Mantiq fanining yo‘nalishlari
Formal mantiq fikrlashning tuzilishi va uning qonunlari haqidagi fandir. Formal mantiq bilimning konkrent mazmuni, tafakkurning rivojlanishi jarayonini o‘rganishni o‘zidan soqit qiladi. U fikrlashning mantiqiy strukturasi, shaklini o‘rganadi, uni xarakterlaydigan qonunlarni o‘rnatadi. Bu, ayniqsa, zamonaviy (simvolik) mantiqning turli yo‘nalishlarida o‘zining yaqqol ifodasini topadi. Mantiqiy shakllarni simvollar yordamida ifoda etish ularning aniqligi va adekvatligi, qo‘llanish sohasini kengaytiradi. Buni quyidagi misollar bilan tushuntirish mumkin. Masalan, “Hamma ziyolilar aqliy mehnat bilan shug‘ullanadilar”, “Hamma kapalaklar hasharotdir” degan fikrlarning mazmuni turlicha bo‘lsa-da, ularning tuzilishi, shakli bir xildir. Shuning uchun ularni “Hamma S – R dir” yoki “Hamma p – q dir”, deb ifodalash mumkin. Mazkur formuladan foydalanib, yana boshqa ko‘plab mulohazalarni hosil qilish mumkin. Bu mulohazalar klassik mantiqda, ya’ni an’anaviy formal mantiqda, odatda, ikki qiymatlidir, ya’ni ular chin yoki xato bo‘ladi.
Zamonaviy formal (simvolik) mantiqning turli yo‘nalishlarida (ular birgalikda noklassik mantiq deb nomlanadi) mulohazalarning chinligi turli darajadagi ehtimollikdan iborat bo‘lishi, ya’ni ko‘p qiymatli (ko‘p ma’noli) bo‘lishi mumkin. Shunga muvofiq ravishda ko‘p ma’noli noklassik mantiq turlari shakllangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |