Ko‘p ma’noli mantiq hozirgi zamon noklassik mantig‘ining bir tarmog‘i bo‘lib, fikrlashni “chin”, “xato”, “qisman chin”, “qisman xato” kabi tushunchalar orqali ifodalaydi. Agar umumiy formal mantiqda mulohazalar ikki qiymatli (chin yoki xato) bo‘lsa, ko‘p ma’noli mantiqda mulohazalar uchta va undan ortiq qiymatlidir. Shuning uchun bu mantiq “ko‘p ma’noli mantiq” deb yuritiladi. Bu mantiqda eng oddiy sistema uch ma’nolidir. Masalan, Siz “BMTning Nizomini bilasizmi? degan savolga “ha”, “yo‘q”, “qisman bilaman” kabi javoblarni olish mumkin.
Ko‘p ma’noli mantiqning bir qanchasi matematika va mantiq kesishgan joyda vujudga kelgan bo‘lib, ularning ba’zilari asosida Kantor to‘plam nazariyasi duch kelgan paradokslar sababini topishga urinish yotadi. Ma’lumki, nemis olimi Kantor ishlab chiqqan to‘plam nazariyasi bir necha hal qilib bo‘lmaydigan paradokslar bilan to‘qnashib, ularning sababi aniqlanmagandan so‘ng, undan qutilishga urinish yo‘lida logitsizm, konstruktivizm, intuitsionizm kabi oqimlar paydo bo‘ladi. Ularda paradoks bilan bog‘liq ziddiyatlarni zamonaviy formal mantiq asosida hal qilishga urinish kuzatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |