O’zbеkistоn rеspublikasi хalq ta’limi vazirligi jizzaх davlat pеdagоgika instituti
Download 4.4 Mb.
|
IJTIMOIY-FALSAFA
- Bu sahifa navigatsiya:
- Tayanch tushunchalar
JAMIYATNING SIYOSIY HAYOTI
Reja: 1. Jamiyatning siyosiy hayoti va siyosiy tizimi 2. Davlatning jamiyat siyosiy hayotidagi funksiyalari 3.Jamiyat siyosiy hayoti va siyosiy tizimida siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlarining o‘rni 4.Jamiyatni modernizasiyalash va ijtimoiy demokratik taraqqiyot Tayanch tushunchalar Jamiyatning siyosiy hayoti, siyosat, siyosiy institut, siyosiy tizim, avtoritar, totalitar, demokratiya, davlat, siyosiy partiya, jamoat tashkilotlari, siyosiy modernizatsiya. Jamiyatning siyosiy hayoti va siyosiy tizimi. Jamiyat siyosiy hayoti – bu davlat hokimiyati, uning funksiyalari, institutlari, amalga oshirish usullariga taalluqli bo‘lgan jamiyat sotsial hayotining o‘ziga xos tomondir. U turli sinflar, ijtimoiy guruhlar, partiyalar va boshqa ijtimoiy tashkilotlarning faoliyati va manfaatlarini o‘z ichiga oladi. Siyosiy hayot ko‘p o‘lchovli, jo‘shqin hamda sotsial makon va zamonda keskin o‘zgarib turuvchi siyosiy munosabatlar, institutlar va odamlarning siyosiy ongini rivojlanishi bilan bog‘liq murakkab jarayondir. Bu makon va zamonda turli tashkilotlar, ittifoqlar, qarama-qarshi guruhlar kabi xilma-xil siyosiy kuchlar qatnashadi. Ularning sotsial muammolarini hal etish doirasida o‘zaro ta’siri siyosiy hayotni mazmuni, shakli va murakkabliklarini belgilab beradi. Inson o‘z siyosiy huquqlarini siyosiy hayotda ishtirok etishning vazifali shakllaridan foydalanib amalga oshiradi. Jamiyat qanchalik demokratik bo‘lsa shaxsning siyosiy hayotdagi ishtiroki shunda xilma-xil bo‘ladi. Siyosiy munosabatlar – bu jamiyatning siyosiy hayoti va uning siyosiy jarayonlarida uzluksiz harakatda bo‘lgan siyosat sub’etlari va ularning ob’ektiga qiladigan ta’sirini ifoda qiluvchi harakatlarning umumiy ifodasi yoki ularning birligidir. Davlatning jamiyat ichida va xalqaro maydondagi siyosiy yo‘li bir sinfning, ijtimoiy guruhning, millatning va qatlamning manfaatlarini ifoda etish va ximoya qilishdir. Natijada bir sinf, ijtimoiy guruh hokimiyatga egalik qiladi. Ular o‘rtasida o‘ziga xos alohida munosabatlar ya’ni siyosiy munosabatlar, davlat hokimiyati masalalari bilan bog‘liq faoliyat paydo bo‘ladi. Jumladan, SHvetsariyaning qayta ishlash sanoati ishchilari kasaba uyushmalari orqali ayrim tadbirkorlar bilan muzokara olib borib mehnatga soatbay xaq to‘lashning juda katta xajmiga erishganlarida bu iqtisodiy munosabat hisoblanadi. Agar kasaba uyushmalari ishchilar nomidan davlat oldida bu to‘lovchi mamlakatdagi hamma qayta ishlash korxonalariga joriy etish tashabbusi bilan chiqsa, davlat hokimiyatidan foydalanib uni qonunlashtirilsa bu endi siyosiy munosabatlar sohasiga kiradi. Demak, siyosiy munosabatlar ijtimoiy hayotining barcha sohalarini qamrab oladi, negaki barcha sohalar ijtimoiy boshqaruv va hokimiyat bilan o‘zaro ta’sirda bo‘ladi. Jamiyat siyosiy hayotini aks ettiruvchi tushunchalardan asosiysi, bu – “siyosat” tushunchasidir. Ohirgi o‘n yilliklarda siyosat ko‘proq ijtimoiy sub’ektning boshqa sub’ekt yoki ob’ektlarga nisbatan ongli harakat yo‘nalishi sifatida belgilanmoqda. Siyosat – xalqaro maydonda keng tarqalgan sermazmun tushunchalardan biri. Hozirda siyosatni aniqlashning o‘nlab bir-biridan farqli bo‘lsada hanuzgacha fanda xilma-xil tasniflari mavjud. Ushbu kategoriyaning umum e’tirof etilgan ta’rifi yo‘q. Siyosat (grekcha politika) davlat va ijtimoiy ishlar, odamlar, ijtimoiy guruhlar, sinflar, partiyalar, millatlar va davlatlar o‘rtasidagi xukumatli munosabatlar bilan bog‘langan faoliyat sohasidir. M.Veber ushbu tushunchani aniqlashga urinar ekan, siyosat mustaqil boshqarishga asoslangan faoliyatining barcha turlarini o‘z ichiga olishini ko‘rsatib o‘tadi. Davlatning ichki va tashqi siyosati, banklarning valyuta siyosati, kasaba uyushmalari siyosati, madaniy siyosat, byudjet va korporatsiyalar siyosati haqida shunday gapiriladi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Siyosiy hokimiyat sohasi haqida gap ketganda siyosat so‘zi tor ma’noli mohiyatni nazarda tutadi. Ta’kidlash lozimki “Siyosat” so‘zining kelib chiqishi hokimiyatli sohaga qaratilgan: politika grekcha so‘zni anglatib davlatni boshqarish san’ati, davlat va ijtimoiy ishlar ma’nosini anglatadi. SHuning uchun ham M.Veber siyosatni xoh davlatlar o‘rtasida bo‘lmasin, xoh davlat ichidagi guruhlar o‘rtasida bo‘lmasin hokimiyatni taqsimlashga ta’sir ko‘rsatish sifatida tasniflaydi.. Boshqacha aytganda, siyosat inson faoliyatining o‘ziga xos formasi bo‘lib, uning chegarasida odamlar o‘zlarining hayotiy muammolarini siyosiy hokimiyat mexanizmi yordamida hal etadilar. Siyosat sub’ekti bo‘lib alohida siyosiy etakchilar va oddiy fuqarolar, shuningdek siyosiy elita, partiyalar, tashkilotlar, institutlar, davlat va xalqaro tashkilotlar bo‘lishi mumkin. Hozirgi zamon jamiyatida muammolarni hal etishda siyosatni etakchi rol o‘ynashi haqida mutafakkirlar o‘zlarining asarlarida bir necha bor ta’kidlaganlar. Fransuz filosofi, sotsiolog va politologi Raymon Aronning ta’kidlashicha, siyosat insoniy faoliyatning boshqa turidan shu jumladan iqtisodiyotdan ustunligi shu bilan izohlanadiki, siyosat inson mavjudligining mazmun mohiyatini tashkil etadi. SHunday qilib siyosat insoniyat yashashi uchun zarur bo‘lgan muammolarni hal etishda asosiy rolni o‘ynadi. SHuning uchun ham bu tushuncha qanday ilmiy mazmunni o‘z ichiga olishini aniqlash zarur. Siyosatning normativ yoki mazmuniy o‘lchovi uning maqsad va vazifalariga bog‘liq. Hozirgi zamon demokratik davlatlarida siyosiy fikrlar xilma-xilligi sharoitida siyosiy partiyalar ko‘pincha qarama-qarshi maqsadlarni qo‘zlaydi, qaysiki ixtilofli qarama-qarshi, qo‘pqirrali holatga olib keladi. Siyosat – bu mavjud bo‘lgan san’atdir – degan so‘zni qachonlardir Bismark payqagan va bu ibora tezda dunyo bo‘ylab qanot bog‘lagan. Haqiqatdan ham siyosat qilishi mumkin bo‘lmagan xolatda san’at siyosatni o‘rnini to‘ldiradi: siyosiy kelishuv san’ati, ustamonlik san’ati deganda o‘z ifodasini topadi. Amaliyotdagi siyosatchi o‘ylab qo‘yilgan siyosiy yo‘lni hayotga joriy etish uchun nozik sezgi va yuqori maxoratga ega bo‘lish zarur. Ilmiy adabiyotlarda siyosatning turli jihatlari va uning tarkibiy qismlari ajratiladi. Siyosiy taqsimotining keng bo‘lingan ko‘rinishlari – bu undagi shaklning mazmun va jarayonning chegaralanganligidir. “Jamiyatning siyosiy tizimi” iborasi siyosiy fanning muhim tushunchasi sifatida XX asrning ikkinchi yarmida qaror topdi. Bu siyosiy jarayonlarda quyidagi sifatiy yangiliklar paydo bo‘lishi bilan bog‘liq: aynan XX asrda davlat siyosiy hukmronlikda o‘zining monopol ahamiyatini (ya’ni yakkahokimlikni) yo‘qotdi va partiyalar, jamoat tashkilotlari, institutsiyalar (tashkiliy hodisalar) va ijtimoiy munosabatlarga muhim ta’sir ko‘rsatuvchi shu kabi tashkilotlar qatori siyosiy tizim elementlarining biriga aylanib qoldi. Aynan ana shu institutsiyalar davlatning fuqarolik jamiyati bilan aloqasini o‘rnatishga va demokratik xarakterdagi hokimiyat vujudga keltirishga imkon berdi. Ijtimoiy hayotning siyosiy jarayonlarga ta’sirining ana shunday kengayishi "jamiyatning siyosiy tizimi" degan umumlashgan yangi tushunchaning paydo bo‘lishiga olib keldi. SHuning uchun hozirgi siyosiy jarayonlarni o‘rganishda nafaqat davlat va davlat hokimiyati organlari tizimini, shu bilan birga siyosiy jarayonlarda qatnashuvchi va siyosiy qarorlar qabul qilinishida ishtirok etuvchi barcha ijtimoiy-siyosiy institutsiyalarni ko‘rib chiqish kerak. T.Parsons o‘zining ijtimoiy tizimlar nazariyasida jamiyatdagi ma’naviy, iqtisodiy va siyosiy tizimlarni ajratib ko‘rsatdi. Uning fikricha, iqtisodiy tizim jamiyatning tovarlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qilsa, ma’naviy tizim ijtimoiy me’yorlar yordamida jamiyat hayotini tartibga solishga xizmat qiladi. Siyosiy tizim esa, T.Parsonsning fikricha, jamiyatni umumiy maqsadlar sari safarbar etishga, birlashtirishga xizmat qiladi. Amerikalik olimlar Devid Iston va Gabriel Almond siyosiy tizim nazariyasining asoschilari hisoblanadi. D.Iston “Siyosiy tizim” (1953), “Siyosiy tahlil chegarasi” (1965), “Siyosiy hayotning tizimiy tahlili” (1965) asarlari bilan siyosiy tizim nazariyasiga asos soldi. Uning ta’biricha, siyosiy tizim o‘zini o‘zi boshqaruvchi va taraqqiy etuvchi yaxlitlik bo‘lib, tashqaridan keladigan impulslarga javob beradi. Bu tizim ko‘p bo‘laklardan iborat bo‘lib, muayyan chegaralarga ega. Siyosiy tizimning kirish joyi bor, unga tashqaridan impulslar — ya’ni talab va tayanch etib keladi. Tizimning chiqish joyidan siyosiy qarorlar o‘rin oladi va ular yordamida siyosiy harakatlar amalga oshiriladi. Siyosiy fan taraqqiyoti davomida siyosiy tizimlar nazariyasi rivojlantirilib, D.Iston modelining ayrim kamchiliklari tuzatildi. D.Iston nazariyasiga ko‘ra, siyosiy tizim unga kelib tushadigan talablarga javoban faoliyat yuritadi. Umuman olganda, bu — to‘g‘ri, biroq masalaga bunday yondashish natijasida siyosiy tizimning mustaqilligi hisobga olinmaydi. Hukumat fuqarolarning manfaat va istaklariga bog‘liq bo‘lmagan ko‘pgina masalalarni ham hal qiladi. Bunday yondashuv asosida hukumatning urush boshlash (masalan, Afg‘onistonga sovet qo‘shinlarini kiritish), soliqlarni oshirish bilan bog‘liq qarorlarni tushuntirish qiyin. SHu bois, siyosiy fanda D.Iston modelini ichki kirish joylari bilan to‘ldirish g‘oyasi paydo bo‘ldi, bu kirish joyiga siyosiy elitadan impulslar kelishi ta’kidlandi. Siyosiy tizim atrof-muhitdan muayyan chegaralar bilan ajratilgan, uning chegaralari ancha harakatchan. Siyosiy tizim chegaralari fuqarolarning siyosatdagi ixtiyoriy ishtiroki hisobiga kengayib boradi. Siyosiy tizim tarkibida institutsional, me’yoriy, kommunikativ, madaniy va funksional tizimlarni ajratish mumkin. Institutsional tizim siyosiy institutlardan tashkil topgan. O‘zida katta hajmdagi siyosiy hokimiyat to‘plagan asosiy siyosiy institut — davlatdir. Siyosiy tizimda siyosiy partiyalar, ijtimoiy-siyosiy harakatlar, jamoat tashkilotlari, jumladan, kasaba uyushmalari alohida o‘rin egallaydi. O‘z tabiatiga ko‘ra, siyosiy bo‘lmagan ijtimoiy institutlar — ommaviy axborot vositalari va diniy tashkilotlar ham siyosiy tizimda muhim o‘rin tutadi. Me’yoriy tizim siyosiy hayotni tartibga soluvchi turli me’yorlar — huquqiy normalar, axloqiy me’yorlar, siyosiy an’analardan tashkil topgan. Kommunikativ tizim siyosiy tizim ichi va tashqarisidagi barcha aloqa shakllari, o‘zaro ta’sir va muloqotlarni (masalan, siyosiy partiyalar bilan hukumat munosabatlarini, siyosiy tizim bilan iqtisodiy tizimning o‘zaro ta’sirini, bir davlat siyosiy tizimi bilan boshqa davlat siyosiy tizimi o‘rtasidagi munosabatlarni) o‘ziga qamrab oladi. Madaniy tizim siyosiy qadriyatlar, milliy mentalitet, siyosiy xulq andozalari, mafkura va jamoatchilik fikridan iborat. Funksional tizim siyosiy hokimiyatni amalga oshirish usul va vositalarida namoyon bo‘ladi hamda “siyosiy tartibot” tushunchasida o‘zining umumlashgan ifodasini topadi. G.Almond “Rivojlanayotgan hududlar siyosati” kitobida siyosiy tizimning kirish va chiqish joyi bilan bog‘liq vazifalarni farqlaydi. Bular: siyosiy ijtimoiylashuv, manfaatlarni ifoda etish (artikulyasiya), manfaatlarni talab va dasturlar shakliga keltirish (agregatsiya)dan iborat. Me’yorlar ishlab chiqish, qonunlar ijrosini amalga oshirish, ular ijrosini nazorat qilish kabi vazifalar esa siyosiy tizimning chiqish joyi bilan bog‘lanadi. Siyosiy tizim o‘z vazifalarini samarali bajarganidagina fuqarolar tomonidan uning qo‘llab-quvvatlanishi kuchayadi. Siyosiy tizimlarning tabiatiga qator omillar ta’sir ko‘rsatadi: madaniyat, tarixiy an’analar, iqtisodiy rivojlanish, fuqarolik jamiyatining etukligi va hokazo. Siyosiy tizimning atrof-muhit bilan o‘zaro ta’sirida ushbu omillardan qaysi biri ustuvorlik qilishiga qarab siyosiy tizimlar turkumlarga ajratiladi. Tashqi muhit bilan o‘zaro munosabatlariga ko‘ra, ochiq siyosiy tizimlar va yopiq siyosiy tizimlar farqlanadi. Ochiq siyosiy tizimlar atrof-muhit, tashqi dunyo bilan keng aloqa qiladigan tizim bo‘lsa, yopiq siyosiy tizimlarning tashqi dunyo bilan muloqoti minimumga etkazilgan bo‘ladi. YAna bir turkumlashga ko‘ra, siyosiy tizimlar an’anaviy va zamonaviy tizimlarga ajratiladi. An’anaviy siyosiy tizimlarda fuqarolik jamiyati rivojlanmagan va siyosiy rollar zaif taqsimlangan bo‘ladi. Zamonaviy siyosiy tizimlarda rivojlangan fuqarolik jamiyati mavjud, siyosiy rollar aniq taqsimlangan bo‘ladi. J.Blondel siyosiy tizimlarni besh kategoriyaga bo‘ladi. Liberal-demokratik siyosiy tizimlar siyosiy qarorlar qabul qilishda liberalizmga asoslanadigan bo‘lsa, radikal-avtoritar yoki kommunistik tizimlar ijtimoiy boyliklarni taqsimlashda tenglikka asoslanadi. An’anaviy siyosiy tizim oligarxiyaning hukmronligi va ijtimoiy adolatsizlikning himoya qilinishi bilan ajralib turadi. Populistik tizimlar avtoritar vositalar yordamida moddiy boyliklarni adolatli taqsimlashga intiladi va shu bois xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Avtoritar-konservativ tizimlarda mavjud tengsizlikni saqlab qolishga harakat qilinadi va siyosiy ishtirokni kengaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Siyosiy madaniyatni e’tiborga olgan holda G.Almond siyosiy tizimlarning to‘rt turini farqlaydi: inglizcha-amerikacha, kontinental-Yevropacha, qisman sanoatlashgan va totalitar siyosiy tizimlar. Inglizcha-amerikacha siyosiy tizimda shaxs erkinligi, farovonlik, xavfsizlik va mulk kabi liberal qadriyatlar ustun turadi. Bu tizimda siyosiy rollar aniq taqsimlangan bo‘lib, manfaatlarni ifoda etuvchi ko‘p sonli institutlar tizimi rivojlangan. SHu bois bunday tizimlarda ehtiyojlarni qondirish darajasi yuqori bo‘lib, shuning hisobiga barqarorlik ta’minlanadi. Kontinental-Yevropacha siyosiy tizimda siyosiy madaniyat bo‘laklarga ajralgan bo‘lib, bir-biridan farq qiluvchi madaniy tizimlar mavjud bo‘ladi. Bunday siyosiy tizimlarda zamonaviy madaniyatlar bilan an’anaviy madaniyatlarning aralashmasini ko‘rish mumkin. Qisman sanoatlashgan siyosiy tizimda majburlash darajasi yuqoriroq. Bir-biridan keskin farq qiluvchi siyosiy yo‘nalishlar, oqimlarning mavjudligi va ularni kelishtirishdagi qiyinchiliklar zo‘rlash vositalaridan foydalanish zaruratini tug‘diradi. Bunday tizimlarda siyosiy tuzilmalar va ularning vazifalari aniq chegaralanmagan, shu bois ijroiya organlar qonun chiqaruvchi idoralarning vazifalarini o‘zlashtirib olishlari mumkin. Totalitar siyosiy tizimda tobelik siyosiy madaniyati ustunligi bois siyosiy qadriyatlar va siyosiy xulq andozalari hokimiyat egalari tomonidan, ya’ni “yuqori”dan tushiriladi. Bunday tizimda siyosiy havaskorlik va ixtiyoriy tashkilotlar tuzish taqiqlanadi. Siyosiy faollikning majburiy shakli ustun turadi. Hokimiyat egalari inson hayotining barcha jabhalarini nazorat qiladi. Barqarorlik va o‘zgarishlarga moyilligi jihatidan konservativ hamda o‘zgaruvchan siyosiy tizimlar farqlanadi. Konservativ siyosiy tizim mavjud tartibni saqlaydigan va uni qo‘llab-quvvatlaydigan tizim bo‘lsa, o‘zgaruvchan siyosiy tizimlar ijtimoiy yangilanishga, o‘zgarishlarni amalga oshirishga, islohotlar o‘tkazishga yo‘naltirilgan bo‘ladi. O‘zgaruvchan siyosiy tizimlarni ham ikkiga ajratish mumkin: reaksionsiyosiy tizimlar — siyosiy hayotning qo‘hna va o‘tmishdagi andozalariga qaytishga qaratilgan bo‘lsa, progressiv siyosiy tizimlar — yangi tipdagi jamiyatni shakllantirishga yo‘naltirilgan. Siyosiy tizimlarning ko‘plab turlari mavjudligi siyosiy hayotning rang-barang va serqirra ekanligidan dalolat beradi. Alohida mamlakatlardagi mavjud siyosiy tizimni turli ko‘rsatkich va omillar yordamida tavsiflash, tahlil qilish, baholash mumkin. Turli jamiyatlardagi siyosiy xayot shakllarining rivojlanganligiga ko‘ra quyidagi siyosiy tizimlar tiplari o‘zaro farqlanadi: 1. Demokratik siyosiy tizim. 2. Avtoritar siyosiy tizim. 3. Totalitar siyosiy tizim. Xalq xokimiyatchiligi, demokratik maqsadlar va ideallarni amalga oshirish uchun real istiqboli ko‘proq barqaror bo‘lgan siyosiy tizim turi — demokratiyadir. Demokratik siyosiy tizimning asosiy xususiyatlari: — fuqarolarning siyosatga keng jalb etilganligi, ular xuquqlari va erkinliklarining kafolatlanganligi, xayotdarajasining yuqoriligi, rivojlangan o‘rta tabaqaning muxim roli; — xokimiyatni amalga oshirishda xokimiyat institutlari va shaxslarning keng ishtiroki, siyosiy qatnashuvning o‘zaro musobaqa, raxbarlikning esa ko‘ppartiyaviylik shaklida tashkil etilganligi; — xalq xoxish-irodasining parlament shaklida ifoda etilishi, qonun chiqaruvchi organlarning saylovlar asosida shakllantirilganligi; — demokratik siyosiy madaniyat; — davlatni boshqarishda qatnashishda fuqarolar xuquqlarining tengligi; — xukmron va muxolif siyosiy partiyalarning mavjudligi; — partiyalarning legal kurashi sharoitida shakllanadigan umumdavlat vakillik organi — parlamentning mavjudligi; — partiyalarning saylovlardagi legal kurashi natijasiga ko‘ra xukumatning shakllanishi. Demokratik siyosiy tizimning asosiy mezoni boshqaruvning demokratik shaklda ekanligidir. Boshqaruvning demokratik shakliga salbiy baho beruvchi siyosatchilar va faylasuflar ham bo‘lgan. Buyuk Britaniyalik taniqli siyosatchi va davlat arbobi U.CHerchill qachonlardir shunday degan edi, ya’ni, demokratik davlat hali mukammallikdan yiroq, biroq insoniyat bundan yaxshiroq narsa o‘ylab topa olgani yo‘q. Demokratiya faqatgina ko‘pchilikning hohish-irodasini ifoda etmasdan, balki xalq o‘zining saylanuvchilari orqali o‘z huquqlarini oqilona qonunchilik asosida qaror toptiradi hamda bunga halqning ham bo‘ysunishi nazarda tutiladi. Va yana ozchilik ham ovoz huquqiga ega bo‘lishi va bu huquq ko‘pchilik tomonidan tinglanishi lozim bo‘ladi. Amerikalik faylasuf Dyui shunday yozadi: “Boshqaruvning demokratik shaklini, umumxalq saylov huquqini, ko‘p ovoz to‘plash yo‘li bilan qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi organlarni yuzaga keltirgan o‘sha kuchlar boshqaruvni haqqoniy va do‘stona boshqariladigan jamiyatga aylantirishga ehtiyoj sezayotgan ijtimoiy-gumanitar ideallarning yuzaga kelishiga halaqit beradigan shart-sharoitlarni yaratdilar. “Inson munosabatlarining yangi asriga” kerakli institutsional ta’minot etishmaydi. Demokratik jamiyat hali ham tarqoq va ibtidoiy holatda turibdi”109. SHunday ekan, yuqorida sanab o‘tilgan demokratiya belgilari kompleks birlikda va etarli shart-sharoitlar yaratilgandagina davlat rejimi bo‘lib hizmat qiladi. Demokratiyaning ijobiy va salbiy jihatlarini mufassal ko‘rib chiqib, rus faylasufi I.A.Gobozov shunday fikrni ilgari suradi, ya’ni “zamonaviy demokratiya o‘zi ovoza qilgan maqsad va prinsiplardan juda uzoq... Zamonaviy demokratiya tubdan qayta qurishga muhtoj”110. Haqiqiy siyosiy demokratiya qanday bo‘lishi kerak? Ayrim faylasuflar siyosiy demokratiya va uning qirralari haqidagi tasavvurni shunga yo‘naltiradilar: amaldorlarlarni umumhalq ovoz berish yo‘li bilan saylash, ular hokimiyatda qisqa vaqt bo‘lishligi va tez-tez saylov o‘tkazish. “Agar u yoki bu davlat amaldorini amalda hokimiyat tepasida turishi hamda ularning hizmatlari uchun qanday mukofot olishi fuqarolarga bog‘liq bo‘lganida, - deydi D.Dyui, - amaldorlarning shaxsiy manfaatlari umumhalq manfaatlariga muvofiq kelib, hech bo‘lmaganda, shaxsiy mehnatsevarligi bilan ajralib turar edi. Ko‘pchilikning ovozi bilan saylanayotgan amaldorlar, o‘zlarining bu amalga saylanishi aholining manfaatlarini qanchalik oqilona va adolatli himoya qilishiga bog‘liq ekanligini his qiladilar. Amal kursisida qisqa vaqt faoliyat ko‘rsatish va tez-tez o‘tkaziladigan saylovlar amaldorlarning doimiy hisobotini ta’minlaydi va saylov uchastkalarining ochilish kuni ular uchun sud kuni bo‘lib tuyuladi. Bunday kun olidagi qo‘rquv ularni doimiy o‘z-o‘zini nazorat qilishga majbur qiladi”111. Demokratik rejim strukturasi va uning eng yaxshi shakllari masalalari bizning zamonamizda rus faylasuflari tomonidan ham muhokama qilingan (masalan, V. F. Xalipov, I. A. Gobozov, V. I. SHamshurin ishlarida). Avtoritar tipdagi siyosiy tizimlar esa siyosiy muxolifatga yo‘l qo‘ymaydigan, biroq, shaxs va jamiyatning nosiyosiy soxalardagi avtonomligini saqlab qoluvchi, bir shaxs yoki shaxslar guruxining cheklanmagan xokimiyati sifatida ajralib turadi. Bunday tizimlarning asosiy xususiyatlari quyidagilardan iborat: — xokimiyatni bir shaxs yoki kichik bir gurux qo‘lida to‘planganligi; — xokimiyatning cheklanmaganligi, fuqarolar tomonidan nazorat qilina olmasligi, xokimiyat qonunlar asosida ish ko‘rishi mumkin, ammo bu qonunlar xokimiyat extiyojlariga ko‘ra qabul qilinadi; — kuchga suyanish. Avtoritar tuzum xalq tomonidan quvvatlanishi, repressiyalar, zo‘rlik ishlatilmasligi mumkin. Ammo u etarli kuchga ega bo‘lib, istalgan vaqtda itoat va tartib o‘rnatish layoqatiga ega; — xokimiyat va siyosat soxasida yakka xukmronlikning o‘rnatilishi, amalda muxolifat va raqobatga yo‘l qo‘ymaslik. Avtoritarizm sharoitida bir qancha partiyalar, kasaba uyushmalari va boshqa jamoat tashkilotlari mavjud bo‘lishi mumkin. Lekin ular xokimiyat nazoratida bo‘ladilar. Ba’zan muxolifatning yo‘qligi jamiyatning bunga tayyor emasligi, ijtimoiy extiyojning etilmaganligi bilan xam izoxlanadi; — jamiyatning siyosatdan boshqa soxalariga kam aralashishi. Xokimiyat birinchi navbatda o‘z xavfsizligini ta’minlash, jamoat tartibini o‘rnatish, mudofaa, tashqi siyosat bilan shug‘ullanadi. SHu bilan bir qatorda u bozorning o‘z-o‘zini tartibga solish mexanizmini buzmagan xolda iqtisodiy rivojlanish strategiyasiga ta’sir etishi, kuchli ijtimoiy siyosat olib borishi xam mumkin; — siyosiy elitaning raqobatli saylovlar jarayonida emas, yuqoridan tayinlash yo‘li bilan shakllantirishi; — muxolif matbuot, muxolif partiyalarning taqiqlanishi, fuqarolar demokratik xuquq va erkinliklarining tugatilganligi yoki cheklanganligi; — davlat organlarida saylovning cheklanishi va parlamentning ikkinchi xarajali organga aylanib qolishi; — xukmron partiyaning davlat apparati bilan qo‘shilib ketishi; — avtoritar xokimiyat o‘zini cheklovchi mexanizmlarga ega. Mulkchilikning turli shakllari mavjudligi, ijtimoiy soxada ijtimoiy bir xillikning yo‘qligi, sinf va qatlamlarning muxolifat sifatida yo‘q qilinmasligi, mafkura soxasida turli qarashlar va nuqtai nazarlarning cheklangan va yashirin xolda mavjud bo‘lishi, an’analar avtoritar siyosiy tizimning asosiy cheklovlaridir. Totalitar turdagi siyosiy rejimlar davlatning jamiyat xayotining barcha soxalarida to‘la (total) nazorati o‘rnatilganligi bilan ajralib turadi yoki xarakterlanadi. Totalitar siyosiy rejimlarning asosiy xususiyatlari quyidagilardir: — butun jamiyat xayotining mafkuraga bo‘ysundirilishi, xukmron mafkuraga absolyut xaqiqat maqomi berilishi. Mazmuniga ko‘ra totalitar mafkura inqilobiy bo‘lib, ishchilar sinfi yoki oriylar irqining ustunligi to‘g‘risidagi ijtimoiy afsonalarga tayanadi (kommunizm, fashizm, natsional-sotsializm); — axborot manbalarining to‘laligicha xokimiyat qo‘lida to‘planishi. Ijtimoiy fikr yo‘qotilib, axolining siyosiy madaniyati siyosiy axborotlardan xabardorlik bilan almashinadi. Kishilar ongida yarashish mumkin bo‘lmagan dushman obrazini yaratish kuchaytiriladi, g‘oyaviy muxoliflar dushman sifatida baxolanadi; — davlat mavqeining kuchayib, xar qanday shaxsiy xayotni bartaraf etishga intilish. Totalitarizmning asl maqsadi — fuqarolik jamiyatining xar qanday ko‘rinishlarini yo‘q qilishdir. Inson siyosatdan mutlaqo begonalashganligiga qaramay, siyosat sub’ekta sifatida baxolanaveradi; — yagona xukmron partiyaning davlat apparati bilan qo‘shilib ketishi natijasida vujudga kelgan partiya nomenklaturasining jamiyatni boshqarishi; — fuqarolar xuquq va erkinliklarining maksimal darajada kamsitilishi; — ijtimoiy nazorat va zo‘rlik apparatining kuchayishi, markazlashgan iqtisodiyot, mulkchilikda davlat mulkining ustunligi; — xokimiyatning barcha xarajalarda nomenklaturaning yopiq kanallari orqali shakllantirilishi; — xokimiyat bo‘linishi prinsipining amalda bekor qilinganligi. O‘zining shaxsiy sajribasida totalitarizmning u yoki bu aspektidagi siyosiy qarashlarni tahlil qilgan bir nechta olimlarning fikrlarini keltiramiz. I. A. Ilin, “Totalitar rejim haqida” (1949) asarida: “Bu shunday siyosiy tuzumki, fuqarolar hayotini cheksiz qamrab olib, ularning barcha faoliyatlarini zo‘rlik bilan boshqaradi va tartibga soladi. “Totus” so‘zi lotinchadan “yalpi”, “butunlay” degan ma’noni bildiradi. Totalitar davlat barcha jabhani qamrab olgan davlatdir. U shunga tayanadiki, fuqarolarning tashabbuskorligi kerak emas va hatto zararli, fuqarolarning erkinligi esa havfli va unga toqat qilib bo‘lmaydi. YAgona hokimiyat markazi mavjud. U hamma narsani oldindan bilishni, rejalashtirishni va boshqarishni hoxlaydi. Odatiy huquqiy bilimlardan ma’lum: barcha ta’qiqlanmagan narsalar – mumkin; totalitar rejimlar uchun boshqa hususiyat hos: nima mumkin bo‘lmasa – ta’qiqlangan. Odatiy davlat deydi: senda shaxsiy mnfaatlaring uchun shaxsiy manfaatlar sohasi bor, bunda sen erkinsan. Totalitar davlat aytadi: faqatgina davlat manfaati mavjud va sen unga bog‘liqsan. Odatiy davlat ruxsat beradi: o‘zing fikrla, erkin e’tiqod qil, o‘z ichki dunyoingni o‘zing hoxlagancha qur. Totalitar davlat talab qiladi: aytilganday fikrla, umuman e’tiqod qilma, o‘z ichki dunyoingni ko‘rsatma bo‘yicha qur. Umuman aytganda, bu erda (totalitar davlatda) boshqaruv har tomonlama qamrab oluvchi, inson har jihatdan qaram. Erkinlik jinoyat va jazoga loyiq sifatida baholanmoqda. Bulardan kelib chiqadiki, totalitarizmning mohiyati faqatgina davlat tuzilishining alohida shaklida emas (demokratik, respublika, avtoritar), boshqaruvning qamrovi tomonidan, bu qamrov hamma narsani o‘rab olishi bilan farq qiladi. Biroq bunday qamrab oluvchi boshqaruv faqatgina yakkahokimlik, yakkapartiyaviylik, ish o‘rinlari monopoliyasi, barcha joyga qo‘li etadigan taftish, o‘zaro chaqimchilik va tuxmat, shafqatsiz terrorga asoslangan ashaddiy diktatura holidagina namoyon bo‘ladi. Boshqaruvning bunday tashkil qilinishi davlat shakliga hoxlagan ko‘rinish: sovet, federativ, saylanuvchi, respublika yoki boshqacha tus berishi mumkin. Davlat shakli emas, balki barcha narsani: shaxar va qishloq erto‘lalarining har bir burchagigacha, shaxsiy qalb, ilmiy laboratoriya, bastakor fantaziyasi, shoirning ilxomi, kasalxona, kutubxona, gazetalar, baliqchining qayig‘i va cherkov ibodatxonasigacha qamrab olishni ta’minlagan tashkiliy boshqaruv shakli muhim. Bu degani, totalitar tuzum asosiy qonunlar bilan emas, balki partiya buyruqlari, ko‘rsatmalari va dasturlariga tayanib faoliyat ko‘rsatadi. Mavjud qonunlar ham butunlay partiya ko‘rsatmalariga bo‘ysunadi. CHunki davlat organlari partiya diktaturasi ko‘rsatmasi bilan faoliyat yuritadi. Hali “fuqarolar” mavjud ekan ular majburiyatlar sub’ekti, buyruqlar ob’ekti, boshqacha qilib aytganda ishchi mashinalar, qo‘rquv va tobe’likka majbur bo‘lgan sub’ektlar majmuasidir. Bu shunday tuzumki, na huquq sub’ektlari, na qonunlar, na huquqiy davlat bor. Bu erda fikrlash huquqi psixik mexanizmlar: qo‘rquv, ochlik, kamsitish, qiynoqlar bilan almashtirilgan. Ijodiy mehnat ham qullarcha majbur qilinayotgan psixofiziologik mexnat shakli bilan almashtirilgan. SHuning uchun totalitar rejim na huquqiy, na davlat rejimidir. U butunlay hayvoniy va quldorlik mexanizmlari, “tana-jon”, mehnat nazoratchilarining tahdidli buyruqbozliklari va ularga uqtirilgan majburiy ko‘rsatmalarga asoslanadi... Mana shular quldorlik diktaturasining ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan mohiyatidir...”112. Nemis-amerika faylasufi va siyosatchisi Xanna Arendtning “Totalitarizm manbalari” (1951) kitobida an’anaviy despotizm va totalitarizmning farqli hihatlari, totalitar rejimlarning ijtimoiy sabablari o‘rganilib, ularning tub mohiyati ko‘rsatiladi. XX asrda totalitarizmga bevosita turtki bergan holatlardan biri, Arendt bo‘yicha, omma fenomenining yuzaga kelishidir. Omma umumiy manfaatlarni oqilona tushunmaydi, balki “salbiy o‘z-o‘zini anglash” (“dahshatli salbiy hamjihatlik”)ga asoslanadi. Sinflar o‘rtasidagi qo‘riqchi devorning qulashi, deb yozadi X.Arendt, barcha partiyalar ortida turgan mudrab yotgan ko‘pchilikni juda yirik, tashkillashmagan, biror tartibga ega bo‘lmagan, g‘azabnok ommaga aylantiradi. Ular muxoliflari keltirgan dallillarni inkor qilib o‘tirishga muhtoj emas va o‘z-o‘zidan o‘lim bilan tugaydigan metodlarni, qayta ishontirishdan ko‘ra terrorni ma’qul ko‘rishadi. X.Arendt yana shuni ta’kidlaydiki, totalitar inson atomlashtirilgan, begonalashtirilgan individ. Total mafkuraviy manipulyasiyalar va kuch ishlatish yo‘li bilan ijtimoiy jamoalarga jipslashtiriluvchi omma vakilidir. X.Arendt totalitarizmning ideal modeli sifatida natsistlar lagerini ko‘rsatadi. Unda insonda o‘zini tutishning normal sabablari buziladi. YAxshi va yomon o‘rtasidagi ahloqiy chegara yo‘qoladi, so‘ngra turli qiynoqlar natijasida normal psixik va psixofiziologik reaksiyalar buziladi. Demak, X.Arendt fikricha, siyosiy rejim jamiyatning ma’naviy-ahloqiy holatini belgilashda ham asosiy shart-sharoit hisoblanadi. Fransuz faylasufi va sotsiologi R.K.Aron 1993 yilda rus tilida nashr etilgan “Demokratiya va totalitarizm” kitobida totalitarizmning boshqa belgilari bilan bir qatorda mafkuraviy terror jihatiga alohida to‘htaladi. “Har qanday faoliyatning davlat va mafkuraga bo‘ysunish sababi, - deb yozadi u, - kasbiy sohadagi har qanday hatoliklar mafkuraviy hatoliklarga aylanadi, natijada alohida insonning yo‘l qo‘ygan hatolariga siyosiy va mafkuraviy tus beriladi, ohir oqibatda bir yo‘la siyosiy va mafkuraviy terror amalga oshiriladi”113. Aron bo‘yicha bu hususiyat totalitarizmning siyosiy faoliyatga monopol bo‘lgan birgina partiya faoliyati bilan uzviy bog‘liq. Totalitarizmda uning barcha belgilari bir-biri bilan bog‘liq holda namoyon bo‘ladi. “Totalitarizmni aniqlashda, - deb yozadi Aron, - partiyaning mutlaq o‘rnini hamda davlatlashtirilgan xo‘jalik faoliyatini va mafkuraviy terrorni hisobga olish lozim. Biroq bu holat shunda tugallangan ko‘rinish oladiki, qachon bu hususiyatlar birlashsa va butunlay bo‘rtib chiqsa”114. Totalitarizmning siyosiy rejim ko‘rinishidagi umumiy xarakteristikasini yuqorida ko‘rib o‘tdik. Bu rejim haqidagi aniq misollar P.V.Alekseev, A. V. Paninlarning “Falsafa” kitobida (P. V. Alekseev, A. V. Panin. “Filosofiya”. 2-e izd. M., 1999; 3-e izd. M., 2001) keltirilgan. Biz bilamizki, XX asrda ko‘plab totalitar rejimlar yuzaga keldi: Italiyada B.Mussolini (1922-1943) diktaturasi, Germaniyada 30-40-yillardagi Gitler fashizmi, SSSR da 30-50-yillar boshlarida Stalin diktaturasi, Xitoyda “madaniy inqilob” deb nomlangan davrdagi mafkuraviy terror, Kambodjadagi Pol-Pot diktaturasi, CHilidagi Pinochet totalitarzmi va boshqalar.Totalitarizm ijtimoiy turg‘unlik va regressiya, fuqarolar passivligini paydo qilishini, davlat va partiya apparatini degradatsiyaga, ma’naviy aynishga olib borishini yuqorida qayd etilgan mamlakatlar tarixi yaqqol isbotladi. O‘tish xolatidagi jamiyatlarda (totalitarizm yoki avtoritarizmdan demokratiyaga yoki aksincha) o‘tish davri siyosiy tizimlari shakllanadi. Bunday siyosiy tizimlar siyosiy institutlarning zaifligi bilan, oxlokratiya, ya’ni olomon xokimiyati xavfi namoyon bo‘lishi bilan, siyosiy xis-tuyg‘ularning jilovlanmaganligi bilan, ijtimoiy guruxlarning o‘z g‘oyaviy-siyosiy yo‘llarini yo‘qotganliklari (yo‘qotishlari) va boshqa xolatlar bilan ajralib turadi. Ayrim siyosatshunoslar siyosiy tizimlarni ulardagi markazlashuv darajasi, xurfikrlilik, plyuralizm va siyosiy xayotning demokratlashganligi darajasiga ko‘ra sifatlab, quyidagi tiplarga ajratadilar: 1. Marksistik siyosiy tizimlar (siyosiy tizimlarni bir-biriga keskin qarama-qarshi qo‘yadi). 2. Demokratik siyosiy tizimlar (fuqarolarning xokimiyat ustidan nazoratini ta’minlovchi mexanizm mavjud bo‘ladi). 3. Modernizatsiyalashgan siyosiy tizimlar (rivojlangan fuqarolik jamiyati, xokimiyat asoslanganligining ratsional usuli mavjud bo‘ladi). 4. An’anaviy siyosiy tizimlar (siyosiy an’analarga sodiqlik, xokimiyatning monarxiya shakli va x.q). 5. O‘tish davri siyosiy tizimlari (bunday tizim negizida rivojlanmagan fuqarolik jamiyati, siyosiy rollarning zaif tabaqalashtirilganligi, xokimiyatning xarizmatik usulda asoslanganligi, siyosiy institutlarning zaif rivojlanganligi yotadi). SHunday qilib, jamiyatning siyosiy tizimini muntazam ravishda takomillashtirib borish fuqarolik jamiyatini shakllantirishning asosiy sharti bo‘lib, murakkab va ko‘p qirrali bu mexanizmning samarali faoliyat ko‘rsatishidan jamiyat, undagi xar bir ijtimoiy gurux va individ manfaatdordir. Siyosiy tizim va uning asosiy elementlari, siyosiy tizimlar tipologiyasi masalalari siyosat xodisasi bilan mantiqan bog‘liqdir. CHunki siyosiy tizim siyosiy faoliyatning barcha turlarini va soxalarini o‘z ichiga qamrab oladi. Siyosiy tizim jamiyatda siyosat, xokimiyat va boshqaruvni shakllantirish xamda amalda ruyobga chiqarish bilan bog‘liq munosabatlar, xarakatlar, tashkilotlar yig‘indisidan iborat. Siyosiy tizim jamiyatning boshqa tizimlaridan farq qiladi va bu farq quyidagilarda ifodalanadi: 1. Siyosiy tizim doirasida qabul qilinadigan qarorlar butun jamiyat uchun majburiydir. 2. Siyosiy tizim ijtimoiy muxit va avvalo jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy tuzilmasi bilan uzviy bog‘liqdir. 3. Siyosiy tizim jamiyatning boshqa tizimlariga nisbatan mustaqildir. Siyosiy tizim jamiyatning maqsad va vazifalarini aniqlovchi, uning imkoniyatlarini amalga oshirishga safarbar qiluvchi mexanizmdir. Demak, siyosiy tizim deganda siyosiy xokimiyatni shakllantiruvchi va amalga oshiruvchi vositalari bo‘lgan davlat tashkilotlari va munosabatlar yig‘indisi tushuniladi. Siyosiy tizim barqarorligini ta’minlash uchun siyosiy xayot ishtirokchilari manfaatlarini, ular o‘rtasida vujudga keladigan ziddiyatlarni xisobga olish zarur. Buning uchun esa jamiyatdagi mavjud ijtimoiy qatlamlar, guruxlar, kuchlar, shuningdek, tashkilotlar va xarakatlarning manfaatlarini muvofiqdashtirish lozim. Bu vazifani O‘zbekistondagi isloxotlar sharoitida siyosiy tizimning asosiy elementi xamda bosh isloxotchi bo‘lmish davlat bajarmoqda. Demak siyosiy tizimning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: — jamiyatning maqsad va vazifalarini aniqlash; — imkoniyatlarni safarbar qilish; — jamiyat tizimi barcha elementlarini birlashtirish; — legitimlikka, xaqiqiy siyosiy xayotning zarur darajasiga rasmiy-siyosiy va xuquqiy normalar orqali erishish. Siyosiy rejim. Siyosiy tizim moxiyatini chuqurroq bilib olish uchun „siyosiy rejim” (siyosiy tartibot) tushunchasi mazmunini bilib olish juda muxim. Garchi, fransuz siyosatshunosi N. Dyuverje „siyosiy tizim” va „siyosiy rejim” tushunchalarini sinonimlar deb xisoblasa-da, bu ikki tushuncha o‘rtasida muayyan farq mavjud. CHunki siyosiy tizim tushunchasi kengroq va siyosiy rejim uning ayrim jixatlarini ochib beradigan bir ko‘rinishidir. “Siyosiy rejim” tushunchasi orqali xokimiyatga egalik qilishning u yoki bu shakli, davlat va siyosiy tizimning amal qilishi anglashiladi. Siyosiy rejim belgilari sifatida siyosiy etakchilik uchun kurash tabiatini (ochiq, yopiq), xalqning siyosiy xayotga jalb etilganligini, xalqning siyosatdan chetlatilganligi yoki unga siyosatga ta’sir etish imkonining berilganligini, siyosiy raxbariyat qanday qadriyatlarga suyanishi (konservatizm, reformizm, revolyusionizm va xokazolar) ni sanab o‘tish mumkin. YUqoridagi belgilarga ko‘ra siyosiy rejimlar totalitar, avtoritar, demokratik rejimlarga bo‘linadi. Amalda birorta siyosiy rejim sof xolda uchramaydi. SHuningdek, siyosiy rejimlar rivojlanish xususiyatiga ega bo‘lib, demokratiya avtoritarizm yoki totalitarizmga, avtoritarizm demokratiyaga o‘sib o‘tishi mumkin. Quyida totalitar va avtoritar rejimlar to‘g‘risida qisqacha muloxaza yuritamiz. Totalitarizm (lot. „totalitas" — to‘liq, butunlik) — g‘oyalar, fikrlar, nuqtai nazar sifatida juda qadimiy ildizlarga ega. Aflotun, T. Mor, T. Kampanella, G. Babef, Sen-Simon, J. J. Russo davlatning totalitar modellariniishlab chiqishgan. Fixte, Gegel, Marks, Nitsshe, Lenin va boshqalar asarlarida bu g‘oyalar rivojlantirilganligi ma’lum. Mazmunidagi farqlarga qaramay, totalitar konsepsiyalar umumiy mantiqqa egalar. Avvalo, ularning asosida utopiyalarni siyosiylashtirish yotadi. Utopiyalar tugal ishlab chiqilgan yopiq siyosiy tizim bo‘lgani uchun ziddiyatlar, xarakatlar, o‘zgarishlarga o‘rin qoldirmaydi. SHuning uchun xam utopiyalar doimo totalitar ruxdadir. Totalitar utopiya absolyut xaqiqat bilan tenglashtiriladi va boshqa xar qanday qarashlar, nazariyalar dushman yoki xato deb baxolanadi. Pirovardida totalitarizm dogma sifatida o‘zining inqirozini xam o‘zi tayyorlaydi. Avtoritarizm (lot. „auctoritas" to‘la xokimiyat) — ustunlik va irodani ko‘pchilikka o‘tkazishga asoslangan xar qanday ijtimoiy-siyosiy rejimdir. Avtoritarizmning shakllari absolyut monarxiya, diktatura, posttotalitar rejimlardir. Avtoritar raxbarlar qo‘rqitish, kirg‘in, zo‘rlikni qurol qilib olishlari xamda ommaning ishonchini qozonishga, qonunga suyanishga va boshqa vositalarga, xam murojaat qilishlari mumkin. Tarixdagi barcha avtoritar rejimlar xukmronlikning an’anaviy va xarizmatik turlariga asoslangandir. Totalitar rejim emirilgandan keyin tashkil topgan davlatlarning ko‘pchiligi avtoritar rejimlarga amal qiladi. Bir qator avtoritar davlatlar o‘zining samaradorligini amalda ko‘rsatdi. Avtoritar rejimning ijobiy tomoni sifatida ularda kuchli xokimiyat va erkin xo‘jalik yuritish, siyosiy barqarorlik va iqtisodiy o‘sish uyg‘unligiga erishish mumkinligi ta’kidlanadi. Bu rejimning zaif tomon-larini esa siyosatning ayrim shaxs yoki gurux irodasiga to‘laligicha bog‘liqligi; fuqarolarning siyosiy xayotdan chetlanganligi; butun jamiyatning siyosiy o‘yinlar, avantyuralar qurboni bo‘lish potensial xavfining doimiy mavjudligi; o‘rta asrlardagidek podsho, raxbar, etakchining adolati, zakovatiga umid, bog‘liqlik tashkil etadi. SHu bilan birga avtoritar rejimlarning bir qator ijobiy tomonlari xam borki, bu xususiyat ayniqsa, o‘tish davrini boshidan kechirayotgan jamiyatlarda o‘z samaradorligini amalda ko‘rsatadi. Avtoritar xokimiyat— kuchli xokimiyat, shuning uchun xam uning jamiyatda tartib, barqarorlikni ta’minlash qobiliyati birmuncha yuqoriroq. Bu xokimiyatturli kuchlar qarshiligini sindirib jamiyatda tarkibiy o‘zgarishlarni tez o‘tkaza oladi va butun imkoniyatlarni eng dolzarb muammolarni xal qilishga yo‘naltira oladi. Tub isloxotlar va o‘zgarishlar davrida ana shunday kuchli xokimiyatning mavjud bo‘lishi, albatta, afzalroqdir. Avtoritar tuzumlarning aksariyati modernizatsiya yo‘lidan boradi. Xozirgi vaqtda avtoritar rejimlar demokratiyaga yo‘naltirilganligi bilan xarakterlanadi. Bunday yo‘naltirilgan siyosiy rejimlar jamiyatda bozor munosabatlarini qaror toptirish, o‘rta qatlam nufuzini oshirish, fuqarolik jamiyatini shakllantirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, jamiyatni siyosiy xamda xar qanday plyuralizmga tayyorlash vazifasini bajaradi. Ularning faoliyat davri unchalik uzoq bo‘lmaydi. Jamiyatda shakllangan demokratik munosabatlar va shu yo‘nalishdagi kuchlar uning asta-sekinlik bilan siyosiy rejimning boshqa turi — demokratiyaga o‘tishini ta’minlaydi. Download 4.4 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling