SHe’riston ─ she’rlar jamlangan bir xayoliy o’lkani tasavvurimizda jonlantirar ekan, o’zbek tilining so’z yasalish qolipida mavjud bo’lgan -iston affiksining adabiy me’yorga mos bo’lmagan so’z yasashda ishtirok etishi ekspressivlikni vujudga keltiradi va shu orqali estetik funktsiya bajaradi.
Mana bu misolda ham okkazionalizmlarning estetik vazifasi o’zgacha jihatdan ifodalanadi: Ko’z oldida fazoli manzaralar Bo’yoqlarga to’lgan xayolxonasi, Lojuvard ko’k, zumrad chaman daralar Ko’k telpakli ko’kimtil tog’ siynasi. (M.SHayxzoda)
SHe’rdagi qaysi misra okkazionalizm emas? fazoli manzaralar, bo’yoqlarga to’lgan xayolxonasi faqat bir marta ishlatilayotganligi, g’ayritabiiyligi bilan inson hissiyotiga ta’sir etadi. Bu o’rinda mavjud til birikmalari nutqda o’zgacha birikmalar hosil qilib, til bilan nutq orasidagi munosabatda zidlik namoyon bo’lmoqda va bu zidlik estetik qimmat kasb etmoqda.
Demak, til va nutq birikliklarining o’zaro zid munosabatda bo’lishi natijasida vujudga kelgan g’ayritabiiylik okkazionalizmlarni paydo qiladi, ya’ni til birliklari nutqda adabiy she’r o’lchovidan chetga chiqadi va kutilmagan nutqiy shakllar yaraladi.
Bu nutqiy shakllar yuqorida sanalgan nominativ, xabar berish, baholash vazifalari bilan birga estetik vazifani ham bajaradi. SHuni alohida ta’kidlash lozimki, okkazionalizmlarning baholash vazifasi estetik vazifa bilan qay jihatdandir chatishib ketadi. Agar ijobiy ma’no ifodalaydigan okkazionalizmlar estetik kategoriyalardan biri ─ go’zallik bilan ma’no jihatdan aloqador bo’lsa, salbiy ma’no ifodalaydigan okkazionalizmlar esa xunuklik kategoriyasi bilan bog’liq bo’ladi. Go’zallik va xunuklik ma’nolari ifodalanib, inson ruhiyatiga ta’sir qilish, unda zavq-shavq, o’ychanlik, taajjub yoki nafrat tuyg’ularining vujudga kelishiga turtki berishi okkazionalizmlarning estetik vazifasidan kelib chiqadi. Okkazional so’z shunday birlikki, u kishini nafaqat aqliy bilimga, balki hissiy bilishga, ya’ni voqelikni estetik jihatdan qabul qilishga undaydi1.
Do'stlaringiz bilan baham: |