O’zbekiston Respublikasi Jamoat xavsizligi universiteti «tasdiqlayman» Ijtimoiy-gumanitar fanlar Kafedrasi boshlig’i Polkovnik Tolipov A. A


Mashg‘ulotni olib borish va vaqt taqsimoti


Download 50.84 Kb.
bet2/2
Sana22.04.2023
Hajmi50.84 Kb.
#1382354
1   2
Bog'liq
6-mavzu

Mashg‘ulotni olib borish va vaqt taqsimoti:
1. Kirish qismi (10 daqiqa)
- guruh komandirining axborotini qabul qilish;
- magistrlar davomatini tekshirish;
- o‘quv xonasi va magistrlarni darsga tayyorligini tekshirish;
- kunning dolzarb yangiliklari haqida qisqacha ma’lumot berish.


2. Asosiy qism (60 daqiqa)
- mashg‘ulotning o‘quv savollarini e’lon qilish va taqdimot slaydida namoyish etish;
- mavzuning mazmun-mohiyatini bayon etish;
- magistrlarni darsga qiziqishlari va faolligini oshirish.

Seminar mashg‘ulotining o‘quv savollari



  1. Qadimgi Xitoydagi geosiyosiy ta’limotlar.

  2. Qadimgi Hindistondagi geosiyosiy ta’limotlar.

  3. Arab dunyosining qadimgi geosiyosiy konsepsiyalari.


Geosiyosiy rivojlanish bosqichlari va hozirgi davrda yetakchi davlatlar geosiyosati
Qadimgi Xitoy va Hindistonda geosiyosiy ta’limotlar
Ma’lumki, eng qadimgi geosiyosiy ta’limot namunalari Sharqda Xitoy, Hindiston, Arab dunyosi va boshqa madaniyat markazlarida paydo bo‘lgan.
Xitoyda ilk davlat birlashmasi miloddan oldingi II ming yillik boshida barpo etilgan. (Mil. avv. XVIII asrda mamlakat Shan davlati ). Xitoy mil. avv. V asrda turli podsholiklarga bo‘linib ketgan va xorijiy istilolar uchun qulay sharoit paydo bo‘lgan. Shu davrdan boshlab Xitoy imperiyasi chet davlatlarning hujumlariga duchor bo‘ldi va xitoy xalqi bir necha bor chet el bosqinchilariga qarshi kurashga bosh ko‘tarishga majbur bo‘ldi.
Tadqiqotchilar Xitoyda milliy birlikning shakllanishi tarixini Chjou imperiyasi davrida xitoyliklarning xorijiy dushmanlarga qarshi umumiy harakat boshlangani bilan baholaydilar. Xitoy aholisining ongida geosiyosiy g‘oyalar va markazlashgan Xitoy davlati doktrinasi ayni shu davrda paydo bo‘ldi. Qadimgi xitoylarning geosiyosiy tasavvurlariga ko‘ra, bu mamlakat “samo ostidagi dunyoning markazi” (xitoy tilida “tyan) edi. Aslida, Xitoy degan nomning o‘zi “chjungo” so‘zidan (chjun – “o‘rta”, go - “davlat”) kelib chiqqan bo‘lib, “o‘rta imperiya” degan ma’noni anglatadi. Bu vaqtdan boshlab Xitoy imperiyasi markazlashgan davlat tizimidan, qulay geografik sharoitidan va ularning so‘zi bilan aytadigan bo‘lsak, “parvardigor ularga in’om etgan ustunliklardan” foydalanib, zamonasining eng rivojlangan texnik, madaniy va harbiy imperiyasini bunyod etdilar va atrofdagi hududlarni bosib olishga kirishdilar.
Qadimgi Xitoy davlatining rahbarlari atrofdagi olamga munosabatlarda o‘z harbiy, siyosiy va geostrategik vazifalarini rejali ravishda, realistik va pragmatik boshqaruv asosida amalga oshira borib, jahonning boshqa davlatlari va xalqlari bilan o‘zaro munosabatning jiddiy va sistemali strategiyasini yaratdilar. Chet el bosqinchilariga qarshi kurash vazifasi bu strategiyaning eng o‘zak talablaridan biri edi. Mohiyat e’tibori bilan, tashqi bosqinchilarga qarshi kurash faqat Xitoygina emas, balki Qadimgi Yunoniston va Qadimgi Rim geostrategik faoliyatining asosini tashkil etgan va hukmron tabaqaning asosiy burchi hisoblangan.
O‘sha davrdagi (Lao-tszi, Konfutsiy, Men-tszi va mil.avv. 579-289 yillarda yashagan boshqa) mutafakkirlarning bizgacha yetib kelgan qo‘lyozmalarida ko‘p masalalar – qo‘shni katta va kichik davlatlar, bu davlatlarning bunyod etilishida daryo va ko‘llar, dengiz va okeanning roli, dunyo markazida imperiyalarning joylashuvi, katta davlatlarning kichik davlatlar uchun jozibadorligi, geosiyosiy hududlarga aholining o‘zaro kelishuv yo‘li bilan erlashtirilishi va h.k.lar to‘g‘risida qator harbiy strategik, geosiyosiy va geografik g‘oyalar bayon etilgan. Chunonchi, Konfutsiy (mil.avv. 551 – 479) “Lun-yuy” (“Mulohazalar va suhbatlar”) asarida garchi geosiyosiy muammolar haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri so‘zlamasa-da, qo‘shni davlat ustidan g‘alaba qozonish, hukmronlikning yashirin taktik usullari va yo‘llari (verbal kommunikatsiyalar vositasi), davlat rahbari va hukmron tabaqaning ma’naviy boshqaruvi asoslari, davlatning kuch-quvvati va uning makonda o‘z aksini topishi, ierarxiyali boshqaruv tizimi va uning xususiyatlari bilan bog‘liq qator masalalarni tilga olgan. Konfutsiy tabiatdagi jonli organizmlar orasida bo‘lgani kabi jamiyatda ham har bir inson turlicha kuch, mavqe, huquq va burchlarga ega bo‘ladi, deb hisoblar edi. U o‘z ijtimoiy qonun-qoidasini bunday izohlagan: “Hokim – hokim, ota – ota, o‘g‘il – o‘g‘il, idora qiluvchi ham, idora qilinuvchi ham o‘z o‘rni va huquqini bilmog‘i darkor”.
Qadimgi Xitoy faylasufi Men-tszining (mil. avv. 372-289) asarlarida ham original geosiyosiy fikrlarni uchratish mumkin. Uning ilmiy merosida “to‘rt dengiz doirasida hokimiyat g‘oyasi” bayon etilgan va geostrategik jihatdan asoslab berilgan.
Tarixiy adabiyotlarda Xitoy davlatining rivojida Xan sulolasining (mil.avv. 206 – milodiy 220 yillar) hokimiyatiga alohida e’tibor berilgan. Xan sulolasi davlat faoliyatida realistik geostrategik dastur mavjud bo‘lgani geosiyosiy ma’noda muhim ahamiyat kasb etgan va bu diqqatni jalb qiladi. Asosini uchta – Xitoyning hududiy butunligi, aholining asta-sekin ko‘payib borishi va ijtimoiy turmush normalari, ierarxiyali boshqaruvning o‘zgarmas qoidalari tashkil etgan bu geostrategik yo‘l mazkur sulola hokimiyatining muvaffaqiyatli boshqaruvi va Xitoyning XVIII asrga qadar sobit taraqqiy etishining chinakam geostrategik tilsimi kabi baholanishi mumkin.
Miloddan avvalgi III asrda hozirgi Hindiston hududida ham geosiyosiy fikr-mulohazalar maydonga kelgan. Bu davrda mazkur zaminda Harappa madaniyati asosida umumhind sivilizatsiyasi shakllana boshlagan va mil. avv. II asr o‘rtalariga qadar mavjud bo‘lgan. Mil. avv. II asrda jangari oriy qabilalari bostirib kirishi va ular tomonidan davlat tizimining barpo etilishi qadimgi Hindistonning geosiyosiy, madaniy va harbiy strategiyasi paydo bo‘lishiga olib keldi. Geosiyosiy tushunchalar qadimgi oriylarning ma’naviy madaniyati obidasi bo‘lgan Vedalar orqali bizga etib kelgan. Unda olam gul solingan savatlar suzib yuradigan okeanga o‘xshatiladi. Ba’zi geosiyosatchilar bu manbalardagi yer taqsimoti hatto hozirgi dunyoning dengiz, quruqlik va dengizlar orasidagi yarim orollar sistemasiga tom uyg‘un tushadi, deb aytishadi. Klassik nemis sayyohi K.Ritter yozganidek, qadimgi oriylarning geosiyosiy tafakkuri tabiat (okean va quruqlik) va inson jamiyati (davlat) orasida bog‘liqlikning birligini o‘zida aks ettirgan. Oriylar, xuddi xitoylar singari, borliq (dunyo)ning markaziga tegishincha o‘z xalqi (mamlakati)ni qo‘yganlar va shu bilan etnomarkazchi g‘oyalarni jamiyat va madaniyat asosi, deb hisoblaganlar. Mohiyat e’tibori bilan, keyingi davrlarda, hatto klassik geosiyosatda ham bunga o‘xshash g‘oyalar milliy geosiyosiy nazariyalarning asosini tashkil etdi.
Qadimgi Hindiston mutafakkiri braxman Artxashatra Kautilyaning “Davlat boshqaruvi ilmi” kitobida (mil. avv. IV asr) va siyosat ilmiga oid qo‘lyozmalarida juda qimmatli geosiyosiy g‘oyalar va fikrlar o‘z aksini topgan. Davlatni samarali boshqarish, boshqaruv va huquq, urush va diplomatiya masalalari, bo‘sh yotgan yoki bosib olingan joylarga aholini joylashtirish qoidalari to‘g‘risida u o‘rtaga tashlagan fikrlar, shu jumladan geosiyosiy mulohazalar bugungi kunda ham jahon geosiyosatchilarini hayratda qoldirmoqda. Xususan, uning aholini joylashtirish ishi markaziy hokimiyat tomonidan olib borilishi kerakligi, aholini er bilan ta’minlash, chegaralarni tashqi bosqinlardan himoya etish uchun istehkomlar qurish va shu singari g‘oyalarini o‘z davrining eng ilg‘or nazariy fikrlari deb hisoblasa bo‘ladi.
Albatta, Kautilyaning asarlaridagi geografik omil va makon o‘rtasidagi bog‘liqlik, davlatning xavfsizligi va chegaralar to‘g‘risidagi g‘oyalari, ko‘pdan-ko‘p geostrategik mulohazalari o‘sha vaqtdagi geosiyosiy tafakkurning namunasi bo‘ldi. Makonni davlatning muhim zahirasi va tashqi dunyo bilan munosabatlarning asosi deb hisoblagan Kautilya yashash makonlarining chegaralari daryolar yoki tog‘lar, o‘rmon, butalar, jarlar, ko‘tarmalar bilan ihota etilishi darkor, deb yozgan edi. Uning fikricha, bu istehkomlar yo tabiiy bo‘lishi, yoki yangidan barpo qilinishi lozim. Kautilyaning mulohazalari geosiyosiy va geostrategik masalalar, tabiat va uning strategik imkoniyatlari, geografik makon omillari va hokazolarga oid tushunchalari real geografik va tabiiy geosiyosiy ma’lumotlarga asoslangan edi.

Arab dunyosining qadimgi geosiyosiy konsepsiyalari


Yevroosiyo qit’asining janubi-g‘arbiy qismida joylashgan hamda Yevropa, Markaziy va Janubiy Osiyo, Shimoliy Afrika o‘rtasida oraliq mavqeni egallagan va taxminan 3 mln. kv.km.ni qamrab olgan Arabiston yarim oroli qadimgi arab dunyosining geosiyosiy makoni sifatida taqdim etiladi.
Miloddan avvalgi I asrdayoq Arabiston yarim orolining janubida rivojlangan sug‘orish tizimiga asoslangan dehqonchilik madaniyati yuzaga kelgan. Yarim orolning boshqa qismlarida chorvadorlik bilan shug‘ullanadigan ko‘chmanchi badaviylar yashagan. Daryo va dengiz sohillarida istiqomat qilgan o‘troq arablar ko‘proq hunarmandchilik va savdo-sotiq bilar shug‘ullanganlar.
Miloddan keyingi VII asr boshlarida Arabiston dunyosidagi geosiyosiy munosabatlarni bu hududlar va savdo yo‘llaridan keladigan daromad ustida Vizantiya, Eron va Efiopiya o‘rtasida borgan kurash belgilab bergan. O‘sha davrda bu hududlarda yakkaxudolik – yahudo va xristian dinlari allaqachon rivoj topgan, lekin hali islom dini maydonga chiqmagan edi. 570-632 yillarda yangi din – islomni bayrog‘i ostida Muhammad payg‘ambar tomonidan boshlab berilgan harakat arab dunyosini birlashtirishga olib keldi va bu mintaqaning keyingi geosiyosiy tuzilmasida katta rol o‘ynadi. Aholining ommaviy ravishda islom dinini qabul qilishi geosiyosiy ma’noda etnik va diniy jihatdan birlashgan arablarning yagona davlat – Xaliflikni barpo etishlariga sabab bo‘ldi.
Xalifalik mazkur hududda yangi geosiyosiy reallikka aylanib, o‘z ta’siri va islom dinini faqat Arabiston yarim oroligagina emas, balki Osiyo, Afrika va Yevropaning keng hududiga yoyishga intildi. Muhammad payg‘ambar bu davrda mintaqaning barcha geosiyosiy sub’ektlari va aktorlariga mashhur diniy murojaatini yo‘llab, ularni islomga kirishga chaqirdi. Shu davrdan boshlab islom faqat Arabiston yarim oroligina emas, balki butun dunyoga yoyilib, dunyo diniga aylanadi.
Mazkur vaqtdan boshlab bashariyat tarixida Islom geosiyosiy konsepsiyasi paydo bo‘ldi. Bu esa insoniyatning keyingi geosiyosiy tuzilishi va rivojiga jiddiy ta’sir o‘tkazdi.
Xalifalikning islom dinini yoyish va rivojlantirish konsepsiyasiga ko‘ra, dunyo uch qismga bo‘linar edi: Birinchi – markaziy deb nomlangan qism islomni qabul qilgan mamlakatlardan iborat bo‘lib, ular Xalifalikning musulmon hukmdorlari tomonidan idora qilinardi. Islom dinining barcha boshqaruv markazlari va Xalifalik rejimi tuzilmalari (joylardagi noiblarni istisno etganda) ayni shu yerda joylashgan edi.
Ikkinchi qismga kelishuv yo‘li bilan Xalifalikka tobe bo‘lgan mamlakatlar kirgan. Bu mamlakatlarning nomusulmon aholisi islom himoyasi ostida bo‘lgan va buning uchun Xalifalikka maxsus haq (jizya) to‘lagan. Bugungi til bilan aytadigan bo‘lsak, bu hududlar Xalifalikning yarim mustamlakasi bo‘lgan.
Uchinchi qism urush sohasi deb hisoblangan. Bu mamlakatlar va xalqlar islomni qabul qilmagan, Xalifalikka shartnoma asosida tobe ham bo‘lmagan, binobarin, u bilan urush holatida bo‘lgan. Xalifalik ularni yarim mustamlakaga aylantirish uchun doimiy ravishda kurash olib borgan.
Mazkur davrda Xalifalik islomni yoyish vositasida, so‘zning tom ma’nosida, dunyo siyosatini yuritgan. Bu siyosatning maqsadi “muqaddas dini va kitobi bo‘lmagan” barcha xalqlarni islomga kiritishdan, “dini va kitobi” bo‘lganlarni bo‘lsa, Bu geosiyosat Xalifalik deb atalgan davlat tuzilmasi orqali amalga oshirilgan. Xalifalik arab millatini, islom dinini va musulmonlarning diniy markazi bo‘lgan Makkani bu dunyoning markaziga qo‘ygan. Xalifalik bu shaharni nafaqat islom dunyosining, balki butun jahon imperiyasining poytaxti deb bilardi.
Xalifalikning geosiyosiy g‘oyalari o‘sha davr musulmon mutafakkirlarining asarlarida ifodalab berilgan. Ular orasida Forobiy va Ibn Xaldunning alohida o‘rni bor.
Abu Nosir ibn Muhammad Forobiy (870-950) o‘z asarlarida davlatlarning vujudga kelishidagi siyosiy va geosiyosiy jihatlarini ochib bergan. U davlatlarni uchta: buyuk, o‘rta va kichik davlatlarga bo‘lgan. O‘z tarkibida ko‘p xalqlarni birlashtirgan va ularni oliy maqsadlarga yo‘naltirgan, tinchlik va farovonlikda yashagan davlatlarni u Buyuk davlatlar qatoriga kiritgan. Bir xalqni birlashtirgan mamlakatlarni u o‘rta, faqat bir shaharni boshqarganlarni bo‘lsa kichik davlatlar sirasiga oid deb bilgan. Ko‘ryapmizki, uning geosiyosiy davlat tushunchasi yuz yillardan so‘ngra Yevropada maydonga kelgan imperiyalar, oddiy davlatlar va polis deb atalgan shahar davlatlar tizimiga to‘la mosdir.
Ibn Xaldun Abdurahmon Abu Zaydning (1332-1406) asarlarida ham geosiyosiy tushuncha namunalarini uchratishimiz mumkin. Uning ko‘pdan-ko‘p geosiyosiy g‘oyalar bayon etilgan “Arablar, forslar, berberlar va ularning katta miqyosdagi hokimiyatni qo‘lga kiritgan zamondoshlari haqida ma’lumotlar va ibratli nasihatlar kitobi yoki Katta tarix”i asarini (1367), shuningdek “Muqaddima” nomli qomusini alohida qayd etish lozim. U aholining yerlashishi bilan bog‘liq geografik nazariyaning ko‘pgina elementlarini asoslab bergan. Bu nazariya necha yuz yillardan so‘ng V.P.Semyonov Tyan-Shanskiy tomonidan o‘rtaga tashlangan.
Muallifning aytishicha, kishilar dunyoni o‘zlashtirish jarayonida birgalikda oziq-ovqat topish va bosqinchilardan himoyalanish uchun bu hududlarda yashagan boshqa kishilar va xalqlar bilan hamkorlik qiladilar. U kishilar jamiyatda dastlab qarindoshlik asosida birlashadilar, so‘ngra boshqa kishilarni ham bu jamiyatga tortib, konkret maqsadlar yo‘lida birlashadilar, deb hisoblagan. U insonlarning birlashuvining asosiy sabablari orasida mudofaa va yashash uchun jipslashishning ahamiyati ustun ekanini ko‘rsatar ekan, insonlarning bunday birlashuvi pirovardida yagona davlat barpo etish bilan poyoniga etadi, deb qayd etadi.

Qadimgi yunon va rimliklarning geosiyosiy ta’limotlari


Ma’lumki, antik Yunoniston va Rim, ularga xos tamaddunlar qadimgi G‘arb geosiyosiy an’analarining va tafakkurining beshigi deb hisoblanadi. Yunon olimlari: miletlik Fales (mil. avv. 625-547) va Anaksimandr, tarixchi Gerodot va Fukidid, faylasuf Platon va Aristotel, qadimgi Rim notig‘i va strategi Mark Sitseron, geograf Strabonning asarlari Yevropa qit’asida qadimgi dunyoning geosiyosiy manbalari sirasiga kiritilgan. Bu olimlarning asarlarida geografiya, harbiy strategiyaga oid materiallar va ma’lumotlar, geosiyosiy fikrlar bayon etilgan.
Anaksimandr (mil. avv. 610-547 yillar) ilk bora jahonning va Yevropaning keng miqyosli xaritasini tuzib, qit’aning bo‘lg‘usi davlat xodimlari va geostrateglariga g‘oyat muhim xizmat qildi. U dunyoning markaziga Yunonistonni qo‘yib, Yevropa va Osiyoning ko‘pgina hududlarini qadimiy yunon maskanlari kabi uning atrofida aks ettirgan. Bu xarita doira shaklida va okeanlar bilan o‘rab olingan holatda chizilgan.
Tarix, geografiya va etnografiya sohasida taniqli olim bo‘lgan qadimgi yunon olimi Gerodot (mil. avv. 484-425 yillar) alohida geosiyosiy meros qoldirgan. Gerodot 10 yildan ko‘proq umrini sayohatga bag‘ishlab, Misr, Liviya, Bobil, Eron, Kichik Osiyo, Qora dengiz bo‘g‘ozlari, Janubiy Kavkaz, Ozarbayjon, Janubiy Italiya, O‘rtaer dengizi va boshqa muhim geostrategik hududlarni o‘rgandi, okeanlar, dengizlar, daryolar, bu hududlardagi xalqlar va davlatlar to‘g‘risida boy material to‘pladi. Hozirgi geosiyosiy tadqiqotchilarning fikricha, ayni Gerodotdan boshlab qadimgi dunyoning olimlari atrofdagi olam, insonlar, davlatlar va geografik hududlarga geosiyosiy yondasha boshlaganlar. Ta’lidlash joizki, “Geografiya – tarixning ifodachisidir” degan mashhur ibora ham Gerodotga tegishlidir.
Yunon tarixchisi Fukidid (mil. avv. 460-396 yillar) o‘zining “Tarix” kitobida peloponnesliklarning afinaliklar bilan urushini tasvirlab, ko‘pgina geosiyosiy fikrlarni o‘rtaga tashlagan. Afina bilan Sparta o‘rtasida uzoq davom etgan urush Elladaga hukmron bo‘lish uchun raqobat xarakteriga ega bo‘lgan. Fukidid bu mintaqaning geostrategik tarixi, geografiyasi va demografiyasining bir butun manzarasini chizishga harakat qilgan. Fukidid, shuningdek, qadimgi yunon tarixchilari orasida birinchi bo‘lib tarixiy jaryonni tashqi siyosiy va harbiy faoliyat sifatida tadqiq qildi. O‘z asarlarida u kuch omilini davlatlararo munosabatlarda asosiy va xarakterli belgi deb baholadi. U tarixda birinchi bo‘lib dengiz bilan quruqlik orasida qarama-qarshilik mavjudligini aks ettirdi.
Qadimgi yunon faylasufi Platon (mil. avv. 428-348 yillar) va Aristotel (mil. avv. 384-322 yillar) asarlarida ham geosiyosiy g‘oyalar o‘z aksini topgan. Har ikkala muallif insoniyat taraqqiyotida tabiiy omillarning rolini, insoniyat jamiyatiga tabiat, iqlim va geografik muhitning ta’sirini geografik determinizm pozitsiyasidan tushuntirib bergan.
Aristotel xalqlarning geografik joylashuvi ularning intellektual va axloqiy xususiyatlariga jiddiy ta’sir o‘tkazadi, deb hisoblagan. U sovuq iqlimli mamlakatlar, xususan Yevropada yashaydigan qabilalar jasoratli, lekin hunar o‘rganishga kelganda ularning aql-idrok va qobiliyati yo‘q, shuning uchun ular o‘z ozodligini uzoq saqlab qola oladilar, ammo davlat hayotiga noqobil bo‘lib, o‘z qo‘shnilari ustidan hukmronlik qila olmaydilar, deb yozgan. Osiyoda yashaydigan xalqlar ma’naviy tomondan aql-idrokli va hunar o‘rganishga qobiliyati jihatidan ajralib turadilar, lekin ularga jasorat yetishmaydi, shuning uchun ular o‘zgalarga bo‘ysunib, qullik holida bo‘ladilar. Ellin qavmi bo‘lsa, oraliq o‘rinda turib, har ikkali xususiyatga: mardona xarakterga va aqliy qobiliyatga egadir. Aristotel barchaning ustidan hukmronlik qilish, eng yaxshi davlat tuzilmasiga ega bo‘lish qobiliyatini faqat yunonlarga xos deb bilgan.
Aristotelning mashhur “Tabiiy-geografik muhit” nazariyasini Aleksandr Makedonskiy (mil. avv. 356-323 yillar) amalga oshirishga harakat qildi. Yunoniston sarhadlaridan juda uzoqlarda istilo siyosatini amalga oshirgan Aleksandr g‘alabalarining ko‘pini ayni yunon sayyohlari va geograf olimlarining faktlari, mulohazalari va boshqa ko‘rsatmalari asosida amalga oshira olgan. Panellinizm geosiyosiy g‘oyasini amalga oshirishga intilgan Aleksandr barcha yunonlarni birlashtirib, atrofdagi “varvar qabilalar”ga qarshi yagona geostrategik kuch sifatida o‘rtaga chiqdi va Osiyoning katta hududida uzoq muddatga o‘z hukmronligini o‘rnata oldi.
Turli xalqlar va mamlakatlarni yagona makonda birlashtirish g‘oyasini amalga oshirgan geostrategik markazlardan biri Qadimgi Rim imperiyasi bo‘ldi. Rimliklar “egasi bo‘lmagan erlar uni birinchi bo‘lib qo‘lga kiritgan kishinikidir” degan falsafaga asoslanib, bu hududlarda yashagan aholining etnik, ijtimoiy va boshqa mansubligiga qaramay, ularni bosib olib, Rim imperiyasi hokimiyati ostiga oldilar.
Siyosat va jamoat arbobi, huquqshunos va notiq Mark Tulliy Tsitseron (mil. avv. 106-43 yillar) Rim imperiyasining geosiyosiy g‘oyalarini aks ettirdi. U o‘zining ko‘pgina siyosiy nutqlari va asarlarida jahon siyosati, geostrategiya va boshqa muammolarga oid masalalarni tushunishga ko‘pgina yangiliklar kiritdi. Sitseron davlatning umri uzoq bo‘lishi va uzoq hukmronlik qilishi uchun barcha tarixiy, geografik, siyosiy, strategik masalalarni e’tiborga olish lozim, deb hisoblar edi. Shahar yoki davlatga asos solishda uning joylashuv o‘rni, atrofidagi tabiiy-geografik sharoit, davlatni boshqarish bilan bog‘liq qonunlar, xulq-atvor normalari va boshqa ichki masalalarga jiddiy e’tibor berilishi lozim. Qadimgi Rim strategi, geograf olim Strabon (mil. avv. 64/63- milodiy 23/24 yillar) “Geografiya” nomli asarida o‘z davrining geografik va siyosiy holatini yoritib, ko‘pgina geosiyosiy fikrlarni o‘rtaga tashlagan. “Geografiya” asarida davlat maqsadlari yo‘lida geografiya va geografik makondan foydalanish, kishilarning quruqlik va dengiz vositalaridan foydalanishi, tabiiy sharoit bilan insonlarning mavjud ahvoli o‘rtasidagi bog‘liqlik singari masalalar o‘z aksini topgan.

O‘rta asrlar va Yangi davrda Yevropada asosiy geosiyosiy ta’limotlar va nazariyalar


Qadimgi davrlardan to hozirgi vaqtga qadar barcha makon va geografik omillarning xalqaro munosabatlarga tatbiqi va uning mohiyatining tadqiqi faqat mana shu ikkita yondashuv doirasida olib borilgan va muayyan natijalarga kelingan.
U davr adabiyoti va geosiyosiy tafakkurida mavjud bo‘lgan realistik va idealistik jarayonlarining hammasi, jamiyat va davlatning kelib chiqishining tahlili, insoniyat taraqqiyotining bosqichlari va umuman, tarixiy jarayon uchta – geografik determinizm, harbiy-strategik va mulkiy yondashuv geosiyosiy nazariya doirasida tahlil etilgan. R.T.Muxayevning fikricha, o‘rta asrlarda (V-XV asrlar) Yevropa geosiyosatga taalluqli barcha tadqiqotlar asosan idealistik xarakterga ega bo‘lgan. Makon, geografiya va inson o‘rtasidagi aloqalarning mohiyatini xristian diniy markazlar “parvardigor tomonidan o‘rnatilgan tartibot, unga real kishilarning aralashuvi gunoh, faqat Buyuk Yaratgan tomonidan tanlangan kishilargina bu ishga aralasha oladilar” deb uqtirardilar. Cherkov va uning nazariyachilari aqidalariga asoslangan bu ta’limotlarga ko‘ra, butun Yer kurrasi va insonlar taqdiri, geosiyosiy tuzilmalar va dunyo tartiboti, mohiyat e’tibori bilan, Xudo tomonidan avvaldan tayin etib berilgan. Xristian siyosiy nazariyalarining asosiy yaratuvchilaridan biri hisoblanadigan Avreliy Avgustin (354-430) jahon tartiboti va Xudoning irodasi bilan bog‘liq mulohazalarida mazkur idealistik nazariyani asoslashga harakat qilgan.
1096-1270 yillar orasida xristianlarning musulmon xalqlarga va islom diniga qarshi amalga oshirgan salb yurishlari Yevropada geosiyosiy fikr taraqqiysiga eng kuchli turtki bergan hodisalardan biri bo‘ldi. Bu yurishlar natijasida va Buyuk geografik kashfiyotlar davrida Yevropaliklarning jahoniy geografik va geosiyosiy dunyoqarashi yangi-yangi ma’lumotlar, bilim bilan boyidi, dengiz va quruqliklarning xaritalari chizildi. Bu esa keyingi geosiyosiy tadqiqotlarga va hodisalarga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. XVI asrdan boshlab Yevropada kapitalizmning rivojlanishi, burjuaziya toifasining shakllanishi va mustamlakachilik harakatining boshlanishi geosiyosiy realliklarni idrok etish va realistik tahlil etishning yangi markazlari paydo bo‘lishiga olib keldi.
Tadqiqotchilarning fikricha, XV asrda Vizantiya imperiyasining qulashi va markazlashgan milliy davlat barpo etish harakatlarining boshlanishi Yevropada geosiyosiy tushunchalarning rivojiga kuchli turtki bergan hodisa bo‘ldi. Bu hodisa, bir tomondan, Yevropada qirollik hokimiyatining oyoq-qo‘lini bo‘shatib, yangi mustamlakalar uchun kurashga ruhlantirdi, boshqa tomondan, o‘z davrining ilg‘or strategik va geosiyosiy tafakkur namoyandalarini muhim geostrategik hududlarni o‘rganishga, davlat darajasida safarlar qilib, muhim geostrategik hududlarni o‘rganishga, harbiy-strategik, ishg‘ol etish, aholini joylashtirishga oid, geografik, topografik rejalar, ma’lumotnoma va hokazo kitoblarni tayyorlashga otlantirdi. Turklarning Vizantiya imperatorini va pravoslav patriarxini Konstantinopoldan Rimga haydab yuborishi esa Yevropa geosiyosatchilarining nazariy manbashunoslik bazasiga juda jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Uzoq muddat Vizantiya cherkovlarining chang bosgan xonalarida saqlangan qadimgi davr asarlari, qo‘lyozmalari Yevropaga keltirilgach, nashr etilib, bilimdon kitobxonlar ixtiyoriga berildi. Qadimgi mualliflarning geosiyosiy va geostrategik g‘oyalari bilan tanishgan xristian Yevropasi tadqiqotchilari yangi-yangi tadqiqotlarga kirishdilar.
Bu jarayonlarning hammasi, pirovardida, dunyoning geosiyosiy tuzilishi va jahon tartiboti haqida o‘tmishda hukmron bo‘lgan diniy-idealistik qarashlarning realistik nazariyalar bilan asta-sekin almashinuviga turtki berdi. XVIII asrdan boshlab Yevropa mutafakkirlarining inson va uning ilmiy tafakkuri bilan bog‘liq tashabbuslari, turli ilmiy tajribalari bu sohada chinakam sakrashga sabab bo‘ldi.
Tarixiy adabiyotda Aristotel tomonidan ilgari surilgan geografik determinizm nazariyasi eng qadimgi geosiyosiy nazariya deb hisoblanadi. Geosiyosat va geosiyosiy jarayonlarni bilishda bu nazariyani eng qadimgi namuna deb hisoblasa bo‘ladi.
Geosiyosiy muhit (iqlim, daryolar, dengizlar va h.k.lar)ning tarixga ta’siri to‘g‘risidagi g‘oyani qadimgi mutafakkirlar-Gerodot, Gippokrat, Fukidid, Polibiy va boshqalarning asarlarida uchratish mumkin.
Yangi davrda Yevropada frantsuz olimi Jan Boden (1530-1596) “Davlat haqida olti kitob” asarida (1577 y.) bu nazariyaga birinchi bo‘lib murojaat qildi. Uning bu asari Yevropaliklarda geografik determinizm masalasiga yana qiziqish uyg‘otdi.
Boden siyosiy va davlat tuzilishidagi tafovutlar va farqlarni uchta: Parvardigorning irodasi, insonning omadi va tabiat ta’siri sabablari bilan izohladi. Muallif tabiatning ta’sir kuchida birinchi navbatda geografik shartlarga, barcha geografik omillar orasida bo‘lsa, iqlimga asosiy ahamiyat bergan.
J.Boden Yer kurrasini uch: issiq-ekvatorial, sovuq-qutbiy va o‘rta-mo‘’tadil qismga bo‘lgan. Qadimgi yunon mutafakkiri Polibiydan keyin u xalqlarnng xarakteri birinchi navbatda iqlim shartlari va yashash joyiga bog‘liq, deb tasdiqladi. Mutafakkir shimolda kuchliroq va jangari, janubda qobiliyatliroq kishilar yashaydi, deb yozgan edi.
Geografik determinizm g‘oyalari XVIII-XIX asrlarda yanada kengroq yoyildi. Frantsuz ma’rifatparvari, faylasuf Sharl Monteske (1689-1755) “Qonunlarning tabiati haqida” asarida (1748 yil) Bodendan keyin davlatlarning qonuniy tuzilmasidagi tafovutning asosiy sababini iqlim xususiyatlari bilan bog‘lagan edi. U sovuq iqlimda yashovchi kishilar mo‘’tadil iqlimda yashaydiganlarga nisbatan axloqliroq, chunki mo‘’tadil iqlimning o‘ziga xos xususiyatlari ularga ta’sir o‘tkazadi va ularning xulq-atvori o‘zgaruvchan bo‘lishiga sabab bo‘ladi, deb da’vo qilgan. Monteskening fikricha, issiq iqlim kishilarning xarakterini zaiflashtiradi, bu esa issiq mamlakatlarda qulchilikning rivojlanishiga olib kelgan.
Yevropa Uyg‘onish davrining buyuk mutafakkiri, italyan faylasuf olimi Nikolo Makiavelli (1469-1527) siyosiy adabiyotlarda ko‘proq realistik va pozitiv geosiyosiy nazariya deb yuritiladigan harbiy-strategik konsepsiyaning asoschisi hisoblanadi. U “Davlat” nomli asarida xalqaro munosabatlar va davlatlararo aloqalarni pozitiv tushunish nazariyasini taklif qilgan, bu munosabatlar va aloqalarning real manzarasi va maqsadlarini shu asosda yoritgan hamda davlatlarning milliy manfaatlarga asoslanadigan tashqi siyosati kuch qo‘llash yo‘li bilan olib boriladi, degan xulosaga kelgan. Makiavellining geosiyosiy g‘oyalari keyinchalik golland sarkardasi, geostrategi va olimi, Prussiya va Rossiya qo‘shinlari tarkibida Napoleonga qarshi urushda ishtirok qilgan general Karl fon Klauzevitsning (1780-1831) uch jildlik “Urush to‘g‘risida” nomli asarida rivojlantirildi. Boshqa-boshqa davrlarda yashagan bo‘lishidan qat’iy nazar, bu olimlarni davlat boshqaruvi va davlatlararo aloqalarga “qat’iy yondashuv” pozitsiyasi birlashtiradi.
Harbiy-strategik nazariya tarafdorlarining fikriga ko‘ra, davlat o‘z manfaatlari va xavfsizligini harbiy kuch ishlatish yoki majbur qilish yo‘li bilan ta’minlashi mumkin. Ularning nuqtai nazaricha, har bir davlatning ichki boshqaruv va davlatlararo munosabatlarga oid muayyan normalari bo‘lishi va ular davlat kuch-qudrati bilan muhofaza qilinmog‘i lozim. Mazkur normalarning himoyasini ta’minlash bo‘lsa, harbiy tahlikani tug‘diradi.
Yevropaning idealist geosiyosiy nazariyachilari hisoblangan ba’zi ma’rifatparvar faylasuflar (jumladan I.Kant, Volter, Monteske va boshqalar) u davrda ayni “urush bilan qo‘rqitish” nazariyasi tarafdori bo‘lgan realist geosiyosatchilarning “g‘ayriinsoniy” qarashlarini qattiq tanqid qildilar va ularning bu pozitsiyasiga “g‘ayriaxloqiy” deya baho berdilar.
Yangi davr faylasufi, nemis olimi Immanuil Kant (1724-1804) IV – V asrlardagi diniy-idealistik yondashuvdan farqli o‘laroq, xalqaro munosabatlar va geosiyosiy aloqalarga idealistik ilmiy yondashuvni taklif qildi. U o‘z asarlarida realistlarni g‘ayriinsoniylikda ayblab, insonlararo va davlatlararo munosabatlarning urushsiz, ixtilofsiz, hokimlik va mahkumlikdan xoli modelini o‘rtaga qo‘ydi. Uning modelida dunyo qonli urushlar va to‘qnashuvlardan uzoq, ideal jamiyat sifatida tasvirlangan.
I.Kant 1795 yilda o‘zining “Abadiy dunyo” geosiyosiy nazariyasini e’lon qildi. U bu asarida xalqlar va davlatlar o‘rtasida sobit va tinch munosabatlar o‘rnatish usulini taklif qildi, boshqaruvning respublika shaklining yoyilishi “abadiy dunyo” asrining boshlanishi bo‘ladi, deb tasdiqladi.
Tadqiqotchilarning fikricha, Yangi davr Yevropa geosiyosiy nazariyalarining sulh va tinchlikka intilish tendensiyasi o‘sha zamonda qit’ada shakllangan reallik bilan bevosita bog‘liq edi. Milliy davlatlarning paydo bo‘lishi va mustamlakachilikning kengayishi qit’ada ham, jahon mustamlakalarida ham Yevropa davlatlarining o‘zaro ixtiloflari tobora kuchayishiga olib keldi. Davlatlar va mustamlakalarning chegaralari deyarli kun sayin o‘zgarishi, bir guruh mamlakatlarning “sinishi” hisobiga boshqalarining kuchayishi va kengayishi, harbiy kuchning davlatlararo munosabatlarda hal qiluvchi omilga aylanishi, milliy davlatchilik harakatining kuchayishi geosiyosiy munosabatlarning keskinlashuviga sabab bo‘ldi.
Hozirgi zamon frantsuz geosiyosatchisi Per Gallua geosiyosatning fan sifatida rivoj topishining uchta tarixiy bosqichini ajratib ko‘rsatgan: Protogeosiyosat davri (insoniyat tarixining ilk davrlaridan to Yevropada sanoat inqilobigacha bo‘lgan davr. Bu davr geografik fatalizmga asoslanadi); Ixtilof geosiyosati davri (sanoat inqilobi davridan boshlab atrof muhitning vahshiylarcha ekspluatatsiya etilishi, global tabiiy falokatlarning insoniyatga tahdid etishigacha bo‘lgan davr); G‘ayriixtilof geosiyosat davri (tabiat insonlardan “qasos ola boshlaydi”, insonlar bashariyatni xalos qilish, Yer kurrasini kelgusi avlodlarga asrash uchun muvofiqlashtirilgan dunyo siyosatini ishlab chiqish, yurgizish va h.k. yo‘llarni axtara boshlaydi). Geosiyosatning alohida fan sifatida shakllanishining ibtidosi millatlar va davlatlarning turli geosiyosiy lagerlarga bo‘linishi jarayoniga to‘g‘ri keldi. Bungacha geosiyosat hali uni yaratuvchilarning milliy va davlat mansubligiga, metodologik yondashuviga ko‘ra, qit’alararo geosiyosiy va milliy maktablarga ajralmagan edi. Taxminan XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab jahonning ba’zi mamlakatlarida milliy geosiyosiy maktablar vujudga kela boshladi va ular o‘z hududlari, qo‘shni yerlar, atrofdagi mamlakatlarning makonlari, inson resurslari, tabiiy-geografik xususiyatlarini, sayyoraning moddiy va ma’naviy boyliklarini o‘rganishga kirishdilar. Tadqiqotchilar o‘sha davrdan boshlab geosiyosatchilarni milliy va davlat mansubiyati, talqin qilgan g‘oya va nazariyalari yo‘nalishiga, qaysi davlatning manfaatlarini aks ettirganiga qarab turli guruhlarga ajratishgan. Ular orasida eng keng tarqalganlari va eng mashhurlari quyidagilardir:
Klassik Yevropa qit’a maktabi;
Ingliz-amerika Atlantika markazi;
Rossiya, Xitoy, Yaponiya va boshqa imperiyalarning alohida geosiyosiy markazlari va hozirgi dunyoda mavjud boshqa maktablar.
Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, umuman, geosiyosat fan sifatida Yevropada maydonga kelgan va rivojlangan. XIX – XX asrlar klassik geosiyosatining asosiy mutafakkirlari hisoblangan K.Ritter, F.Rattsel, R.Chellen, K.Haushofer va boshqa mualliflar kontinental geosiyosat nazariyasiga asos solganlar. Ular “zaruriy hayotiy makon”, “xartlend”, “dunyo hakami”, “yerlarni bosib olish qonuni”, “O‘rta Yevropa konsepsiyasi”, “kontinental davlat konsepsiyasi”, “qit’a davlatlari bloki g‘oyasi” kabi qator geosiyosiy nazariyalarning asosini ishlab chiqqanlar.
Yevropa mamlakatlari makon-yerlashuv xarakteristikasiga ko‘ra, G‘arbiy Yevropa, Sharqiy Yevropa, Markaziy Yevropa, Skandinaviya va boshqa davlatlarga ajratilgan. Geosiyosiy va geostrategik ma’noda bunday ajratish alohida ahamiyatga ega.
Kontinentalchilarning fikricha, har bir xalq o‘zining takrorlanmas hududiy konsepsiyasini va o‘zi munosib bo‘lgan, faqat unga xos ijtimoiy-madaniy jamiyatni barpo qiladi.
Mavzuni mustahkamlash uchun savollar
1. Qadimgi Xitoydagi geosiyosiy ta’limotlar haqida ma’lumot bering?
2. Qadimgi Hindistondagi geosiyosiy ta’limotlar haqida ma’lumot bering?
3. Arab dunyosining qadimgi geosiyosiy konsepsiyalarini sanab bering.
4. Qadimgi yunonlarning geosiyosiy ta’limotlarini izohlab bering.
5. Qadimgi rimliklarning geosiyosiy ta’limotlarini tushuntirib bering
6. O‘rta asrlarda Yevropadagi asosiy geosiyosiy ta’limotlar va nazariyalar qanday mazmun kasb etgan?
Foydalanilgan Adabiyotlar

1 Dorpalen Andreas. Jahon generali Xaushofer. Geosiyosat harakatda. Nyu-York, 1942, p. XII.


2 Pozdnyakov E.A. Geosiyosat. - M .: Taraqqiyot, madaniyat, 1995. - B. 42.
3 Danilevskiy N.Ya. Rossiya va Evropa. - M .: Glagol, 1991. - S. 50-51.
4 Xantchton S. Sivilizatsiyalar to'qnashuvi? // Polis. - 1994 yil - 1-son. — S. 33-35.
5 Mahan L.T. Dengiz kuchining tarixga ta'siri. 1660-1793 yillar. - M. -L., 1941.-S. 23.
6 Polibiy. Qirq kitobda umumiy tarix. T. 1. - M.. 1890. - S. 429.
7 Aristotel. Siyosat. Op. 4 jildda - M., 1984. - S. 434-435.
8 Monteskye S. Tanlangan asarlar. - M., 1955. - S. 352.
9 Iqtibos. Iqtibos: Heiden G. Germaniya geopolitikasining tanqidi. - M., 1960. - S. 33.
10 Geopolitik davrlar haqida batafsil ma’lumot uchun qarang: Zyuganov G. G‘alaba geografiyasi. - M., 1998. - S. 59-77.
11 D y g u n A. Geosiyosat asoslari. - M .: Arktogeya, 1997. - S. 23-24.
12 Pleshakov K.V. Global o'zgarishlar nuqtai nazaridan geosiyosat. // Xalqaro hayot. - 1994. - 10-son. - S. 32-34.
Ijtimoiy-gumanitar fanlar
kafedrasi professori f.f.d.
professor Musayev F.A.
Download 50.84 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling