O‘zbekiston respublikasi ichki ishlar vazirligi


Qadimgi Xitoyning davlat tuzumi


Download 431.45 Kb.
bet15/107
Sana05.01.2022
Hajmi431.45 Kb.
#222618
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   107
Bog'liq
davlat-va-huquq-tarixi Odilqoriyev

Qadimgi Xitoyning davlat tuzumi. Xitoy Markaziy va Sharqiy Osiyodagi eng qadimgi davlatlardan biridir. Arxeologik qazilmalarning tasdiqlashicha, Xitoyning ko‘p joylarida neolit davriga mansub manzilgohlar bo‘lganligi aniqlangan. Eng qadimgi Xitoyda ko‘p sonli qabilalar yashagan. Qabila oqsoqolining hokimiyati otadan o‘g‘ilga emas, otadan ukaga o‘tgan.

Eng qadimgi Xitoy qabilalaridan miloddan avvalgi II ming yillik boshlarida Xeanxe (Sariq daryo) qirg‘oqlariga shimoldan ko‘chib kelgan Shan qabilasi ayniqsa kuchayib ketgan. Bu qabila boshqa qabilalarni bo‘ysundirib, Xuanxe daryosi havzasining ko‘p qismini egallab olgan. Shunday qilib, Xitoyga janubi-sharqdan, ayniqsa shimoldan xilma-xil urug‘lar va qabilalar kirib joylashgan.



Aholi daryo bo‘yidagi kichik-kichik qishloqlarda yashagan. Dehqon- chilik, chorvachilik, hunarmandchilik va savdo-sotiqning rivojlanishi aholi orasida mulkiy tengsizlik va tabaqalanishga olib kelgan. Bu hol Sharqiy Xitoyda dastlabki davlatlarning vujudga kelishi uchun imkoniyat yaratgan.

Qadimgi Xitoy davlati tarixi quyidagi to‘rt davrga bo‘lib o‘rganiladi:



  • Qadimgi Xitoy davlatining tashkil topishi – Shan (In) davlati (mil. avv. XVIII–XII asrlar);

  • Chjou davlati (mil. avv. XI–III asrlar);

  • Sin podsholigi (mil. avv. 221–207-y.);

  • Xan podsholigi (mil. avv. 206-yildan milodning 220-yiligacha).

So‘nggi davr Qadimgi Xitoyning quldorlik davlatining feodal davlatga o‘sib o‘tishi bilan xarakterlanadi.

Qadimgi Xitoyda shahar tipidagi svilizatsiyaning dastlabki o‘choqlari miloddan avvalgi II ming yillikda Xuanxe daryosi havzasida tashkil topa boshlagan. Bu vaqtga kelib In qabilalarida urug‘ aristokratiyasining boshqaruvchi tabaqasi ajralib chiqqan.

Xitoy manbalarida aytilishicha, Qadimgi Xitoyda davlat miloddan avvalgi XVIII asrda Sya qabilasining Shan qabilasi tomonidan bosib olinishi natijasida tashkil topgan. O‘sha vaqtda shan qabilasi boshlig‘i Chen Tan ismli shaxs davlatga asos soladi. Shu bois u hukmdor qabilaning nomi bilan Shan davlati deb atalgan. Shan sulolasi qulaganidan so‘ng In degan nom yuritilgan. Chen Tan Xitoyning birinchi podshosi (podsho – van) bo‘lgan.

Dastlabki davlatning tashkil topishi avvalo ishlab chiqarish, yer va suvni boshqarish va ulardan foydalanish, hududlarni himoya qilish zaruratidan kelib chiqqan. Qolaversa, ibtidoiy tuzum organlari katta hududni boshqarish uchun yaramay qolgan. Shu maqsadda maxsus davlat apparati tashkil etilgan. Bu butun ilohiylashtirilgan van, butun jamoaga qarama-qarshi turuvchi boshqa kishilardan iborat ma’muriy apparatning tashkil etilishida namoyon bo‘lgan.

Shunday qilib, davlat ichki taraqqiyot mahsuli sifatida xo‘jalik va ijtimoiy mehnat taqsimotining rivojlanishi oqibatida mulkiy tengsizlik va tabaqalanishning paydo bo‘lishi va urug‘doshlik tuzumining yemirilishi natijasida tashkil topgan.

Xitoyda davlatning tashkil topish xususiyati shundaki, ibtidoiy jamoa tuzumidan sinfiy jamiyatga o‘tish jarayoni bir xalqning boshqasi tomonidan bo‘ysundirilishi ta’sirida tezlashgan.

Shan (In) davlati miloddan avvalgi XII asrda ichki ziddiyatlar sababli inqirozga uchraydi. Uning tarkibidagi Chjou qabilasi boshchiligida Shan davlati o‘rnida Chjou davlati tashkil topgan.

Chjou podsholigi Xitoy tarixida quyidagi 3 davrga bo‘linadi:



  • G‘arbiy Chjou (mil. avv. 1122–742-y.);

  • Sharqiy Chjou (mil. avv. 770–403-y.);

  • urushqoq podsholiklar davri (mil. avv. 403–221-y.).

Miloddan avvalgi IX asrda ichki va tashqi omillar sababli g‘arbiy Chjou davlati yemiriladi. Mamlakat bir qancha mustaqil davlatlarga bo‘linib ketadi. Miloddan avvalgi 770-yilda podsholik poytaxti Xoadan Loyanga ko‘chiriladi. Shundan keyin Sharqiy Chjou podsholigi davri boshlangan.

Sharqiy Chjou podsholigi davri iqtisodiy va siyosiy hayotdagi yirik o‘zgarishlar bilan xarakterlanadi. Miloddan avvalgi VII–IV asrlardagi urushqoq podsholiklar yoki besh hokim davrida Si, Szin, U, Chu va Yuz kabi mayda podsholiklar o‘rtasida o‘zaro urushlar davom etgan. So‘ngra konfutsiylik dini targ‘ibotchilari va xalqning birlashish zarurati tufayli 7 ta yirik Xitoy podshohliklari atrofida turli mintaqa va xalqlarning yaqinlashuvi yuz beradi.

Miloddan avvalgi IV asrda kuchayib ketgan Sin podsholigi miloddan avvalgi 221-yilda mamlakatni birlashtirib, yagona Sin podsholigiga asos soladi. Bu davrda mukammal qonunchilik tizimi joriy etiladi. Davlatni markazlashtirishga qaratilgan islohotlar o‘tkaziladi. Podsho In Chjen davrida (mil. avv. 241–210-y.) sharqiy, shimoliy va janubiy hududlar hisobiga yirik imperiyaga asos solinadi.

Miloddan avvalgi 209-yilda ijtimoiy ahvolning yomonlashishi sababli butun mamlakatda xalq qo‘zg‘olonlari bo‘lib o‘tadi. Unga Lyu Ban ismli qishloq oqsoqoli boshchilik qiladi. Sin davlati halokatga uchraydi. Miloddan avvalgi 202-yilga kelib Lyu Ban tarafdorlari g‘olib chiqib, u o‘zini yangi Xan sulolasining podshosi deb e’lon qiladi. Shu tariqa Sin podsholigi tugatilib, o‘rnida Xan podsholigi paydo bo‘lgan.

Xan podsholigi davrida podsholar Chun va Man tomonidan mehnatkashlar ahvolini yaxshilashga qaratilgan ma’muriy, yer, soliq va pul islohotlari amalga oshiriladi.

Milodiy II asrning ikkinchi yarmiga kelib Xitoyda siyosiy va ijtimoiy hayotda og‘ir vaziyat vujudga keladi. 220-yilda Xan podsholigi Vey, Shu va U kabi davlatlarga bo‘linib ketadi. Bu Xitoy tarixida Uch podsholik davri deb ataladi. Shu bilan qadimgi Xitoy tarixi o‘z nihoyasiga yetgan.

Shan (In) podsholigining ijtimoiy tuzumi dunyoviy aristokratlar, kohinlar, bo‘ysundirilgan qabilalarning aristokratlari, erkin jamoachi dehqon (nunfu)lar va qullardan iborat bo‘lgan. Barcha yerlar jamoa va xususiy yerlarga bo‘lingan. Jamoa davlatda juda katta rol o‘ynagan. Qullarning manbai urush, qarz, o‘lpon va jinoiy javobgarlik hisoblanadi. Ulardan xo‘jalikning turli sohalarida foydalanilgan. Keyingi davrlarda savdogarlar, harbiylar, quldor hamda xizmatchi zodagonlarning mavqei osha boshlaydi. So‘nggi davrda ijtimoiy tuzumda jiddiy o‘zgarish kuzatilmaydi.

Davlat tuzumida dastlabki davrlarda urug‘-qabila harbiy demokratiyasi saqlangan. Lekin, vaqt o‘tgan sari butun hokimiyat podsho qo‘lida to‘plangan. Ularning hokimiyati ilohiylashtirilgan. Podsho birinchi va eng yirik quldor, oliy harbiy boshliq, eng oliy sudya va eng katta ruhoniy hisoblangan. Davlat apparatiga u boshchilik qilgan. Barcha mansabdor shaxslar oliy dunyoviy, harbiy va diniy amaldorlarga bo‘lingan. Yuqori davlat lavozimlariga uning yaqinlari va qarindosh- laridan tayinlangan. Quyi mansablar esa kasb bo‘yicha amaldorlarga berilgan.




Download 431.45 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   107




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling