O’zbek tilshunosligi kafedrasi mudiri B. Bahriddinova Fakultet kengashi qarori № iyun 2022- yil Fakultet kengashi raisi G. Ernazarova Universitet kengashi qarori № iyun 2022- yil Universitet O’ubb p. R. Qurbonov Mundarija
I.A.Boduen de Kurtenening tilshunoslikka qoʻshgan hissasi
Download 435.05 Kb.
|
мажмуа Умумий тилшунослик
I.A.Boduen de Kurtenening tilshunoslikka qoʻshgan hissasi. Garchi tilshunoslik tarixida til va nutqni farqlash F.de Sossyur nomi bilan bogʻliq boʻlsa ham, aslida unga qadar bu farqlanish Boduen asarlarida bayon qilinganining guvohi boʻlamiz.
Mashhur tilshunos V.Gumboldt til va nutq, ergon va energiya oʻrtasidagi antinomiyalarni ajratgan edi. Boduen de Kurtene V.Gumboldtning ana shu gʻoyalarini rivojlantirdi. Avvalo, u oʻsha davr tilshunosligi, xususan, qiyosiy-tarixiy tilshunoslik uchun xukmron boʻlgan qiyosiy-tarixiy tahlil usuliga statik tahlil usulini qarama-qarshi qoʻyish bilan birgalikda, uning qiyosiy-tarixiy tahlil usulidan ustun boʻlishi lozimligini ta’kidladi. Bu bilan XIX asr lingvistik ta’limotida burilish yasadi. Boduen de Kurtene fikriga koʻra, til mexanizmini yoritishda, til sistemasini tahlil qilishda tarixiy qiyoslashdan koʻra statik metod qulay imkoniyatga ega. Chunki til sistemasi tilning turgʻun holatini taqozo etadi. Boduenning bu fikri tilshunoslik uchun juda muhim boʻlishi bilan birgalikda, F.de Sossyurning sinxroniya bilan diaxroniyani farqlash zarurligi haqidagi qarashlari bilan hamohang edi. Boduen tilning statik va dinamik holatini farqlar ekan, til statikasi uning dinamikasidagi muayyan bir holat, dinamikaning elementi ekanligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, til uzluksiz harakatdadir. Til statikasi uning dinamikasining xususiy holati sanaladi. Shuni ta’kidlash lozimki, Boduen, bir tomondan, tildagi tenglik, tinch holatlik qonunini, ikkinchi tomondan, tilning tarixiy harakatlanishi qonunini ajratgan holda, tilning birinchi holatini oʻrganish statik tahlil vazifasi, ikkinchi holatni oʻrganish esa tilni tarixiy tadqiq etishning vazifasi ekanligini ta’kidlaydi. Til sistemasi uning barqaror turgʻun holati bilan bogʻliq ekanligini bayon qilish bilan birga, diaxron tahlil jarayonida ham tilning sistemaviy tabiatini e’tiborga olish lozimligini koʻrsatadi. Boduenning statika va dinamika haqidagi qarashlari til va nutq oʻrtasidagi zidlanishning ajratilishiga zamin yaratdi. U nutqiy faoliyat til va nutq oʻrtasidagi munosabat birligidan tashkil topishini his qilgan holda, til va nutqni oʻzaro farqlashga harakat qiladi. Olimning ta’kidlashicha, til sistemasi uning model sifatida tasavvur qilinishidir. Model esa uning bevosita nutqiy jarayonda namoyon boʻlishiga qarama-qarshi qoʻyiladi. Nutqiy namoyon boʻlish psixolingvistik tahlil asosida izohlanadi. Boduen de Kurtene lingvistik qarashlaridagi ikkinchi muhim jihat tilni belgilar sistemasi sifatida tushunishdir. U lingvistik belgining xarakterli tomoni shartlilik va erkinlik ekanligini ta’kidlaydi. Boduenning fikricha, til “oʻzaro xilma-xil munosabatda boʻlgan bir qancha tasodifiy simvollar”dan tashkil topadi. Bu simvollarga tabiatan “zaruriylik, bevositalik va oʻzgarmaslik” xos emas. Ular til sistemasida “zidlanish va farqlanish” asosida guruhlanadi. Uning ta’kidlashiga koʻra, tildagi soʻzlarning asosiy qismi tasodifiy paydo boʻlgan simvollardir. Ana shu tasodifiylik tilning muhim belgisi hisoblanadi. Bunday tasodifiylik ostida Boduen lingvistik belgining ifodalanmish va ifodalovchisi oʻrtasidagi munosabatning erkinligini tushunadi. Boduen de Kurtenening tilshunoslik oldidagi yana bir xizmati shuki, u tilshunoslikka fonema nazariyasini olib kirdi. Boduen birinchilardan boʻlib tovushdan farq qiladigan fonetik birlikni ajratish zarurligini angladi. Uning ilmiy faoliyati davomida fonema haqidagi qarashlari oʻzgarib bordi. Shuning uchun Boduen asarlarida fonemaning xilma-xil talqini koʻzga tashlanadi. 1881-yilda “Slovyan tillari qiyosiy grammatikasining ayrim boʻlimlari” nomli asaridayoq fonemaning ikki xil talqini namoyon boʻladi. Bir oʻrinda fonema soʻzning tovush tomoni antropofonik xususiyatlar umumlashmasi deb qaralsa, boshqa bir oʻrinda “antropofonik belgilar umumlashmasi”, “tovush tipi”, bevosita sezgi a’zolarimizga ta’sir qiluvchi real tovushlarning “qoʻshimcha belgilaridan tozalangan umumlashmasi” sifatida baholanadi. Boduen de Kurtenening fonema haqidagi qarashlarida uning quyidagi muhim belgilariga e’tibor qaratganligi ma’lum boʻladi: 1) fonemaning murakkab birlik ekanligi; 2) uning eng kichik birliklardan (xususiyatlardan) tashkil topishi; 3) eng kichik birliklardan tashkil topgan butunlik sifatida tilda yaxlit holda funksiyalashishi; 4) eng kichik birliklardan tashkil topgan fonemaning til sistemasida munosabatlar (korrelyastiya) a’zosi sifatida yashashi; 5) fonemaning bevosita kuzatishda berilgan tovushlarning lingvistik umumlashmasi, abstrakstiyasi ekanligi; 6) fonemaning real koʻrinishi uning antropofonik (artikulyastion-fiziologik) tabiatining namoyon boʻlishi ekanligi. Shunday qilib, Boduen de Kurtene ilmiy faoliyatining Qozon davrida fonema real talaffuz qilinuvchi tovushlarning abstrakstiyasi, modeli, invarianti, qurilma (konstrukt) sifatida baholanadi. XIX asrning 90-yillarida u fonemaning bevosita kuzatishda tovushlar orqali namoyon boʻluvchi, lekin oʻzi kuzatishda berilmagan mavhum birlik ekanligini yana ham aniqroq bayon qiladi. “Fonema” deb nomlangan maqolasida uning “tovushning psixik ekvivalenti” ekanligini ta’kidlaydi. 1917-yilda nashr etilgan “Tilshunoslikka kirish” asarida fonema inson psixikasida barqaror mavjud boʻlgan tovush tasavvuri,soʻzlovchi ongida yashovchi model sifatida izohlanadi [Бодуэн де Куртенэ И.А. Избранные труды по общему языкознанию. Т. I, -М., 1963. с. 253.]. Shunisi xarakteriliki, Boduen asarlarida fonema goh soʻzlovchi ongida tovushlarni umumlashtirish natijasida hosil boʻlgan ideal mohiyat sifatida, goh ilmiy mavhumlashtirish (abstrakstiya), lingvistik modellashtirish natijasi sifatida izohlanadi. Boduen fonologik nazariyasining yana bir muhim jihati fonemaning morfologizastiyasi va semasiologizastiyasidir. Ya’ni fonemani morfologik qurilishdagi va ma’no farqlashdagi vazifasi nuqtai nazardan oʻrganishdir. Boduen de Kurtene til birligi sifatida fonemani ajratish bilan birga, uni oʻrganuvchi tilshunoslikning alohida boʻlimi boʻlgan fonologiyaning ajratilishi lozimligini bayon qildi. Uning fikricha, fonologiya fonemalarning ma’noli birliklar hosil qilishdagi vazifalarini oʻrganadi. Boduen de Kurtene fonemalarning morfemalarni moddiy tomondan shakllantirish funksiyasiga e’tibor berar ekan, fonetik qurshovda ularning oʻzaro ta’siri masalasi diqqatini jalb etdi. Natijada yondosh tovushlar oʻrtasida sababiy bogʻlanish mavjudligi, shuning uchun ular oʻzaro tobelanish va farqlanish munosabatida boʻlishini ta’kidlaydi. Natijada u, bir tomondan, kogerent va divergent, ikkinchi tomondan korrelyativ va korrespondent atamalari bilan nomlanuvchi hodisalarni ajratadi. Olimning ta’kidlashicha, tovushlarning oʻzaro yoki birining ikkinchisiga kombinastion tobeligi kogerensiya hisoblanadi. Xususan, turkiy tillarda tovushlarning qattiq-yumshoqligiga koʻra birining ikkinchisiga tobelanishi kogerent munosabat sanaladi. Masalan: ilik, qыlыq soʻzlaridagi i va ы munosabati. Kombinastion tobelik munosabati natijasida hosil boʻlgan kombinatsion oʻzgarishga divergensiya, divergensiya hodisasi asosida hosil boʻlgan tovushlar esa divergentlar hisoblanadi. Uning fikriga koʻra, divergentlar kombinatsion oʻzgarishga uchragan, kelib chiqishiga koʻra bir xil (gomogen) boʻlgan tovushlardir. Masalan, rus tilida lodka-lodochka, god-godovoy, oʻzbek tilida yod-yodi, zid-zidla soʻzlaridagi t-d, shuningdek, god-goda soʻzlaridagi o-a tovushlari divergentlar, ya’ni oʻzaro divergensiya munosabatidagi tovushlar sanaladi. Korrelyativlar divergentlardan tarixan bir manbadan kelib chiqsa ham, hozirgi kunda bir-biridan farq qiluvchi turli tovushlar ekanligi bilan ajralib turadi. Masalan: rus tilida begu-bejat, lech-lejat soʻzlaridagi g-j, ch-j tovushlari korrelyativlardir. Korrelyativ va divergentlar korrespondentlarga qarama-qarshi qoʻyiladi. Tarixan bir manbadan kelib chiqib, hozirgi qardosh tillarda farqli talaffuz qilinuvchi tovushlar oʻzaro korrespondent munosabatidagi tovushlar yoki korrespondentlar sanaladi. Masalan, yunoncha pater, poot, ingl. father, foot soʻzlaridagi p va f tovushlari oʻzaro korrespondent munosabatidagi tovushlar hisoblanadi. Korrelyativ va korrespondent singari tovushlarga oʻxshatib boʻlmaydigan fonetik birlikni Boduen fonema hisoblaydi. Koʻrinadiki, bu oʻrinda u fonemani soʻzning ma’lum fonetik qismining antropofonik xususiyatlarining umumlashgan yigʻindisi sifatida baholaydi. Xullas, Boduen jahon tilshunosligi tarixida statika-dinamika, til-nutq zidlanishi toʻgʻrisidagi tushunchaning paydo boʻlishida, tilning sistema ekanligi, uning belgili tabiati toʻgʻrisidagi qarashlarining shakllanishida hamda fonema nazariyasining vujudga kelishida xizmati kattadir. Download 435.05 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling