O‘zbekiston respublikasi ichki ishlar vazirligi


Download 431.45 Kb.
bet41/107
Sana05.01.2022
Hajmi431.45 Kb.
#222618
1   ...   37   38   39   40   41   42   43   44   ...   107
Bog'liq
davlat-va-huquq-tarixi Odilqoriyev

Angliya davlati (V asr – XVII asrning o‘rtasi). Britaniya hududida V asr boshlariga qadar Rim legionerlari tomonidan idora etilgan. V asr boshlaridan o‘rtalariga qadar Britaniya bir qancha mustaqil mayda qirolliklarga bo‘lingan holda yashaydi. V asr o‘rtalariga kelib bu orolga shimoliy-g‘arbiy german qabilalaridan inglizlar, sakslar, yutlar bostirib kira boshlaydi. Bu istilo qariyb bir asrga cho‘ziladi. Natijada ilgarigi Britaniya hududida o‘ndan ortiq mayda varvar qirolliklari vujudga keladi. VII asrga kelib ular xristianlikni qabul qilib, 7 ta yirik (sakslar 3, angllar 3, yutlar 1) qirollikni (geptarxiya) barpo etadilar. 827-ilda Uyesseks qiroli Ekbert (802–839-y.) bu qirollikni o‘z hukmronligi ostida birlashtiradi. U asos solgan yagona ingliz-sakslar qirolligi X asrdan boshlab Angliya deb ataladi.

XI asr boshlarida inglizlar davlati daniyaliklar tomonidan bosib olinadi. Ularning hukmronligi ingliz-saklar sulolasi Eduard Ispovednik (1042–1066-y.) tomonidan qayta tiklangunga qadar davom etadi. 1066- ilda Angliya Normandiya gersogi Vilgelm tomonidan bosib olinadi. Shu tariqa u fotix (istilochi) nomi bilan Angliya qiroli bo‘lib oladi. U

Angliyani egallashda Rim papasining xayrixohligi va Fransuz qirolining yordamiga tayanadi. Normandlar boshqaruvi davrida markazlashgan davlatga asos solinadi.

O‘rta asrlarda Angliya feodal davlatining rivojlanish bosqichlarini quyidagi davrlarga bo‘lish mumkin:



    • ingliz-sakslarning ilk feodal monarxiyasi davri (IX–XI asrlar);

    • markazlashgan sen’orlik monarxiyasi va qirol hokimiyatini cheklash uchun fuqarolar urushi (XII asr) davri;

    • tabaqa-vakillik monarxiyasi davri (XIII asrning ikkinchi yarmi – XV asr);

    • absolut monarxiya davri (XV asrning oxiri – XVII asrning o‘rtasi).

Ingliz-sakslarning ilk feodal monarxiyasi davri (IX–XI asrlar). Dastlabki davrlarda ijtimoiy tuzum ruhoniylar, urug‘-qabila zodagonlari (erllar), erkin kishilar (kryollar, keyinroq genitlar), yarim erkin kishilar (letlar yoki uillar, keyinroq esa va geburlar deb yuritiladi) va qullardan iborat bo‘lgan.

Ilk davrlarda ko‘p sonli qirolliklarda qirollar saylab qo‘yilgan. Yagona davlat ingliz-sakslar davlati tashkil topishi bilan sekin-asta qirol hokimiyati barobarida uning mavqei ham yuksala boradi. Qirol oliy sud, harbiy hokimiyat va oliy yer egasi hisoblangan.

Oliy davlat organi – vitanagemot (vitanlar – donishmandlar, donish- mandlar kengashi) bo‘lgan. Barcha muhim davlat ishlari uning maslahati va roziligi bilan hal etilgan. Uning asosiy funksiyalari qirollarni saylash va oliy sudni amalga oshirish edi.

Mamlakat boshqaruvi qirol saroyi tomonidan amalga oshirilgan. Qirol saroyining asosiy boshqaruvchilari ichida quyidagilar katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Kamerariy qirollik mol-mulki va moliyasi ahvoliga javob bergan. Marshal qirollik otliq askarlarining qo‘mondoni hisoblangan. Qirollik kapelanlari davlatning devonxona ishlarini yuritganlar.

Ingliz-sakslarda asosiy ma’muriy-hududiy birlik graflik bo‘lgan. Ular yuzliklarga, yuzliklar qishloq jamoalari (tunlar)ga, jamoa esa o‘nta tomorqa (oila)ga bo‘lingan.

Bir qancha grafliklar tepasida eldormenlar turgan. Ular qirol to- monidan kelishib, vitanlar tomonidan mahalliy feodallar orasidan tayin- langan. Grafliklarga qirolning shaxsiy vakillari – sheriflar tayinlangan. Yuzliklar yuzlik yig‘inida saylanuvchi yuzboshilar tomonidan boshqarilgan. Qishloqning yuqori organi – jamoa yig‘ini (galimot) bo‘lib, jamoa tepasida oqsoqol turgan.

Angliyada markazlashgan sen’orlik monarxiyasi (XI–XII asrlar). Normandlar istilosidan so‘ng kuchli qirol hokimiyatiga asoslangan markazlashgan davlat tashkil topadi. Bu vaqtda qirol oliy yer egasi, qonun chiqaruvchi hamda oliy sud va oliy harbiy hokimiyat egasi hisoblanadi.

Qirolga tegishli qonun chiqarish hokimiyati ko‘pincha qirollik kuriyasi bilan birgalikda amalga oshirilgan. Kuriya oliy sud organi sifatida ham ish olib borgan. XII asrga kelib kuriya katta kengash va doimiy hukumat organi (kichik kuriya)ga ajralgan. Kichik kuriya oliy sud, ma’muriy va moliyaviy hokimiyatni amalga oshirardi.

Bu davrda davlatning quyidagi oliy mansabdor shaxslarini va boshqalarni ajratib ko‘rsatish mumkin. Bosh yustitsiar qirol Angliyada yo‘qligida amalda davlatni idora etib turuvchi ruhoniy shaxs hisoblangan. Kansler uning yordamchisi bo‘lgan. Kansler dastlab qirolning shaxsiy kotibi, keyinchalik qirol devonxonasi boshlig‘i va davlat kotibi vazifasini bajargan. Marshal qo‘shinlar qo‘mondoni, kamerariy xazinabon, qirollik mol-mulki, xazinasi va yer egaliklarining boshqaruvchisi hamda hisob palatasi boshlig‘i edi.

Mahalliy boshqaruv tizimi normandlar istilosidan keyin o‘zgarmadi. Yuzliklarda grafliklardagi sheriflarning yordamchilari beyliflar qirollik ma’muriyati vakillari bo‘lib qolganlar. Sherif graflik hududida ijro, harbiy, moliyaviy va politsiyachilik hokimiyatiga egalik qilgan.



Tabaqa-vakillik monarxiyasi (XIII asrning ikkinchi yarmi – XV asr). Bu davrda ijtimoiy tuzumda muhim voqealar yuz beradi. Jumladan, 1215- yil baronlar boshchiligida qirol hokimiyatiga qarshi qo‘zg‘olon bo‘lib o‘tadi. Natijada Erkinliklarning buyuk xartiyasi qabul qilinadi. U rasman Angliyadagi birinchi konstitutsiyaviy qonun hisoblanadi. Shuningdek, 1258–1267-yillarda fuqarolar urushi bo‘lib o‘tadi. Oqibatda oliy hokimiyat qo‘ldan qo‘lga o‘tib, qayta egallanadi va Angliyada parlament vujudga keladi.

Davlat boshqaruvida qirol hokimiyatining mavqei tushib, cherkov uning ustidan o‘z ta’sirini o‘rnatadi. Parlament dastlab tabaqa-vakillik organi shaklida bo‘lib, unda uch toifa vakillari qatnashgan. So‘ngra tez orada yirik feodallar tarkibida yig‘iladigan bo‘ldi. 1295-yilgacha boshlab yana barcha tabaqa vakillaridan iborat holda muntazam yig‘iluvchi organga aylanadi. Parlament 1343-yildan boshlab yuqori – lordlar va umumpalataga bo‘linadi. U keyinchalik quyidagi vakolatlarni qo‘lga kiritadi: qonun chiqarishda ishtirok etish, qirol xazinasi foydasiga aholidan soliqlar olish haqidagi masalalarni hal etish, oliy mansabdor shaxslar ustidan nazoratni amalga oshirish hamda ba’zi hollarda maxsus

sud ishlarini yuritish. Parlament davlat boshqaruvini o‘ziga bo‘ysundirish yo‘lida XIV asrning oxirida impichment protsedurasini joriy etadi.

XIII asr davomida yangi ijroiya organi Qirollik kengashining rivojlanishi sodir bo‘ladi. Ilgarigi qirolning eng yirik vassallari yig‘ini bo‘lgan Katta kengashning funksiyalari endi parlamentga o‘tadi. Yangi kengash tor doiradagi oliy ijroiya va sud organi hisoblangan. Uning tarkibiga qirolning yaqin maslahatchilari, odatda kansler, xazinachi, sudyalar va vazirlar kirgan.

Mahalliy boshqaruv vakolatlari eski sudlar va graflik majlislari qo‘lidan chiqib, yangi mansabdor shaxslarga va sayyor sudlarga o‘tadi. Ularning vakolatlari tobora kengayib boradi. Joylarda konstebllar politsiyachilik funksiyalariga ega bo‘lganlar.

XIII–XIV asrlarda sud tizimining ixtisoslashuvi jadallashgan. Biroq ko‘pgina muassasalarning ma’muriy va sud hokimiyati ajratilmagan. Bu davrda Angliyada Qirol kursisi sudi, Umumiy tortishuvli sud va Xazina sudi oliy sudlar hisoblangan. Ulardan adolat yuzasidan ish ko‘ruvchi Lord-kansler sudi ajralib chiqadi. XIV asrda umumiy sayyor sudlar o‘rnini ancha ixtisoslashgan sayyor komissiyalar egallaydi. Bu davrda shuningdek, cherkov sudlari ham faoliyat yuritgan.

Absolut monarxiya davri (XV asrning oxiri – XVII asrning o‘rtasi). Angliyada absolut monarxiya boshqa mamlakatlarda bo‘lgani kabi feodalizm inqirozi va kapitalistik ishlab chiqarish munosabatlarining vujudga kelishi davrida o‘rnatilgan.

Bu davrda hokimiyat va boshqaruvning oliy organlari qirol, yashirin kengash va parlament edi. Real hokimiyat qirol qo‘lida to‘plangan. U ko‘p sonli va faqat o‘ziga bo‘ysunuvchi organlar orqali qonun chiqarish, ijro etish va oliy sud hokimiyatini amalga oshirgan.

Yashirin kengash oldin mavjud bo‘lib, bu vaqtda batamom rasmiylashgan. U davlatning oliy mansabdor shaxslari bo‘lgan lord- kansler, lord-xazinasi, qirolning shaxsiy muhrini saqlovchi lord va boshqalardan iborat edi. Kengash tarkibi doimiy bo‘lmagan. Uning vakolatlarini qirol belgilagan bo‘lib, maslahat organi edi. Ushbu kengash qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud organi sifatidagi faoliyatini komissiyalari va komitetlari orqali bajargan. Uning farmon va ordo- nanslari parlament hujjatlari bilan tenglashtirilgan.

Parlamentning vakolatlari absolutizm davrida ham ilgarigidek saqlanib qoladi. U oldingi davrlardagidek, soliq va yig‘imlar miqdorini o‘rnatish imtiyoziga ega edi.

Cherkov ustidan ham bu davrda qirol hokimiyati o‘rnatilib, islohotlar o‘tkaziladi. Mamlakatda oliy cherkov organi – Yuqori komissiya tashkil etilgan. U diniy xarakterdagi ishlar yuzasidan tashkiliy va nazorat etish, diniy-targ‘ibot vakolatiga ega bo‘ladi.

Absolutizm o‘rnatilishi bilan mahalliy organ tizimi, ularning markaziy boshqaruv organlari bilan munosabati belgilanadi. Asosiy o‘zgarishlar tariqasida lord-leytenant mansabi joriy etiladi, cherkov prixodi (qavmi)ning quyi mahalliy birlik sifatida rasmiylashtiriladi. Lord- leytenant bevosita qirol tomonidan graflikka tayinlangan. U mahalliy ko‘ngilli qo‘shinlarga boshchilikni, murosaga keltiruvchi sudyalar va konstebllar faoliyatiga rahbarlikni yuritgan.

Angliya davlati XVI–XVII asrlarda Britaniya orolining egallanmagan hududlarini bosib olishga qaratilgan harakatini kuchaytiradi. Amalda bu bir necha davlatlar mustamlakaga aylantirilishi bilan tugaydi. Qo‘shinni tashkil etishning asosiy tamoyillari uncha o‘zgarmagan. Bu borada davlatning monopol huquqi o‘rnatiladi.


Download 431.45 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   37   38   39   40   41   42   43   44   ...   107




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling