O’zbеkistоn rеspublikasi хalq ta’limi vazirligi jizzaх davlat pеdagоgika instituti
Download 4.4 Mb.
|
IJTIMOIY-FALSAFA
Fuqarolik jamiyati institutlari.Fuqarolik jamiyatida ijtimoiy hayotga katta ahamiyat beriladi. Uning asosiy maqsadi insonga munosib hayot sharoitlarini ta’minlash, uning maqsadlari, hayotiy orzu-niyatlarini shu jamiyatdagi tashkilotlar, ijtimoiy institutlar, guruhlar, oila va boshqa birlashmalar orqali amalga oshirishdir. Bu tashkilot, institut va guruhlar faoliyati shaxsga uning hokimiyat manbai ekanligini, insonning layoqati va harakati, obro‘si va sha’ni yuksak qadriyat ekanligini tushunishida yordam beradi. Insonlar ushbu tashkilot va birlashmalar, ya’ni fuqarolik jamiyati institutlariorqali o‘zlarining siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa maqsadlarini amalga oshiradilar.
“Fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, – deb uqtiradi davlatimiz rahbari o‘zi bayon etgan Konsepsiyada, – hozirgi kunda demokratik qadriyatlar, inson huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishning muhim omiliga aylanmoqda, fuqarolarning o‘z salohiyatlarini ro‘yobga chiqarishi, ularning ijtimoiy, sotsial-iqtisodiy faolligi va huquqiy madaniyatini oshirish uchun sharoit yaratmoqda, jamiyatda manfaatlar muvozanatini ta’minlashga ko‘maklashmoqda”288. Kishilar o‘zlarining kundalik faoliyatlarida “institut” deganda turlicha ijtimoiy birliklarni tushunadi. Bu o‘quv yurti yoki ilmiy muassasa, korxona, har qanday yirik maqsadli tashkilot bo‘lishi mumkin. Bu tushuncha to‘g‘risida turli fanlar o‘rtasida to‘liq bir kelishuv mavjud emas. Aslida “institut” va “guruh” tushunchalari o‘rtasida ma’lum ichki farqlanishlar mavjud. Agar guruh – bu o‘zaro xatti-harakat qilayotgan individlar yig‘indisini anglatsa, institut – bu inson faoliyatining ma’lum sohasida, ya’ni amaliyotda o‘zini namoyon qilishda yuz beradigan ijtimoiy aloqalar tizimi va ijtimoiy me’yorlar yig‘indisidir. Jumladan, ijtimoiy institutga quyidagi ta’rifni berish mumkin: ijtimoiy institut – bu jamiyatning asosiy ehtiyojlarini qondiruvchi aloqalar va ijtimoiy me’yorlarning tashkillashgan tizimidir289. Umuman, “institut” termini lotincha “institutum” so‘zidan paydo bo‘lib, u “o‘rnatish” yoki “tashkilot” degan ma’nolarni bildiradi. “Institut” tushunchasiga birinchi bo‘lib etimologik nuqtai nazardan so‘zma-so‘z talqinni Maks Veber amalga oshirgan edi. Uning fikricha, davlat institutning asl ko‘rinishi, davlat xatti-harakatlari ratsional ko‘rsatmalarga (konstitutsiya me’yorlari, qonunlar va h.k.) asoslanadigan insonlar hamjamiyatini tashkil qiladi. E.Dyurgeymning fikricha esa “institut”lar, bir tomondan, odatlar va e’tiqodlar ko‘rinishidagi ideal tuzilmalarni ifodalaydi, boshqa tomondan esa, bu odatlar va stereotiplar o‘z navbatida turli davrlar va xalqlar ijtimoiy tashkilotlarning amaliy faoliyatida moddiylashadi. Bu bilan E.Dyurgeym yangicha qarashlarda butunlay yangi a’analar boshlanishiga asos soldi. Hattoki, XX asrning 50 — 70 yillarida fransuz “institutsionalizm maktabi” ham bu yangicha talqinlar asta-sekin o‘z ahamiyatini yo‘qota boshladi290. Keyinroq fransuz siyosatshunoslari — M.Pareto, J.Byurdo, M.Dyuverje kabilar E.Dyurgeymdan keyin siyosiy institut mazmuniga kiradigan ikki asosiy komponentni ajratib ko‘rsatdilar: birinchisi, munosabatlar tizimining ideal modeli; ikkinchisi — bu model tuzilmasining stereotiplari va uning qoliplariga mos ravishdagi jamoaviy siyosiy tajribalarda shakllanadigan tashkiliy tuzilmalardir. M.Dyuverje bundan kelib chiqqan holda siyosiy institutlarga o‘zining quyidagi ta’rifini beradi: “bu (ya’ni, siyosiy institutlar) insoniy munosabatlarning shunday modelidirki, unda aniq munosabatlar aks etib, shu tariqa, barqaror, turg‘un va uyushgan” sifatlar namoyon bo‘ladi. Agar masalaga turlicha yondashuvlar birlashtirilsa, hamda institutsionalizmning asosiy belgilarini integratsiyalashga harakat qilinsa, “institut” tushunchasining qisqacha ta’rifini quyidagicha izohlash mumkin:siyosiy institut – bu, birinchidan, tashkillashgan jamoaning uyushgan holati, jamoatchilik irodasi, insonlarning maqsadlari va hayot faoliyati tarziga asoslanuvchi maxsus hamjamiyatga birlashuvining tashkiliy shaklidir; ikkinchidan, hokimiyatga va ta’sir etishga doir shakllanadigan, jamoa va insonni integratsiyalashuvini ko‘llab-quvvatlovchi, insoniy birlikni boshqaruvchanligi, shuningdek jamoaviy kadriyatlarga, tashkiliy prinsiplarga, ratsional me’yorlarga (ko‘rsatmalarga) tayanuvchi kishilar uyushmasininipg ideal modelidir; uchinchidan, individ va guruhlarning, shuningdek, butun insoniy sotsium tuzilmasi munosabatlaridagi modellarni realizatsiya etish va qayta ishlab chiqish demakdir. Umuman, qisqacha tariflaganda, siyosiy institut, bu — siyosiy tizim hosil etuvchi, siyosiy faoliyatning turli sohalarini muvofiqlashtiruvchi, ularni rollar va maqomlar tizimiga tashkillashtiruvchi, rasmiy va norasmiy qoidalar, prinsiplar, me’yorlar, ko‘rsatmalarning barqaror majmuidir291. Hozirgi davrda butun mamlakat miqyosidagi demokratiya uchun quyidagi siyosiy institutlar talab qilinadi: - Mansabdor shaxslarni saylanishi; - Erkin, adolatli, tez-tez o‘tkazib turiladigan saylovlar; - So‘z erkinligi; - Axborotning muqobil manbalari; - Assotsiatsiyalar avtonomiyasi; - Umumiy fuqarolik huquqlari. Ma’lumki, siyosat sohasi ijtimoiy hayotning muhim tuzilmaviy unsuridir. Jumladan, qarorlar qabul qilish va xatta-harakatlarni amalga oshirish jarayonida siyosiy institutlar muhim o‘rin tutadi. Siyosiy institut – bu qayd etilgan va xujjatlar bilan mustahkamlangan siyosiy hayotni tashkillashtirish me’yorlari va shu asosda faoliyat yuritayotgan turli tuman tashkilotlar, muassasalar, siyosat xizmatlari, shuningdek, siyosiy xulq va faoliyatni asosiy muvofiqlashtirib turuvchi sifatida namoyon bo‘luvchi va jamiyat siyosiy tizimini xarakterlovchi barqaror an’analar, prinsiplar va siyosiy xulq qoidalaridir. Siyosiy institutlarni takomillashtirmay va demokratlashtirmay turib fuqarolik jamiyati va huquqiy davlat qurish masalalarini umuman hal etish mumkin emas. Ayniqsa, XX asrdagi G‘arbiy Yevropa, SHimoliy Amerika, SHarqiy Osiyo kabi mamlakatlarda siyosiy institutlarni erkinlashtirish islohotlari shuni ko‘rsatdiki, hozirgi davrdagi nafaqat demokratik jamiyat, balki, bozor iqtisodiyotini shakllantirish, iqtisodiy-ijtimoiy farovonlikka erishish maqsadlari ham siyosiy institutlarni erkinlashtirishga doir chuqur islohotlarni amalga oshirishni qat’iy ravishda taqozo etadi. Ijtimoiy guruhlarning eng asosiylari va o‘zagi sifatida fuqarolik jamiyatida turli-tuman nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) maydonga chiqadi. Ilk odamlar paydo bo‘libdi-ki, ular jamoa bo‘lib yashashga va hayot uchun kurashishga ko‘nikishgan. Fuqarolarning ilk nodavlat birlashmalari qadimgi sivilizatsiyalarda vujudga kelgan. Qadimgi YUnon va qadimgi Rim mutafakkirlari ularni belgilash uchun “shahar-davlat fuqarolarining hamjamiyati” terminidan foydalanishgan. Ma’rifatparvarlik davri va yangi davr mualliflarining ishlarida (Peyndan tortib, to Gegelgacha) bu termin boshqa ma’no kasb etdi: davlat strukturalariga parallel bo‘lgan manfaatlarni e’tiborga olgan holda tuzilgan fuqarolik birlashmalarining tarmog‘i. YAngi tafakkur xususiy mulkchilik, bozor va burjuaziya munosabatlarining yuksalishi kabi yangi iqtisodiy voqelikni aks ettirdi. XIX asrda sanoat inqilobi tufayli siqib chiqarilgan fuqarolik ittifoqlari konsepsiyasi inqirozga uchradi. XX asrning 20-30-yillarida Germaniyada, real voqelik boy to‘garakka oid hayot bilan farq qilar (deyarli nemislarning yarmisi u yoki bu kasaba assotsiatsiyasi va madaniy birlashmalarning a’zosi edi) va bu narsa demokratik institutlarning mustahkamlanishiga olib kelishi lozim edi. Biroq bu shakldagi “fuqarolik jamiyati” nafaqat demokratiya va liberal qadriyatlarning g‘alabasini kafolatlamadi, balki aksincha, ularga putur etkazdi. Veymar Respublikasining zaif siyosiy strukturalari raqobatlashayotgan fuqarolik birlashmalarining oshirib yuborilgan va qarama-qarshi ehtiyojlarini qondira olish holatida emas edi. Oqibatda bu narsa millatchi, populistik harakatlarning va «kuchli qo‘lga» bo‘lgan ehtiyoj hissining keng quloch yoyishiga hamda natsistlar partiyasining vujudga kelishiga olib keldi. Fuqarolik jamiyatining jipsligi va tizimliligi natsistlar uchun dinamik siyosiy mashinaning yaratilish jarayonini engillashtirdi. Fuqarolik ittifoqlari g‘oyasi ikkinchi jahon urushidan so‘ng yana qayta kun tartibiga kirdi. Bu vaqtda italiyalik nazariyotchi A.Gramshi fuqarolik ittifoqlarining faollari burjuaziya diktaturasiga qarshi kurashayotgan mustaqil siyosiy tashabbuslarning tarmog‘i sifatida qarashni taklif qilgan edi. 70-80-yillarda bu ma’nodagi fuqarolik ittifoqlari Lotin Amerikasi va SHarqiy Yevropadagi avtoritar rejimlarga qarshi kurashning barcha shakllari uchun tashkiliy “boshpana” hisoblanardi. SHu vaqtdan boshlab notijoriy sektorning tez kengayish tendensiyasi kuzatiladi. SHunday qilib, Amerika Qo‘shma SHtatlarida 1967 yildagi 309 ming NNT bilan taqqoslaganda, 1997 yilda ikki milliondan ortiq nodavlat, notijorat tashkilotlari bor edi. Ish bilan band bo‘lganlar umumiy sonining 13,4% ga yaqini shu sohaga jalb qilingan edi (6,4 mln. ko‘ngillilarni hisobga olmaganda, daromadsiz tashkilotlarda ishlayotganlarning mutlaq soni 9,3 mln. kishini tashkil etdi). Notijorat sektorning iqtisodiyotdagi roli haqidagi tasavvurni uning milliy daromaddagi ulushi ham beradi, ya’ni 1990 yilda AQSHda daromadsiz sektor ulushi yalpi daromadning 6,8% ga yaqinini tashkil etdi, bu ko‘rsatkich 1985 yildagidan 1,5 baravar yuqoridir. Ma’lumki, mana yarim asrdirki YAponiya o‘zining barqaror demokratiyasi bilan boshqalardan farq qiladi, biroq unda o‘ta jonbozlik ko‘rsatish AQSH va G‘arbiy Yevropanikiga qaraganda nisbatan zaif. Fransiya va Ispaniya to‘liq ma’nodagi demokratik mamlakatlarga misol bo‘la oladi, zero ularda o‘ta kuchli davlat va nisbatan zaif ittifoqchilik hayoti mavjud; siyosiy partiyalar va demokratik saylovlar mexanizmini bu erda plyuralizm va siyosiy saylov huquqi ta’minlaydi. Ba’zi bir amerikalik siyosiy tahlilchilar bularning hammasi uchun YAponiya, Fransiya va Ispaniyani tanqid qilishadi. Lekin bu mamlakatlarning olimlari, - “fuqaro va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda o‘z an’anamizga muvofiq ravishda yashayapmiz”, - deb javob berishadi. Nodavlat tashkilotlari tabiiyki, rivojlangan mamlakatlarda hukumatga tuzatuvchi bosim o‘tkazadi va maxsus masalalarda siyosatchilarga maslahatlar bergan holda muhim rol o‘ynaydi. Bundan tashqari, manfaat nuqtai-nazaridan bunday tashkilotlar cherkovlar, kasaba uyushmalari, palatalar, sport klublari va boshqalar sifatida keng a’zolik bazasiga va o‘zlarining ichki moliyaviy manbalariga ega. Ular o‘z a’zolarini o‘zlariga mutlaqo aloqador bo‘lmagan saralangan faollarning nihoyatda tor qatlamidan rekrut qilishadi (jalb qilishadi yoki yollashadi) va bu faollar ularning nomidan ish ko‘rishadi. XXI asr boshlaridan fuqarolik ittifoqlarining tarmog‘i globallashib bormoqda. Piyodalarga qarshi qo‘yiladigan minalarni ta’qiqlash bo‘yicha Xalqaro kompaniya yoki “CHegara bilmas shifokorlar” tashkilotining muvafaqqiyatlari amalda transmilliy fuqarolik jamiyatining shakllanishiga, global (umumbashariy) fuqarolik siyosatining yuzaga kelishiga olib keldi. Ammo, jamoatchilik birlashmalarining globallashuvi to‘g‘risidagi xulosalar ma’lum ma’noda bosiqlik bilan qabul qilinishi lozim, zero, birinchidan, transmilliy fuqarolik jamiyati tuyulishi mumkin bo‘lgani kabi unchalik yangi emas, ular o‘tmishda o‘zining ko‘tarilish va inqiroz davrlariga ega bo‘lgan. O‘z davrining siyosatiga ulkan ta’sir eta olgan shunday jamiyatlar bo‘lgan. Masalan, rim-katolik cherkovi, tinchlikni himoya qilish harakati, Paguosh harakati. Ikkinchidan, rivojlanayotgan va yangi mustaqil davlatlardagi “faol harakatlar”ning aksariyat ko‘pchiligi G‘arb birlashmalarining sof nusxasi yoki chet el nohukumat tashkilotlarining atigi filiallari, xolos. Ularning «globalligi» shubhali va o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagan. Uchinchidan, fuqarolik jamiyati institutlarining globallashuvi ham milliy davlatlar doirasidagi birlashmalarning faoliyati kabi muqarrar emas. Ularning foydali yoki zararliligi (mavjud) vaziyatga bog‘liq. Axir nafaqat barcha mamlakatlarning huquq himoyachilari birlashmoqdalar, balki ekstremistik guruhlarning muvofiqlashuvi ham oshib bormoqda, jinoiy dunyo o‘zaro loyihalarni amalga oshirish maqsadida jipslashmoqda. Nodavlat notijorat tashkilotlari har bir davlatda o‘ziga xos tarzda nomlanadi. Jumladan, nohukumat tashkilotlari, notijorat tashkilotlari, nodavlat tashkilotlari. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bo‘yicha bunday birlashmalar nodavlat notijorat tashkilotlari deb nomlanadi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining memorandumida nodavlat notijorat tashkilotlari davlat va iqtisodiyotdan keyingi uchinchi sektor deb ataladi. Ko‘pgina mamlakatlarda (AQSH, Buyuk Britaniya, Avstriya, Bolgariya) “nodavlat, nohukumat, notijorat birlashmalari” degan atama qo‘llaniladi. ““Nohukumat tashkilotlari” atamasi, – deyiladi BMT memorandumida, – unga qarama-qarshi bo‘lgan davlat tashkilotlari atamasining ayni teskari ma’nosiga ega. BMT tizimidagi hukumat tashkilotlari davlatlararo bitimlar asosida yuzaga kelib, unga a’zo bo‘lgan hukumatlardan tashkil topadi. Nodavlat notijorat tashkilotlari esa davlatlararo bitimlar asosida tuzilmaydi va unga kiruvchi hukumatlardan iborat emas. Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy va xalqaro, umumiy va juda ixtisoslashgan bo‘lib, BMT tarkibiga kiruvchi tuzilmalar bilan maslahat hamda operativ vakolatlar asosida hamkorlik qilishi mumkin. Biroq bu hol davlatning nodavlat notijorat tashkilotlariga yordam bermasligini anglatmaydi”292. Har bir davlat ichki xususiyatlari va tarixiy tajribalaridan kelib chiqib, ularga, ayniqsa, dastlabki paytlarda yordam berishi mumkin. Konstitutsiyaning 56-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida qonunda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, olimlarning jamiyatlari, xotin-qizlar, faxriylar va yoshlar tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, ommaviy harakatlar va fuqarolarning boshqa uyushmalari jamoat birlashmalari sifatida e’tirof etiladi. Nodavlat notijorat tashkilotlari jamiyatdagi ijtimoiy sohalar: ta’lim, fan, madaniyat, san’at, sog‘liqni saqlash, ish bilan bandlik kabi muammolarni hal qilishda ko‘maklashadi293. Nodavlat notijorat tashkilotlari jamoat nazoratini ham amalga oshiradilar. Natijada bu tashkilotlarning davlat hokimiyati tuzilmalari faoliyati ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi roli tobora ortib boradi. Hozirgi kunda jamoatchilik va fuqarolik nazorati instituti jamiyatning davlat bilan o‘zaro samarali aloqasini ta’minlash, odamlarning kayfiyatini, mamlakatda kechayotgan o‘zgarishlarga munosabatini aniqlashning muhim vositalaridan biriga aylanmoqda294. Nodavlat notijorat tashkiloti deganda, jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriy ravishda tuzilgan, o‘z faoliyati davomida faqat foyda olishni o‘z oldiga asosiy maqsad qilib qo‘ymagan va olingan foydani uning ishtirokchilari (a’zolari) o‘rtasida taqsimlamaydigan o‘z-o‘zini boshqara oladigan tashkilot tushuniladi. NNTlarining 4 ta asosiy belgilari bor: 1) o‘zini-o‘zi boshqarishi; 2) jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriy ravishda tashkil etilishi; 3) o‘z faoliyatidan foyda olishni ko‘zlamaslik; 4) NNTlar foyda olishi mumkin, ammo foyda a’zolar tomonidan bo‘lib olinmaydi, balki Nizomda ko‘rsatilgan vazifalarni hal etishga sarflanadi. Xo‘sh NNTlar nima uchun kerak? Davlatni o‘zi barcha sohalarni nazorat qilsa bo‘lmaydimi? Biz davlatga soliq to‘laymiz, davlat esa bizlarning ijtimoiy muammolarni hal etadi. Hamma o‘z burchini bajaradi. Bir jihatdan bu to‘g‘ri fikr. Rostdan ham davlat ijtimoiy muammolar bilan avvalo o‘zi shug‘ullanadi. Ammo, dunyoda hech bir davlat jamiyatdagi ijtimoiy muammolarni yolg‘iz o‘zi to‘liq hal eta olmaydi. CHunki ijtimoiy soha juda keng: Ta’lim, fan, madaniyat, san’at, sog‘liqni saqlash, ish bilan ta’minlash va h.k. Bularning bariga davlatning mablag‘i, salohiyati etmaydi. NNTlar qanday vazifalarni amalga oshiradi? - davlat harajatlarini (byudjetini) iqtisod qilish uchun. CHunki, NNTlar davlat byudjetidan mablag‘ olmaydi, agar olsa (grant orqali) ijtimoiy muammolarni ancha arzon hal etishadi; - xabardor bo‘lish uchun, ya’ni jamiyatda mavjud ichki (ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy) muammolardan o‘z vaqtida xabardor bo‘ladi; - ijtimoiy muammolarni hal etish borasida yangi tajribalarga ega bo‘ladi, tadbiq etadi; - jamiyatda yuzaga keladigan “bosh og‘rig‘idan” xalos bo‘ladi, ularning kamayishiga erishadi va h.k. Nodavlat notijorat tashkilotlari fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ifoda etadi, ularning muammolarini hal qilishda yordam beradi. Nodavlat (notijorat) tashkilotlarining ijtimoiy funksiyalari rang-barang. Ular fuqarolarning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy huquqlari hamda erkinliklarini ro‘yobga chiqarishga, ularning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishdagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Nodavlat notijorat tashkilotlarining jamiyatdagi o‘rni va ahamiyati quyidagilardan iborat: aholi turli ijtimoiy guruhlarining manfaatini ifoda etadi, fuqarolar ongida demokratik qadriyatlarni mustahkamlashda, siyosiy faolligini oshirishda ishtirok etadi, milliy o‘zlikni anglashda, huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirishda, milliy g‘oyani xalqimiz tafakkuriga etkazishda davlat organlari bilan hamkorlik qiladi. Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati rivojlangan jamiyatda manfaatlar uyg‘unligi qaror topadi295. Rivojlangan mamlakatlarda NNT rahbarlari va xodimlarini davlat tuzilmalariga ishga qabul qilish amaliyoti keng tarqalgan. Notijorat tashkilotlari ish jarayonida ular tomonidan egallangan amaliy tajriba aholi va hudud muammolarini chuqurroq anglashga, ularning echimini topishda yanada kengroq dunyoqarashga ega bo‘lishga, yangi nostandart mexanizmlarni qo‘llashga imkon yaratadi. Demak, NNT nafaqat jamiyatning kadrlar resursiga aylanib bormoqda, balki u davlatning kadrlar rezervi (zahirasi) hamdir. SHunday qilib, jahon tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, birinchidan, davlat funksiyalarini asta-sekin jamoatchilik tashkilotlariga topshirish jarayoni yuz berayapti; ikkinchidan, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy sohalardagi vazifalarni hal qilishda nodavlat fuqarolik institutlari rolining yuksalish tendensiyasi ortib bormoqda; uchinchidan, mahalliy ahamiyatga molik vazifalarni davlatlararo fuqarolik organlari orqali echish yo‘nalishlari paydo bo‘layapti; to‘rtinchidan, ta’lim va madaniyat, shuningdek axborot texnologiyalarini tarqatish sohasida fuqarolik institutlariga qiziqish kuchaymoqda; beshinchidan, keng miqyosli, xalqaro, transmilliy nodavlat notijorat tashkilotlar paydo bo‘lmoqda. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida nodavlat notijorat tashkilotlarining huquq va majburiyatlari ifodalab berilgan. Uning 57-moddasiga binoan, “Konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishni maqsad qilib qo‘yuvchi, respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi chiquvchi, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targ‘ib qiluvchi, xalqning sog‘lig‘i va ma’naviyatiga tajovuz qiluvchi, shuningdek harbiylashtirilgan birlashmalarning, milliy va diniy ruhdagi siyosiy partiyalarning hamda jamoat birlashmalarining tuzilishi vafaoliyati taqiqlanadi. Maxfiy jamiyatlar va uyushmalar tuzish taqiqlanadi”. Nodavlat notijorat tashkilotlari fuqarolarning qiziqish va manfaatlarini to‘liq ifoda eta oladigan ixtiyoriy birlashmalardir. Ular mamlakatda siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni ro‘yobga chiqarishda asosiy vositachi hisoblanadi. Nodavlat notijorat tashkilotlari fuqarolarimizning xohish-istaklarini amalga oshirishda muhim rol o‘ynashi bilan birga, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan modernizatsiya jarayonlarida ham faol ishtirok etmoqda. Xullas, fuqarolik jamiyatini shakllantirishda, demokratik qadriyatlarni qaror toptirishda nodavlat notijorat tashkilotlari insonlarning teng huquqligini, shaxs va jamoa manfaatini ta’minlashga ko‘maklashadigan demokratik institut sifatida namoyon bo‘ladi. Prezident Islom Karimov ta’kidlaganidek, “demokratik institutlarni rivojlantirishdan bosh maqsad – mumkin qadar ko‘pchilikni jamiyat qurilishiga jalb etish, ularni o‘z taqdirlari, o‘z kelajaklarining to‘laqonli egalariga aylantirishdan iboratdir”296. Download 4.4 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling