylarni tashlab ketishdi.
O’sha Qo’ng’irtovda bizning bolalik yillarimiz o’tgan. Bahor kelganda havoni o’t-ulanning yoqimli xushbo’y xidi qoplar, sharros yomg’ir quyganda biz tog’ cho’qqisi unguridagi kichik-kichik g’orlarga bekinib olardik. O’sha yuksaklikdan shimol tarafdagi yam-yashil bepoyon kengliklarni tomosha qilar edim, to’yib-to’yib nafas olar edim. Ayniqsa bu joylarda janub kechalari, yulduzli osmon nihoyatda go’zal bo’lar edi. Tim qora osmonda qo’l cho’zsang etgudek ulkan-ulkan novvotrang yulduzlar charaqlab turadi. Hayotimda bunday go’zal manzaralarni keyin uchrata olmadim.
Qishlog’imizda quduq suvi ichishga yaroqsizligini aytib o’tdim. Biz chuchuk suvni to’rt chaqirim naridagi Eshonquduq degan qishloqdan tashib kelar edik. Eshakka to’rtta ko’zani kajava qilib ortib olardik. Ko’zalar bir-biriga to’qishib sinib ketmasligi uchun alohida yog’och qoliplarda joylab qo’yilardi. Bu qoliplarning yana bir yaxshi tomoni shuki, ko’zaning dastasi sinib mundiga aylanib qolganda ham uni qolipga joylab, bemalol ishlataverish mumkin. Bir kuni ikki mahal suvga chiqardik, ayniqsa saraton kunlari Eshonquduqqa qatnash o’lguday zerikarli bo’lardi. Yuragim siqilib ketganidan bir nimalarni ming’ir-ming’ir to’qib, o’zimni ovutardim, shekillik.
Endi gapni beriroqdan boshlasak, bu dunyoning voqea va hodisalari xotiramda to’rt-besh yoshlarimdan boshlab qolgan. Urushdan qaytmaganlarning azalari-yu, qaytgan mayib-majruh qishloqdoshlarimning qo’ltiqtayoqni to’qillatib yurganlari esimda. Ocharchilik, odamlarning kunjara eganlarini ko’p ko’rganman. Balki vaqti-soati etib, men bu kechinmalarimni batafsil yozarman. Chunki hozir mana shu sahifalarga sig’maydigan rang-barang xotiralarim juda ko’p. Biz oilada to’rt o’g’il, to’rt qiz o’sganmiz. Akalarim Buxoro, Toshkent oliy o’quv yurtlarida til-adabiyot fakultetlarida o’qishardi. Tabiiyki, ular ko’tarib yurgan kitoblarning aksariyati badiiy adabiyot namunalari edi. Mening allaqachon savodim chiqqan, kitoblarni sharillatib o’qiy olardim. Men bugungi kunda g’oyatda ajablanib shularni eslayman. Negadir bolaligimda xotiram nihoyatda kuchli edi. Bir o’qiganim esimda qolaverar edi. Radio, televidenie yoxud boshqa tomoshalar bo’lmaganidan keyin ermagim kitob edi-da. Duch kelgan narsani o’qib, duch kelgan narsani yodlab olardim. Bu kitoblar orasida xalq dostonlari ham, Navoiy bobomizu Pushkindan tarjimalar ham, G’afur G’ulom, Hamid Olimjon she’riyati va yana boshqa ko’p ro’monu qissalar bo’lardi. Darvoqe, qish kunlarida to’ylarga qo’shni tumanlardan nomdor baxshilar kelib, tong otguncha doston aytishardi. Biz bolalar baxshini tinglay-tinglay bir-birimizga biqinishib uxlab ham qolar edik. Yanglishmasam, o’shanda Umur shoir degan baxshining dostonlarini ko’p eshitganman.
Bir qo’shnimiz g’oyat pokdomon Kamolxon eshon degan kishi bo’lardi. Rahmatlikning onasini Bibi momo derdilar. Bilmadim, ular balki Kattaqo’rg’on yoqlardan kelib qolishgan. Bibi momo o’ta darajada savodxon buvi edilar. Onam rahmatlikka ergashib, ularning suhbatiga qatnashib qolardim. Bibi momoning kattaligi sandaldek keladigan kitobi bor edi. Kitobni Navoiy-kitob derdilar. Bibi momo Farhodu Shirin, Layliyu Majnunlarni chunonam qiroat bilan o’qirdiki, ma’nosini ko’pam tushunmasam ham qiroatdan maza qilardim.
Endi birinchi she’rlar yoza boshlaganimga nima turtki bo’lganini aniq bilmayman. Har holda so’zlarni qofiyalashga ishqiboz bo’lib qolganim esimda. Balki zerikkanimdan, balki zavqim toshib, nimanidir yozgim kelaverardi. Fikr esa yo’q. Yozmaslikning ham iloji yo’q. Shuning uchun ona, ota, maktab, brigadir Nodir kabi gaplarni o’zimcha she’rga solib aylantirib yurardim. Undan tashqari, yana bir qiziq detal. Mendan katta akam, hozir u qishloq xo’jaligi sohasida professor, she’r yozib, muttasil «Lenin uchquni» gazetasiga jo’natib turardi. Gazetadan kelgan javob xatini akamga bildirmay o’qirdim. Xatda jumladan bunday gaplar yozilgan bo’lardi: «Abdurazzoqjon, she’ringizning mavzui yaxshi, lekin qofiya-turoqlari chatoq va hokazo». Keyin men qofiya-turoqni o’rganish uchun rosa kitob titardim. Akam bo’lsa, unga kelgan javobni men o’qiganimdan bexabar, men qayta elimlab qo’ygan konvertni ochib o’qir, «nima yozibdi» deb so’rasam, jahl bilan «ishing bo’lmasin» deb xatni burda-burda qilib yirtib tashlar yo bo’lmasa yoqib yuborardi.
U mahallardagi mening she’rlarim mavzu tarafdan ham, shakliy jihatdan ham, albatta taqlid edi. O’qigan she’rlarimda hamma shoir asosan Stalin, Moskva-Kreml haqida yozishardi. Men ham «yo bismillo» deb o’shalarni kuylay boshlaganman. Bir kuni xonadonimizga rayon rahbarlari mehmon bo’lib kelishdiyu, chamamda musallasxo’rlik ham qilishdi. Ularning ba’zilari mening she’r yozib yurganimdan xabardor ekan shekilli, daf’atan chaqirib, menga «she’r o’qi» deb qolishdi. Men «Kreml devorlari» degan she’rimni tantanali ravishda o’qidim. Yaqinda yuz yoshni qoralab qazo qilgan Hamroqul ota Mamedov edi shekilli (o’shanda rayijroqo’m raisi), kayfiyati balandmikan, dadilligi qo’zib, «o’g’lim o’zing Kremlni ko’rganmisan?» — deb qoldi. Men «yo’q» dedim. U kishi «bo’lmasa ko’rmagan narsangni bunday keyin yozma!», deb qoldi. O’shanda egan dashnomim menga hozirgacha dars bo’lib kelayotir.
Maktabni oltin medal bilan bitirdim. Akalarim turli shaharlarga o’qishga ketib qolgani uchun otam meni qo’yib yuborgisi kelmadi. Bu orada Zarafshondan Eski Angor kanali qazilib, qishlog’imizga bir daryo suv oqib kelgan, odamlar katta quvonch bilan bog’-rog’lar yaratishga kirishib ketishgan edi. Bizning bog’imizda ellik tupdan ortiq sarhil olma navlari, uzumu anjir va boshqa mevali daraxtlar gurkirab o’sib, mo’l-mo’l hosil berib yotardi. Otam belkuragu ketmonni ko’tarib, bog’ni parvarish qilar, men otamga doimiy yordamchi edim. Xullas 1958 yil Toshkent Davlat universiteti filologiya fakultetining jurnalistika bo’limiga kelib qoldim.
She’rlarim avval tuman, viloyat gazetalarida bosilib turgan bo’lsa-da, birinchi marta respublika gazetasida «Lenin uchquni»da «Qushcha» degan she’rim bosilib chiqqan. Men she’rim chiqqan kun bu gazetani «To’qimachilar saroyi» kinoteatrining «Qizil burchagi» da ko’rib qolganman. Bu orada qanchadan qancha she’rlarim, to’plamlarim chop etildi. Biroq, ilk she’rim bosilib chiqqan o’sha daqiqalar, uning quvonchi sira-sira esimdan chiqmaydi. Balki bu ham adabiyotdagi birinchi muhabbat nash’asidir.
Universitetda adabiy jarayon g’oyatda qizg’in edi. Adabiyotimizda iz qoldirgan va qoldirayotgan ko’pdan ko’p ijodkorlar o’sha yillari dorilfununning turli kurslarida tahsil olishardi. Barchaning nomini sanab o’tirishim shart emasdir. Ular o’zlari yozgan tarjimai hollaridan bilib olarsiz.
Fakultetimizda adabiyot to’garagi muttasil faoliyat ko’rsatardi. Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qo’shjonov kabi ustozlarimiz biz bilan soatlab mashg’ulot olib borardilar. Ayniqsa, Ozod Sharafiddinov juda dadil edi. Moskvada biror asarni qoralab qolishsa, o’sha asarni darhol o’qib-o’rganib, o’zimizcha bahosini berardik. Masalan, badnom qilingan Boris Pasternak haqida «u yomon shoir emas» degan xulosaga kelganmiz.
She’rlarim matbuotda tez-tez bosila boshladi. Ozod akaning «Oq yo’li» bilan «Sharq yulduzi»da she’rlarim chiqdi. Yozuvchilar uyushmasida mushoiralardan birida «Munojotni tinglab», «Burgut» degan she’rlarimni o’qidim, o’sha kuni Abdulla Qahhor nazariga tushdim. Mirtemir domla atrofida ko’p shogirlari qatori saboq oldim. Shayxzodadek donishmand ustozga ergashib u kishi she’r o’qigan minbardan men ham she’r o’qidim. Esimda, Eski shahardagi hozirgi «Turon» kutubxonasida o’qigan she’rlarimni tinglovchilar juda iliq kutib oldilar. Uchrashuvdan qaytayotganimizda Shayxzoda domla bilagimdan tutib, «Shoir, sizga bitta gapim bor. Ehtiyot bo’lgaysiz, ishqilib qarsaklardan taltayib ketmasangiz bo’lgani» degan. Bu gaplar ham mening qulog’imga qo’rg’oshinday quyilib qoldi.
Bu orada kitoblarim ketma-ket nashr qilindi. Ustoz G’afur G’ulom qatnashgan davralarda she’rlarini o’z og’izlaridan necha-necha bora eshitdim. Bir safar G’afur aka elkamga qoqib, «Kecha televizorda she’r o’qigan bola senmisan. Yozaver o’g’lim» deganlarini hech qachon unutmayman. Va nihoyat bir kuni meni Oybek domla yo’qlayotganini aytib qolishdi. Bu ulug’ zot bemorroq bo’lganlari sababdanmi, yoki salobatlari g’oyat buyukligidanmi, xonadonlariga har qanday qalamkash yurak yutib borolmas, bahaybat cho’qqiga boqqanday domlani uzoqroqdan tomosha qilib yurardik. Oybek domla bilan uchrashuvlarimni hamda kechirgan hayajonlarimni qog’ozga tushirsam bir risola bo’lar. Domlaga «Armaniston» degan she’rimni o’qib berganimda «ingichka, ingichka» deb qo’yganlarini eslayman. Bu xitob she’ringizda nozik qochirimlar bor degani bo’lsa kerak, deb o’ylayman. Oybek domla keyingi safar chorlaganlarida qo’limga O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga a’zolikka tavsiya qog’ozini tutqazdilar. Ikkinchi tavsiya Mirtemir domladan keldi. Shu yo’sinda uyushmaga Komil Yashin raisliklarida a’zo bo’lib kirdim.
So’ng turli matbuot idoralarida xizmat qildim, katta-kichik mukofotlarga, xalq shoiri unvoniga sazovor bo’ldim. Mustaqillik yillarimizning buyuk in’omi O’zbekiston Qahramoni unvoniga ham loyiq topishdi. Asosiy ish faoliyatim ijod va ijodiy sohaga tegishli xizmatlar bilan o’tayotir.
Endi ochig’ini aytganda, kamtaringina bir ijodimiz borligi uchungina yuqoridagi tarjimai holimizga ehtiyoj sezilipti. Demak, endi asosiy gap ijod atrofida bo’lmog’i lozim. Eng avval shuni uqtirib aytmog’im lozimki (maxsus iltimos yoki topshiriq tufayli yozilgan ayrim she’rlardan tashqari) mening deyarli har bir she’rim hayotdagi ma’lum bir voqea, hodisa bilan bog’liq, jo’nroq qilib aytganda, har birining turtkisi bor. Masalan, «Ayol» degan she’rim urushdan qaytmagan amakilarimning bevalariga bag’ishlangan. Men ularning iztiroblarini ko’rib, kuzatib ulg’ayganman. Yoxud «O’zbekiston» qasidasining yozilishichi? Buning yozilishiga nima turtki bo’lgan, deyilishi mumkin. Gap shundaki, Vataning butun Sovet Ittifoqi deb uqtirib turilgan bir paytda, menga O’zbekiston nima bo’ldi ekan, degan savol yuragimning tubida paydo bo’lib, hoynahoy, «Vatanim — O’zbekiston» deb she’r yozgan bo’lsam, tilimizning har qadamda erga urilayotganini ko’rib «Ona tilimga» nomli she’rni yozganman. Ishxonamiz yonida bir sassiq hovuz bo’lib, unda uch-to’rtta tilla baliq og’zini kappa-kappa ochgancha o’lar holda kun o’tkazardi. Boshqa shoirlar qatori o’sha baliqlarning holiga achinib, men ham «Tilla baliqcha» degan she’r yozib, baloga qolganman. Emishki, sassiq hovuz deganda sovet tuzumini nazarda tutganman. Demakkim, haqiqatdan ham bir gap bor ekanki, arqon ularning ko’ziga ilon bo’lib ko’rinibdi.
Hozir o’tgan yillar butun nuqsonlari bilan ko’zga tashlanib, tanqidga uchrab turgan bir davrda o’tgan zamondan jabr ko’rgan «qahramonlar» ham oz emas. Ba’zan o’sha zamonlarda qamalgan oddiy kissavur ham o’zini zamondan nohaq jabr ko’rgan zot deb e’lon qilishni xush ko’radi. Lekin sobiq mafkuradan, sobiq siyosatdan haqiqatdan ozor chekkanlar ko’pchilikdir va ularning tarixlari hammamizga ma’lum. Har holda o’sha tazyiqlardan 60-yillarda adabiyotga kirib kelgan yoshlar ham bebahra qolmaganmiz. Men bu gaplarni zinhor-bazinhor o’zimni jafo chekkan sho’rlik shoir sifatida ko’rsatish uchun aytayotgan emasman. O’sha yillari mening yosh idrokimni ikki-uch savol qattiq qiynardi. Birinchisi, nega mening xalqim ikkinchi sort, ikkinchisi, nega mening tilim beobro’, nega mening Vatanim mavhum. Nega tabiat ato etgan his-tuyg’ularni ham oshkora izhor qilish mumkin emas, masalan, yaqin qarindoshing o’lsa marsiya yozish mumkin emas, muhabbating baxtsiz bo’lsa, nadomat chekish gunoh va hokazolar. Endi o’ylasam, hamma xalqlar katta bir yilqi uyuri singari bitta qamchining ishorasiga bo’ysunib yashar ekan. Nafaqat moddiy, balki ma’naviy boqimandalik ham xuddi shu uyurchilikning oqibati bo’lib, uning ta’siridan hanuzgacha ko’pchilik qutulolgan emas. O’sha yillari yozilgan talay she’rlar xuddi ikki tomchi suvdek bir-biriga o’xshashligining sababi shunda. Men bu o’rinda boshimdan o’tgan turli mayda-chuyda tazyiqlarni eslab o’tirmayman. Lekin bir gapni aytmasam bo’lmas. Mening ijodimda yolg’izlik, mahzunlik tuyg’ulari ko’p uchraydi, deya dakki berishgan va buning sababini turlicha sharhlashgan ham. Aslida esa mening tabiatim o’zi shunaqaroq bo’lsa kerak. Ikkinchidan, meni qiynagan savollarga javob topolmay o’rtangandirman, uchinchidan, shu hasad degan baloning hujumiga juda erta duch keldim. Bularning barchasi satrlarimda qandaydir shaklda aks etgan bo’lsa ajab emas. Chunonchi, hajviy ruhdagi she’rlar ham qandaydir sun’iy ravishda yaratilgan emas. Ko’p qatori meni ham laqillatgan, aldagan odamlarning son-sanog’i yo’q. Haligiday achchiqroq she’rlarning yozilishiga albatta o’shalar sabab bo’lgan.
Men tarjimachilik bilan ham shug’ullandim. Ushbu mashg’ulotimning eng asosiysi Dantening «Ilohiy komediya»si deb bilaman. Hozircha uning «Do’zax» qismi tarjima qilinib, nashr etildi. Bu asar tarjimasiga qo’l urishimga rahmatli Sharof Rashidov sababchi bo’lganlar. Atrofimizda turli qora yorliqlar aylanib qolganda Sharof aka bizni o’zlaricha muhofaza qildilar shekilli yoki ijodni butunlay tashlab ketmasin degan xayolga bordilarmi, «Komediya» ni tarjima qilishni menga topshirdilar. Tarjima jaryoni men uchun eng ulug’ maktab bo’ldi. Agar qog’oz ustida eng ko’p ter to’kkan bo’lsam, o’sha tarjima ustida to’kkanman. Ona tilimizning naqadar boy ekanligiga imon keltirgan bo’lsam, o’sha tarjima jarayonida imon keltirganman. Azbaroyi tarjima asl nusxadan kam bo’lmasligi uchun tilimiz boyligidan imkon boricha to’liq foydalanish uchun izlandim, til xazinamizdan so’zlar axtardim. Bunga nechog’liq erishganman, bu boshqa mavzu, biroq ishondimki, bizning tilimiz hech bir mubolag’asiz jahondagi eng go’zal va eng badavlat tillardan biridir. O’rni kelganda yosh shoir ukalarimga bir gapni aytib o’tay, zinhor bitta she’rni bir o’tirishda yozdim deb maqtanib yurmang, she’r, ya’ni so’z ayrim unli va undoshlariga qadar tinimsiz sayqal topgandagina va ayni choqda birinchi yozilishdagi ruhiy quvvati va sehrini yo’qotmagan taqdirdagina mukammal asarga aylanishi mumkin. Albatta, men bu kamolotga erishganman, demoqchi emasman. Lekin mumtoz adabiyotimizni o’qib-o’rganib, Dante singari shoirlarni tarjima qilib shu xulosaga kelganman. Men hozir tajribamni emas, balki orzu-armonlarimni aytayotirman.
Avvalgi mafkura, ayniqsa Stalin hayotligi davrida shoirlar shaxs sifatida o’z yuragini ocholgan emas edi. Keyingi davrdagi muhit sharofati bilan bizning avlod shoirlari yurakdagi dardlarini asta-sekin ocha boshladilar, bu dardlar xalqning umumiy dardiga, xalqning pinhona kayfiyatiga bir qadar mos tushdi va o’quvchilar necha o’n yillardan buyon eshitilmagan ohanglarga quloq tuta boshladi. Asta-sekinlik bilan yolg’onni yozishga umuman ehtiyoj qolmadi. Ayniqsa, O’zbekiston mustaqilligidan keyin ko’pchiligimiz behudaga laylak haydab yurganimiz ma’lum bo’lib qoldi.
Dunyoda mavzu shu qadar ko’p ekanki, uni tanlab olishda muallif goho shoshib qolishi mumkin. Masalan, xalqimizning shonli tarixini hali yuz-ikki yuz yilda yozib ado qilish qiyin. Lekin yozuvchining oddiy tarixnavis, yilnomachidan farqi bor. U ko’proq o’z muayyan g’oyalariga mos keluvchi mavzularni izlaydi. Shu ma’noda asrlar bo’yi kamsitilgan, haqoratlangan Amir Temur bobomizning obrazi mening uchun xalqning obro’-e’tiborini, qadrini belgilovchi obraz bo’lib ko’rindi. «Sohibqiron» asarimni o’tmishga boqib, bugun uchun yozganman.
Uzoq yillik ijodiy tajribamdan xulosa shulki, ijodkor iste’dodining darajasidan qat’i nazar iloji boricha o’zini yolg’on-yashiqdan olib qochsin. Iloji boricha, katta va kichik haqiqatlarni bir-biridan farqlay olsin. Ya’ni har doim ham o’zining shaxsiy kechinmalarini butun bir xalqning kechinmalari deb e’lon qilishdan o’zini tiysin. Aksincha, xalq dardini o’zining shaxsiyati filtridan o’tkaza bilsin. O’zining shaxsiy dardini xalqniki deb emas, balki xalqning dardini o’ziniki deb bilsin.
Mening inson va ijodkor sifatida baxtim — O’zbekistonimning Mustaqilligini ko’rdim va nebaxtkim ozod vatanimga baholi qudrat xizmat qilib yuribman.


Download 184 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling