O’zbekiston qishloq aholi punktlari geografiyasi


Download 129.5 Kb.
bet2/4
Sana10.01.2023
Hajmi129.5 Kb.
#1086735
1   2   3   4
Bog'liq
O’ZBEKISTON QISHLOQ AHOLI PUNKTLARI GEOGRAFIYASI

Geodemografik to‘lqinlar, yangiliklarning diffuzitson tarqalish qonuniga binoan, u yoki bu demografik jarayonlardagi o‘zgarishlarning hududiy “harakati” bilan bog‘liq. Ularni aniqlash hududlar demografik vaziyatini prognoz qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, “tug‘ilish” ko‘rsatkichlarining so‘nggi 15-20 yildagi pasayib borishi ma’lum geografik qonuniyatlarni aks ettiradi, jumladan, markaziy mintaqalarda tug‘ilish (tabiiy ko‘payish) umumiy koeffitsiyentining pasayish jarayoni viloyatlar darajasida to‘lqinsimon davom etadi va chekka hududlarda “to‘xtaydi”. Boshqacha qilib aytganda, markazda kuzatilgan bugungi holat, ma’lum vaqt (yil) o‘tgandan so‘ng, chekka hududlarda, qishloq joylarda qayd etiladi yoki, hozirgi qishloqlardagi demografik vaziyat bundan ma’lum vaqt oldin markazda yuz bergan bo‘lishi mumkin. Bunday geodemografik jarayonlar markaz-chekka hududlar (“sentr-periferiya”) g‘oyasiga o‘xshab ketadi.
Qishloq joylar geografiyasini o‘rganishda ijtimoiy masalalar muhim o‘rin tutadi va ular ham demografik jarayonlar kabi aholi geografiyasi bilan bevosita bog‘liq bo‘ladi. Bunda qishloq aholisining yashash sharoiti va tarzi, ijtimoiy infratuzilma, geokrimenogen, nozogeografik va geoekologik holatlar tahlil qilinadi.
Qishloq aholisi tabiatga “yaqin”, shahar joylarda esa tabiiy sharoit kuchli deformatsiyalashga, o‘zgargan; bu yerda o‘ta zich joylashgan va o‘ziga xos hayot tarziga ega bo‘lgan aholi, ayniqsa, u avval qishloqda yashagan bo‘lsa, hududiy tanglik va tanqislik mavjudligi sababli, bo‘shliqqa, yakkalikka intiladi, uning tabiati ham o‘ziga xos. Odatda, qishloq aholisida qarindosh-urug‘, qo‘shnichilik munosabatlari ko‘proq rivojlangan bo‘ladi.
Qishloq joylar va qishloqliklar shaharliklarga qaraganda yangiliklarni sekinroq qabul qiladi va bu yangilik nisbatan turg‘un holatda ancha saqlanib turadi. Shahar joylarda esa mavjud holat tez-tez o‘zgarib, yangilanib boradi. Demak, shu o‘rinda, geografik ma’noda shahar joylarni Yer yuzining quruqlik qismiga, qishloqlarni dengiz-okeanlarga qiyoslash mumkin.
Shaharlarning o‘ta harakatchanligi ularning hududlarni urbanizatsiyalashtirish xususiyatlarini keltirib chiqaradi. Ammo, shahar joylarga nisbatan urbanizatsiya tushunchasini qo‘llash nodurust, chunki, shaharning o‘zi urbanizatsiyalashgan hudud hisoblanadi. Binobarin, urbanizatsiya shaharlarning atrof-muhit ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatini o‘zgartirishda o‘z aksini topadi. Urbanizatsiya-hududlarda “shaharchasiga” yashash, ilash tarzining tarqalishi bo‘lib, bu jarayon, eng avvalo, qishloq joylarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bilan bog‘liq.
Hozirgi vaqtda respublikamizda, xususan qishloq joylar infratuzilmasini yaxshilashga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu borada ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini to‘g‘ri hududiy tashkil etish va rivojlantirish, qishloq aholisini toza ichimlik suvi va tabiiy gaz bilan ta’minlash kabilar geografik jihatdan o‘rganilishi lozim.
Shuningdek, chakana savdo va pullik xizmat qishloq tumanlari va qishloq fuqarolar yig‘ini (QFY) darajasida tadqiq qilinishi lozim. Bunda mutlaq ko‘rsatkichlar bilan kifoyalanish to‘liq xulosalar bera olmaydi. Shu bois, bu borada nisbiy ko‘rsatkichlardan, masalan, aholi jon boshiga qancha savdo yoki pullik xizmat bajarilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlardan foydalanish maqsadga muvofiq.
Sog‘liqni-saqlash tizimida ham qishloq vrachlik punktlari (QVP), ularning zichligi, qancha aholiga xizmat ko‘rsatishi, ta’sir doirasi – radiusi kabi hududiy xususiyatlari o‘rganiladi. Shu bilan birga qishloq aholisining salomatligi, kasallanish darajasi, kasallik turlari va ularning sabablari, umumiy nozogeografik vaziyat, nozogeografik o‘choq va areallarni aniqlash qishloq joylarni ijtimoiy geografik nuqtai-nazardan o‘rganishda katta ahamiyatga ega.
Ijtimoiy geografik holat ko‘p jihatdan joylarning ekologik xususiyatiga bog‘liq. Geoekologik vaziyat esa aholi salomatligiga ta’sir etuvchi muhim omillardan hisoblanadi. Shu nuqtai-nazardan ichimlik suvi uning fizik-kimyoviy tarkibi, sifati, atmosfera havosi, shamol, ovqatlanish rejimi va ratsioni, joylarning sanitar – gigiyenik holatlari ham tahlil va tadqiq qilinadi.
Qishloq hududlari ekologiyasi turli ichki va tashqi omillar ta’sirida shakllanadi. Ichki omil asosan, qishloq xo‘jaligida har xil ximikatlar, gerbitsid va pestitsidlardan foydalanish, tuproq erroziyasi va sho‘rlanishi, chiqindilar, chorva fermalari, tovuq fabrikalari va boshqa mahalliy xususiyatlar bilan bog‘liq. tashqi omil esa chetdan keluvchi iflos havo, suv, transchegaraviy holatlar negizida yuzaga keladi.
Qishloq, odatda, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotda shaharga nisbatan passiv, zaifroq aholi punkti hisoblanadi. Shaharlarning ko‘p funksiyaligi, kattaligi, innovatsiya, investitsiya va infratuzilma salohiyatining kuchliligi, iqtisodiyotining ko‘p tarmoqliligi va yuqori darajada rivojlanganligi, aholi yashashi, o‘qishi, davolanishi, ishlashi uchun imkoniyatlarning keng ekanligi, ularning ta’sirchanligi hududiy, ijtimoiy-iqtisodiy tizim yoki majmualarda yetakchi rol o‘ynashini ta’minlab beradi.
Qishloq shaharga ma’lum darajada bo‘ysunadi, uni qishloq xo‘jaligi xom ashyosi bilan, aholisini toza havo, suv, iqtisodiyotini ishchi kuchi bilan ta’minlab beradi. Shahar esa qishloqqa malakali kadrlar, qishloq xo‘jaligiga mashina, asbob-uskunalar, mineral o‘g‘itlar, qurilish materiallari, zamonaviy servis xizmatini yetkazib beradi.
Biroq, shu bilan birga, shahar ayrim obekt yoki sohalarni chetga, qishloq joylarga chiqaradi. Masalan, yirik shaharlar atroflarida mol bozorlari, chiqindixonalar, qabristonlar, omborxonalar, yonilg‘i terminallari, transformator podstansiyalari, avtobazalar joylashgan. Ularning ko‘pchiligi qishloq landshaftini buzadi, ekologik vaziyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Binobarin, qishloq joylar geografiyasini o‘rganishda ana shunday “shahar-qishloq” munosabatlarining hududiy jihatlariga ham ahamiyat bermoq zarur.
Qishloq joylar geografik xususiyatlarini qishloq aholi punktlari nomlari ham ifodalab beradi. Shu o‘rinda toponimika, ya’ni joy nomlar qishloqlarning tarixi, etnografiyasi, xo‘jaligi kabi jihatlarini aks ettirishini e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Bu maqsadda mamlakatimiz olimlari H.Hasanov, S.Qorayev, P.G‘ulomov, T.Nafasov, S.Tursunov, N.Oxunov, M.Mirakmalov, Y.Ahmadaliyev va boshqalarning asarlaridan foydalanish katta samara beradi.
Shunday qilib, qishloq joylarni geografik o‘rganish keng qamrovli, kompleks yo‘nalishda olib boriladi. Bunday tadqiqotlar qishloqlar ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini aniqlash va ularning ilmiy asosda yechimini topishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimiz Prezidenti I.A.Karimov o‘zining O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligining 16-yilligiga bag‘ishlangan “Vatanimizni bosqichma-bosqich va barqaror rivojlanishini ta’minlash-bizning oliy maqsadimiz” mavzuidagi ma’ruzasida 2009 yilga “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” deb nom berishni taklif qildi1 va bu taklif yakdillik bilan qabul qilindi. Ushbu ma’ruzada respublika rahbari qishloq joylarning Ona-Vatan ravnaqi uchun naqadar ulug‘ligi va muqaddasligi, yurtimiz tarixi va madaniyatini qishloqlarga borib taqalishini alohida ta’kidlaydi.
Darhaqiqat, bizning sharoitimizda qishloqqa e’tibor-elga e’tibor demakdir. Binobarin, qishloq obod bo‘lsa, Vatan obod bo‘ladi. Chunki, mamlakatimiz madaniyati, xalqimizning asrlar davomida shakllangan metaliteti, qadriyatlarimiz eng avvalo qishloqlarning kelib chiqishi va rivojlanishiga bog‘liq. hozirgi kunda ham qishloq xo‘jaligi milliy va mintaqalar iqtisodiyotini shakllanishida asosiy makroiqtisodiy tarmoqlaridan hisoblanadi. Yaqin yillargacha respublika aholisining ko‘pchiligi, ya’ni 2/3 qismi qishloqlarda yashar edi.
Ta’kidlash joizki, davlatimiz mintaqaviy siyosatida qishloqlarga bunday ustuvor ahamiyat berish tasodifan emas. Mazkur masala rasmiy ravishda bundan ancha avval, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 14 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi aholi punktlarining ma’muriy-hududiy tuzilishini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 120-sonli maxsus qarorida alohida ko‘rib chiqilgan edi. Ushbu qarorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari viloyat Kengashlariga qishloq aholi punktlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va zarur hollarda, amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq, ularning maqomini o‘zgartirish (shaharchalar toifasiga kiritish) bilan bog‘liq tegishli iqtisodiy-huquqiy masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish tavsiya etilgan).2
Yuqoridagi Prezident qarorini amalga oshirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2009 yil 13 martdagi 68-sonli “O‘zbekiston Respublikasi aholi punktlarining ma’muriy-hududiy tuzilishini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorini qabul qilgan. Bu qarorga ilova sifatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qori Kengesi va xalq deputatlari viloyat Kengashlari tomonidan ayrim qishloq aholi punktlariga shaharcha maqomi berilgan ro‘yxat keltirilgan va aholi punktlari toifalarining o‘zgartirilishi bilan bog‘liq ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy tadbirlar amalga oshirilishi lozimligi qayd etilgan.
Respublika bo‘yicha 966 ta qishloq aholi punktlariga (QAP) shaharcha maqomi berilgan. Jumladan, Farg‘ona viloyatida 196 ta, Qashqadaryoda 118 ta, Namangan viloyatida 109 ta, Surxondaryoda 107 ta QAP shaharchaga aylantirilgan. Buning natijasida respublika aholi punktlari tarkibida va viloyatlar urbanizatsiya darajasida keskin o‘zgarishlar yuz bergan.
Hududiy tafovutlar (farqlar) ayniqsa, qishloq tumanlari darajasida yanada yaqqolroq ko‘zga tashlanadi. Chunonchi, Andijon viloyatining Andijon tumanida yangi shaharchalar soni 18, Oltinko‘lda 11 ta, Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida 10 ta, Qorako‘lda 12 ta; Qashqadaryoning Shahrisabz tumanida 18 ta, Kosonda 14 ta, Kitob va Yakkabog‘da 13 tadan; Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida 18 ta, To‘raqo‘rg‘onda 12 ta, Uychi va Chustda 11 tadan; Samarqand viloyatining Ishtixon va Pastdarg‘om tumanlarida 11 tadan; Surxondaryoning Oltinsoy tumanida 14 ta, Denovda 11 ta; Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida 15 ta, Qibrayda 14 ta; Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida 21 ta, Bog‘dodda 20 ta, Quvada 15 ta Oxunboboyev tumanida 14 va h.k.
Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasining ba’zi tumanlarida yangi shaharchalar birorta ham yo‘q. Beruniy, Xo‘jayli va Chimboy tumanlarida esa ular atigi bittadan. Huddi shunday, Ulug‘nor, Qo‘rg‘ontepa (Andijon viloyati), Paxtakor (Jizzax), Tomdi (Navoiy), Nurobod (Samarqand), Oqqo‘rg‘on (Toshkent), Bandixon (Surxondaryo) tumanlarida yangi shaharchalar bor – yo‘g‘i 1 tadan.
Tahlillar ko‘rsatishicha, yangi shaharchalar asosan, qadimdan sug‘orma dehqonchilik rivojlangan, aholi zich joylashgan hududlarda ko‘proq vujudga kelgan. Ekstensiv chorvachilikka ixtisoslashgan, ijtimoiy va demografik sig‘imi past bo‘lgan mintaqalarida esa ularning soni juda oz.

Download 129.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling