O‘zbekiston milliy universiteti m. ShAripov d. Fayzixo‘jayeva mantiq tarixi va nazariyasi falsafa yo‘nalishi talabalari uchun Darslik Toshkent
Formal mantiqning boshqa fanlar bilan aloqasi
Download 1.78 Mb.
|
MANTIQ TARIXI VA NAZARIYASI DARSLIK (LOTINCHA)6
Formal mantiqning boshqa fanlar bilan aloqasi
Formal mantiq tafakkurni o‘rganuvchi boshqa fanlar, xususan, falsafa, psixologiya, fiziologiya bilan hamkorlik qiladi hamda ilmiy bilimlar sistemasida o‘zining munosib o‘rniga ega. An’anaga ko‘ra, mantiq tafakkur shakllari va qonunlari to‘g‘risidagi fan deb ta’riflanadi. Bu ta’rif hali mantiq va psixologiya falsafa tarkibidan bilimning maxsus yo‘nalishlari sifatida ajralib chiqmagan paytga taalluqli. Bunda individual va ijtimoiy ong o‘rtasidagi tafovutga ko‘p e’tibor qaratishmagan. Hozirgi paytda psixologiya rivojlangan fan sohasi bo‘lib, tafakkurni o‘rganishda uning hissasi kattadir. Garchi hozirda o‘zining alohida predmetiga ega bo‘lsa-da, u mantiq rivojiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi, chunki “psixologiyaga oid bilimlarsiz mantiqiy nazariyalarni xato va anglanmaydigan mulohazalardan soqit qilib bo‘lmaydi”6. Mantiqning falsafa umumnazariy masalalari bilan aloqadorligi shunda ko‘rinadiki, “mantiqiy munosabatlar o‘z holicha borliqda mavjud predmet va hodisalar determinatsiyasini (o‘zaro taqozolanganligini – M.Sh.) aniqlash uchun yetarli emas, lekin u predmetlarning mumkin bo‘lgan turli birikmalari determinatsiyalarining har birida qatnashadi”7. Mantiqning bosh maqsadi – asosli xulosa chiqarish turlarini asossiz xulosa chiqarishlardan farqlashdan iborat. Biroq mantiqning vazifasi bu bilangina cheklanmaydi. Lokk davridan buyon mutafakkirlar bilimning umumiy tabiati va inson ongi haqiqatni anglashi mumkin bo‘lgan usullar haqida spekulyativ diskussiyalar olib borishadi. Biz bunday bahs- munozaralarni muhim emas deb hisoblaymiz. Metafizika, ratsional psixologiya yoki epistemiologiya va psixologiya tadqiq etadigan masalalar muayyan darajada mavhumdir va noaniqdir. Shuning uchun ham shubha ostida qoladi. Lekin metafizika, ya’ni falsafa muhokama yuritishning umumiy asoslarini, qonuniyatlarini tadqiq etishi bilan mantiqqa yaqin turadi, uning qoidalarining zaruriy metodologik asosini tashkil etadi. Boshqa har qanday fan singari mantiq haqiqatga erishishga qarab yo‘naltirilgan. To‘g‘ri xulosalash malakasi johil kishida ham bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri xulosalash haqiqatga erishishning zaruriy qismi hisoblanadi. Bu jarayonda mantiqning ishtiroki tabiiyki fan doirasini muayyan darajada kengaytiradi. Matematik amallar amaliyotga qo‘llanilganda foyda keltirgani singari mantiq qonun-qoidalari ham muhokama yuritishda asqotadi. Xulosa chiqarish, ayniqsa, deduktiv xulosa chiqarishdan foydalanishning ahamiyati haqida gapirar ekanmiz, shuni unutmasligimiz lozimki, mantiqni o‘rganmasdan turib ham muhokamani to‘g‘ri qurish mumkin. Lekin mantiq qonun-qoidalaridan ongli ravishda o‘z o‘rnida unumli foydalanish bilish samaradorligini sezilarli darajada oshiradi hamda haqiqatga erishishimizni osonlashtiradi. Lekin mantiq qurilgan muhokamaning foydaliligiga e’tiborni qaratmaydi va uni kafolatlamaydi ham. Foydalilik qadriyatlar to‘g‘risidagi metafizik muhokamalarda o‘rganilishi mumkin. Shunday qilib, mantiq metodi muhokama yuritishning intellektual instrumentlarini takomillashtiradi, lekin shuni ham unutmaslik zarurki, mazkur instrumentlar ratsional va ijodiy tafakkur yuritishning zaruriy shart-sharoitini tashkil etadi, xolos8. Formal mantiqning matematika bilan bog‘liqligi yaxshi ma’lum. Buni matematik mantiq noklassik mantiqning turli yo‘nalishlari mavjudligi tasdiqlaydi. Shuningdek, uni formal mantiqning Qadimgi davrda grammatika, matematika bilan uzviy bog‘liq holda shakllangani, ularning ko‘p umumiy xususiyatlarga egaligi ham ko‘rsatadi. Matematika predmetlarni “hisoblash” va “chizish”, grammatika ularni o‘z “nomi” bilan atash va gaplarni to‘g‘ri qurish, mantiq gap (til ifodasi) orqali bildirilgan mulohazalarni aniqlashtiradi va to‘g‘ri xulosa chiqarishga o‘rgatadi. Predmet haqida fikr bildirish uchun inson uning qaysi sinfga mansubligi, bu sinfni qanday va qancha predmetlar hosil qilishi (arifmetikaning vazifasi), ularga qanday nom berilishi (grammatika vazifasi) va ular to‘g‘risidagi mulohazalar, xulosalar qanday qurilishi (mantiq vazifasi) to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘lishi kerak. Bu fanlarga xos umumiy xususiyat shundaki, ularning qonun-qoidalari alohida olingan predmet va hodisalar tabiatini tushuntirish bilan bevosita bog‘liq emas. Masalan, 4 soni 4 kg go‘shtni ham, 4 dona olmani ham, 4 so‘mni ham ifoda qilish uchun qo‘llaniladi. Xuddi shuningdek, grammatika qoidalarini unga mos har qanday gap orqali, mantiq qonun-qoidalarini ular amal qiladigan har qanday fikr shakli yordamida ifoda etish mumkin. Matematika, grammatika, mantiq ziyrak aql, kuchli tafakkurni shakllantirishda alohida ahamiyat kasb etadi. Masalan, matematik tafakkuri kuchli bo‘lgan kishining aqli ham o‘tkir, fikrini tilda aniq, izchil ifoda qilgan kishining mantiqiy tafakkuri ham mustahkamdir. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, matematika, grammatika, mantiq taxminan bir vaqtda – eramizgacha bo‘lgan IV asrda qadimgi Gretsiyada, vujudga kelgan. U davrda Gretsiyada ettita mustaqil ilm sohalari ta’limning ikkita siklini (guruhini) tashkil etgan: “uchlik”ka grammatika, ritorika va dialektika, “to‘rtlik”ka – arifmetika, geometriya, astronomiya, musiqa kiritilgan. Grammatika til haqidagi fan bo‘lib, so‘zlar va gaplar qurilishini o‘rganadi. U ikkita qismdan: morfologiya (shakl) – so‘zlarni hosil qiluvchi til birliklarini qo‘shish to‘g‘risidagi ta’limot va sintaksis (tartib, qurish) – gapda so‘zlarning qo‘shilishi to‘g‘risidagi ta’limotlardan tashkil topgan. Matematika, dastlab, ikki qismdan: arifmetika (son) – butun va kasr sonlar xususiyati va ular ustidagi amallarni o‘rganuvchi fan va geometriya (yer o‘lchash) – fazodagi munosabatlar va shakllarni o‘rganuvchi ilm turidan tashkil topgan. Qadimgi grek muallimlari grammatikani so‘zlashga, dialektikani haqiqatni aniqlashga, ritorikani nutqni bezashga, musiqani kuylashga, arifmetikani hisoblashga, geometriya’ni o‘lchashga, astronomiya’ni yoritgichlarni tadqiq etishga o‘rgatadi deb hisoblashgan. Mantiqning grammatika bilan aloqasi til va tafakkur(aql)ning uzviy bog‘liqligi bilan belgilanadi. Bu ikki hodisa biri ikkinchisisiz mavjud bo‘la olmaydi: til belgisi (uni grammatika o‘rganadi) ma’no-mazmunga ega bo‘lsagina (uni mantiq o‘rganadi), ahamiyatlidir va mavjuddir; o‘z navbatida, fikr, uning ma’nosi faqat til ifodalari (so‘z, gap) orqali yuzaga chiqqandagina, reallashgandagina muloqot obyektiga aylanadi. Mantiq va grammatikaning o‘zaro bog‘lanishi to‘g‘risida M.Koen va E.Nagellar mulohazalariga murojaat qilamiz. Ularga ko‘ra, fikrda ifoda qilinayotgan obyekt hamma vaqt ham unda chin fikr ko‘rinishida aks etmasligi mumkin. Uning sababi shundaki, fikrning chinligi muayyan darajada uni aks ettirayotgan til ifodasiga bog‘liq. Bu holat mantiqning lingvistika bilan aloqador ekanligini ko‘rsatadi. Mantiq mulohazalar implikatsiyasi bilan ish ko‘rar ekan, u bevosita fizikaviy yoki tarixiy hodisalar bilan bog‘liq emas. U faqat so‘zlar bilan ish ko‘radi. Va ana shuning uchun ham asosiy e’tiborini so‘zning ma’no-mazmuniga qaratadi. Bunday bo‘lishi tabiiy holdir. “Mantiq” so‘zining etimologiyasi ham mazkur mulohazani tasdiqlaydi. Buyuk ingliz faylasufi Gobbsning ta’kidlashicha, mantiq “umumiy nomlarni va so‘zlarni hisoblash (ya’ni qo‘shish va ayirish) to‘g‘risidagi fandir)”. Bunda biz so‘zlar va muayyan turdagi simvollarni mantiq uchun zarur deb hisoblashimiz bilan bir qatorda, ularni almashtirib yuborishimiz mumkin emas. Biz predmet nomlarini o‘zgartirishimiz mumkin, bu ko‘p hollarda bir tildan ikkinchi tilga o‘tayotganimizda sodir bo‘ladi, lekin u mazkur so‘zlarning, nomlarning mantiqiy aloqasiga ta’sir etmaydi. Biz yuritayotgan muhokamaning to‘g‘riligi, asosli bo‘lishi tildan qanday foydalanayotganimizga bog‘liq. Bu esa so‘zlarning qanday tartibda bog‘lanishiga bog‘liq. Mantiq fizika yoki boshqa fanlar singari umum qabul qilingan ijtimoiy faktdan kelib chiqadi. Shuning uchun ham har bir so‘z muayyan obyektning xususiyatlarini o‘z ma’no-mazmunida aks ettiradi. Leksikografiyasida qayd etadi. Masalan, Yermit va Lindeman isbotining asoslanganligi ratsional sonlar bilan tugal shaklda aniq ifodalana olmaydi. Mantiqni so‘zlar va hatto ularning ma’nosini o‘rganuvchi fan deb bo‘lmaydi. Uning diqqat markazida mulohazalar implikatsiyasi turadi. Lekin shunga qaramasdan, mantiq baribir grammatika bilan uzviy bog‘liq. Aristotel, Duns Skot va Ch.S.Pirslar hamma vaqt ham grammatika va mantiqning chegarasini aniq ko‘rsatgan emas. Yuqorida aytganimizdek, mantiq so‘zlarni ularning muayyan ma’noga ega bo‘lishi faktidan kelib chiqib tadqiq etadi. So‘zlarning ma’nosini aniq tasavvur qilish mulohazalarimizning chin bo‘lishi uchun zarutsr omil hisoblanadi. Mantiq so‘zlarni mulohaza qurishning zaruriy elementlari va vositalari deb biladi. Va, bu xulosa chiqarishda xatoga yo‘l qo‘ymaslikka imkon beradi9. Mazkur mualliflar mantiq va psixologiya munosabatiga e’tibor qaratishib, bu fanlarning predmetiga murojaat qilishadi va ta’kidlashadiki, an’anaga ko‘ra, mantiq tafakkur qonunlari haqidagi fan deb ta’riflanadi. Bu ta’rif o‘zining tarixiy ildizlari bilan mantiq va psixologiya hali alohida ilm sohalari sifatida ajratilmagan davrga borib taqaladi. Lekin hozirda tafakkur qonunlari yoki usullarini tadqiq etish muayyan darajada psixologik omillarni hisobga olishni taqozo etishini hech kim shubha ostiga olmaydi. Mulohaza yuritish individlar tomonidan amalga oshirilgani uchun uning natijasi shaxsning psixologik holatiga ham bog‘liq bo‘ladi. Shu sababli mantiqda, ayniqsa. xulosa chiqarish va isbotlash amallarida psixologik omillarning hisobga olinishi zarur. Mantiqiy asoslash qoidalari, umuman olganda, empirik fan hisoblangan psixologiya doirasida o‘rganilmaydi. Lekin psixologiya’ni o‘rganish logikada kompetentlik qobiliyatini kuchaytirishga imkon beradi, chunki hech bir bilim psixologiya singari mantiqiy nazariya’ni xato va anglashilmagan psixologik asoslardan soqit qila olmaydi10. Mantiqning matematika bilan bo‘lgan munosabati uning hozirgi ko‘rinishi – simvolik mantiqda hamda matematikaning muhim sohalaridan biri hisoblangan matematik mantiqda (uni ba’zan mantiqning alohida bir yo‘nalishi deb ham hisoblashadi) yaqqol ifodasini topgan. Simvolika, ya’ni harfiy ifodalar, ramziy belgilarning fikrlarni ifodalashda keng qo‘llanilishi, ular bilan amallar olib borib borishida matematik usullardan foydalanishi hozirgi mantiqning o‘ziga xos xususiyatlaridan biridir. Simvolika fikrning strukturasi, qurilish shakli, formasini tadqiq etishning muhim vositasi hisoblanadi. Ana shuning uchun ham to‘g‘ri tafakkur shakllari (formalari) va qonunlarini o‘rganuvchi ilmni, ta’limotni hozirda formal (forma, ya’ni shakl) mantiq deb hisoblashadi. Bu Aristotel asos solgan fanning hozirgi nomlaridan biridir (boshqa hollarda simvolik mantiq, umumiy mantiq klassik mantiq nomlarini qo‘llashadi). Qayd etilgan holat mantiq ilmining rivojida uning predmetini aniqlashtirish, asosiy tushuncha, qonun, usullarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etgan. M.Koen va E.Nagellarning mantiqning fizika bilan bo‘lgan bog‘lanishlari to‘g‘risidagi mulohazalari ham diqqatga sazovordir. Ular fikricha, mantiq xuddi lingvistika va psixologiya bilan almashtirilmagani singari fizika bilan ham tenglashtirilishi mumkin emas. Mantiq o‘rganadigan mulohazalar borliqning nafaqat ayrim sohalariga, balki barcha sohalariga, shu jumladan, ong sohasiga ham taalluqli bo‘ladi. Shuning uchun ham uni fizika bilan qiyoslash shartli ravishdagina bo‘lishi mumkin. Fizika qurilayotgan mulohazalarning obyektini aniq tasavvur qilishga imkon beradi. Mana shu jihatidan fizika moddiy hodisalar to‘g‘risida mantiqan fikr yuritish uchun qulay shart-sharoit yaratadi, deb aytishimiz mumkin.
Download 1.78 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling